Zamonaviy maktab o’qituvchisining vazifalari


O`qituvchining shaxsiy va kasbiy xususiyatlari



Yüklə 241,5 Kb.
səhifə2/2
tarix14.05.2023
ölçüsü241,5 Kb.
#113359
1   2
Zamonaviy maktab o’qituvchisining vazifalari

O`qituvchining shaxsiy va kasbiy xususiyatlari
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi raqobatbardosh kadrlar tayyorlovchi pedagogga qo`yiladigan zamon talablari majmuini belgilaydi.
Bir-biriga bog`liq bo`lgan talablarning majmui, pedagogning umumlashtirilgan modelini tashkil etadi. Umumlashgan modelga muvofiq o`qituvchiga qo`yiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
ta`lim berish mahorati;
tarbiyalay olish mahorati;
o`quv-tarbiya jarayonida inson omilini ta`minlovchi shaxsiy fazilatlari;
ta`lim oluvchilarning bilimlarini xolisona baholay olish va nazorat qila olish mahorati va h.k..
Umumlashtirilgan modelning doirasidagi malakaviy zamon talablari pedagog «qiyofa»sini ifodalaydi.
O`zbekiston Respublikasi aholisi uchun ta`lim darajasini oshiruvchi omillardan biri bo`lib ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga jadal sur`atlar bilan kirib borish jarayoni hisoblanadi. Bu birinchi navbatda, bozor munosabatlarining rivojlanishiga bog`liq bo`lib, u jarayon bilim darajasiga, iqtisodiyot va ekologiya (atrof-muhit), kompyuter texnikasi va ilmbardosh texnologiyalar ustuvor bo`lgan va xalk xo`jaligining rivojlangan tarmoqlariga, ta`lim tizimining takomillashuvi va kadrlar tayyorlashga bog`liq bo`ladi.
Kadrlarning yangi avlodini tayyorlash muammosining samarali yechimi, birinchi navbatda, hozirgi kun talablariga javob bera oladigan psixologiya, pedagogika, iqtisodiyot, ekologik madaniyat, huquqshunoslik va shunga o`xshash boshqa fanlarning bilim asoslarini chuqur biladigan professional malakaga ega bo`lgan har tomonlama chuqur bilimga ega bo`lgan o`qituvchi kadrlarning tayyorlanishi bilan bog`liqdir.
Olib borilgan kuzatishlar va AQSH, Germaniya, Yaponiya, Fransiya va boshqa sanoati hamda intellektual bilimlari rivojlangan mamlakatlarning tajribasi shuni ko`rsatib turibdiki, yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, asosan, quyidagilarga bog`liq bo`lar ekan:
- ta`lim, fan va ishlab chiqarishning o`zaro samarali aloqadorligiga;
- ta`lim muassasalari va professional ta`lim dasturlari turlarining (tiplarining) xilma-xilligi, ularda fan va texnikaning eng oxirgi yutuqlari, iqtisodiyot va texnologiyalarning eng yuqori andozalari va ko`rinishlariqay darajada aks ettirilganligiga;
- professional ta`lim tizimini ustuvor va foyda keltiruvchi iqtisodiy tarmoqka aylantirishga;
- ta`lim muassasalarini zamonaviy o`quv-metodik adabiyotlar bilan ta`minlash va ularning moddiy-texnik asosini yaratish hamda ularning moliyaviy ko`rsatkichlarini mustahkamlashga;
- professional ta`lim tizimiga eng yuqori malakali o`qituvchilarni va mutaxassislarni jalb etishga;
- o`quv jarayonini informatizatsiyalash va kompyuterlashtirishga;
- kadrlarni tayyorlashning sifat bahosini va obyektiv nazorat tizimini qo`llashga;
- shaxsning rivojlanishi, o`lchovi, sifat va hulqini, qobiliyat va intellektini baholash hamda kasbiy mahorati muammolariga bag`ishlangan psixologik-pedagogik izlanishlarni bajarishga;
- o`qituvchilarni yuqori darajada moddiy rag`batlantirish va ularni ijtimoiy himoyalab turishga.
Bugungi kun mutaxassisi har tomonlama rivojlangan yuqori darajadagi intellektga ega bo`lgan, fan asoslarini chuqur o`rgangan bilimdon, zukko, dono, fidoiy, ma`rifatli va ma`naviyatli inson bo`lishi kerak. U o`z mutaxassisligi, masalan, iqtisodchilikdan tashqari, xorijiy tillardan birini bilishi hamda AKT dan foydalana olishi shart.
Zamonaviy pedagog yuqori madaniyatli, xalkimiz tarixini chuqur biladigan va uning kelajagi uchun jon kuydiradigan insonparvar va oliyjanob kishi bo`lishi kerak.
Uzluksiz ta`lim tizimini amalga oshirish jarayonida yosh avlodni ko`ngildagidek o`qitish va tarbiyalash haqida gap borar ekan, bunday g`oyat murakkab va ko`p qirrali vazifani faqat yuksak malaka va pedagogik mahoratga ega bo`lgan o`qituvchi kadrlar bilangina amalga oshirish mumkinligini ta`kidlash lozim.
Shunday ekan, o`qituvchilik-katta san`atdir. Bu san`atga u yoki bu pedagog osongina, o`z-o`zidan erisha olmaydi. Shuning uchun, o`qituvchilik kasbiga, ya`ni sog`lom avlod uchun chinakam murabbiy bo`lishga havasi, ishtiyoqi zo`r, zamon talablarini tez va chuqur tushunadigan, o`zining ilmiy, ijtimoiy-siyosiy saviyasini, pedagogik mahoratini izchillik bilan amalga oshirib boruvchi, mustaqillik g`oyasi va mafkurasi bilan puxta qurollantirilgan, haqiqiy vatanparvar va mehnatsevar kishilargina erisha oladilar.
Pedagogik mahorat tug`ma talant yoki nasldan-naslga o`tuvchi xususiyat emas, balki uning negizida izlanish va ijodiy mehnat yotadi. Shuning uchun ham pedagogik mahorat hamma o`qituvchilar uchun standart, ya`ni bir qolipdagi ish usuli emas, balki u har bir o`qituvchining o`z ustida ishlashi, ijodiy mehnati jarayonida tashkil topadi va rivojlanadi.
Bu jarayonda ilg`or o`qituvchining pedagogik mahorati va tajribalarini boshqa o`qituvchi o`rganishi, undan ijodiy foydalanishi va o`z faoliyatini ilgor tajribalar bilan boyitishi zarur. O`qituvchining pedagogik mahorati, asosan, sinfda, auditoriya mashg`ulotlarida yaqqol ko`rinadi. Chunki o`quv mashg`ulotlari o`zining mazmun va mohiyatiga ko`ra o`qituvchining o`quv yurtidagi asosiy ishidir. Shuning uchun u ilmiy-g`oyaviy jihatdan yetuk va ommabop bo`lishi, turmush bilan, o`quvchi yoki talabalarning tayyorgarlik darajasi bilan uzviy aloqador bo`lishi zarur. Ta`lim jarayonida o`qituvchi bilan o`quvchi yoki talabalar o`rtasida o`zaro jonli til muloqoti, fikr almashuv munosabatlari, samimiy hurmat va asosiy maqsadga erishishda yaqin hamkorlik lozim. Mazmuni sayoz, amaliy tajribadan, turmushdan ajralib qolgan, umumiy so`z va quruq nasihatguylikdan iborat bo`lgan, rasmiyat uchun yuzaki o`tkaziladigan dars (ma`ruza) va boshqa o`quv mashg`ulotlari o`quvchi talabalarni qiziqtirmaydi, ularni ilmiy, g`oyaviy jihatdan yetarli oziqlantirmaydi. Shu sababli, o`quv mashg`ulotlarini shunday tashkil qilish kerakki, ularning ta`sirida talabalarda shu fanga nisbatan turli qarashlar, ilmiy tafakkur va e`tiqodlar vujudga kelishi va shakllanishi kerak.
Ta`lim va tarbiya jarayoni ta`sirchanligining yanada yuksak bo`lishi o`qituvchining ilmiy salohiyatiga, yoshlar oldidagi obro`siga, shaxsiy sifatlariga, ilmiy iste`dodiga, ta`lim sohasidagi tajriba va mahorati hamda o`quvchi yoki talabalar bilan o`rnatilgan do`stona munosabatiga bog`liqdir.
Zamon talablari professor-o`qituvchilarning o`zlarida mavjud bo`lgan bilim va saviya bilan cheklanib qolmasdan, xorijiy mamlakatlar tajribasini qunt va sabot bilan o`rganib, mag`zini chaqib, undan keyin o`z talabalariga saboq berishlari zarurligini taqozo etadi.
Pedagogik faoliyat samarasi o`qituvchining pedagogik qobiliyati qay darajada shakllanganligiga ham bog`liqdir. Qobiliyat-faoliyat jarayonida paydo bo`ladi va rivojlanadi, deb ta`kidlanadi Jumladan, bilish qobiliyati, tushuntira olish qobiliyati, nutq qobiliyati, obro` orttira olish qobiliyati, muomala qila bilish qobiliyati kabilar.
Pedagogik qobiliyat va mahorat o`qituvchida osonlik bilan shakllanmaydi. Bu kasbni tanlagan kishi o`z maqsadiga erishish uchun uzluksiz o`qishi, o`rganishi va izlanishi, ijodiy mehnat qilishi, o`z yurti va dunyodagi real voqelikni tez anglashi va o`z mehnatining mamlakat uchun qanchalik zarurligini chuqur his qilishi zarur.
O`qituvchining pedagogik mahorati haqida fikr yuritar ekanmiz, uning ongligiga, milliy g`oya va mafkuraga sodiqligiga, bilish va fikr doiralarining kengligiga, o`z vazifasiga munosabatiga e`tibor bermok kerak. Ayniqsa, pedagogik mahorat bobida o`qituvchining fikr doirasi keng bo`lish zarurligini alohida hisobga olish lozim. Chunki kishida bilim va fikr mukammal bo`lmasa, u kamolotga erisha olmaydi. Darhaqiqat, kishi u yoki bu masalani, albatta fikr orqali hal etadi. Shuning uchun, pedagogik mahorat sohibi bo`lishga intilgan kishi, shubhasiz, o`z bilimini doimo kengaytirishi, o`zining o`quvchi yoki talabaga ma`naviy-axloqiy ta`sir etuvchi g`oya va fikrlarini yangilab borishi zarur. Buning uchun u ko`p o`qishi va o`rganishi lozim. O`qituvchining pedagogik mahoratiga baho berishda uning ta`limni qay darajada tashkil qila bilishi muhim ahamiyatga egadir.
Uzluksiz ta`lim tizimida dars va boshqa turdagi barcha o`quv mashg`ulotlarini mukammal tashkil qilish-o`qituvchining birinchi navbatdagi vazifasidir. Yuqori saviyada o`tkazilgan mashg`ulotlar yoshlar ongida uzoq saqlanadi, ularda imon-e`tiqod va mafkuraning shakllanishiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Shu sababli, o`qituvchining ilmiy saviyasi uning o`z burchiga munosabati, yoshlarga murabbiylik ishtiyoqi, pedagogik mahorati va, eng avvalo, sifatli dars bera olishida ko`rinadi. Fan o`qituvchisining faoliyatiga beriladigan baho darajasini ham dars va boshqa turdagi mashg`ulotlarning sifati belgilaydi.
Dars berish san`atini mukammal egallagan o`qituvchi uyushtirgan o`quv mashg`uloti chuqur bilim berish vositasi bo`lishi bilan birga mustaqil O`zbekistonning ravnaqi, ertangi kunga bo`lgan ishonchi, xalqimizning aql-zakovati va mehnatining nimalarga qodirligi, jamiyatning munosib fuqarosi va sodiq quruvchisi bo`lish uchun nimalar qilish zarurligini ko`rsatuvchi ko`zgu bo`lib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, birinchi navbatda, yoshlarimiz o`z murabbiylari darsidan har jihatdan mamnun bo`lsinlar. Ularda romantik orzular uyg`onsin, tafakkuri rivojlansin, amaliy faoliyat, ijodiy qobiliyat, o`qish-o`rganish va mehnatga havas kuchaysin. Ular o`quv mashg`ulotidan so`ng olgan baholari bilan emas, balki bilim va malaka hosil qilganliklarini, ma`naviy oziq olganliklarini his qilsinlar. Ta`limning mazmundor, qiziqarli va tushunarli bo`lishi ustoz bilan shogirdlarning qalbini va ruhini bir-biriga mustahkam bog`laydi, ular o`rtasidagi samimiy hurmat va o`zaro ishonchni mustahkamlaydi. Buning uchun o`qituvchi, avvalo, o`z fanini va uni o`qitishning metod, usul va vositalarini mukammal o`zlashtirib olishi, o`qituvchi-murabbiyga xos madaniyatning yuqoriligiga erishishi, o`z shogirdlariga hurmat va muhabbat ifoda eta olishi, ularni hayotga qiziqtirishi va ularning ruhiy holatlarni bilishi va tushunishi, bosiqlik bilan o`z his-tuyg`ularini boshqara olishi, tashqi ko`rinishi va kiyinish madaniyati bo`yicha ibrat bo`lishi, nutq madaniyatining yuqoriligi va ijtimoiy faolligi, ayniqsa, omma o`rtasida ilmiy-ma`rifiy va ma`naviy-madaniy ishlarning targ`ibotchisi bo`lishi lozim.
Shundagina mamlakatimizning kelajagi bo`lgan o`quvchi yoshlarimiz o`z murabbiylarining nomini zo`r ehtirom, chuqur minnatdorchilik bilan tilga oladilar. Buning uchun har bir o`qituvchi O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida”gi qonunida ko`rsatilganidek, o`z fanlari buyicha tegishli ma`lumot egasi, yuksak kasbiy tayyorgarlik va yuqori axloqiy fazilatlar sohibi bo`lishi kerak.
“Agarki, dunyo imoratlari ichida eng ulug`i maktab bo`lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi-o`qituvchilik va murabbiylikdir”,-deganida O`zbekiston Respublikasining Prezidenti I.A.Karimov haq fikrni ifodalagan edi. G`azal mulkining sultoni, ikki daryo bo`yidagi zahmatkash xalqini yakqalam qilgan A.Navoiy ranj ila bir harf o`rgatgan ustozlar xizmatini yuz ganj ila ado etib bo`lmasligini yozgan va hayotda o`z ustozi mavlono Lutfiyga bo`lgan ehtiromida uning amaliy isbotini namoyon etgan. Shu boisdan, azal-azaldan bu kasb juda e`zozli hisoblangan. Ta`lim-tarbiya jarayonlaridagi muvaffaqiyat ularning faol ishtirokchisi-o`qituvchi shaxsiga ko`p jihatdan bog`liq.
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” g`oyalarini amaliyotga tatbiq etish va respublika ta`lim tizimida olib borilayotgan islohotlar muvaffaqiyatini ta`minlash ta`lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o`qituvchi-tarbiyachi, ishlab chiqarish ustalarining ma`naviy qiyofasi hamda ularning kasbiy mahoratlariga ham bog`liqdir.
Shaxsni tarbiyalash ishi nihoyatda murakkab va qiyin faoliyat jarayoni bo`lib, juda qadimdan ushbu faoliyatga jamiyatning yetuk kishilari jalb etilgandir. Xususan, qadimgi Gretsiya va Rim tarixidan yaxshi bilamizki, miloddan avvalgi davrlarda ham yosh avlod tarbiyasi o`zining ma`naviy qiyofasi va aqliy qobiliyati bilan jamiyat a`zolari o`rtasida yuksak xurmat-ehtiromga sazovor bo`lgan kishilar, donishmandlar zimmasiga ishonib topshirilgan. Ushbu holat yosh avlod tarbiyasi, uning tashkil etilishi va mazmuni nafaqat shaxs kamolotini balki jamiyat taraqqiyotini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini anglatadi.
O`zbekiston Resupblikasida ham o`qituvchi kadrlarning ma`naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar qo`yilmoqda. Shu o`rinda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning quyidagi fikri ibratlidir:“-Tarbiyachining o`ziga zamonaviy bilim berish, ularning ma`lumotini, malakasini oshirish kabi paysalga solib bo`lmaydigan dolzarb masalaga duch kelmoqdamiz. ...O`qituvchi bolalarimizga zamonaviy bilim bersin deb talab qilamiz, ammo zamonaviy bilim berish uchun, avvalo murabbiyning o`zi ana shunday bilimga ega bo`lishi kerak.
...maktablardagi jarayonlarda o`qituvchi xukmron. U boladan faqat o`zi tushuntirayotgan narsani tushunib olishni talab qiladi. Prinsip ham tayyor: “Mening aytganim aytgan, deganim degan”.
O`qituvchi va o`quvchi munosabatlaridagi majburiy itoatkorlik o`rnini ongli intizom egallashi juda qiyin kechayapti. O`qituvchining bosh vazifasi o`quvchilarda mustaqil fikr yuritish ko`nikmalarini hosil qilishdan iboratligini ko`pincha yaxshi tushunamiz, lekin afsuski, amalda, tajribamizda unga rioya qilmaymiz”.
Yuqorida qayd etilgan fikrlardan bugungi kun o`qituvchisi shaxsiga nisbatan qo`yilayotgan talablar mazmuni anglaniladi. Zamonaviy o`qituvchi qanday bo`lishi lozim?
O`qituvchi maxsus pedagogik, psixologik va mutaxassislik ma`lumoti va metodik tayyorgarlikka, shuningdek, yuksak axloqiy fazilatlarga ega shaxs sanaladi.
O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida” gi Qonunining 5-moddasi 7-bandiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish sud hukmiga asosan ma`n etilgan shaxslarning ta`lim muassasalarida faoliyat olib borishlariga yo`l qo`yilmaydi.
Zamonaviy o`qituvchi shaxsida quyidagi fazilatlar namoyon bo`la olishi kerak:
O`qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro`y berayotgan o`zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi hamda bu borada o`quvchilarga to`g`ri, asosli ma`lumotlarni berib borishi lozim.
Zamonaviy o`qituvchi ilm-fan, texnika va texnologiya yangiliklari va yutuqlaridan xabardor bo`lishi talab etiladi.
O`qituvchi o`z mutaxassisligi bo`yicha chuqur va puxta bilimga ega bo`lishi, o`z ustida tinimsiz ishlashi va izlanishi lozim.
O`qituvchi pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini puxta bilishi, ta`lim-tarbiya jarayonida o`quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda faoliyat tashkil etishi kerak.
O`qituvchi ta`lim-tarbiya jarayonida eng samarali shakl, metod va boshqalardan unumli foydalana olish imkoniyatiga ega bo`lmog`i darkor.
O`qituvchi ijodkor, tashabbuskor va tashkilotchilik qobiliyatlariga ega bo`lishi shart.
O`qituvchi yuksak darajadagi pedagogik mahoratga, chunonchi, kommunikativlik layoqatiga ega bo`lishi, pedagogik texnika, nutq, yuz, qo`l-oyoq va gavda harakatlari (mimika, jest, pantomimika) qonuniyatlarini chuqur o`zlashtirib olishga erishishi lozim.
8. O`qituvchi yuksak nutq madaniyatiga ega bo`lishi va uning nutqi bir qator sifat va xususiyatlarga ega bo`lishi kerak.
9. O`qituvchi kiyinish madaniyatiga (sodda, ozoda va bejirim kiyinish, ta`lim-tarbiya jarayonida o`quvchilarning diqqatini ko`p jalb etuvchi turli xil bezaklar(qimmatbaho taqinchoqlar va yorqin rangli pardoz-andoz vositalari)dan ortiqcha va o`rinsiz foydalanmaslik, fasl, yosh, gavda tuzilishi, yuz qiyofasi, hatto soch rangi va turmagiga muvofiq ravishda kiyinishga odatlanish kabilar) ega bo`lishi lozim.
10. O`qituvchi shaxsiy hayotda pok, atrofdagilarga o`rnak bo`la olishi lozim.

Adabiyotlar ro'yxati.
I. А. Kаrimоv. Yuksаk mа`nаviyat еngilmаs kuch. T. Shаrq 2008.
2. I. А. Kаrimоv. Bаrkаmоl аvlоd O’zbеkistоn tаrаqqiyotining pоydеvоri. T. 1997.
3. Kаdrlаr tаyyorlаsh milliy dаsturi T. 1997.
4. Оchilоv M. Оliy mаktаb pеdаgоgikаsi.T. 2008.
5. Оchilоv. M. Muаllim қаlb mе`mоri. T. 2003.
6. Munаvvаrоv. Pеdаgоgikа. T. O’qituvchi 1996.
Yüklə 241,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin