KIRISH Jismoniy tarbiya darslarida jismoniy mashqlardan to‘g‘ri foydalanish, o‘quvchilarning jismoniy rivojlanishi va tayyorgarligiga ijobiy ta’sir etadi, harakatga bo‘lgan ehtiyojini ma’lum darajada qoplaydi.
O‘quvchilarning jismoniy tayyorgarligini yuqori bo‘lishi jismoniy tarbiya dasturi materiallarining o‘zlashtirilishiga va sog‘ligini mustahkamlashiga yordam beradi.
Umumta’lim maktablaridagi bolalarning jismoniy tarbiya darslarida jismoniy tayyorgarlikni oshirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri o‘quvchilarning yoshiga, rivojlanishiga va jinsiga qarab me’yorlangan mashqlardan, harakatli o‘yinlardan foydalanish samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Bolalar va o‘smirlarni harakat faolligi cheklangan. Bolalarning bog‘chadan maktabga kelishlari bilan ularning harakat faolligi 50 foizga kamayadi. Kam harakatlilik oqibatida turli hil kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Harakat faolligini oshirishda harakatli o‘yinlarni o‘rni beqiyosdir. Boshlang‘ich sinflarning jismoniy tarbiya darslarida va darsdan tashqari mashg‘ulotlarida harakatli o‘yinlardan keng foydalaniladi.
Jismoniy tarbiya darslari ko‘pincha turli o‘yinlardan iborat bo‘ladi. Bu harakatli o‘yinlar yordamida jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari qiziqarli o‘tkaziladi va o‘quvchilarda turli ko‘nikmalarini hosil qiladi.