1.7.
Tut ipak qurti urug‘ida rivojlanishining ikkinchi davri –
diapauza
Diapauza tuxum rivojlanish davrining eng uzoq davom etadigan davri hisoblanadi.
Qishlovchi urug‘larda bu davr 9,5 oycha davom etadi. Diapauza (tinim) davri
batamom tinch o‘tishi bilan xarakterlanadi, bu davr mobaynida urug‘ning tashki
nafas olish jarayoni minimal darajada bo‘ladi, embrion o‘sish va rivojlanishdan
to‘xtaydi. Diapauza tashqi sharoitning noqulay (mavsumiy) o‘zgarishlariga
moslashish reaksiyasidir, ammo u hayvonlarning qishki uyquga kirishidan shu bilan
farq qiladiki, hayvonlar tashqi muhitdagi noqulay sharoitning (masalan, qishda
haroratning pasayib ketishi) bevosita ta’siri natijasida u qishki uyquga kiradi.
Diapauza davri esa tashqi muhitning bevosita ta’siri bilan bog‘lik holda emas, balki
hasharot rivojlanishining ma’lum bir bosqichida avtomatik ravishda boshlanadi.
Tut ipak qurti urug‘ining diapauza davri, Xitoy olimi Lyuy Xun Shenning
tadqiqotlariga (1960 y.) ko‘ra, erkak va urg‘ochi kapalaklar juftining tomoq osti
gangliylari faoliyati natijasida paydo bo‘ladi. Tomoq osti gangliylari, ayni ichki
sekretsiya bezi ham hisoblanadi. Bu bez diapauza gormoni chiqaraoladi. Diapauza
gormoni chiqish jarayonini miya (tomoq usti nerv tugunlari) boshqaradi. Diapauza
gormoni qurt g‘umbakka aylangandan taxminan, ikki sutka o‘tgach 24-25°C
haroratda ajraladi.
Monovoltin zot ipak qurtlarida «miya» gormon ajralib chiqishiga qarshi ta’sir
ko‘rsatmaydi, shuning uchun bunday zot qurtlarda diapauza hamma vaqt urg‘ochi va
erkak kapalaklar juftining yashash sharoiti bilan bog‘liq bo‘lmagan holda paydo
bo‘ladi.
Bivoltin zot ipak qurtlarida urug‘ ochirish davrida miya past harorat ta’sirida
tomoq osti gangliysining sekret ajratib chiqarish vazifasiga qarshi ta’sir ko‘rsatadi.
Bunday holda diapauza gormoni ajralib chiqmaydi va urg‘ochi kapalak qurt urug‘lari
o‘z-o‘zidan jonlanadigan bo‘lib qoladi.
Diapauza davri ikki fazaga bo‘linadi. Birinchi fazada urug‘ning tashqi nafas
olish tezligi tevarak-atrofdagi muhit haroratining o‘zgarishiga bog‘lik bo‘lmaydi.
Birinchi faza diapauza davri paydo bo‘lishi bilan, ya’ni kapalaklar tuxum qo‘ygandan
keyin uch kun o‘tgach boshlanadi va tabiiy sharoitda urug‘ni yoz bo‘yi saqlash
mobaynida (estivatsiya davrida) davom etadi hamda qisman kuzda, havo harorati 16-
17°Cgacha pasaygan vaqtda ham o‘tadi. Ikkinchi faza urug‘ning nafas olish tezligi
tevarak-atrofdagi muhit haroratining o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lib kuzda, xavo harorat
17°C dan pastga tushib ketgan vaqtdan boshlanadi. Bu fazada urug‘ asta-sekin
«sezgir» bo‘la boshlaydi. Haroratga bog‘liq bo‘lgan nafas olish jarayonining
batamom tiklanishi uchun diapauzadagi urug‘ + 2, +4°C da qishlab chiqishi kerak.
Qishlash muddati 100-120 kun davom etishi lozim. Oq pilla o‘rovchi zotlarning
qishlash muddati 120-130 kun davom etganda eng yaxshi natijalarga erishilishi
amalda isbotlangan. Urug‘lar qishlab chiqqandan keyin ularning harorat
o‘zgarishlarini sezish qobiliyati tiklanadi, ya’ni harorat ko‘tarilishi bilan urug‘larning
nafas olish tezligi va ular ajratib chiqargan karbonat angidridning miqdori ortadi.
Urug‘larning qishlash vaqtida harorat sharoitiga bo‘lgan sezgirligining tiklanishi
natijasida embrionning rivojlanishi yana davom etib ketishi mumkin. Ammo
embrionning bahorgi normal rivojlanishi uchun +2°C, +4C ga qaraganda anchagina
yuqori harorat talab etiladi, chunki embrionning keyingi har bir stadiyasi o‘zining
rivojlanishi uchun ma’lum va tobora ko‘tarilib boruvchi harorat bo‘lishini talab etadi.
Shuning uchun urug‘ning qishlov joyida bundan keyin ham +5°C, +7°C haroratda
qolishi uning muddatidan ilgari rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Urug‘larning bunday «qishlashi» baxorda urug‘dan qurt ochirish muddatlarinitartibga
solish uchun imkon beradi. Biroq qishlov joyida uzoq vaqt (4 oydan ortiq) saqlab
qolinsa, urug‘lar va ulardan chiqadigan qurtlarning hayot faoliyati pasayib ketadi.
Diapauza - turg‘un fiziologik holat. Agar diapauza boshlanib qolgan bo‘lsa, uni
sun’iy yo‘l bilan qaytarish qiyin. Shunday bo‘lishiga qaramay, diapauzani oldini
olishning ikki usuli mavjud: birinchi usulda - yangi qo‘yilgan urug‘ga (qo‘yilgan
vaqtdan 48 soatdan ortiqo‘tmaganda) har xil kislotalar, qisilgan havo, qaynoq suv va
boshqalar bilan ta’sir etiladi. Diapauzani oldini olishning ikkinchi usuli-urug‘larni
sun’iy ravishda qishlatishdir. Buning uchun kapalaklar endigina qo‘ygan urug‘lar shu
zahotiyoq muzlatgichga (sovuqxonalarga) joylanadi va 60--70 kun mobaynida +4°,
+5°C haroratda saqlanadi. Bu davr ichida urug‘ning «sezgirlanish» jarayoni
tugallanadi va issiqni sezuvchanlik qobiliyati tiklanadi. Urug‘ga ana shunday ta’sir
ko‘rsatilgandan keyin uni normal sharoitda ochirish va shu yilning o‘zida undan qurt
olish mumkin. Urug‘ etishtirishda, ko‘pincha, yozgi takror qurt boqish zarur bo‘lib
qolgan hollarda diapauza holatining oldi olinadi. Kapalaklar tuxum qo‘ygandan keyin
36 soat o‘tgandagi qishlovchi urug‘lar rivojlanishga qo‘zg‘atish uchun solishtirma
og‘irligi .1,12, harorati +30°C bo‘lgan xlorid kislota eritmasiga solinadi. Bunday
ishlov berish muddati urug‘ning zoti va yoshiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, oq pilla
o‘raydigan zotlarning ko‘pchiligining urug‘lariga 8-10 daqiqaishlov beriladi. Agar
qo‘yilganiga 48 soat bo‘lgan urug‘ga ishlov berilayotgan bo‘lsa, ishlov berish vaqti 2
daqiqaga cho‘ziladi.
|