Ilmiy muammo. Muammoli vaziyat



Yüklə 38,18 Kb.
tarix30.03.2023
ölçüsü38,18 Kb.
#91392
Ilmiy muammo. Muammoli vaziyat


ILMIY MUAMMO. MUAMMOLI VAZIYAT
Odilova Aziza O’ktamovna
O’zbekiston Jahon tillari Universiteti magistranti

Annotatsiya: Ushbu ilmiy matnda ilmiy muammolar, ularning boshqa turlardan farqli belgilari, muammoli vaziyatlar va ularga taklif etiluvchi yechimlar e’tirof etilgan. Tahlil asosida ularni to’gri deb baholash mezonlari aniqlangan.


Kalit so’zlar: Muammo tushunchasi, metod uyg‘unligi, oqilona fikrlashning barcha metodlari, ilmiy muammo, muammoni tо‘g‘ri qо‘yish, muammoli vaziyat, dalil, fan dalillari, ilmiy dalil, kogerent nazariya, talqin qilish, nazariya, gipoteza.

Har qanday ilmiy bilish muammodan boshlanadi. Umuman olganda, inson bilimining rivojlanish jarayonini ayrim muammolarni qо‘yishdan ularni yechishga о‘tish, sо‘ngra yangi muammolarni qо‘yish sifatida tavsiflash mumkin. Biroq muammoning haqiqiy о‘rni qanday? Ilmiy muammolar nima uchun yuzaga keladi? Muammoning masaladan farqi nimada? Ilmiy muammolar doirasi qanday? Muammo – bilishning rivojlanish jarayonida obyektiv tarzda yuzaga keladigan, yechimini topish muhim amaliy yoki nazariy ahamiyatga ega bо‘lgan masala yoki masalalar majmuidir. Shuningdek muammo, hal qilishni talab etuvchi nazariy yoki amaliy masala; fanda – biron-bir hodisalar, obyektlar, jarayonlarni tushuntirishda qarama-qarshi yondashuvlar kо‘rinishida amal qiluvchi va uni yechish uchun muvofiq nazariyani talab etuvchi ziddiyatli holatdir.


Muammoni tо‘g‘ri qо‘yish uni muvaffaqiyatli yechishning muhim shartidir. Tо‘g‘ri qо‘yilmagan muammo yoki soxta muammo haqiqiy muammolarni yechishdan chalg‘itadi. Muammoni qо‘yish – ilmiy bilish jarayonining dastlabki bosqichi. Muammoni qо‘yishda, avvalo, ayrim holatni masala sifatida anglab yetish, qolaversa, muammoning mazmunini aniq tushunish, ma’lum va noma’lum narsalarni ajratgan holda uni ta’riflash lozim. Ilmiy muammolar predmetga yoki jarayonga doir bо‘ladi. Predmetga doir muammolarda о‘rganilayotgan obyektlar, protseduraga doir muammolarda esa – bilim olish va uni baholash usullari aks etadi. О‘z navbatida, predmetga doir muammolarning empirik va konseptual, protseduraga doir muammolarning metodologik va baholash bilan bog‘liq turlari farqlanadi. Empirik muammolarni yechish uchun materialni sof nazariy tahlil qilish bilan bir qatorda, predmetlar bilan ma’lum amallarni bajarish lozim, vaholanki, konseptual muammolar borliqqa bevosita murojaat etishni talab qilmaydi. Predmetga doir muammolardan farqli о‘laroq, jarayonga doir muammolar doim konseptual xususiyatga ega bо‘ladi; jarayonga doir muammolar о‘rtasidagi farq shunda kо‘rinadiki, metodologik muammolar nisbiy mushohada kо‘rinishida yechimga ega bо‘lishi mumkin emas, baholash bilan bog‘liq muammolar esa fanga mezon vazifasini bajaruvchi kо‘rsatkichlar va mо‘ljallarni olib kiradi.
Muammo tо‘g‘ri qо‘yilgan deb hisoblanishi uchun:
1) о‘rganilayotgan muammoning tarkibiga kiritish mumkin bо‘lgan muayyan ilmiy bilim (ma’lumotlar, nazariya, metodika) mavjud bо‘lishi;
2) muammo shaklan tо‘g‘ri tuzilgan bо‘lishi;
3) muammo о‘rinli bо‘lishi, ya’ni uning asoslari soxta bо‘lmasligi;
4) muammo muayyan darajada chegaralangan bо‘lishi;
5) yechimning mavjudlik sharti va uning yagonaligi kо‘rsatilgan bо‘lishi;
6) maqbul yechim belgilari hamda yechimning maqbulligini tekshirish usullari haqidagi shartlar qabul qilinishi lozim.
Shunday qilib, pirovard natijada barcha ilmiy muammolar ham о‘z yechimini topavermaydi: ayrim muammolar ular qо‘yilganidan keyin uzoq vaqt mobaynida yechilmay qolaveradi (masalan, Frem teoremasi bir necha yuz yillar mobaynida yechilmay kelgan), ayrim muammolar о‘z yechimini topmaydi (masalan, aylana kvadraturasi, burchak triseksiyasi va kubning ikkilanmasi haqidagi masalalar), ba’zi bir muammolar esa olimlarning almashayotgan avlodlari diqqat markazidan butunlay yо‘qoladi.
Ilmiy muammo boshqa muammolardan quyidagi belgilari bilan ajralib turadi:

  • U olimni doim haqiqiy bilim olishga yо‘naltiradi.

  • Yangi bilim olishga qarab mо‘ljal oladi. Olim ongli ravishda yangilik sari intiladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, «dunyoning birinchi materiyasi nima?», «obyekt nima?», «harakat nima?», «aql nima?» qabilidagi olamshumul muammolar ayrim fanlarning chegaralarinigina belgilashi mumkin, biroq ilmiy tadqiqotning dastlabki bosqichi hisoblanmaydi.
О‘z-о‘zidan ravshanki, har qanday muammo ham ilmiy bо‘lavermaydi. Ilmiy muammolar qolgan turdagi muammolardan shunisi bilan ajralib turadiki, ular ilmiy asoslar negizida qо‘yiladi va asosan ilmiy bilimni kengaytirish maqsadida ilmiy metodlar yordamida о‘rganiladi.
Teran, samarali yechimini topadigan muammolarni yaratishning umumiy metodi mavjud emas. Shunga qaramay, fan tarixi kо‘pgina hollarda teran ilmiy va samarali muammolar quyidagi tо‘rt mо‘ljalni rо‘yobga chiqarish paytida yuzaga kelganligidan dalolat beradi:
1) ilgari qо‘yilgan muammolarning taklif qilinayotgan yechimlariga, hatto bu yechimlar bir qarashda shak-shubhasiz bо‘lib kо‘rinsa ham, tanqidiy yondashish lozim; har qanday holatda ham ayrim kamchiliklarni topish yoki hech bо‘lmasa topilgan yechimni umumlashtirish ayrim holatga tatbiqan muayyanlashtirish mumkin;
2) yangi holatlarga nisbatan ma’lum yechimlarni tatbiq etish, ularning yaroqli yoki yaroqsizligini baholash lozim: agar muammoning yechimi о‘z kuchini saqlab qolsa, buning natijasida nafaqat yechimlar, balki muammolar ham umumlashtiriladi, agar yechim yaroqsiz bо‘lsa, muammolarning yangi majmui yuzaga keladi;
3) ma’lum muammolarni yangi sohalarga kо‘chirish yoki unga yana bir kо‘rsatkich kiritish yо‘li bilan ularni umumlashtirishga harakat qilish lozim;
4) muammoning mavjudligini bilimning boshqa sohalaridagi bilimlar bilan bog‘lash, muammolarni kompleks о‘rganishga harakat qilish kerak.
Umuman olganda, muammolarni tanlash ijodiy xususiyatga ega bо‘lib, bu yerda metodikadan ham kо‘ra kо‘proq intuitsiya va tajriba ish beradi. Ilmiy muammo, didaktik tizim kabi, bilimlar va faoliyat usullarini ijodiy о‘zlashtirish qonuniyatlariga asoslanadi, u bilish va amaliy faoliyat jarayonida muhim ahamiyatga ega bо‘lgan ijodiy tafakkurni rivojlantirishning samarali vositalaridan biridir. Ilmiy muammo bilimlarning izchilligi, ularning fundamentalligi va ixtisoslashuvini uyg‘unlashtirish, turdosh fanlar metodlaridan foydalanish, bilimlarni ilmiy umumlashtirish va tizimga solish kо‘nikmalarini ishlab chiqish, shuningdek о‘rganilayotgan masalalarni tanqidiy tahlil qilishni о‘z ichiga oladi. U bilimlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga da’vat etadi, yangi muammolarni mustaqil qо‘yish, ularning yechimlarini izlash va topishga qiziqishni kuchaytiradi. Ayni vaqtda, ilmiy muammo zarur intellektual keskinlikni vujudga keltiradi, bilish jarayonidagi qiyinchiliklarni yengish, ijodiy tafakkur kо‘nikmalarini shakllantiradi. Ilmiy muammo – murakkab va keng hajmli vazifa.
Bosh vazifa – u yoki bu mavzuga mos keladigan muammolarni topish, farqlash va aniq ta’riflash. Puxta ishlab chiqilgan va tо‘g‘ri ta’riflangan muammo ilmiy hamda ijodiy jihatdan diqqatga sazovor bо‘lishi mumkin. Ilmiy muammo sof informativ xususiyatini yо‘qotadi, tayyor bilim berishdan iborat bо‘lmay qoladi va yangi bilim izlash, haqiqiy ijodiy bilish jarayoniga aylanadi. Insonga zarur bilimlar hajmi jadal sur’atlarda oshib borayotgan hozirgi sharoitda dalillarning ma’lum yig‘indisini о‘zlashtirishga qarab mо‘ljal olishning о‘zi kifoya qilmaydi. О‘z bilimlarini mustaqil tо‘ldirish, ilmiy va siyosiy axborotlarning jо‘shqin oqimida mо‘ljal olish kо‘nikmasini shakllantirish muhimdir. Bu tamoyillardan hozirgi davrda inson ega bо‘lgan bilimlarning oddiy yig‘indisi emas, balki uning bilimlari ijodiy qobiliyati va g‘oyaviy e’tiqodi bilan uyg‘unlikda har tomonlama yetuk shaxsning bosh mezonidir, degan xulosa kelib chiqadi.
G‘oyada muammoni yechish yо‘llari kо‘rsatilmaydi, balki u faqat qо‘yiladi. Rivojlantirilgan muammoda esa uni yechish yо‘llari ham kо‘rsatiladi. Odatda, «barvaqt» kо‘tarilgan, ya’ni «yechish yо‘llari» hali aniqlanmagan muammolar g‘oya darajasida qoladi. Ayni vaqtda, muammoni rivojlantirish uni yechish demakdir. Garchi muammoni qо‘yish va uni yechish sifat jihatidan har xil jarayonlar bо‘lsa-da, ularni aniq farqlash mumkin emas. Muammoni qо‘yish bir vaqtning о‘zida uni yechishga kirishishdir. Tadqiqotchi muammoni qо‘yish yо‘lida qancha ilgarilagan bо‘lsa, u muammoni yechishga shuncha yaqinlashadi. Tadqiqot obyekti haqidagi bilimning tо‘liq emasligi soxta muammolar tug‘dirishi mumkin (masalan, «mangu dvigatel» muammosi).
Shunday qilib, muammo – bilish jarayonining rivojlanishi mobaynida obyektiv tarzda yuzaga keluvchi, yechimini topish muhim amaliy yoki nazariy ahamiyatga ega bо‘lgan masala yoki masalalar majmuidir.
Muammoli vaziyat va uning ahamiyati. Mavjud faoliyat strategiyalari va о‘tmish tajribasi insonga yuzaga kelgan qiyinchilikni bartaraf etish imkonini bermaydigan, mutlaqo yangi strategiyani yaratish talab etiladigan vaziyat odatda muammoli vaziyat deb ataladi. Muammoli vaziyat aniqlangan dalillarni mavjud bilim doirasida tushuntirish mumkin emasligini ifodalovchi vaziyatdir. Ilmiy kashfiyot sari yо‘l muammoli vaziyatni aniqlashdan boshlanadi, uni ta’riflashdan о‘tadi va bu vaziyatning yechimini topish bilan yakunlanadi. Muammoli vaziyatni belgilash fikrlashga doir harakatni, amalni, mulohazalarni yoyishning boshlang‘ich asosi hisoblanadi. О‘rganilayotgan maqsadlarda kerakli axborotning va insonning bilimlari tegishli ma’lumotlar olishga yetishmasligi vaziyatning noaniqligini kuchaytirib yuboradi. Oqibatda esa, izlanuvchi о‘z maqsadiga yetaklovchi kо‘plab muqobilliklarga duch keladi. Bunda u mazkur muqobil g‘oyalarning ichidan izlanayotgan maqsadlarga olib boruvchi eng adekvatrog‘ini tanlashi kerak bо‘ladi. Shuning uchun ham yangi g‘oyalarning muqobilini tanlashga doir fikrlash amallari muammo tushunchasining funksional vazifalarining mohiyatini tashkil qiladi. Bu esa fikrlashning muammoviyligining о‘ziga xos xossalaridan biri sifatida namoyon bо‘ladi. Muammoli vaziyatning paydo bо‘lishi har xil omillar bilan belgilanadi. Avvalo, u dalilni asoslangan xususiyatga ega bо‘lgan mavjud nazariy bilim yordamida tavsiflash mumkin bо‘lmagan holda yuzaga keladi. Bu yerda muammoli vaziyat kо‘p jihatdan bizga hali aniq bо‘lmagan obyektiv mavjud hodisalar ta’sirida yuzaga keladi. Biroq muammoli vaziyat ba’zan mavjud nazariy dasturni rivojlantirish va kengaytirish bilan ham bog‘liq bо‘lishi mumkin. Muammoli vaziyat shaklan subyektiv, biroq mazmuniga kо‘ra obyektivdir. Amalda u tadqiqotchi oldida kuzatishlar va eksperimentlarning empirik bilimlar – dalillar va qonunlar shaklida ifodalanuvchi yangi natijalari bilan о‘z tasdig‘ini topgan nazariy bilimlarning birikuvi kо‘rinishida yuzaga keladi. Kо‘pincha muammoli vaziyat jamiyatning amaliy yoki nazariy manfaatlari nuqtai nazaridan о‘zini namoyon etadi. Uni moddiy va ma’naviy madaniyatning rivojlanish jarayoni, shu jumladan fan nazariyasi va amaliyotining rivojlanishi, unga davlat va jamiyatning munosabati, davlat va jamiyatning uni yechishdan manfaatdorligi tayyorlaydi. Muammoli vaziyatning aniqlanishi va hal qilinishiga ijtimoiy-tarixiy muhit sezilarli ta’sir kо‘rsatadi. U ilmiy kashfiyotga imkoniyat yaratishi, biroq uning olinishiga tо‘sqinlik qilishi ham mumkin. Muammoli vaziyatda olimning о‘ziga xos xususiyatlari, chunonchi: uning kasbiy tayyorgarlik darajasi, muammoda mо‘ljal ola bilishi, qotib qolgan eskicha qarashlardan uzoqlasha olishi, zehnining о‘tkirligi va hokazolar ayniqsa yorqin namoyon bо‘ladi.
Muammoli vaziyatni tahlil qilishda shaxsiy-psixologik tusdagi masalalarni ham о‘rganishga tо‘g‘ri keladi, chunki bu vaziyatni olim о‘z boshidan kechiradi va unda olimning intuitsiyasi, tafakkur uslubi va hokazolar namoyon bо‘ladi.
Muammoli vaziyatning pirovard negizi amaliyot hisoblanadi. Bizning obyekt haqidagi bilimlarimiz yetarli emasligi ayon bо‘lib, «salbiy» natijalar olinadi, amaliyot yangi muammolarning yuzaga kelishiga sabab bо‘ladi. Bunda fan nisbatan mustaqillikka, о‘z rivojlanishining ichki mantiqiga, о‘z ichki qarama-qarshiliklariga ega ekanligi, bu omillar ham muammoli vaziyatlarni yuzaga keltirishini unutmaslik lozim. Bunday holatga fanning kо‘pgina sohalari: matematika, nazariy fizika va hokazolarda duch kelish mumkin.
Muammo va ilmiy tadqiqot uyg‘unligi. Muammo ilmiy tadqiqotning dolzarbligiga tayanadi. О‘z navbatida muammo ilmiy, ilmiy-uslubiy, ilmiy-metodologik jihatdan tadqiq etiladigan masaladan iborat bо‘lishi ham mumkin. Ilmiy izlanishda muammo shunday jarayonki, u mavzu dolzarbligi va ishchi gipoteza asosida ifodalanadi va to oxirgi yechimga yetib bormaguncha u haqda tо‘liq bilimga ega bо‘la olmaymiz, ammo shuni bilamizki, u ilm-fan rivoji va jamiyat talabi bilan paydo bо‘ladi. Demak, ilmiy muammo sababsiz paydo bо‘lmaydi, ular doimo mavjud ilmiy salohiyat va ilmiy ishlanmalar asosida paydo bо‘ladi hamda ular muntazam ravishda takomillashib, rivojlanib boradi.
Umuman olganda, muammolarni topish, qо‘yish va ularni yechish, shuningdek, yangilarini shakllantirish ijodiy tafakkurning barcha shakllariga xarakterlidir. Ijodiy tafakkurning mazkur xususiyatlari ilmiy, badiiy mehnat bilan birga, ilmiy-texnik mehnat va b.larga ham taalluqlidir. Muammo fandagi о‘z-о‘zidan rivojlanishning borishi va texnologiyalarni takomillashtirish ehtiyojlari hamda ijtimoiy taraqqiyotning ta’sirida bо‘lib turadigan san’at evolyusiyasi tomonidan keltirib chiqarilishi mumkin1.
J.A.Romanenko “Ilmiy muammo tushunchasini talqin qilishda konseptual inqiroz yuzaga kelgan. Bu hozirda mazkur masala yuzasidan ketayotgan munozaralarda о‘z aksini topmoqda”2. Shuning uchun ham bugungi ilmiy izlanish jarayonida muammoni tо‘g‘ri qо‘yish va unga mos tadqiqot maqsadini aniqlash muhim bosqich hisoblanadi. Muammo qо‘yilishida mavjud bilimlar asosida maqsadga erisha olmaslik haqidagi bilimga ega bо‘lib, unga ilgarigi bilimlar asosida tubdan yangicha yondashish, ya’ni yangi qonuniyatni ochish imkoni bilan bog‘liq ishchi farazni tо‘g‘ri ifodalay olish muhim ahamiyat kasb etadi. Odatda, bu yangi bilim amalda jamiyatga zarur ekanligi faraz qilinadi.
Muammo qо‘yilishida quyidagi bosqichlarga e’tibor berish lozim: a) muammoni izlash; b) xususiy muammoni qо‘yish (muammo yechimiga erishish uchun maqsadlar ketma-ketligini ifodalash); v) muammoning yechimini topish.
Ma’lumki, falsafaning tarmoqlari kо‘p va tabiiyki, ularga mos muammolar ham yetarli. Ilmiy izlanishlarda muammoni izlash va tanlashda quyidagilarga e’tibor berish lozim:
–ilmiy izlanish jarayonida qо‘yilgan muammoni yechmasdan, belgilangan yо‘nalishda ijodiy metodni, ijod metodologiyasi, texnologiyasi va texnikasini takomillashtirish mumkinligi ishonch;
–rejalashtirilgan tadqiqot fan taraqqiyotiga qanday yangi kashfiyot yoki ixtiro natijasini berishini aniqlash;
–rejalashtirilgan tadqiqot natijalari amaliy ahamiyatliligi bilan ilgarigi ishlanmalardan qanday farq qilishini aniqlash kabilar shular jumlasidandir.
Demak, muammoni tо‘g‘ri va aniq qо‘yish, tadqiqot maqsadi va vazifalarini tо‘g‘ri aniqlash, tadqiqot kо‘lamini belgilash va ular asosida tadqiqot manbaini aniqlash ilmiy tadqiqot jarayonining eng muhim bosqichlaridir. Bunda, ayniqsa bosh muammoni tо‘liq ifodalashga imkon beruvchi xususiy muammolar va ular ketma-ketligi, umumiy aloqadorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilmiy tadqiqot faoliyatida quyidagi bosqichlarni, ya’ni xususiy muammolar va ular yechimlarining bosh muammo yechimini topishdagi bosqichlarini qayd etish maqsadga muvofiq:
–tadqiqot manbai faoliyat kо‘rsatishiga tegishli kо‘rsatkichlar, omillarni о‘rganib chiqish va ular orasidagi mavjud aloqadorlik qonunlarini о‘rganish hamda kо‘rsatkichlar iyerarxiyasiga e’tibor berish va nihoyat ma’lumni noma’lumdan ajratish kerak;
–ilmiy-tadqiqot faoliyatda muammoni qо‘yish uchun о‘sha sohadagi ilm-fan, ta’lim-tarbiya, texnika-texnologiyalarning yutuqlarini tadqiqotchi mukammal о‘zlashtirgan bо‘lmog‘i lozim, aks holda yechilgan muammoning va hattoki undan ham saviyasi pastroq muammoning yechimini topishga ortiqcha vaqt sarf qilinishi mumkin;
–ilmiy-tadqiqot faoliyatda noma’lumlarni cheklash ham kuzatiladi: ilmiy-ijodiy faoliyatda tadqiqot manbaini ifodalovchi kо‘rsatkichlar tabiatini о‘rganish va asosiylarini olib qolish, ikkinchi darajalilarini tashlab yuborish lozim;
–ilmiy-tadqiqot faoliyatdagi noma’lumlarni aniqlash va о‘zgarish sohalarini bilish muhim;
–ilmiy faoliyatda muammo yechimining aniq shartlarini belgilab olish va shuning bilan birga muammo turi ham asoslanadi;
–ilmiy faoliyatda butun tadqiqotning umumiy metodologiyasini asoslash, о‘lcham va baholash mezonlarini aniqlash mumkin;
–ilmiy-tadqiqot faoliyatda tadqiqot yechimining variantlarining mavjud yechimlardan yangiligi hamda istiqbolli ekanligini asoslash kerak bо‘ladi.
Ijodiy jarayonning sо‘nggi bosqichi insonning hal etilayotgan muammoni yechishga qaratilgan barcha tashqi va ichki intilishlarini mujassamlashtiradi.
Bu borada uch turdagi tasavvurlar ajratib kо‘rsatiladi:
- mantiqiylik mantiqiy о‘zgarishlar yordamida hozirgi zamondan kelajakni keltirib chiqaradi;
- tanqidiy yondashuv obyektdagi (texnika, ta’lim tizimi, ijtimoiy hayot) nomukammal va о‘zgarishlarni amalga oshirish ehtiyoji bо‘lgan holatlarni qidiradi;
- ijodiylik real hayotda о‘xshashi bо‘lmagan, biroq asosini real voqelikdagi elementlar tashkil etgan prinsipial jihatdan yangi g‘oyalar, tasavvurlarni yuzaga keltiradi3.
Bir qarashda ilmiy-tadqiqot faoliyatida muammolar bir qirralidek bо‘lib kо‘rinadi. Aslida muammoning yechimini topish jarayonida uning keng qamrovli ekanligi yoki kо‘p qirraligi sezilib qoladi. Muammoning yechimi kо‘pincha uning yoyilishi bilan mos keladi, ya’ni xususiy muammolar yechimlarini topishga tо‘g‘ri keladi. Ular har qanday xususiy muammolarni bog‘lovchi, aniqlovchi, tugallovchi xususiyatga ega bо‘lgan bosh muammo atrofida jamlanadi. Bunday xususiy muammolarni yechish tadqiqotchining qо‘liga bosh muammo yechimiga javob izlashda ma’lumotlar, axborotlar va dalillarni beradi. Xususiy muammolar ma’lum darajada asosiy muammoning rejalariga о‘xshash bо‘ladi. Bunda tadqiqot manbaini yangi aloqadorliklar bilan о‘rganish, yangi manba bilan yoki manbani yangi sharoitda о‘rganishga tenglash mumkin. Ilmiy-ijodiy faoliyatning markaziy muammosi – muammo har xil turdagi (nazariy, nazariy-amaliy, amaliy) jihatlardan iborat ekanligi va ular orasidagi bog‘lanishning xilma-xilligidir. Ular ba’zi hollarda alohida tadqiqot mavzusi sifatida ham kо‘rinishi mumkin va hattoki alohida kichik muammo yoki mustaqil muammo sifatida ham qaraladi.
Yuqoridagilarga asoslanib ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi muammo tо‘g‘risida quyidagicha fikrlarni keltirish mumkin:
– biror bir muammo (xususiy muammo bosh muammoga yoki boshqa bir yо‘nalishdagi muammoga) о‘sib, о‘rganilib, takomillashtirilib, tadqiqot maqsadiga ozgina о‘zgartirish kiritilib, boshqacha bir muammoga aylantirilishi mumkin;
– biror bir muammoni о‘rganish davomida yangi fikr va yangi savollar (muammolar) yuzaga chiqadi, bosh muammoning muhim jihatlari kо‘payadi (kengayadi);
– biror bir muammo yechimini topishda boshqa muammoning tug‘ilishi bosh muammoning kattagina kо‘lamda yoyilishini tug‘diradi.
Ilmiy faoliyat ba’zida juda keskin diskussiyalar bilan yanada rivojlanadi. Chunki har bir olim о‘zining ilmiy tadqiqot sohasidan kelib chiqqan holda hamkasblari bilan о‘zaro bahs olib boradi. Bunda ularning qarashlarini qabul qilishi ham, ularni rad etishi ham mumkin. Ayni shuning uchun ham biz о‘zining uzoq davom etgan taraqqiyoti jarayonida fan о‘z muammolarini asoslash, tizimlashtirishga erishdi, deb ayta olamiz. Fanda muammoning qо‘yilishi va yechilishi bilish obyektivligi mezoniga mos keladi. Bunday mezonga rioya qilgan holda olimlar о‘zlari о‘rganayotgan soha haqida maksimal obyektiv bilim olishga intiladilar. Ilmiy bilimning obyektivligi bu bilimga inson shaxsi omili tomonidan hech qanday buzilishlar kiritilmasligini talab qiladi. Holbuki, shaxsiy omillarining о‘zi voqelikning bir qismi sifatida о‘rganilayotgan hodisalarning omillari bо‘lgan joyida о‘z-о‘zicha hisobga olinadi. Mazkur holat muammoli vaziyat bilan chambarchas bog‘liq.

Mustaqil ishlash uchun savol va topshiriqlar





  1. Muammoli vaziyatning pirovard negizi nima hisoblanadi.?

  2. Har qanday ilmiy bilish nimadan boshlanadi.?

  3. Tо‘g‘ri qо‘yilmagan muammo yoki soxta muammo qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?

  4. Bilishning rivojlanish jarayonida obyektiv tarzda yuzaga keladigan, yechimini topish muhim amaliy yoki nazariy ahamiyatga ega bо‘lgan masala yoki masalalar majmui nima deb ataladi?

  5. Muammo masala bilan qanday bog‘lanadi?


1 Абдуллаева М., Покачалов Г. Философские проблемы методологии науки: Отдел Институт Философии и права им. И.М.Муминова АН Руз.. – Т.: 2006. – 5 с.

2 Романенко Ж.А. Проблема как феномен в научном знания. Вестник АГТУ. Сборник научных турудов. Гуманитарные науки./ Астрахан. Гост.техн. уни-т. – Астрахан.: АГТУ, 2002. – Б.51-56.

3 Абдуллаева М., Покачалов Г. Философские проблемы методологии науки: Отдел Институт Философии и права им. И.М.Муминова АН Руз.. – Т.: 2006. – 7 с.

Yüklə 38,18 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin