Malaka ishining metodologiyasi. O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligi va milliy istiqlol g`oyalari singdirilgan rahbariy adabiyotlar, davlatimizning ilm-fan va texnikani rivojlantirish, ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirishga doir huquqiy-me’yoriy hujjatlari hamda bilishning umumiylik-xususiylik, mohiyat-hodisa, imkoniyat-voqelik, sabab-oqibat dialektik kategoriyalari haqidagi falsafiy ta’limoti ishning metodologik asosini tashkil etadi. So`roq gaplarning lisoniy xususiyatlari tavsifida srtruktural, substansial tahlil usullari va natijalaridan foydalanildi. Nutqiy muloqotda yuzaga kelgan yoki dialogik nutqda voqelashgan so`roq gaplar pragmalingvistik tahlil usuli va mezonlari asosida tahlil qilindi.
Bitiruv-malakaviy ishda sintaktik birliklardan biri − so`roq gaplarning pragmatik tahlili natijalari o`zbek tilshunosligida pragmatik birliklar va ularning vazifalarini, lisoniy birliklarning muloqot tizimini hosil qilishini o`rganish muammosi yechimlarini topishga yordam beradi. Bu ishning nazariy ahamiyatini belgilaydi. Ishdagi tahlil natijalari o`zbek tilshunosligida pragmatik lingvistikaning tadqiq muammolari bilan bevosita aloqador sohalarni o`rganishda amaliy ahamiyat kasb etadi. Jumladan, “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fanida gapning nutqiy voqelanish imkoniyatlari, “Sotsiolingvistika”da nutq faoliyatida namoyon bo`ladigan ijtimoiy belgilar shaxsning lisoniy birliklardan foydalanish darajasiga bog`liqligi, “Uslubshunoslik”da so`roq gaplarning uslubiy imkoniyatlari va jonli nutqni shakllantirishi masalalarini o‘rganishga yordam beradi. Bundan tashqari, oliy ta’limda “O‘zbek tili pragmatik lingvistikasi”, “Tilshunoslik nazariyasi”, “Nazariy tilshunoslik masalalari” o`quv kurslarini o‘qitish jarayonida va qo`llanmalar yaratishda mazkur ishdagi nazariy va faktik material qo‘shimcha manba sifatida xizmat qiladi.
2.1 Gap − sintaksisning asosiy birligi O`zbekiston Respublikasining Mustaqillikka erishganiga yigirma besh to`ldi. Chorak asrlik vaqt mamlakatimiz tarixida o`chmas iz qoldirdi. O`zbek xalqining siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy, madaniy hayotini tubdan o`zgartirgan Mustaqillik davrida o`zbek tilshunosligi ham milliy istiqlol g`oyalaridan ilhom olib rivojlandi. Millatimiz ma’naviy qadriyatlaridan biri − ona tilimiz mavqeyi tiklanlanib, davlat tili maqomiga ega bo`ldi. Uning nufuzini oshirish, qo`llanish doirasini kengaytirishga qaratilgan targ`ibot va tashviqot ishlari qatorida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish kuchaydi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarini o`qigan har bir kishi buning sababini chuqur anglaydi. Zero, bu sabab millat fidoyisi Islom Karimovning quyidagi purhikmat fikrlarida ifodalangan: “O`zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o`rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog`liqlik til orqali namoyon bo`ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir”. [3,83]
Demak, hozirgi kunda ona tili, o`zga tillarga hurmat muammosi bilan birga davlat tili madaniyatini yuksaltirish asosiy vazifalardan biri bo`lsa, iste’molga kirayotgan davlat tili madaniyati tushunchasi esa axloqiy, ma’naviy kategoriyadan biri sifatida namoyon bo`lmoqda. Bu esa tilning milliy tabiati yaqqol aks etadigan grammatik qonuniyatlarni ana shu metodologik asoslarga tayangan holda chuqur tahlil qilish, muammoga til va tafakkur, til va ma’naviyat, til va madaniyat mushtarakligidan kelib chiqqan holda munosabatda bo`lishni taqozo qiladi.
Har qanday millatning o`zligi uning tilida yaqqol aks etadi va uning ontologik belgisi sifatida mavjud bo`ladi. Ayniqsa, bu tilning grammatik qurilishida yorqin ifodasini topadi. Gap qurilishining milliy tafakkur tarziga mos bo`lishi, gap qurilishi qoliplarining milliy o`ziga xos xususiyatlari bu hodisalarning har birini milliy ruhiyat va ong, tafakkur tarzi tushunchasidan kelib chiqqan holda, u bilan aloqadorlikda o`rganishni talab etadi. Bu esa har bir grammatik hodisani qanday metodologik asos va tadqiq usullari asosida tekshirish zarurligini aniqlash muammosi bilan bog`liqdir.
Ko`rinadiki, milliy tilning grammatik tizimi tadqiqida milliy ma’naviyat va milliy til dialektikasi mushtarakligida ma’naviy omillarga tayanib ish ko`rish masalaning bir jihati bo`lsa, lisoniy hodisani qaysi yo`sinda va qaysi tadqiq usullari asosida, tilshunoslikning qaysi oqim va yo`nalishlari tamoyillari vositasida tekshirish ikkinchi jihatini tashkil etadi. Shunday ekan, ilmiy tadqiqot tadqiq metodologiyasi va usullarining to`g`ri tanlanishi hamda uqilishi tadqiq manbayining tekshirilayotgan qirrasi haqida obyektiv xulosalar berish imkonini beradi. Chunki bir metod asosida berilgan xulosalarni boshqa metod asosida baholash va rad etish mumkin emasligi ma’lum. Ishimizda gaplarning lisoniy va nutqiy xususiyatlarini qiyoslash vazifasi qo`yilgan ekan, o`zbek tili grammatikasining milliylikni aks ettiruvchi jihatlarini tahlil qilishda substansial tadqiq usullaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
O`zbek tilshunosligida tilimizning mohiyati, uning xilma-xil muammolarini yoritishga bag`ishlangan ko`plab tadqiqotlar yaratilgan. Bugun o`zbek tilshunosligi turkiy tilshunosliklar orasida peshqadamlardan ekanligi ham mubolag`a emas. Tilshunos N.Mahmudov ona tilimiz millat sha’ni, or-nomusi kabi qo`riqlanadigan va ardoqlanadigan qadriyat ekanligi haqida kuyinib yozar ekan: “O`zbek tilining mustaqillik sharoitida rivoji bilan bog`liq jarayonlarni xolis ilmiy-nazariy asoslarda tadqiq etishni yanada muntazamlashtirish maqsadga muvofiqdir”,-deb uqtiradi. Bunda til, shaxs, jamiyat uchligi va bu uchlik a’zolari orasidagi munosabatlar hamda ular bilan bog`liq qonuniyatlarni ochishga qaratilgan sa’y-harakatlar yetakchilik qilmog`i lozim. Tabiiyki til, shaxs, jamiyat uchligi va uning tarkibidagi a’zolar orasidagi munosabatlar tadqiqi fanimizning keyingi taraqqiyotini belgilovchi ilmiy izlanishlarni talab etadi.
Ta’kidlash kerakki, o`zbek tilshunosligida til, shaxs, jamiyat uchligida asosiy o`rinni egallaydigan til tushunchasi hodisasi turli ilmiy yondashuvlar asosida o`rganilgan va buning natijasi o`laroq o`zbek formal grammatikasi, o`zbek substansial tilshunosligi, mazmuniy tilshunoslik kabi yo`nalishlar shakllangan. Bu ilmiy yo`nalishlarning har birida til o`ziga xos tadqiq usullari va metodologiyasi asosida talqin etilgan. Shunga qaramay, bugun tilning shaxs va jamiyatga xizmat qilishini tildan foydalanuvchining turli nutqiy ehtiyojlarini qondirish vositasi, shuningdek, lisoniy mavjud imkoniyatlar manbayi sifatida individual hamda ijtimoiy-kommunikativ vazifa bajarishi bilan bog`liq masalalar o`z yechimini topmagan. Mazkur masalalarni yechish va ilmiy asoslash tilshunoslikda tadqiq obyektiga yangicha yondashuvlarning shakllanishiga sabab bo`ladi.
O`zbek tilshunosligida XIX asrning ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida formal yo`nalish global ravishda sanoyi ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan shakllangan va o`z oldiga, asosan, ommaviy savodxonlikni ta’minlash, zamonaviy til me’yorlarini ommalashtirish kabi o`z davri uchun o`ta zarur masalalar yechimini maqsad qilib qo`ygan edi . Binobarin, formal yo`nalishda tilga sanab o`tilgan masalalar kesishgan nuqtadagi tadqiq manbayi sifatida qaraladi. Tilshunoslik nazariyasi ham, ona tili ta’limi ham mana shunga xizmat qiladi. Formal tishunoslikning metodologik asosi empirik tavsif usuli bo`lib, unda lison-nutq dixotomiyasi oddiy mantiqdagi mavhumlik-muayyanlik sifatida tushuniladi.
O`zbek tilshunosligida formal tahlil tamoyillarining keng, izchil ommalashuvida professor A.G`ulomovning xizmatlari beqiyosdir. Tilni tizim sifatida tadqiq etish asosida shakllangan struktural, semantik hamda substansial tahlil yo`nalishlari o`zbek formal tilshunosligi yaratgan mustahkam lingvistik asoslar poydevoriga tayanadi.
XX asrning 90-yillarida o`zbek tilshunosligi fanida formal-funksional (keyinchalik “substansial” deb atalgan) yo`nalish shakllandi va bu haqdagi xulosalar tilshunos M.Qurbonovaning “O`zbek tilshunosligida formal-funksional yo`nalish va sodda gap qurilishining talqini” nomli tadqiqotida bayon etilgan. O`zbek substansial tilshunosligi o`z davrining ilg`or lingvistik maktabi hisoblangan Praga strukturalizmidan lison-nutqni farqlash, lisoniy va nutqiy birliklarning tabiati haqidagi ilmiy qarashlarni qabul qildi. Bu qarashlarni dialektik falsafaning substansiallik omili hamda umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab (UMIS) va alohidalik (yakkalik), hodisa, voqelik, oqibat (AHVO) kategoriyalari mazmuni bilan boyitdi. Natijada, lison va lisoniy birliklar UMIS sifatida, nutq va nutqiy birliklar esa AHVO mavqeyida talqin etildi. Asosiy lingvistik tushunchalar dialektik mazmun bilan to`ldirildi va dialektik kategoriyalarga mos ravishda tahlil qilindi. Professor H.Ne’matov bu yo`nalishning maqsadi “S.N.Ivanov 1960-yillarda asos solgan, bosh tamoyili struktural tahlilni ongli, dialektik, metodologik tamoyillar asosida takomillashtirib, tilga tafakkurni shakllantiradigan va rivojlantiradigan, nutqiy muloqotda minglab shakl va ko`rinishlarda voqelana oladigan, har bir shakli o`ziga xos maqsad va vazifaga ega bo`lgan imkoniyatlar xazinasi sifatida yondashish bo`lgan o`zbek substansial tilshunosligini rivojlantirishga qaratilgan edi”,-deb yozadi.
O`zbek substansial tilshunosligida lisoniy birlik nutqda voqelanuvchi barcha ma’no va vazifalarni o`zida mujassamlashtirgan umumiy lisoniy mohiyat − zot, substansiya, asos sifatida talqin etiladi . Sistema va element munosabati til tizimiga xos. Til tizimi uni tashkil etuvchi elementlarning o`zaro shartlangan zaruriy munosabatlari yig`indisidan kattaroq mohiyatga egadir. Demak, tizimga xos substansiallik tizimning asl mohiyatini belgilovchi muhim xususiyatdir. Shunga ko`ra, o`zbek tilshunosligida til tizimi va uning birliklariga xos lisoniy mohiyat substansial yondashuv asosida ochib berilgan.
qilindi.
O`zbek tilining sintaktik qurilishi lison-nutq farqlanishi asosida o`rganila boshlandi. Chunki sintaktik birliklar mohiyati ana shu tahlil mezoni asosida aniqlanadi. Tilshunoslar gapning faqat tashqi tomoniga emas, balki ichki tomoniga ham e’tibor qarata boshladilar. Formal sintaksis bevosita kuzatishda berilgan, og`zaki hamda yozma shakllarda voqelangan hodisalarni o`rganishga diqqatini qaratdi. Uning tahlil asosini aynan bevosita kuzatishda berilgan nutqiy sintaktik hodisalar tashkil etadi. Formal tilshunoslikda lison va nutq hodisalarini farqlamaslik, imkoniyat va voqelik, umumiylik va xususiylik kabi tushunchalarni chalkashtirish sintaktik hodisalarning substansial mohiyatini ochishga to`sqinlik qildi. Shu asosda “an’anaviy sintaksisda gapning bir va ikki tarkibliligi, asosan, sodda gap materiali asosida o`rganiladi” hamda sodda gaplar yig`iq va yoyiq turlarga bo`linadi. O`zbek tilshunosligi rus tilshunosligi zaminida rivojlanganligi, shuningdek, logik oqimning ta’siri tufayli sodda gaplar [S–P] qolipida tasvirlangan va talqin etilgan edi. Gap haqidagi formal sintaksisda professor A.G`ulomov va uning izdoshlari o`zbek tili gap qurilishiga rus tilining gap qurilishiga xos me’yor va qoidalar asosida yondashdilar. Buni olimning “Sintaksis asosida gap haqidagi ta’limot yotadi” degan qarashi ham tasdiqlaydi.
O`zbek tilshunosligida tilga sustema sifatida yondashilib, lison va nutq hodisalari farqlandi hamda gapning til sathidagi eng kichik qolipi ishlab chiqildi. Tilshunos M.Qurbonova yozganidek, “Nutqimizda berilgan va an’anaviy sintaksisimizda atroflicha tahlil etilgan gap uning shakl va vazifa turlari til sathida ongimizda mavjud bo`lgan umumiylikning, gap eng kichik qolipining turli lug`aviy qurshov va nutq sharoitlarida minglab muayyan shakllarda yuzaga chiqishida namoyon bo`lishi aniqlandi”