I bob. Teodor Drayzer ijodiy faoliyati va milliy kolorit tushunchalari. I.1. Teodor Drayzer ijodiy faoliyati (1971-1945) Drayzer ijodi XX asrning birinchi yarmi Amerika adabiyotida tanqidiy realizmning cho’qqisidir. Drayzer AQSh hayotidagi fojiaviylikni ko’rsata olgan yirik san’atkor bo’lib, uning ijodi, ayniqsa 1917 yil oktyabr oyidan keyin ravnaq topadi va u Amerika qit’asida sostialistik realizm adabiyotiga asos solgan yirik yozuvchi va jamoat arbobi sifatida taniladi.
Teodor Drayz Indiana shtatidagi kichik bir joyda kambag`al ishchi oilasida tug`iladi. Qashshoqlik yoshlikdan bo’lg`uvchi yozuvchini mehnat qilishga majbur etadi. U ish axtarib Chikagogacha boradi, restaranda idish-tovoq yuvadi, tovar stanstiyasida nazoratchi bo’lib ishlaydi, kir yuvish masterskoyida mexaniklik qiladi. “Drayzer 1883 yilda” Indiana universitetiga kirib bir yil o’qiydi. Lekin iqtisodiy ahvoli o’qishni davom ettirishga imkon bermaydi. O’qish paytida Lev Tolstoy ijodi bilan tanishadi. Uning asarlari yosh Drayzerga katta ta’sir ko’rsatadi.
Bilimga tashna Drayzer o’sha vaqtda keng tarqalgan Gerber Spenser filosofiyasini qiziqib o’rganadi. Uning qarashlarida Drayzerni sotsial voqealarni biologik qonunlar asosida tasvirlashga, turmushni noto’g`ri talqin etishga olib boradi. Spenser og`ir ahvolga hukumatni ham, jamiyatni ham ayblab bo’lmaydi, bunga hayotning biologik qonunlari aybdor, deydi. U yugurishda ildam, kurashda kuchli engadi, degan qarashni targ`ib qilar edi.
Drayzer muhbir –reportyor bo’lib Chikago, Nyu-York kabi katta shaharlarda ishlay boshlaydi. Xalqning og`ir ahvoli bilan tanishadi. Lekin Spenser qarashlarining asossizligini tushunib etmaydi. Dastlabki hikoyalaridagi umidsizlik kayfiyatlari turmushni to’g`ri anglamaslik oqibatida kelib chiqadi.
Drayzer 90-yillarning o’rtalarida Nyu-Yorkda yashab, jurnallarda redaktorlik qiladi, maqola va ocherklar yozadi. Xalq ahvoli bilan yaqindan tanishishini uning kelajakdagi ijodiga uning ijodi 1900 yillarda boshlanadi. Birinchi romani “Baxti qaro Kerri” chiqqach, burjua matbuoti uning keng tarqalishiga yo’l qo’ymaydi. 1911 yildagina uning ikkinchi romani “Jenni Gerxard” yuzaga keladi. Undan so’ng ketma-ket “Moliyachi”, “Timan”, “Daho” romanlari yozildi. Birinchi jahon urushidan so’ng 20-yillar o’rtasida ikki tamli “Amerika fojiasi” chiqqach, adib yirik tanqidiy realist sifatida butun dunyoga taniladi.
Drayzer ijodining birinchi davrida (1900-1917) yirik realistik asarlar yozilishi bilan bir qatorda reakstion Spenser falsafasiga berilishi unda ziddiyatli fikrlar tug`ilishiga va uni yanglish xulosalar chiqarishga olib boradi. Drayzer ijodining ikkinchi davri (1917-1945) yirik realist yozuvchi bo’lib etishadi.
“Baxti qaro Kerri”. Mazkur roman (1900) qahramoni kambag`al fermer qizi Karolina Tiberni oilada erkalatib “Jajji Kerri” deb atashadi. Kerri es-xushli bo’lsa ham, lekin tajribasi yo’q, yoshlik orzulari bilan yashovchi, ko’rgan narsalaridan tegishli xulosalar chiqarishga zaif edi. Xudbinlik, egoizm uning tabiatiga “monand” bo’lib, bilimga emas, balki u ne’matlarga intilar edi. Kerrining chekka qishloqdan Chikagodagi opasinikiga borishi ham shular oqibatidir.
Asarning asosiy g`oyasi Amerikada barcha uchun barobar imkoniyatlar mavjud, degan illyuziyani fosh etishda ko’rinadi. Kerrining orzu-istaklari kapitalistik illatlar avj olgan shaharda amalga oshishi qiyin edi. Haftalab u sarson – sargardonlikda ish axtaradi. Poyafzal fabrikasidan oddiy ish topib, og`ir sharoitda ishlay boshlaydi, lekin ko’p o’tmay kasallanib, bir necha kun xizmatga bormagach, korxonadan bo’shatiladi, bundan keyin ish topish ham mumkin bo’lmaydi. Bechora opasinikida yashash imkoniyati ham yo’q, uyiga qaytib ketishini ham ma’qul ko’rmaydi. Halol mehnat bilan yashashga iloj qilmaganidan so’ng u boshqalarning “beg`araz” yordamiga beriladi. Dastlab Kerri savdo firmasining xizmatchisi, olifta yigit Karlz Druening yaxshi kiyinishi va gaplariga uchadi. So’ngra bu oshiqqa nisbatan bir mayxonaning boshqaruvchisi, puldor va muomalani bilapdigan oilali kishi Gerstvud ustun bo’lib chiqadi. Kerri Drueni tashlab, Gerstvud bilan Nyu-Yorkka qochib ketadi. Gerstvud asta-sekin bor-yo’g`idan ajralib, ishsiz qoladi, yuz tuban ketib, butun kunni sadaqaga beriladigan non navbatlarida o’tkazadi. Kerri esa faqat o’zini o’ylab, uni ham tashlab ketadi va teatrga ishga kiradi. Og`ir aqvolga qolgan Gerstvud gazdan zaharlanib o’ladi. Kerri esa o’sha muhitga moslashib oladi. U muxtojlikda o’tkazgan o’tmishini, ish topolmay darbadar kezgan kunlarini eslaydi va shundan so’ng o’zini san’atga uradi. Yozuvchi Kerrining muvaffaqiyatga erishishini tasodifiy bir hol, Amerikada dollorning halokatli ta’siri natijasi deb ko’rsatadi.
Hamma narsa aqchaga bo’ysundirilgan burjua jamiyatida ko’pchilik omma uchun baxtli yashash mumkin emasligi tramvay haydovchilarining kurashi misolida yaxshi ko’rsatilgan. Kapitalistik Amerikada son-sanoqsiz fojiali voqealar “pullar korchalonlaridagina bir pog`ona past turgan sinfning vakili” mayxona boshqaruvchisi Gerstvudning sinishi ham real aks ettirgan.
Tramvay ishchilarining ish tashlashlaridan foydalanib, haydovchi bo’lib xizmatga kirgan bu kishining Shtreyx brexerlik qilishi zarbaga uchraydi.
Demak, o’sha jamiyatda yuqoriga ko’tarish voqeasi tipik emas, balki o’z ishida sinib, ishsiz qolishi, qashshoqlashib o’limga mahkum etilishi xarakterli hodisadir. Kambag`al qiz Kerrini artistlik ishida ahvolini yaxshilab olishi ko’tarishdek ko’rinsa ham, lekin bunday obro’ orttirishi axloqiy tubanlik natijasida yuzaga keladi. Kerri haqiqiy mehnat, haqiqiy san’at bilan baxtga erishishni o’ylasa ham, lekin o’sha jamiyatda halol mehnat orqali baxtga erishish mumkin emasligini o’z tajribasida ko’radi.
“Baxti Qaro Kerri” romanining qiymati kapitalistik jamiyatdagi xalq ommasinining og`ir turmushi, ayniqsa, korxonalarda ishlovchi ayollarning qattiq eksplutastiya qilinishlari, mushkul ahvolga tushib qolgan Kerrining yuztuban ketishi evaziga ko’tarishi, burjua Gerstvud oilasidagi munofiqlik, boy kvartal Brodveydagi dabdabali hayot, tramvay ishchilarining ish tashlashlari tasviri, ishsizlik natijasida ko’chaga chiqarib tashlangan son-sanoqsiz kambag`allarning och tentirab yurishlarining haqqoniy aks ettirilishida ochiq ko’rinadi.
“Jenni Gerxardt” (1911) romanida ham kambag`al oiladan chiqqan qizining burjua jamiyatidagi fojiasi ko’rsatilgan. Asarning g`oyaviy yo’nalishi oddiy qizning xulqiy pokizaligi, uning buzilgan burjua axloqiga qarshi qo’yilishida namayon bo’ladi.
Romanning asosiy syujet yo’li, ishchi qizi Jennining fojiasi, u bilan millionerning o’g`li Lester Keyn o’rtasidagi sevgi tarixida ochiq ko’rinadi. Kambag`al Jenni boy yigit Keyn bilan turmush qurolmaydi. O’sha jamiyat urf-odatlari, sostial adolatsizliklar bu yoshlarning tabiiy sevgilariga to’sqinlik qiladi.
Drayzer oddiy qizning odobliligi, vafodorligi, qalbining musaffoligini ko’rsatish orqali xalq kuch-qudratiga ishonchini ifodalaydi.
Jenni o’zining eng yaqin kishilari ota-onasi, qizi Vesta, nihoyat sevgani Lesterdan ajraladi, lekin bunday og`ir yo’qotishlar uni umidsizlikka tushirmaydi. U etim bolalarni asrab oladi va bundan so’nggi hayotini ular tarbiyasiga bag`ishlaydi.
Sinfiy ziddiyatlar, imtiyozlarli tabaqalarning yaramas xulq-atvori, kambag`allarning og`ir turmushi tasviri, bosh qahramon Jenni Gerxardt hayoti bilan bog`liq ravishda burjua jamiyatidagi aqchaning halokatli ta’sirini ko’rsatishga qaratilgan.
“Istak trilogiyasi”. Bu trilogiyada “Moliyachi” (1912), “Titan”(1914) va “Matonatli”(1947) romanlari mavjud. Ularda kapitalistik monopoliya- larning kelib chiqishi va ularning hukmronligi mamlakat iqtisodiy va ma’naviy hayotiga qanday halokatli ta’sir etgani real ko’rsatilgan.
“Moliyachi” romanining qahramoni yosh bola Frank Koupervud.
U akvariumdagi katta qisqichbaqa oldiga kelib qolgan karakatista degan maxluqni yutib yuborganini ko’radi.U bundan hayot shunday qurilgan ekan, zo’rlar zaiflarni hisobiga yasharkan, degan xulosaga keladi. Frank kapitalistik jamiyatning odamiylikka yot egaistik qonunlarni tez o’zlashtiradi. U vaziyatga qarab beshafqatlik, beburdlik qiladi, yo’ldagi har qanday to’siqlarni bartaraf etadi. Zaruriyat tug`ilsa muloyim, shirinso’z ham bo’ladi. U ishni savdo-sotiqdan boshlab, boylik to’playdi, katta amaldorlarni qo’lga oladi. U o’zining moliya operastiyasida shaxsiy sarmoyasini emas, balki shahar idorasi mablag`ini qonunga xilof ravishda ishlatib katta foyda orttiradi va birjachi-moliyachiga aylanadi.
Voqea grajdanlar urushi va undan keyingi yillarda bo’lib o’tadi. Shimolning puldor korchalonlari urushda ko’proq foyda olishga intiladilar. Drayzer “Moliyachi”da o’z davri mamlakat iqtisodiy ahvolini katta realistik kuch bilan tasvirlab, boylik uchun kurashlarda ishlatilayotgan siyosiy nayranglar va yovuzliklarni ochiq ko’rsatadi. Shahardagi hokimiyat bir to’da kishilar-ko’mir sanoati korchaloni Mollenxauer, kommunal xo’jalik ishlarini boshqaruvchisi Batler va yirik moliyachi Simpsonlar qo’lidadir. Ular shahar hokimi, sud va boshqa idoralarni o’zlariga qaratib olib, xoxlagan ishlarini qiladilar, Kaupervud Filadelfiyaning bu uch hukmroni bilan kurash olib borib, shaxar transporti (konka) ni o’z nazorati ostiga olmoqqa intiladi. Lekin Chikagodagi yong`in va uning oqibatida kelib chiqqan moliyaviy vahimalar uni sindiradi. Kaupervudning kuchli raqiblari-Mollenxauer guruhi uning yashirincha olgan qarzlarini to’lay olmasligini bilib, Kaupervidni sudga beradilar va qamatadilar.
Lekin u qamoqda ham tinch yotmaydi. O’z kishilari orqali birjadagi yumushini to’xtatmaydi. Qamoqdan chiqqan Kaupervud qalloblik ishlarini davom ettiradi. U yirik moliyachi Jey Kukning kasod bo’lishi bilan bog`liq birjada tug`ilgan yangi vahima natijasida o’zini o’nglab oladi va bu erdan ketadi.
Trilogiyaning ikkinchi romani “Titan” da Kaupervud birjachi dallol emas, balki u endi har tomondan rasmiy tus olgan yirtqich kapitalist sifatida ko’rinadi.U birja spekulyastiyasi bilan shug`ullangani holda shaxar transportini qo’lga qaratgan boy millionerdir. Chikagoga kelgan Kaupervud shahardagi hayot Filadelfiyadagi hukronlikka ham kuchliroq yirtqichlar to’dasi Shrayxart Edisson va Meriller qo’lida ekanini biladi. U moliya va jinoyat dunyosi bilan bog`langan saylov sistemasini qo’lga olgan burjua siyosatdorlari (Mak-Kenti) bilan aloqa bog`lab, Shrayxart shaykasi kuchini zaiflashtirib, so’ngra ular bilan kurashda engib chiqadi va Chikagoning trasport xo’jayini bo’lib oladi, lekin Kaupervud o’z yo’lida dushman qarshiligiga duch keladi.
Imperializm davriga kirgan, kapitalizm ziddiyatlarni kuchayib ketgan monopoliyalar zulmiga qarshi ishchilar sinfi ko’tarilib chiqayotgan bir vaqtda o’z mavqelarini saqlab qolish uchun o’zaro kurash olib borayotgan bosqinchilar to’dasi endi bir-birlari bilan umumiy til topadilar.
Shrayxerdlar bandasi moliya ishidagi o’z raqobatchisi Kaupervud va uning sheriklari bilan birlashib ketadadilar. Kaupervud Chikago munistipalitetini sotib olib, o’zi yakka hukmron bo’lishga intiladi. Lekin xalq ommasi uning g`olibona yurishiga to’sqinlik qiladi. Shahar temir yo’lining butunlay uning qo’liga o’tib qolishiga yo’l qo’ymaydi.
Drayzer Kaupervud yovuzligini qaramagani holda uning boylik, hukmronlikka intilishi, bu yo’lda uchragan hamma to’siqlarni shavqatsizlik bilan bartaraf etishi va emirib tashlashini ham ko’rsatadi. U o’z nafsini qondirishni istaydi, shuning uchun asar “Istak trilogiyasi” deb ataladi. Drayzer Kaupervidning ichki dunyosi qashshoq ekanini ta’kidlaydi, lekin uning chaqqon g`ayratli, kuchli, aql-idrokli ekaniga qoyil qoladi. Bu esa uning qarashlaridagi ziddiyatlardan, ijtimoiy voqelikni biologik qonunlar asosida talqin qilishdan kelib chiqadi. Yozuvchi katta kapitalistik shahar Chikagoni shuningdek kuch-g`ayratga to’lgan bahaybat – Kaupervudning o’zini ham qudratli “Titan” deb ataydi.
Trilogiyadagi “Moliyachi” va “Titan” romanlari Drayzer realistik ijodining yangi bosqichi, imperializm davriga kirgan kapitalizm korchalonlarining vahshiyona harakatlarini fosh etgan asardir. Ulardagi Kaupervud obrazi yozuvchining ulkan muvaffaqiyatidir.
“Daho” romanida (1915) yozuvchi burjua jamiyatida haqiqiy san’atkor talantining barbod bo’lishini ko’rsatadi. Asar qahramoni katta iste’dodga ega rassom. Yudjin Vitladir. U o’z ijodida mehnatkash ommaning og`ir ahvolini, ko’zga tashlanib turadigan dahshatli voqealarni real aks ettirishga intiladi. Bu haqiqiy san’t ko’pchilikka yoqadi, biroq ularni sotib olish uchun imkoinyat yo’q. Bunday surat puldorlarga yoqmaydi, shuning uchun ular olmaydilar. Yashash imkoniyatlaridan mahrum etilgan rassom o’z san’atini tashlab, savdo sohasidagilarga katta manfaat keltiruvchi reklama firmasiga o’tadi. Undan so’ng bir nashriyotning direktori sifatida boyib puldor korchalonlarga foyda keltiradigan ish qilishi bilan o’z talanti va san’tini barbod etadi, o’sha muhit uni buzadi. Yudjin butunlay o’zgarib ijod etolmay qoladi. Shunday qilib uning dahosi emiriladi.
Drayzer qahramon talantining yemirilishini kapitalizmning halokatli ta’siri debgina emas, shuningdek, biologik omillar oqibati, deb qarasa ham, lekin asardan kapitalistik Amerika haqiqiy realistik san’atining yovuz dushmani, degan aniq g`oyaviy mazmun kelib chiqadi. Shu sababli reakstion doiralar “Daho” romanini taqiqlashga erishadilar. Biroq Drayzer bu safar o’z dushmanlari bilan mardonavor kurash olib boradi va 1923 yilda asarini qayta nashr etishga muvaffaq bo’ladi.“Istak trilogiyasi”ning uchunchi kitobi “Matonatli”(1917) Kaupervud faoliyatining uchinchi davri tasvirlanadi. U endi kitobxon ko’zi o’ngida Amerika kapitalini Angliyaga olib kiruvchi, AQSh imperializmining jahon miqyosidagi avantyurasini mujassamlashtirgan shaxs sifatida gavdalanadi.
Londonga kelgan Kaupervud metropolitining bir qancha yo’llarini qo’lga kiritadi. Kuchli raqobatchilarni engib, katta boylik orttiradi va shu tufayli ma’naviy jihatdan yuztuban ketadi. U cheklanmagan hukmronlikka intiladi, xotiniga xiyonat qilib, ma’shuqalar orttiradi. Zo’rlik va nayrang ishlatib erishgan mol-mulki unga sira baxt keltirmaydi.
Tarixda o’tgan ulug` kishilarga o’xshab Kaupervud o’z nomini abadiylashtirish maqsadida suratlar galareyasi joylashgan qasrini Nyu- Yorkka meros qilib beradi, lekin u vafot etgan, rasmlar galareyasi mulkdorlar ixtiyoriga o’tib ketadi. Noto’g`ri yo’llar bilan topilgan boyliklar esa, har xil egri yo’llar bilan tez yo’q bo’lib ketadi. Kaupervudning o’limi kapitalizm inqirozi muqarrar ekanini ko’rsatadi.
“Istak trilogiyasi” Amerika adabiyotida tanqidiy realizmining eng yaxshi namunasidir. Kaupervud Balzak yaratgan rolda pulga o’ch, yuzsiz, oltin asosiga qurilgan kapital dunyosining bosqinchiligidan iborat xarakterini aks ettirgan tipik obrazlarni eslatadi.
Adib yozib tugatishga ulgurmagan “Matonatli” romanida burjua jamiyati tug`dirgan baxtsizlik va qashshoqlikdan qutulish uchun kapitalistik ekspluatastiyaga qarshi keskin kurashish zarur, degan xulosaga keladi. Shunday qilib, “Istak Trilogiyasi” adolatli jamiyatga ishonch ruhida tugaydi.
“Amerika fojeasi”. Yozuvchining bu asari birinchi jahon urushidan keyin yozilgan monumental ikki tomli romandir.
Asarning bosh personaji burjua meshchan oilasidan chiqqan bola - Klayd Griftisdir. U o’sha muhit ta’sirida o’sadi. Klayd burjua jamiyatiga xos yuzsizlik, boyish yo’lida har qanday vositalardan foydalanish kabi yaramas illatlarni o’zlashtira boradi. U o’z maqsadlariga erishish yo’lida dastlabki qarash, deb mahalliy mehmonxonani hisoblaydi va u erda o’z mijozlaridan xayr – sadaqalarga ko’z tikuvchi, manfaat yuzasidan ish yurituvchi egaistga aylanadi. Tartibsiz turmush kechirish maishat va ichkilikka olib boradi. U tushgan mashina bir qizni bosib ketadi. Qamalish xavfi tug`ilgach Klayd bu erni tashlab, boy amakisi yashaydigan shaharga boradi va uning fabrikasiga ishga joylashadi. O’sha erda qishloqdan kelib xizmat qilayotgan kambag`al qiz Roberta Olden bilan tanishadi va unga uylanmoqchi bo’ladi, lekin ahvolini tuzatish maqsadida u boy qiz Sandra Finchlini olishga intiladi. Lekin homilador bo’lgani aniqlangach, Roberta Klayddan o’zini nikohlab olishni talab qiladi. Bu narsa uning uchun ko’ngilsiz voqea, ya’ni maqsadlariga erishish yo’lida katta to’siq edi. Shuning uchun Klayd Robertani ko’lda sayr qildirib yurib, suvga cho’ktirib o’ldiradi. Bu fojiali voqeaning siri ochiladi va Klayd sud qilinib, elektr kursida jazolanadi.
Romanda Klayd Grifiteda tug`ilgan egoizm Amerika burjua jamiyati va uning zo’ravonlikka asoslangan vaxshiy qonun-qoidalarining oqibati ko’rsatiladi. Undagi individualistik xirs Roberta Olden, shuningdek, Sandra Finchliga bo’lgan munosabatda ham ko’zga tashlanib turadi. Sandra yosh va chiroyli qiz, lekin Klaydni uninig go’zalligi emas, balki boyligi qiziqtiradi. Burjua dunyosining axloqi, boylikka sig`inishi kishining tabiiy his- tuyg`ularini barbod etadi, bu narsa oddiy amerikalik yigit Klayd shaxsiyatida ochiq ko’rinadi.
Klayd obrazi Drayzer ilgari yaratgan Kerri, Kaupervud va Vitla obrazlariga o’xshamaydi. Ular kabi favqulotda kuchga ega bo’lgan qudratli shaxslardan ham emas, balki oddiy amerikalikdir.
Voqealar mavzusida ham o’zgarish bor. Ilgarigi asarlarida sotsial motivlar bilan birga, biologik omillar ma’lum darajada o’rin egallagan edi. Bu romanda esa, sotsial voqealarning mohiyati to’g`ri talqin etiladi va ular real ko’rsatiladi.
Klayd millionlab amerikaliklarning tipik vakili. U Amerika burjua jamiyati qabohatlari qurboni bo’lgan son-sanoqsiz yoshlarning biridir. Yozuvchi Klayd obrazi orqali individualizmning emirilishini ham ko’rsatadi. Amerika hamma uchun barobar imkoniyatlar mavjud mamlakat, degan safsatani fosh etadi. Haqiqatda kun kechirish qiyinlashib ketmoqda, qayg`uli hayot Amerika yoshlarini baxtsizlik, fojiali o’limga duchor qilmoqda edi.
Drayzer Grifts fojiasiga bog`liq ravishda kapitalistik sistemaning daxshatlarini, burjua sudining haqiqatdan uzoqligi, din arboblarining munofiqona harakatlarini fosh etdi.
Klayd voqeasi burjua siyosatdonlariga bir tiyin hisoblanadi. Ular bo’ladigan saylov orasida o’z obro’larini ko’tarib qolishga intiladilar. Gunohi aniqlanmasdan turib, Klaydning taqdiri hal etiladi. Prokuror Mezon ham ayblov nutqini oldindan tayyorlab qo’yadi. Boshqalar ham uni qutqarish yoki aybini yumshatishga intilmaydilar. Klaydning boy qarindoshlari uni o’limdan olib qolishlari mumkin edi. Lekin ular bu janjalli ishga aralashishni obro’lariga putr etib, shaxsiy ishlariga zarar kelishidan qo’rqadilar va o’zlarini chetga oladilar. Oqibatida sud uni o’lim jazosiga hukm qiladi.
Sud jarayonida boy oiladan chiqqan qiz Sandra Finchlining nomi tilga ham olinmaydi, vaholanki Klayd unga uylanaman deb, shunday jinoyat qilishga borgan edi. Ruhoniy Mak-Millan rahmatli voqea yuz bergan sharoit haqida hech narsa demaydi, uni qutqarishga intilmay, butun aybni Klaydning yakka o’ziga qo’yadi. Haqiqatda esa Klayd burjua tartiblari, din va o’sha jamiyat illatlari, urf-odatlari qurboni bo’ladi.
“Amerika fojeasi” voqealikni keng qamrab olishi, ko’tarilgan g`oya va tanqidiy fikrning chuqurligi, badiiy mahoratning yuksakligi bilan jahon progressiv adabiyotining eng yaxshi realistik asarlari qatoridan joy oldi.1 Umuman, Drayzer Amerikadagi siyosat, ijtimoiy tuzum kamchiliklarni ochib tashlaydi. XIX va XX asrda Amerikada cheksiz imkoniyatlar bor, nuqsonlar deyarli yo’q, degan g`oyaga qarshi Drayzer o’z asarlarini yaratadi, demak oyda ham dog` bor demoqchi bo’ladi.
Bugungi kunga kelib Amerika Qo’shma Shtatlari XXI asrga kelib jamiyatning turli sohalariga yangi o’zgarishlar bilan kirib keldi.
Amerika XX asrning ikkinchi jahon urushi davridan boshlab, ham iqtisodiy ham ijtimoiy madaniyat, siyosiy tomonlarga e’tiborini qaratdi. U dunyodagi boshqa intelektual ishchi kuchlarini jalb etib, o’z san’atini takomillashtirmoqda.
Hozirgi AQSh jamiyati sinfiy tenglik tamoyiliga asoslanadi. Bu ularga demokratiyaning yaxshi shakllanganidir. Demokratiyaning ustunligi, o’z haq-huquqlarini puxta bilishlari Amerika yozuvchi qarashlarida uchratamiz.
1999 yil 11 sentyabr bo’lib o’tgan qo’poruvchilik harakatlaridan Amerika butun dunyo dushmaniga aylangan terror kuchlarga qarshi urush ochdi. Bu urush hozir ham davom etmoqda, yaqinda Amerikaga hujum qilgan terrorchilar harakati boshlig`i Ben Ladinni ham o’ldirilganligi matbuotda e’lon qilindi.
Bizning ilmiy ishimiz tahlilini g`oyasi ob’ekt materiali XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi Amerika ijtimoiy hayoti va adabiy muhiti haqida bo’lib, ko’p siyosiy xulosalarimiz mazkur davr hayoti asosida olib boriladi.