“Zamonaviy oilada, farzand tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari to‘plami 210 Aholi migratsiyasining mamlakatimizdagi etosferaga sezilarli salbiy ta’sirlaridan biri jamiyatimizda
oila institutining axloqiy qiyofasi transformatsiyasi, oilaviy munosabatlar tizimidagi o‘zgarishlar, ajrimlar
sonining ortishi, to‘liqsiz oilalarning paydo bo‘lishi, farzand tarbiyasidagi axloqiy muammolar hisoblanadi.
Xorijdagi vatandoshlarimiz, ayniqsa, mehnat migrantlari O‘zbekistonga qaytganlaridan so‘ng duch keladigan
asosiy muammolardan biri oilaviy hayotda er va xotin, qarindoshlar orasida munosabatlarning yomonlashishi,
bolalarga yеtarlicha e’tibor bermaslik bilan bog‘liq oilaviy axloqiy muhitning inqirozida namoyon bo‘ladi.
Buning asosiy sabablaridan biri boshqa axloqiy muhitning mezonlariga moslashgan sobiq migrantlar
oilaviy axloqiy mezonlarni qayta qabul qilishga qiynaladi, oila a’zolari bilan hayotga qarashlari farq qila
boshlaydi. Uzoq vaqt birgalikda yashamagan insonlarning hayotiy ideallari bir-biridan uzoqlashadi. O‘zaro
munosabatdagi bu muammolar oilaviy janjallarga, hattoki ajrimga, farzandlarning tirik yеtim bo‘lib qolishiga
ham sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa oilaviy axloqiy muhitning barqarorligiga va shu orqali butun jamiyatdagi
axloqiy muhitning barqarorligiga salbiy ta’sir etadi.
Aholi migratsiyasining oila axloqiga yana bir salbiy ta’siri farzandlar tarbiyasida namoyon bo‘ladi.
Odatda, migrantlarning aksariyatini 20-40 yosh oralig‘idagi insonlar tashkil etib, ularning ko‘pchiligi (uchdan
ikki qismi) oilali hamda ularning balog‘atga yеtmagan farzandlari bor. Migrantlar aksariyat holatlarda o‘z
oilalarini, farzandlarini xorijga olib ketmaydi. Oilada ota yoki ona yoxud ularning har ikkisi farzandlardan
uzoqda bo‘lishi oiladagi axloqiy qadriyatlar tizimining o‘zgarishiga olib keladi. Ayniqsa, otaning oilada
farzand tarbiyasidagi roli beqiyos. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yilda Vatanimizga qaytgan mehnat
migrantlarining 81 foizini erkaklar, 19 foizini ayollar tashkil etgan. Migrant-erkaklar xorijda bo‘lgan vaqtida
uning oilasi vaqtincha to‘liqsiz oilaga aylanadi, bu esa otalari uzoqda bo‘lgan bolalarning tarbiyasida
muammolarni keltirib chiqarishi, hatto migrantlarning farzandlari axloqiy tushkunlikka tushib qolishlari
ham mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi bo‘lgan UNICEF tashkiloti tomonidan
o‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizdan tadqiqotda ishtirok etgan, ota-onalari
xorijda bo‘lgan bolalarning taxminan 33 foizi o‘zini baxtsiz his qiladi, 21 foizi esa doimiy xavotirda yashaydi.
Bu esa bolalarning ruhiy, axloqiy rivojlanishiga salbiy ta’sir etib, ularda deviant xulq-atvor, turli axloqiy
illatlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bunday bolalarning 8 foizi jamiyatda o‘rnatilgan tartibga,
axloqiy qoidalarga amal qilmaydi, 6 foizi mushtlashadi, 18 foizi kattalarga nisbatan qo‘pol bo‘lsa, 37 foizi
tengdoshlariga nisbatan shunday munosabatda bo‘ladi. Ba’zi holatlarda migrantlarning farzandlari ruhiy va
jismoniy tazyiqqa uchraydi. Bu esa bolalarning ruhiyatiga ta’sir etib, stress, tushkunlik keltirib chiqarishi
mumkin, ba’zida esa bu holat bolalarning qasddan o‘zlariga zarar yеtkazishlariga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Ba’zida mehnat muhojirlari o‘z farzandlarini ham o‘zlari bilan xorijga olib ketishi mumkin. Bunday holatda
migrantlarning chet eldagi farzandlari “ommaviy madaniyat”ning turli shakllari, milliy mentalitetimizga zid
bo‘lgan g‘oyalar, mafkuralar domiga tushib qolishi, ularda destruktiv xulq-atvor shakllanish holatlari uchrab
turadi. Migrantlarning farzandlari ortlariga qaytganlaridan keyin ham kichik yoshidan boshlab boshqa xalq
va millat madaniyatiga xos odat, an’analar, qadriyatlarning shakllanganligi sababli milliy qadriyatlar, urf-
odatlarni qabul qilishda, uzoq yillar muomala qilmagan yoki ko‘rmagan qarindoshlari bilan munosabat
o‘rnatishda muammolarga, tengdoshlari davrasida o‘z o‘rnini tiklashga va o‘z obro‘sini topish bilan bog‘liq
qiyinchiliklarga duch kelishi, o‘zining kelajagi bilan bog‘liq istiqbollarni o‘zi yashagan o‘zga yurt bilan
bog‘lashi mumkin. Bu esa bolalarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtirib, axloqiy, ruhiy tushkunlik
holatini keltirib chiqaradi.
Migratsiya tufayli yuqoridagi muammolarga uchragan bolalarning barkamol, yuksak axloqli shaxs bo‘lib
yеtishishlarida qiyinchiliklar yuzaga keladi. Jumladan, oilada shakllanishi lozim bo‘lgan shaxsning eng
yuksak axloqiy fazilatlari kamtarlik, mardlik, mehribonlik, intizomlilik, tejamkorlik, muloyimlik, saxiylik,
saxovatlilik, to‘g‘rilik, hayolilik, himmatlilik, vafodorlik kabi fazilatlar hisoblanib, ular migrantlarning
farzandlari voyaga yеtganlarida ham to‘liq shakllanmasligi mumkin. Bularning barchasi aholi migratsiyasi
fenomenining oiladagi axloqiy muhitga nisbatan yuzaga kelgan salbiy oqibati hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bizda azal-azaldan oila qadriyat sifatida jamiyatimiz axloqiy qadriyatlar
tizimining markaziy bo‘g‘inini tashkil etadi. Unga nisbatan munosabatning o‘zgarishi, oilaning mental axloqiy
mazmunining transformatsiyasi hamda oldingidek qadrlanmay qolishi butun jamiyatimiz uchun axloqiy