“YOSH” KONSEPTINING AKSIOLINGVISTIK TAHLILI O’tkirova Fotima Baxtiyor qizi ToshDO‘TAU O‘zbek filologiyasi fakulteti, 4-kurs fotimaotkirova@gmail.com +998992303303
Annotatsiya: Ushbu maqolada “yosh ” konsepti o‘zbek tilidagi paremiyalar kesimida aksiolingvistik tahlil qilinadi. O‘zbek madaniyatida yoshning aksiologik xususiyatlarini o‘rganadi. Tadqiqotning muhimligi shundaki, bugungi kunga qadar tilimizda “yosh” konsepti aksiolingvistik jihatdan o‘rganilmagan. Ushbu maqolada yosh bilan bog‘liq qadriyat va aksqadriyatlar paremiyalar kesimida tahlil qilinadi. Tadqiqot ishida tilshunoslikning antinomiya metodi, tavsifiy metodlaridan foydalanildi. Ishning maqsadi – o‘zbek maqollarida insonning yoshi bilan bog‘liq bo‘lgan aksiologemalarni aniqlash; yoshlik va keksalikni ma’lum aksiologik belgilar bilan bog‘lash xususiyatlarini o‘rganish.
Kalit so‘zlar: Aksiologiya, aksiolingvistika, aksiologema, konsept, qadriyat, aksqadriyat, “yosh” konsepti, ijobiy baho, salbiy baho.
Abstract. Conseption of “age” will be axiolinguistically analyzed in the content of paremies of the uzbek language and axiological peculiarities of the “age” in the uzbek culture will also be discussed through the article. The importance of the article is that until today the concept of “age” has not been studied axiolinguistically in our language. In the article age-related values and antivalues are analyzed in the section of paremies. The antinomy method and descriptive methods of linguistics were used in the article. The purpose of the work is to identify axiologemes related to the age of a person in Uzbek proverbs; to study the characteristics of connecting youth and old age with certain axiological signs.
Keywords: Axiology, axiolinguistics, axiologems, concept, value, antivalue, conception of “age”, positive assessment, negative assessment.
Aksiologiya ijtimoiy fanlarning maxsus sohasi sifatida shakllangan bo’lib, bir necha yillar davomida falsafaning tarkibiy yo’nalishi sifatida o’rganilgan. Aksiologiya yunoncha axios-qadr-qiymat, logos-fan degan ma’noni anglatadi. Biroq, bilamizki, til madaniy hodisa sifatida qadriyatlarni ham o‘zida namoyon etadi. Bu esa tilshunoslik va aksiologiya aloqadorligidagi aksiolingvistika fanining shakllanishiga olib keldi. (OʻzME, 2000-yil)
Qadriyat aksiologiya sohasining obyekti hisoblanadi. Har qanday tilda qadriyatlar tizimini paremiyalar, barqaror birikmalar ifodalaydi, chunki ularda til egalari uchun muhim haqiqatlar ifodalangan bo’ladi. Inson va inson uchun qadrli bo‘lgan barcha narsalar, masalan, erkinlik, tinchlik, adolat, ijtimoiy tenglik, ma’rifat, haqiqat, yaxshilik, go‘zallik, moddiy va ma’naviy boyliklar, an’ana, urf-odat va boshqalar qadriyat hisoblanadi. P.S.Gurevichning fikriga ko‘ra, "qadriyat - bu odamlarning dunyoqarash yo‘nalishining alohida turi, ma’lum bir madaniyatda xatti-harakatlarning ideal, axloqiy me’yorlari haqidagi g‘oya. (Караулов, 2017, 52-53)
Jamiyatda mavjud qadriyatlarni o‘rganish falsafa va mantiq fanlarining asosiy vazifasi edi. Biroq qadriyatlarda mavjud til xususiyatlarini o‘rganishga qiziqish, insonning olamga munosabati tilshunoslikni aksiologiya bilan yaqinlashtirdi.
Jamiyatdagi qadriyatlar o‘z navbatida aksqadriyat deb nomlanuvchi zid ko‘rsatkichga ham ega. Aksiolingvistikada qadriyat va aksqadriyat aksiologema termini bilan ifodalanadi (Komilova, 2022, 12).
Aksiolingvistika sohasida o‘zbek tilshunosligida bugungi kunga qadar “hayot” va “o‘lim”, “yaxshilik” va “yomonlik”, “Oqillik” va “nodonlik” (Komilova, 2022) kabilar aksiologik tadqiq qilindi. Bundan tashqari, antroposentrik maqollar ham aksiologik tadqiq qilingan (M.R.Urishevna, 2020). Biroq aksiolingvistikada “Yosh ” konsepti o‘rganilmagan.
Iroda Bahronova (Bahronova, 2020) hamda Nigoraxon Qodirovalar (Qodirova, 2022) yosh konseptini monografik jihatdan o‘rgandilar. Biroq o‘zbek tilshunosligida yosh aksiologiyasi to‘liq yoritilmagan.
Tilda, xususan, o‘zbek tilida yosh ma’nosini anglatuvchi leksik birliklarning shakllanishi uzoq tarixiy shakllarni bosib o‘tgan. Ayni davrda o‘zbek tilida inson umrining tug‘ilgandan boshlab o‘tkazgan vaqti, bu davrdagi har bir yil “yosh” so‘zi bilan nomlanadi. O‘zbek tilidagi frazeologizm va paremiyalarda, badiiy adabiyotlarda “yosh” konsepti chaqaloq, bola, o‘smir, o‘spirin, ayol, er, xola, amaki, kampir, chol, doda, momo leksemalari bilan ifodalanadi. Albatta, ularning orasidagi asosiy tafovutlardan biri “yosh” masalasidir.
O‘zbek maqollarida yoshlik va qarilik quyidagi xususiyatlariga ko’ra taqqoslanadi:
-jismoniy holat, salomatlik (Yigitga og‘ir narsa ham yengil tuyular, keksaga yengil narsa ham og‘ir tuyular; Yigitlik-mastlik, Qarilik-sustlik; Yo‘tal-keksaning hamrohi.) -tajriba, donolik (Olti yashardan so‘rama, oltmish yashardan so‘ra; Qarilikni donolik bezar, yoshlikni- kamtarlik.) -ijtimoiy yetuklik (Yosh – bilmaydi, katta – qiymaydi; Kichikdan – xato, kattadan – ato.) -mehnatsevarlik (Keksaning yoshini so‘rama, ishini so‘ra; Tinmas kampir oyog‘i, oydinda charx yigirar.) “Yosh” konseptini aksiolingvistik tahlil qilish davomida shuni xulosa qilish mumkinki, ijtimoiy va jismoniy xususiyatlarni tavsiflovchi paremiyalar guruhi katta bo’lib chiqdi.
O’zbek tilidagi maqollarda yosh semasi, asosan, bola, yoshlik, keksalik, qarilik, yosh-qari, chol-kampir shaklida ifodalangan. Bundan tashqari, manbalarda katta-kichik (Kichikdan -xato, kattadan-ato), bahor-xazon ( Avval-bahor, oxir-xazon), qish-yoz (Qarilik davri-qishday, yoshlik davri-yozday), olti-oltmish (Olti yashardan so’rama, oltmish yashardan so’ra), ho‘kiz-buzoq (Ho‘kizga tuqqan kun, buzoqqa ham tug‘adi)kabi antinomiyalar kesimida ifodalangan.
Yosh semasi bilan farqlanuvchi xalq maqollarining katta qismida qarilik aqllilik, donishmandlik, boylik kabi qadriyatlar bilan namoyon bo’ladi.: Qari bor uyning zari bor; Qari uyning farishtasi, Saranjomi, sarishtasi; Qarida xislat ko’p; Qarisi bor uyning parisi bor, parisi bor uyning barisi bor. Biroq kasallik, baxtsizlik kabi salbiy bahoga ega paremiyalarni ham ko‘rishimiz mumkin: (Qarilik - davosiz dard; Yigitlik-bir guliston, Qarilik- bir zimiston. Maqollarni kuzatish natijasida shu aniq bo‘ldiki, o‘zbek paremiyalarida yoshlik xarakterlidir. Yoshlik davri tajribasizlik va yetuklik bosqichi bilan bir vaqtda faollik, qobiliyatlarning namoyon bo‘lishi davri sifatida namoyon bo‘lgan. Yoshlik, kichiklik bilan bog‘liq maqollarda tajribasizlik, uquvsizlik, qaysarlik, isrof kabi salbiy bahoga ega paremiyalar nisbatan ko‘p hajmli: Kichikdan-qusur, kattadan-uzr; Yoshlik-beboshlik. Biroq g‘ayrat-shijoat, mardlik, mehnatsevarlilik kabi maqollar kesimida yoshlikning ijobiy bahoga ega ekanligini ham uchratamiz: Yoshlikdagi g‘ayrat-keksalikdagi rohat; Yosh kelsa- ishga, qari kelsa – oshga. Yoshlik va qarilik paremiyalarida nafaqat taqqoslash, balki dinamik rivojlanishni ham uchratamiz.. Ya’ni kamchiliklar vaqt o‘tishi bilan ortib boradi degan fikr bor (Yoshlikda bergan ko‘ngil, ayrilmas balo bo‘lur). Yoki, aksincha, yoshlikdan ilm-hunar o‘rgansa, kelajakda, albatta, foyda ko’rishi aytilgan (Yoshlikda eksang, qarilikda o‘rasan; Yoshlikda o‘rgangan hunar, o‘zingga o‘ljaga qolar.) Ko‘rilgan paremiyalardan shuni xulosa qilish mumkinki, inson hayotining muayyan bosqichlari bilan bog’liq aksiologemalar uning yoshi bilan bog‘liq emas. O‘zbek xalq maqollarida “yosh” konsepti boylik, mehnatsevarlilik, donolik, hurmat, mardlik, sarishtalilik, kuchlilik kabi qadriyatlarni hamda dangasalik, shoshqaloqlik, beboshlik, qaysarlik, mas’uliyatsizlik, qashshoqlik, kasallik kabi aksqadriyatlarni ifodalaydi.