Ertalabki nonushta - bu bir kecha-kundizlik energiyaning 20-25% ni tashkil etadi. U poliz mahsulotlaridan tayyorlangan shakarli, go’shtli, sutli, xamirli issiq ovqat, tuxum, sut, pishloq, shirin choy yoki kofedan iborat bo’lishi zarur.
Ikkinchi nonushta - 15% ni tashkil etadi-pechenye, choy, yengil mahsulotlar, sut.
Tushlik - 3 xil bo’lishi kerak: 1) suyuq ovqat, ishtahani qo’zg’aydi va ovqat hazmini yaxshilaydi. 2) go’sht va baliq, yoki oqsilga boy ovqatlar, sabzovatlar, garnirlar. 3) sharbatlar. Tushlikning kaloriyasi bir kecha-kunduzlik ovqatning 30-35% ini tashkil qilishi lozim.
Tushlikdan keyingi ovqat - bu bir kecha-kunduzlik energiyaning 15-20% ini tashkil etishi kerak. Bolada kunduzgi uyqudan keyin chanqoqlik kuchayadi. Shuning uchun bu paytda bolaga meva, sabzovat hamda turli xil sharbatlar berish lozim.
Kechki ovqat - kundalik ratsionining 20-25% ini tashkil etishi lozim. Bu payt sutli, sabzovatli, mevali va yormali yoki yengil hazm bo’ladigan mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlar ma’qul bo’ladi.
Kechqurun uyquga ketish oldidan bir piyola qatiq ichish maqsadga muvofiq bo’ladi. Kechki ovqatni uxlashdan kamida 3 soat oldin yeyish kerak. Ovqatni ancha kech yeganda me’dada dam olish o’rniga shira ajratiladi, oqibatda ovqat hazm qiladigan bezlarga zo’r keladi.
Go’sht va baliqdan tayorlangan yoki oqsilga boy bo’lgan ovqatlar bola organizmida moddalar alamashuvini oshirib, miya po’stlog’ining asab tizimida qo’zg’alish jarayonini yuzaga keltiradi. Shuning uchun taomnomani tuzayotganda ayrim xil ovqatlarni kuning birinchi yarmiga qo’shish maqsadaga muvofiqdir.
Kuchsiz nimjon bolalar oqsilga boy bo’lgan taomdan tez-tez iste’mol qilishlari zarur.O’quvchi va talabalarning ovqatlanish tartibi o’qish jarayoniga va yoshiga qarab taqsimlanib beriladi. Maktab yoshidagi bolalar ratsioni taxminiy sutkalik ovqatlar ro’yxatiga asoslanib tuzilishi lozim.
Bolalar va o’smirlar butun yil davomida har xil xarakterdagi aqliy yoki jismoniy ishlar bilan mashg’ul bo’ladilar. Jismoniy ish bilan shug’ullanganida o’smir organizmining oqsilga (kaloriyaga) bo’lgan talabi 10% oshadi. Shuning uchun bunday hollarda, albatta oqsilga boy taomlardan iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Ma’lumki maktablarda darslar 2 smenada olib boriladi. Shu sababli ovqatlanish tartibi ham har qaysi smena uchun o’ziga xos bo’ladi. Masalan, 1-smenada shug’ullanadiganlar uchun 1-nonushta soat 7-8 da, yoki bola maktabga ketishidan oldin, 2-nonushta soat 10-11 da, tushlik maktabdan qaytgandan so’ng, yoki soat 14-15, kechki ovqat esa 19-20 da bo’lishi maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchi smenada shug’ullanadiganlar uchun 1-nonushta soat 8.00 larda, tushlik o’qishga ketishidan oldin yoki soat 12-13 larda, tushlikdan keyingi ovqat soat 15-16 da, kechki ovqat esa 19-20 larda bo’lishi kerak. O’quvchilar maktabda bor yo’g’i 6 soat bo’ladilar. Shuning uchun bir paytda ovqatlanish uchun vaqt ajratish ularning ishlash qobiliyati, kayfiyati va ovqat hazm qilish tizimi faoliyatiga ta’sir qiladi.
Kasb-hunar kolleji o’quvchilari 3 mahal ovqatlanadilar. Ovqatlanish orasidagi vaqt 3-4 soatdan ortiq bo’lmasligi kerak. O’quvchilarning ota-onalariga ularning to’g’ri ovqatlanishi haqida mukammal tushuntirish kerak.
Ovqatlanish taomnomalarini tuzishda ovqatlanishni to’g’ri tashkil qilish uchun quyidagilar zarurligiga (tegishli kaloriyalik, ovqat rasion tarkibi va organizmning ovqatdan maksimal foydalanish sharoiti) e’tibor beriladi. Bunga to’g’ri ovqatlanish tartibi va oziq ovqat mahsulotlarini tanlash hamda ovqat tayorlashning to’g’ri texnologiyasi kiradi.
Bolalar va o’smirlarni ovqatlantirishda ishtaha ochadigan ovqatlar berish zarur. Ishtaha ( appetit - lotincha so’z bo’lib) istak yoki xohish degan ma’nonni anglatadi. Ishtaha qo’zg’atish uchun o’smirlarga ovqat oldidan rediska, suzma yoki o’simlik moyi qo’shilgan karam, pomidor, yangi uzilgan bodring, ko’k piyoz, qaymoq yoki sut berish foydali, bular ishtahani qo’zg’aydi ovqat hazm qiladigan shiralarning ajaralishiga imkon beradi.
Bundan tashqari, ishtahani qo’zg’atish uchun bolalar ovqatlanadigan xona,ozoda va shinam, idish tovoqlar chiroyli, bir xil rangda va shaklda, ovqatlar turli tuman va mazaligina emas, balki chiroyli ham qilib tayorlangan bo’lishi lozim, shunga mos ravishda ovqatlanadigan joy ham qulay va tinch bo’lishi kerak.
Bolalarda ba’zan muayyan oziq moddalarga ehtiyoj bo’lganligidan ular ayrim ovqatlarni ishtaha bilan yeydi. Ayrim hollarda ularning ishtahasi bo’lmay, u bo’r, ko’mir, ohak, tuproq kul singarilarni yeyishga urinadi. Bunday ehtiyoj organizmda metabolizm jarayonlari xususiyatlariga bog’liq bo’ladi va tezda o’tib ketadi.
Dorivorlari ko’p, achchiq ovqat hamda alkogol qizilo’ngach va me’da epiteliyasini kuydiradi, hazm shiralari ishlab chiqarishni izdan chiqaradi. Ko’p miqdorda hosil bo’ladigan va me’dani himoya qiladigan shilimshiq ovqat hazmini qiyinlashtiradi. Go’sht va qo’ziqorinli sho’rvalarga ulardagi azotli ekstraktiv moddalar o’tib birlamchi oshqozon shirasi ajralishiga ta’sir qiladi, hazm bezlarining qo’zg’aluvchanligini shakillanishiga imkon beradi.Bola va o’smirlarning kundalik taomida turli sabzovotlar va mevalar katroshkaga qaraganda ko’p bo’lishi kerak. Ularda ichakning harakat funksiyasini oshiradigan klechatka, organik kislotalar, efir moylari, pitin moddalar, shuningdek kasallik qo’zg’atuvchi mikrooganizmlarni nobud qiladigan yoki rivojlanishini to’xtatadigan biologik faol moddalar fitansidlar ko’p bo’ladi. Yuqoridagi moddalarni saqlovchi taomlarni bo’lishi hazm shiralarining yaxshi ajralishiga yordam beradi, chirish jarayonlarini to’xtatadi, so’rilishini yaxshilaydi, boshqacha qilib aytganda ovqatlarni normal hazm bo’lishini taminlaydi. Sabzovot va mevalar, vitaminlar va mineral moddalarning manbai bo’lib xizmat qilishi necha bor tasdig’ini topgan, bularsiz bolaning o’sishi va rivojlanishi mumkin emas.
O’qituvchi ovqatlanishga doir gigiyenik ko’nikmalari va tajribasini bolalarga singdirishi kerak. Ovqat vaqtida gaplashish, kitob o’qish, chappillatib yeyish, shoshilish, og’ziga ovqatni to’ldirib solish, katta tishlab uzish yaramaydi. Ovqatni asta-sekin yaxshilab chaynash kerak, uni yaxshi chaynamaslik shira ajralishi va ichak peristaltikasini buzadi, bunda ovqat yomon o’zlashtiriladi, hazm organlarida uzoq turib qoladi natijada hazm tizimida buzilish yuz beradi.
Maktab, lisey va kollejlarda to’g’ri va gigiyenik talablarga javob beradigan ovqatlanishni tashkil etish sog’lomlashtirish omillaridan biri bo’lib hisoblanadi.
O’smirlik davri organizm tez o’sib shakllanadigan, unda turli o’zgarishlar yuz beradigan davrdir. Bunda ovqatlanish me’yori jinsga qarab taqsimlanadi.
Yoz mavsumida bolalar oromgohlarida iste’mol qilinadigan ovqatlar kaloriyasi 10-15 foizga oshiriladi,chunki toza havoda uzoq yurish, jismoniy, harakatli o’yinlar bilan shug’ullanish, qishloq xo’jalik ishlarida qatnashish, sayohatlar organizmning energiya sarfini oshiradi.
Yoz mavsumida moddalar almashinuvi kuchayadi, bolada o’sish jarayoni tezlashadi. Shu sababdan bolalar oromgohlarida vitamin hamda oqsilga boy bo’lgan turli-tuman taomlar va mevalardan iborat taomnoma tuziladi.
Bolalar sanatoriylarida ovqatlanish tartibi ularning tibbiy ko’rsatmalari asosida bo’ladi. Bunday muassasalarda ovqatning yenergetik baholanishi yuqori bo’lishi va ko’proq oqsilga boy hayvon mahsulotlaridan tayyorlangan bo’lishi zarur. Masalan, o’pka yoki sil kasalligi bilan og’rigan bolalar va o’smirlar uchun ixtisoslashgan maktab-internat va sanatoriylarda tayyorlanishi zarur bo’lgan ovqat moddalarining kundalik me’yori yuqoriroq belgilangan. Ular uzluksiz ravishda echki suti bilan oziqlantirilishi maqsadga muvofiq, chunki echki sutining tarkibida yuqoridagi kasalliklarga qarshi kurashadigan antitanalar ko’plab uchraydi. Kundalik ovqatni foizlarda ifodalaydigan bo’lsak: oqsil 15-20 foiz, yog’ 25-30 foiz, uglevod 50-55 foiz bo’ladi va 4 martalik ovqatlanish tartibi tashkil qilinadi.
Sportchilar ovqatlanishini tashkil etishda ham gigiyenik talablariga rioya qilish zarur. Ular musobaqa vaqtida ko’p kuch sarf qiladilar, shu sababli ularning umumiy ovqat miqdorining kuchi 500-600 kkal dan oshishi lozim.
Organizmi gurkirab o’sib, jismoniy va aqliy jihatdan yetuklikka erishadigan paytda, jismoniy va aqliy mashg’ulotlar natijasida keskin o’zgarib borayotgan yosh sportchilarning to’g’ri ovqatlanishini tashkil etishga katta e’tibor berish lozim. Buni ko’proq sport internatlari va maktablarda qo’llash zarur. Organizmning energiya xarajatlarini o’rnini to’ldirib borishda nafaqat sportchining yoshi, balki ovqat miqdori va sifatiga ham ahamiyat berish zarur. Ayniqsa, mashg’ulotlar paytida ovqat sifatiga, tarkibiga e’tiborni oshirish, ya’ni oqsil-uglevodli ovqatlardan ko’proq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Chunki, muskul energiyasining manbai bu karbonsuvlardir. Sport bilan shug’ullanadiganlarning organizmida ko’pincha turli vitaminlarga, fosfor, kalsiy va boshqa mineral moddalarga bo’lgan taqchillik doimo seziladi. Albatta, ovqatlanishni tashkil qilishda buni hisobga olish lozim.
Shifokorlar bolalar muassasalaridagi oshxonalar, ovqat tayyorlash sexlarida ovqat tayyorlash vaqtida mahsulotlarni tashilishi va saqlanishi ustidan nazorat ishlarini olib boradilar. Nazorat davomida ovqatlanish rejimi va ratsioniga baho berib boriladi. Shunday qilib, ovqatdan zaharlanish va turli kasalliklar kelib chiqmasligi uchun olib borilayotgan kompleks gigiyena va sanitariya tadbirlari ustidan tekshiruv olib boriladi. Kundalik gigiyenik va sanitariya tekshiruviga yuqorida sanab o’tilganlardan tashqari xodimlarning tibbiy ko’rikdan o’tgan-o’tmaganligini ham nazorat qilib borish kiradi.
Piyoz, sarimsoqpiyoz va boshqa o’simliklar fitansidlarga juda boy. Bu moddalar taomlar tarkibida yetarli miqdorda bo’lganida hazm shiralarining mo’tadil ajralishiga yordam beradi, chirish jarayonlarini to’xtatadi, so’rilishni yaxshilaydi, boshqacha qilib aytganda ovqat normal hazm bo’lishini taminlaydi.
Kuzatishlar natijasida ovqatlanish tartibiga va taomnoma tarkibiga baho berib boriladi. Shunday qilib, ovqatdan zaharlanish va turli kasalliklar kelib chiqmasligi uchun olib borilayotgan kompleks sanitariya tadbirlari ustidan tekshiruv olib boriladi. Sanitariya qonunchiligiga asosan kishi umumiy ovqatlanish korxonalariga ishga kirayotganda albatta tibbiy ko’rikdan o’tadi. Shundan keyin o’sha davolash muassasasi tomonidan ishlash uchun unga ruxsatnoma beriladi. Keyinchalik ovqat tayyorlash sexida ishlovchilar har 3 oyda tibbiy ko’rikdan va yiliga bir marta flyuorografiyadan o’tib turadilar. Epidemiologiya ko’rsatmalari asosida qilinishi kerak bo’lgan profilaktik emlashlar va bakteriya tashuvchilar ustidan tekshiruv ishlari o’z vaqtida olib boriladi.
Sil, teri yiringli kasalliklari, o’tkir yuqumli ichak kasalliklari, o’tkir so’zak va zaxm kabi kasalliklar bilan og’riyotganlarga bolalar muassasalarida ishlashga ruxsat berilmaydi. Agar ovqat tayyorlash sexi ishchisining oilasida ich terlama, paratif, ichburug’, bo’g’ma va qizilcha (skarlatina) bilan biror kishi og’rib qolsa, tibbiy ruxsatnomasiz u ishchiga ishlashga ruxsat berilmaydi.