“Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tug‘ilganlik to‘g‘risida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinsin;
keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratilsin.
Adliya vazirligi (R.Davletov) va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) 2022 yil 1 oktyabrga qadar davlat xizmatlari tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirish, navbatlarni qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va xususiy sektorga o‘tkazish choralarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Taraqqiyot strategiyasida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilda:
ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilsin;
qarori, harakati (harakatsizligi) noqonuniy emasligini ma’muriy sudda isbotlash majburiyatini, uni qabul qilgan mansabdor shaxsning o‘ziga yuklash tartibiga amal qilinishi qat’iy ta’minlansin;
harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni hisobga olish bo‘yicha yagona onlayn elektron reyestr yuritilishi yo‘lga qo‘yilsin.
16. Jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy qilinsin.
Ushbu tizim doirasida jazoni o‘tab bo‘lgan va o‘zining tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda aniq loyihalarini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) uch oy muddatda “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini ishga tushirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) va Transport vazirligi (I.Maxkamov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘lim holatlarini qisqartirish bo‘yicha dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda yo‘l infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish, harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish, yo‘llarda xavfsiz harakatlanish uchun barcha ishtirokchilarga munosib sharoitlarni yaratish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlashga hamda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali yo‘naltiriladigan mablag‘lardan aynan mazkur yo‘nalishda samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilsin.
18. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) hamda uning ishchi guruhi tarkiblari 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Komissiya va ishchi guruh zimmasiga Taraqqiyot strategiyasiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va monitoring qilish, shuningdek, uni 2023-2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarining tayyorlanishini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
19. Belgilab qo‘yilsinki:
Taraqqiyot strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining ustuvor vazifasi hisoblanadi;
Taraqqiyot strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
20. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ta’sischilarining “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tadqiqot va “aql» markazi sifatida qayta tashkil etish hamda quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatish to‘g‘risidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansin:
tegishli yo‘nalishlarda aniqlangan tizimli muammolarni, jumladan, byurokratik to‘siqlar, qonunchilikdagi nomuvofiqliklar, ishlamayotgan huquqiy mexanizmlar, eskirib ketgan qoidalarni umumlashtirish;
ko‘tarilayotgan tizimli muammolar va Taraqqiyot strategiyasida yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, tegishli davlat organlari vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil etib borish;
tadbirkorlar, olimlar, ekspertlar hamjamiyati va jamoatchilik vakillari bilan birga tizimli muammolarni muhokama qilgan holda, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish;
tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mavzuli ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish
va ularning natijalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish, shuningdek, islohotlarni amalga oshirish jarayoniga jamoatchilikni jalb qilish uchun “ilmiy maydon” yaratish bo‘yicha choralarni ko‘rsin.
21. “Yuksalish” umummilliy harakati va “Vatandoshlar” fondining Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonlariga milliy va xalqaro hamjamiyatni keng jalb qilib borishga qaratilgan quyidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin:
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat yillik muqobil hisobotlar tayyorlab boruvchi Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhini tashkil etish;
hududlarda nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va tizimli ravishda jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazib borish;
fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan tashabbuslarni umumlashtirib, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda jamoatchilik loyihalarini ilgari surish.
22. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan tahliliy va axborot materiallarini Internet jahon axborot tarmog‘ida va ommaviy axborot vositalarida aks ettirib borish choralarini ko‘rsin.
23. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo‘yicha onlayn portalni ishga tushirsin.
Bunda chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha aholining fikrlari, taklif
va e’tirozlarini qabul qilgan holda ilgari surilgan tashabbuslar tizimlashtirilib, har oyda Respublika komissiyasiga kiritib borilsin.
24. Vazirlar Mahkamasi: