Makroiqtisodiy tahlilda milliy iqtisodiyotning holati, faoliyat qilishi va natijalari tadqiqot qilinadi. Iqtisodiy resurslarni to‘liq band qilish, inflyasiyani jilovlash va iqtisodiy muvozanatlikni ta’minlash orqali iqtisodiy o‘sishga erishish muammolari bu tahlil obyektdir. Qisqacha aytganda, makro-iqtisodiy tahlilda milliy xo‘jalik, uning alohida sektorlari (davlat, kooperativ, xususiy) va jahon xo‘jaligi o‘rganiladi.
Sintez – bu hodisa va jarayonlarning umumiy ta’siri asosida umumiy xulosalar chiqarishdir.
Mantiqiylik va tarixiylikning birligi usuli.Tarixiylik dalili iqtisodiy fanlarda ham tarixiy rivojlanish nuqtai nazaridan tadqiqot olib borishni zarur qilib qo‘yadi. CHunki iqtisodiy jarayonlar jamiyatning tarixiy rivojlanish bosqichlarida ro‘y beradi. Mantiqiylik usulida jarayonlar faqatgina tarixiy nuqtai nazardan emas, shu bilan birga ichki zaruriy va qonuniy bog‘lanishlar bo‘yicha ham tahlil qilinadi.
Foydalaniladigan usullar ichida eksperiment alohida o‘ringa ega. Iqtisodiy o‘sishning keskin o‘zgarishi, xususan iqtisodiyotning inqiroz va beqarorlik bosqichlarida eksperimentdan keng foydalaniladi.
Induksiya va deduksiya usuli. Induksiya nazariyadan amaliyot tomon borishni, yaratilgan nazariyalarni kishilarning amaliy hayotida sinab ko‘rishni anglatasa deduksiya amaliyotdan nazariya tomon borishni, real hayotdagi ro‘y beradigan hodisa va jarayonlardan nazariyalar yaratishni bildiradi.
Pozitiv va normativ usullar.Pozitiv usul iqtisodiy hodisalarning real hayotdagi holatini qanday bo‘lsa shu holicha aks ettiradi. Masalan, O‘zbekistonda ishsizlik 2012 yilda 0,6 foizni tashkil qildi. Respublikada narxlarning o‘sishi o‘tgan 2011 yilda 7,0 foizdan oshmadi va h.k. Normativ usul hodisa va jarayonlarning qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi fikr va mulohazalardir. Masalan, ishsizlikning tabiiy darajasi 2,5 foizdan oshmasligi kerak. Real ish haqining o‘sishi narxlarning o‘sish sur’atidan yuqori bo‘lishi zarur va h. k.
Iqtisodiy jarayonlarni miqdoriy tahlil qilishdamatematik, statistik usullar va grafiklardan keng foydalaniladi. Matematik usul iqtisodiy hodisa va jarayonning miqdoriy o‘lchamlarini aniqlash imkonini bersa, grafik usul o‘zgaruvchi miqdorlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rgazmali qilib tasvirlaydi.
Iqtisodiy tahlilda “Boshqa sharoitlar o‘zgarmay qolganda” degan farazdan ham foydalaniladi. Chunki real iqtisodiy hayotda hodisa va jarayonlarga ko‘plab omillar bir vaqtda, shu bilan birga turli xil yo‘nalishlarda ta’sir ko‘rsatadi.
Bu barcha omillarning birgalikda ta’sirida hodisa va jarayonlar mohiyatini ochib berish qiyin kechadi yoki mutlaqo mumkin bo‘lmaydi. Shu sababli ularning alohida olingan omil ta’sirida mohiyati ochilib, boshqa omillar ta’siri e’tibordan chetda qoladi yoki ular o‘zgarmas deb hisoblanadi. Tahlilning keyingi bosqichida o‘rganilayotgan hodisa yoki jarayonga boshqa omillarning ta’siri ham alohida-alohida qarab chiqiladi.