15-MAVZU. TURISTIK KORXONALARNI SOLIQQA TORTISH
15.1. O’zbekiston turizmida soliq tizimining takomillashuvi.
15.2. Xorijiy mamlakatlarning soliq tizimidagi imtiyozlar va qulayliklar.
15.3. Turizmda qo’shimcha qiymat solig’i.
15.1. O’zbekiston turizmida soliq tizimining takomillashuvi
Mamlakatimizda turizm ishiga mustaqillikning dastlabki vaqtlaridanoq asosiy davlat siyosati darajasida qaraldi. Soha rivoji uchun barcha zarur tashkiliy - huquqiy mexanizm vujudga keltirilib, muhim me’yoriy hujjatlar qabul qilindi va bu ish hozirda ham davom etmoqda. Mamlakatimizda turizmning ravnaqi, uni yangi pog’onalarga ko’tarish, yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish uchun avvalo huquqiy zamin yaratish lozim edi. SHu bois, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining mazkur yo’nalishga ta’luqli qonun va kodekslari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining turizmga oid qator Farmonlari, Respublika Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Adliya vazirligining va boshqa mutasaddi davlat idoralarining yo’riqnoma, ko’rsatma va tartiblari ishlab chiqilib, hayotga tadbiq etildi. SHulardan kelib chiqqan holda, mazkur xujjatlarni o’rganish va tahlil qilishni quyidagi tematikalar bo’yicha amalga oshirish maqsadga muvofiqdir,-deb o’ylaymiz:
1. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining turizmga oid qonun va kodekslari. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 24-aprelda qabul qilgan "O’zbekiston Respublikasi soliq kodeksi" va unda turizm sohasiga oid imtiyozlar.
Ushbu Kodeks 11 bo’lim, 41 bob va 134 moddadan iborat bo’lib, uning asosiy vazifasi - O’zbekistonda soliq tizimining huquqiy asoslarini, soliq to’lovchilarning huquqlari hamda majburiyatlarini belgilaydi, soliq ishlarini yuritish tartibotini va soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni tartibga solib turadi. Kodeksda yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad (foyda) solig’i, qo’shilgan qiymat solig’i, aktsiya solig’i, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq, ekologiya solig’i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig’i, yer solig’i, reklama solig’i, avtotransport vositalarini olib sotganlik uchun soliq, shuningdek, turli yig’imlar haqida ham fikr yuritiladi. Kodeksda soliq to’lash bilan bir qatorda ayrim faoliyat turlariga soliq to’lashda imtiyozlar ham berilgan. Jumladan, 8-bob "Daromad (foyda) solig’i bo’yicha imtiyozlar",-deb nomlanib, uning 31-moddasi 12-qismida: "Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida yangi tashkil etilgan, turizm faoliyati bilan shug’ullanadigan yuridik shaxslar tuzilgan paytdan boshlab birinchi daromad orttirgunga qadar, lekin uzog’i bilan ro’yxatdan o’tgan vaqtdan e’tiboran uch yilgacha. Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida turistik faoliyat bilan shug’ullanuvchi yuridik shaxslar foyda olgan birinchi yili 50 foiz, ikkinchi yili 75 foiz, uchinchi yildan boshlab 100 foiz miqdorida soliq to’laydi"- deyiladi.
Kodeksning 21-bobi "qo’shilgan qiymat solig’i bo’yicha imtiyozlar",-deb nomlanib, uning 71-moddasi 21-qismida: "...turistik-ekskursiya xizmatlari" qo’shilgan qiymat solig’idan ozod qilinganligi bayon qilingan. SHuningdek, 28-bobi "Mol-mulk solig’i stavkalari va imtiyozlar",-deb nomlanib, uning 92-moddasida: "Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida yangi tashkil etilgan, turizm faoliyati bilan shug’ullanayotgan yuridik shaxslarning mol-mulkiga, tashkil etilgan vaqtidan e’tiboran dastlabki foyda olgunga qadar, lekin ular ro’yxatdan o’tgan vaqtdan e’tiboran uch yildan ortiq bo’lmagan muddatga. Ana shu yuridik shaxslar belgilangan imtiyozli davrdan keyin bir yil o’tgunga qadar tugatilgan taqdirda soliq summasi ularning butun faoliyati davri uchun to’liq miqdorda undirib olinadi",-deyiladi.
Kodeksning 31-moddasi "Er solig’i stavkalari va imtiyozlar",-deb nomlanib, uning 101-moddasida soliq solinmaydigan yer uchastkalariga: "tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar (tarixiy-madaniy qo’riqxonalar, xotira bog’lari, sag’analar, arxeologiya yodgorliklari, tarix va madaniyat yodgorliklari egallagan yerlar) kiritilgan. SHuningdek, davlat qo’riqxonalari, milliy va dendrologiya bog’lari, botaniqa bog’lari, ixota daraxtzorlari egallagan yerlar; sport inshootlari, stadionlar, suzish xavzalari, onalar va bolalarning dam olish va sog’lomlashtirish joylari, sanatoriy-kurort muassasalari, dam olish uylari egallagan yerlar ham soliq to’lashdan ozod etiladi.
Kodeksning 102-moddasi "Er solig’i to’lashdan ozod qilingan soliq to’lovchilar",-deb nomlanib, uning 7-qismida: "Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida yangi tashkil etilgan turistik faoliyat bilan shug’ullanuvchi yuridik shaxslar - tashkil etilgan paytdan e’tiboran birinchi foyda olgunga qadar, biroq bu muddat ular ro’yxatdan o’tkazilgan paytdan e’tiboran uch yildan oshmasligi lozim",-deyiladi.
Dostları ilə paylaş: |