2.4 So`roq gaplar va kommunikativ intensiya Nutqiy muloqotda so`roq gaplarning miqdoran ko`p qo`llanilishiga va mazmunan o`zgarishiga nafaqat pragmatik vaziyat, balki muloqot ishtirokchilarining kommunikativ intensiyasi (maqsadi) ham o`z ta’sirini o`tkazadi. Takror keltirilgan bo`lsa ham, quyidagi muloqot kommunikativ intensiyaning so`roq gaplarga ta’sirini tahlil qilishga yordam beradi:
“ − Siz nega o`ynamaysiz, Tilov? Xudo ursin, cholga o`xshaysiz.
− Bo`lmasam kampirga uylanasiz.
− Bu mening ishim.
− Bo`ldi endi. Buncha kekkaymang. − Umida sirpanib kelib, Tilovning tirsagidan ushladi. − Yuring. Mendan xafasiz-a? − Nega? − Xafa bo`lmang, Tixon, -dedi Umida iyagini oldinga chiqarib.
Yo`lda Tilov Jamshiddan so`radi:
− Tixon nima degani? − Tixon? Tixon− Ostrovskiy pyesasidagi qahramon. Katerinaning eri. Umida sizni Tixon dedimi? − Ha.
− Siz, Katerinam bo`l, demabsiz-da. Tilov indamadi”.
Muloqotda yashirin pragmatik intensiya Jamshidning savoli, ya’ni “Umida sizni Tixon dedimi? so`roq gapi orqali oydinlashtiriladi. Muloqot intensiyasi Jamshidning Tilovga aytgan “Siz, Katerinam bo`l, demabsiz-da” gapi orqali ochib beriladi. Ko`rinadiki, Tilov Umidani sevishi yoki sevmasligini aniqlashga qaratilgan so`roq gaplar muloqotning yashirin intensiyasini oydinlashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, muloqot ishtirokchilarining yosh xususiyatlari, ayni sevish va sevilish yoshiga xos ruhiy holatlar va ularning gender tabiatini asar personajlari (Umida va Tilov) misolida anglash imkoniyati yuzaga chiqadi. Umidaning xarakterida o`zbek qizlariga xos samimiylik, sho`xlik, o`z munosabatini ochiq-oydin bildirmay “parda”lab gapirish, ayni paytda, intellektual darajasini namoyon qilish kabi xususiyatlar borligi ma’lum bo`ladi. O`z ichki kechinmalarini yashirish, his-tuyg`ularini oshkora qilmaslik, vazminlik va oriyatlilik ko`proq yigitlarga, to`porilik esa yigitlarning ayrim toifasiga xosligi Tilov qiyofasida gavdalanadi. Ammo Jamshid − muloqotdagi yashirin maqsadni ochib beruvchi shaxs. Bu yigit N.Ostrovskiy pyesasini o`qiganligi bois Tixon nima degani? savoliga javob topadi va Tilovga nisbatan intellektual darajasi baland ekanligi anglashiladi. Demak, badiiy asarda o`zbek yoshlarining xarakter xususiyatlari personajlar uchligi munosabatida, aynan Umida, Tilov va Jamshidlar muloqotida ko`rsatilgan. Bu muloqotda so`roq gaplar kommunikativ intensiya bilan bog`liq pragmatik xususiyatlarini reallashtirgan.
So`roq gaplar boshqa nutqiy vaziyatlarda ham kommunikativ intensiyani yuzaga chiqara oladi. Chunonchi:
Kapitan katta:
− Tur, tur deyman!-deya baqirib berdi.
Bo`zbola qo`llarini qovushtirib qotib qoldi.
− Manavi odamni taniysanmi?!-dedi kapitan katta”
Bevosita rasmiy so`roq vaziyatida Manavi odamni taniysanmi?! gapi voqelashgan. Muloqotda bu so`roq gap tasdiq yoxud inkorni talab qiladi. Shunga ko`ra, diskursda quyidagi birliklar yuzaga chiqqan:
”Bo`zbolalar men tarafga sigir qarash qildi.
− Tanimaymiz, -dedi.
Kapitan katta menga yuzlandi.
− Shularmi?-dedi.
− Shular, ha, shular,-dedim”
Tabiiyki, adresantning keyingi ”Shularmi?” gapi ham tasdiq yoki inkorni talab qilishi adresatning ”Shular, ha, shular” javobidan anglashiladi. Mazkur so`roq gaplar so`roq jarayonida adresant ko`zlagan maqsadni ochiq ifodalamaydi. Aybdorlarni aniqlash maqsadi muloqot ishtirokchilariga berilgan savollarning konseptual asosida yashirin. Kommunikativ maqsadning oshkora ifodasi gumondorlarni cho`chitishi tayin. Shuning uchun adresant nutqida va tanlagan gaplarida intensiya yashirin bo`lishi maqsadga muvofiq.
So`roq gaplarda kommunikativ intensiyaning ifodalanishini ”Ot kishnagan oqshom” qissasidan tanlangan quyidagi diskurs misolida kuzataylik:
”Bir katta Rahmon birodarimni so`roqqa tutdi:
− Ayting-chi, nega voyaga yetmagan bolani urdingiz? − Urganim yo`q, kalla qildim, -dedi Rahmon birodarimiz.
− Baribir, urgan hisoblanadi. Yuzida jarohat bor. Pulingizni o`g`irlagan ekan, yana tag`in ushlab olibsiz ekan, militsiyaga topshirish kerak edi!
− Kuchim yetmadi.
− Urishga yetgan kuchingiz militsiyaga yetaklab borishga yetmadimi? − Uch birday yigitga qanday qilib kuchim yetadi? Muloqotda Ayting-chi, nega voyaga yetmagan bolani urdingiz? so`roq gapi adresatning harakatni amalga oshirganligini tasdiqlashi yoki inkor etishini aniqlash maqsadida yuzaga kelgan. Muloqotda adresat − Rahmonning Urganim yo`q, kalla qildim gapi ushbu so`roq gapning javobi bo`lib, kommunikativ intensiyani oydinlashtiradi.
Muloqotdagi boshqa so`roq gaplarda kommunikativ maqsad qanday ifodalangan? Buni aniqlash uchun tahlilni davom ettiramiz. Kapitan nutqidagi Urishga yetgan kuchingiz militsiyaga yetaklab borishga yetmadimi? gapi ish-harakatning noo`rinligini ta’kidlash va uning boshqa variantini taklif qilish mazmuniga ega. Bunda adresant o`z maqsadini ochiq-oydin bildirgan. Ushbu so`roq gapdan anglashilayotgan qonuniy to`g`ri yo`l tutishga da’vat qilish, sodir etilgan harakatning noto`g`ri ekanligini ta’kidlash mazmuni ham buni tasdiqlab turibdi. Ayni paytda, so`roq gap harakatni bajarishga da’vat etish, muayyan ish-harakatni amalga oshirishni taklif qilish kabi pragmatik mazmunga egaligini ko`rsatadi.
Biroq Uch birday yigitga qanday qilib kuchim yetadi? gapida da’vat qilingan harakatni bajara olmaslik, ya’ni inkor (”Kuchim yetmaydi”) mazmuni ifodalangan. Bu gap, aslida, ritorik so`roq gap shaklida berilgan bo`lsa ham, nimanidir aniqlash maqsadini emas, balki savolga savol tarzidagi javobni aks ettiradi. Adresat savolga to`g`ridan to`g`ri javob berishi mumkin edi, ammo yozuvchi nutqiy muloqotning milliy tabiatini jonli ifodalovchi o`zbekona so`z o`yini, qochirim, hozirjavoblik xususiyatlarini ko`rsatish maqsadida tilimizning sintaktik imkoniyatlaridan o`rinli foydalangan. Natijada so`roq gaplarga xos yana bir pragmatik vazifani ko`rsatib bergan.
Tilning sintaktik me’yorlariga ko`ra, yuqoridagi gap o`rnida darak, xabar mazmunini ifodalovchi Uch birday yigitga kuchim yetmaydi, shuning uchun militsiyaga yetaklab borolmasdim gapi voqelashishi lozim. Ona tilimizning sintaktik imkoniyatlari shu darajada keng va xilma-xilki, so`roq gap orqali darak, xabar, tasdiq, inkor, taklif, gumon, buyruq, istak kabi mazmuniy rang-baranglikni ifodalash mumkin.
Muloqotda so`roq gaplarning ishlatilishiga doir diskursiv material badiiy asar matnida ko`plab uchraydi. So`roq gaplar qo`llangan yana bir matnni ko`zdan kechiramiz:
”−Xo`p, baroringizni bersin! −direktor bir qadam qo`yib, yana muallimni to`xtatdi: − E’tiborov, sovxozimizga ishga o`tmaysizmi? Ish yo`q emas, bor... Mana klub quryapmiz. Maoshiyam yaxshi! Keyin o`zimizning odamimiz bo`lasiz, har holda, qarashardik-da, a?Kechirasiz, menga shu... o`qituvchilar, redaksiya xodimlari yoqmaydi. Sal ig`vogarroq bo`ladi. To`g`ri, o`qituvchilar bizniyam o`qitgan, gazetayam ishimizga yordam beradi... Xo`sh, taklifim yoqdimi? Ehson E’tiborov bo`shashib, qorga tikildi:
− Yo`q, o`rtoq Eshquvvatov!-dedi. −Men kasbimni yaxshi ko`raman! Maoshi kam bo`lsa ham, uni boshqa ishga alishmayman. Tushundingizmi? − Tushundik, tushundik...”.
Direktor va o`qituvchi orasidagi muloqotdan ma’lum bo`ladiki, direktor E’tiborovga (o`qituvchiga) yangi ish o`rnini taklif etadi. Muloqotda bu taklif E’tiborov, sovxozimizga ishga o`tmaysizmi? so`roq gapi orqali ifodalangan. Mazmunan taklifni ifodalayotgan so`roq gap darak gapga teng vazifani bajargan: E’tiborov, sovxozimizga ishga o`ting/ E’tiborov, sovxozimizga ishga o`ta qoling (takilf, istak, undash mazmuniga ega). Ta’kidlash kerakki, so`roq gaplar ayni pragmatik vazifasi tufayli nutqiy muloqotda eng faol qo`llanuvchi til birligidir.