Falsafiy g‘oyalar har bir falsafiy ta'limotning asosini tashkil etadigan, olam va odam to‘g‘risidagi eng umumiy tushuncha va qarashlardir. Ular bizni o‘rab turgan dunyoni bilish jarayonida, kishilik jamiyatining taraqqiyoti mobaynida to‘plangan bilimlarni umumlashtirish, inson hayotining ma'no-mazmuni, uning baxt-saodati kabi masalalar ustida mulohaza yuritish asosida shakllanadi.
Insoniyat tarixida turli xalqlarning aql-zakovat sohiblari, dono faylasuf va ilohiyotchilari turfa xil g‘oyalar yaratganlar. (Siz bular bilan falsafa tarixini o‘rganish paytida batafsil tanishgansiz). Ammo falsafiy g‘oyalar haqida gap ketganda, jahon falsafiy fikri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan o‘zbek mutafakkirlari yaratgan merosni yodga olmaslik mumkin emas.
Forobiyning fozil shahar to‘g‘risidagi, tasavvuf daholarining komil inson haqidagi, Ibn Sinoning tana va ruh munosabatiga oid, Alisher Navoiyning adolat va insoniylik borasidagi teran fikrlari falsafiy g‘oyalarning yorqin namunasidir.
Badiiy g‘oyalar - adabiyot va san'at asarining asosiy ma'no-mazmunini tashkil etadigan, undan ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladigan yetakchi fikrlardir. Ular hayotdan olinadi, badiiy talqinlar asosida bayon etiladi, o‘quvchida muayyan taassurot uyg‘otadi. Abadiy qahramonlarni sevish, ularga ergashish hollari ham ana shu asosda ro‘y beradi.
Ijtimoiy-siyosiy g‘oyalar har bir xalq va umuman bashariyatning orzu-umidlarini, maqsad-muddaolarini ifodalaydi, erkin hayot va adolatli tuzumni tarannum etadi. Ozodlik va mustaqillik, adolat va haqiqat, tinchliksevarlik va insonparvarlik g‘oyalari shular jumlasidandir. Asrlar mobaynida bunday buyuk, o‘lmas g‘oyalar xalqlarga kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlab, ularni o‘z erki uchun kurashga safarbar etib kelgan.
Ozodlik g‘oyasi - mazlumlarni o‘z erki uchun kurashga chorlaydigan, qullik va qaramlikning har qanday ko‘rinishini inkor etadigan g‘oyadir.
Mustaqillik g‘oyasi - eng ulug‘ va ezgu g‘oya. Har bir xalq istiqlol tufayli o‘ziga yot va begona tuzumdan, ijtimoiy tazyiqlardan xalos bo‘ladi, o‘z salohiyatini to‘la-to‘kis ishga solish, o‘zi istagan va o‘zi tanlagan yo‘ldan borish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.