Z. M. Bobur nomidagi andijon davlat universiteti umumiy pedagogi
2. Ta’lim mazmunini belgilash. Ta’lim mazmuni o’qitish jarayonining muhim komponentlaridan biri hisoblanadi.
Bu ma`lum ilmiy bilimlar, ko’nikma va malakalar tizimi hisoblanib, uni o’zlashtirish o’quvchilar aqliy, jismoniy qobiliyatlarining har tomonlama rivojlanishini, ularda dunyoqarash, axloq va xulqiy odatlarni shakllanishini hamda ijtimoiy mehnatga tayyorgarlikni ta`minlaydi.
Ta’lim mazmunida butun insoniyat to’plagan ijtimoiy tajribalarning barcha elementlari qamrab olingan. Shaxsni kelajakka tayyorlashga xizmat qiladigan ta’limning mazmuni o’z maqsadi va xarakteri jihatidan quyidagicha turlarda yoki ko’rinishda amalga oshiriladi: maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim.
Ta’lim mazmunini belgilashda «Ta’lim to’g`risida»gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», ta’limga aloqador davlat hujjatlari va eng muhimi, davlat ehtiyoji va xususiy ehtiyoj, ya’ni davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan qo’yilgan maqsad metodologik asos, ma`lum buyurtma hisoblanadi.
Jumladan, O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g`risida»gi Qonunining 7-moddasiga, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning 3-qismi 3.2; 3.3; 3.3.1; 3.3.2; 3.3.3 -bandlariga ko’ra idoraviy bo’ysunishi va mulkchilik shaklidan qat`iy nazar ta’lim muassasalarining barcha turlari uchun majburiy bo’lgan davlat ta’lim standartlari (DTS)belgilanadi. Chunki DTS kadrlar tayyorlash sifatiga, ta’lim mazmuniga qo’yiladigan talablarni; ta’lim oluvchilar tayyorgarligining zarur va yetarlicha darajasini hamda ta’lim muassasalarini bitiruvchilarga qo’yiladigan malakaviy talablarni; o’quv yuklamasining zarur hajmini; ta’lim muassasalari faoliyatini va kadrlar tayyorlash sifatini baholash tartibi va mexanizmini belgilaydi. (DTS to’g`risidagi Nizom, «O’zbekiston ovozi» gazetasi, 1998 yil 6 yanvar soni).
Yuqoridagilardan kelib chiqib, biz ta’lim turlarining mazmunini umumiy asosda belgilovchi quyidagi me`yorlarga to’xtalib o’tmoqchimiz:
a) maktabgacha ta’lim.
Ushbu ta’lim bola shaxsini sog`lom va yetuk, maktabda o’qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish maqsadini ko’zlaydi.
Bu ta’lim 6-7 yoshgacha oilada, bog`chalarda va mulk shaklidan qat`iy nazar, boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi.
b) umumiy o’rta ta’lim. Boshlang`ich ta’lim (1-4-sinf) umumiy o’rta ta’lim olish uchun zarur bo’lgan savodxonlik, bilim va ko’nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgan.
Umumiy o’rta ta’lim (1-9-sinf) bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko’nikmalarini rivojlantiradi, ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
v) o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olish maqsadida har kim umumiy o’rta ta’lim asosida akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o’qish yo’nalishini ixtiyoriy ravishda tanlash huquqiga ega. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari egallangan kasb-hunar bo’yicha ishlash huquqini beradigan hamda bunday ish yoki ta’limni navbatdagi bosqichda davom ettirish uchun asos bo’ladigan o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini beradi.
1.Akademik litseylar o’quvchilarning intellektual qobiliyatlarini jadal o’stirishni, ularning chuqur tabaqalashtirilgan va kasb-hunarga yo’naltirilgan bilim olishlarini ta`minlaydigan uch yillik o’rta maxsus o’quv yurtidir.
2.Kasb-hunar kolleji o’quvchilarning kasb-hunarga moyilligi, mahorat va malakasini chuqur rivojlantirishni, tanlangan kasblar bo’yicha bir yoki bir necha ixtisos olishni ta`minlaydigan uch yillik o’rta maxsus o’quv yurtidir.
g) oliy ta’lim. Oliy ta’lim yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi. Oliy ma`lumotli mutaxassislar tayyorlash oliy o’quv yurtlarida (universitet, akademiya, institut va oliy maktabning boshqa ta’lim muassasalarida) o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi asosida amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim ikki bosqichga: davlat tomonidan tasdiqlagan namunadagi oliy ma`lumot to’g`risidagi hujjatlar bilan dalillanuvchi bakalavriat va magistraturaga ega.
1. Bakalavriat - oliy ta’lim yo’nalishlaridan biri bo’yicha puxta bilim beradigan, o’qish muddati kamida 4 yil bo’lgan tayanch oliy ta’limdir.
2. Magistratura - aniq mutaxassislik bo’yicha bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir.
3. Fuqarolar ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni
shartnoma asosida olishga haqlidirlar.
d) oliy ta’limdan keyingi ta’lim Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo’lgan ehtiyojlarini qondirishga qaratilgandir. Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida (aspirantura, adyunktura, doktorantura, mustaqil tadqiqotchilik) olish mumkin.
Ilmiy va ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash, ilmiy darajalar, unvonlar berish tartibi qonun hujjatlarida belgilangan.
Maktabgacha, o’rta umumiy, o’rta maxsus va kasb-hunar, hamda oliy ta’lim mazmunini shakllantirish, DTS asosida belgilash uchun quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
Jamiyat va davlat buyurtmasiga mos kelishi, Ya’ni barkamol avlodni tarbiyalash maqsadiga muvofiq bo’lishi kerak.
Ta’lim mazmuniga kirgan materialning yuksak ilmiy va amaliy darajasi tahminlanishi zarur.
O’qitish jarayonining real imkoniyatlarini hisobga olish zarur (ta’lim qonuniyatlari, prinsiplari, metod va tashkil etishformalari, o’quvchilarning umumiy aqliy, jismoniy rivojlanishi, maktab o’quv-uslubiy va moddiy-texnik imkoniyatlari).
Maktabda o’rganiladigan barcha o’quv materiallari nuqtai nazaridan ta’lim mazmunini konstruktsiyalash va tatbiq etishda ijtimoiy adolatni ta’minlash.