Foydalaniladigan adabiyotlar: 1) «Adabiyot» 6-sinf uchun darslik.
2) 6-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi: a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash. a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la 1918-yilning 24-dekabrida hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyatining Turbat qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onasidan erta ayrilgan Turobjon bolalar uyida ta’lim-tarbiya oladi. 1934-1938-yillarda Toshkent teatr bilim yurtida, 1938-1941-yillar oralig‘ida Toshkent pedagogika instituti til va adabiyot fakultetining kechki bo‘limida o‘qiydi, kunduzi esa ishlab ijodiy va hayotiy tajribalarini boyitadi. O‘qishni bitirgach, respublikamizning madaniy-ma’rifiy tashkilotlarida turli vazifalarda sidqidildan mehnat qiladi. Jumladan, yoshlar gazetasida adabiy xodim, O‘zbekiston Davlat radioeshittirish qo‘mitasida muharrir va suxandon, O‘zbekiston Davlat nashriyoti (O‘zdavnashr)da muharrir, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida ssenariy bo‘limi mudiri, respublika Kinochilar uyushmasida kotib, Madaniyat vazirligi san’at ishlari boshqarmasi boshlig‘i, Hamza nomidagi teatr direktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Adabiyotni targ‘ib etish markazi rahbari singari vazifalarni bajaradi.
Turob To‘la ijodiy faoliyatini 15-16 yoshidan boshlagan. Uning dastlabki to‘plami 1939-yilda «She’rlar» nomi bilan chop etilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida shoirning «Shodligim» (1941-yil), «Tabassum» (1944-yil) nomli to‘plamlari e’lon qilindi. Ulardan joy olgan aksariyat asarlarda barcha xalqlar qatori o‘zbek xalqining ham ko‘nglida to‘lib-toshgan fashizmga nafrat, tinch va osoyishta hayotni qo‘msash, urushga ketgan farzandlarini sog‘inish hislari badiiy ifoda etilgan edi.
Urushdan keyin faol ijodiy mehnatga sho‘ng‘igan Turob To‘laning birin-ketin «Baxt tongotari» (1948-yil), «Muborakbod» (1949-yil), «Bolalar dostoni» (1950-yil), «Qanotlan, qo‘shiqlarim» (1955-yil), «Tanlangan asarlar» (1958-yil), «Oromijon» (1961-yil), «Gulyor» (1968-yil), «Oftob nayzada» (1974-yil) singari she’r va dostonlar to‘plamlari, zamondosh o‘zbek adabiyoti va san’ati namoyandalariga bag‘ishlangan «Nafosat» (1967-yil), «Kamalak» (1972-yil) nomli adabiy portret va xotiralar kitobi o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Jumladan, shoirning «Qanotlan, qo‘shiqlarim» to‘plamidan o‘rin olgan aksariyat she’rlari («Hayo bilan», «Sumbula», «Ko‘chalar», «Do‘ppi tikdim», «Sartarosh qo‘shig‘i» va boshqalar) respublikamizning ko‘plab iste’dodli san’atkorlari tomonidan qo‘shiq qilib kuylanib, xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin egalladi. Turob To‘la shu tariqa zamonaviy o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ijodkor sifatida tanildi.
Turob To‘la, bundan tashqari, bir qancha kinossenariylar yaratilishida, ular asosida milliy kinomizning nodir namunasi bo‘lib qolgan filmlar suratga olinishida ham faol ishtirok etdi. Ular orasida «Maftuningman», «Shashmaqom», «Furqat» singari mashhur filmlar bor.
Ijodkor dramaturgiya sohasi rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shdi. Uning qalamiga mansub «Qizbuloq», «Nodirabegim», «Momo yer» pyesalari, «Zulmatdan ziyo», «Malikayi ayyor» opera librettolari hamda «Samarqand afsonasi» baleti librettolari respublikamiz teatrlari repertuaridan munosib o‘rin egalladi.
Turob To‘la Shekspirning «Qiyiq qizning quyulishi» komediyasini, Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Shevchenko, To‘qay asarlarini ona tilimizga mahorat bilan o‘girgan.
Mana sen jonivorlarni sevasan, buvangga o‘xshaysan. Qachon qishloqdan so‘z ketsa, albatta tuya, deysan, xo‘tik, deysan. Nimaga? Ular bilan shug‘ullanish qiziq, xuddi ular ham seni yaxshi ko‘rganday, bilganday, aytganlaringni bilib qilayotganday. Faqat tillari yo‘q, xolos. Yoshligimda mening bir chiroyli, kelishgan do‘nanim bo‘lardi. Baqavli o‘rtog‘im edi, birga o‘sdik, uni onasining tegidan buvam bilan ikkalamiz birga qabul qilib olganmiz. Onasining qornidan tushiboq, dingillab menga qaragan, bo‘ynini bo‘ynimga solgan, ingichka-ingichka oyoqlari titrab turardi. Oyoqlarining to‘pig‘ida olasi bor edi, peshanasida qashqasi. Ko‘zlari katta-katta, kiyiknikiga o‘xshagan chiroyli. Buvam bu seniki, dedilar, katta bo‘lganida ham men boqdim, mendan boshqadan yem yemasdi, suvga ham meni undardi, birga borardik o‘rta ariqqa, o‘rta ariqdan suv ichmay turib olardi, Toshloqqa borardik, Toshloqdan ichardi, erinmasdan cho‘miltirardim, uzoq yuvardim. Buvam bir kuni uni jambil bilan yuvdilar. Shunday burqirab, xushbo‘y tarqatib yurdiki, bir necha hafta uyimiz jambil hidiga to‘lib turdi. Men ham shunday qiladigan bo‘ldim, jambil terib kelardim-da, buvamga o‘xshab buloq suvi bilan yuvardim.
Faqat men minardim uni. Juda yugurik chiqdi, chavandozlar ko‘zmunchoq taqib qo‘y, deyishdi, ko‘zmunchoq taqib qo‘ydim, ko‘z tegmasin deb. Ko‘pkarlarda minardim, aralashmasdim-u, uzoq-uzoqlarda ko‘pkarchilar orqasidan chopardim. U shu qadar quvonib yurardiki, boshini qo‘yib yuborsam yetib olishi hech gap emasdi. O‘roq mahali o‘roqqa ham birga chiqardik, go‘ja, ayron olib chiqardik o‘roqchilarga. Matansoy degan soyimiz bo‘lardi, juda bug‘doy bitkuchiydi. Go‘ja olib chiqdim-u, bir-ozgina mashoq tersin deb boshini qo‘yib yubordim. O‘zim g‘aram soyasida, g‘ir-g‘ir shabadada mast bo‘ lib yotdim, nafas o‘tmay uxlab qolibman. Bir mahal uyg‘onsam, oftob og‘ib qolgan, Do‘nanboy, mashoq qayoqda, o‘sha turgan joyida hali ham bir xil holatda turipti. Hayron bo‘lib o‘rnimdan turdim, bir narsa demoqchiday boshini baland ko‘tarib kishnadi, faqat orqa oyoqlari bilan tepkilanadi-yu, oldingi oyoqlarini yerdan uzmaydi. Yugurib oldiga bordim, bordim-u oyoqlari ostiga qarab qotib qoldim, oldingi chap oyog‘iga qop-qora, chipor cho‘l ilon o‘ralib yotibdi, o‘ng oyog‘i esa uning boshini majaqlagancha ezib turipti. Borib oyoqlaridan majaqlangan ilonning o‘rovini yechib tashladim, shundagina o‘ng oyog‘ini uning boshidan oldi. U endi mashoq tera boshlaganda bu ilonni ko‘rgan, menga kelayotganini bilib, g‘archcha bosgan.
- Mana do‘st, bolam, mana o‘rtoq!
Bir kuni mana shunday do‘stimdan ayirdilar. U kunni eslasam, hali-hali jonim achiydi... Mayli, eslay, bunday do‘stni eslash savob. Uyimizga allaqaysi qishloqdan mehmon kelyapti, degan gap tarqaldi ertalabdan. Hamma yelib-yugurib tayyorgarlik ko‘rardi. Qadrdon mehmonga o‘xshadi, dadam ayniqsa hamma tayyorgarliklarni kuzatib chiqdilar. Bir qozonda sho‘rva qaynayotgan, bir qozonda qazi, bir o‘choqda non yopilayotgan, bir o‘choqda somsa. Xullas, to‘yga ham o‘xshab ketardi. Bir mahal Fayzi dasturxonchi paydo bo‘lib qoldi, «oh, chug‘urchuqlar, Fayzi dasturxonchi kerak bo‘lib qoldimi» deb. Shang‘illab butun hovlini boshiga ko‘tardi.