9.3. Savdo korxonalarida daromadlarni rejalashtirish va prognozlash Bozor raqobati sharoiti savdo korxonalarini daromadlari ularni shakllanish manbalarini hisobga olgan holda rejalashtirish va prognozlashtirishni talab qiladi.
Savdo korxonalari daromadlari ularni shakllanish manbalariga qarab tovarlarni sotishdan olingan daromadlar, asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlar (asosiy vositalar sotilishi va boshqa chiqimlardan olingan foyda, boshqa aktivlarni sotishdan va berilishidan olingan foyda, undirilgan jazo, jarima va boqimandalar, qisqa muddatli ijaradan olingan daromadlar va boshqalar), moliyaviy faoliyatdan olingan daromadlar (royalti ko‘rinishidagi nau-xou, litsenziya, kompyuter dasturlarini ijaraga berish va sotish), dividentlar, foizlar, valyuta kurslari farqlari va hokazolar.
Daromadlarni rejalashtirish va prognozlashtirish, avvalambor, o‘tgan yillar ma’lumotlarini tahlil natijalari va xulosalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Daromadlarni rejalashtirish ularning turlari va shakllantirish manbalaridan kelib chiqib, tegishli usullarni ishlatish asosida amalga oshiriladi.
Daromadlarni rejalashtirish va prognozlashtirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar usuli, korrelyatsion usul, elastiklik koeffitsienti orqali aniqlash, bezararlik nuqtasini aniqlash va boshqa usullardan foydalanish mumkin.
Masalan, tovarlarni sotishdan olingan daromad tovar oboroti rejasini (sotib olish baholarida) tovarlar assortimenti bo‘yicha va tovalarga qo‘yilgan savdo ustamasi darajasiga (% hisobida sotib olish baholariga nisbatan) ko‘paytirish va 100 ga bo‘lish hamda barcha tovar guruhlari bo‘yicha summalashtirish orqali hisoblanadi.
Daromadlarni prognozlash yuqorida keltirilgan usullardan tashqari iqtisodiy matematik modellarni qo‘llash orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
Daromadlarni rejalashtirish masalasi kengroq foydani rejalashtirish paragrafida yoritiladi.
Nazorat va muhokama uchun savollar 1. Savdoning daromadini ta’rifini ayting.
2. Savdoning daromadiga qanday ta’riflar berilgan?
3. Nega savdoning daromadi uni faoliyatining bahosi deyiladi?
4. Savdoning daromadlari qanday yo‘nalishlarda ishlatiladi?
5. Daromadlarni qanday turlarini bilasiz va ular tarkibiga nimalar kiradi?
6. Daromadlarni tahlil qilishni vazifalarini ayting.
7. Daromadlarni tahlil qilishda qanday ma’lumotlardan foydalaniladi?
8. Daromadlarni tahlil qilishda qanday ko‘rsatkichlar aniqlanadi?
9. Daromadlarga qanday omillar ta’sir qiladi?
10. Daromadlar qanday rejalashtiriladi?