10.3. O’ta cho’kuvchan gruntlarda poydevor barpo etish
O’ta cho’kuvchan gruntlarning hisobiy qarshiligi va poydevor o’lchamlari umumiy qabul qilingan usullar bo’yicha aniqlanadi. O’ta cho’kuvchan zaminlar hisobining zaruriy shartlaridan biri, ularni chegaraviy holatlarning ikkinchi guruhi bo’yicha deformatsiyalarga tekshirish bo’lib, bu shart quyidagicha ifodalanadi:
S = Sp + Sy Su , (10.5)
бu yerda S – inshoot zamindagi vertikal deformatsiyalar yig’indisi; Sp – tabiiy namlikdagi zamin gruntlarning inshootdan uzatiladigan yuk ta‘siridagi cho’kishi (qatlamlab yig’ish usuli bo’yicha aniqlanishi mumkin); Sy – qo’shimcha namlangan gruntning o’ta cho’kish miqdori; Su – loyihalanadigan inshoot uchun ruxsat etilgan chegaraviy cho’kish.
Agar (10.5)–shart ta‘minlanmasa, o’ta cho’kishni oldini olish bo’yicha maxsus tadbirlar qo’llaniladi. Suv xo’jaligi qurilishi ob‘ektlarini barpo etishda bunday tadbirlarga asosan quyidagilar kiradi.
1. Inshoot zaminidagi gruntlarni oldindan ho’llash (suvga to’yintirish). Bu tadbir nafaqat o’ta cho’kuvchanlikni, shuningdek gruntning suv o’tkazish qobiliyati (filtratsiya)ni ham kamaytiradi.
2. Gruntni mexanik usullarda zichlashtirish (sun‘iy asos hosil qilish). Bunda asosan silliq va mushtli statik zichlovchi mashinalardan va pnevmozichlovchilardan foydalaniladi.
3. Inshootlarda o’ta cho’kuvchanlikka chidamli konstruktsiyalarni qo’llash, inshoot qismlarini deformatsiya choklari bilan ta‘minlash.
4. O’ta cho’kish sodir bo’ladigan boshlangich davrlarda vaqtinchalik inshootlardan (masalan, vaqtinchalik kanallardan) foydalanish. Bunda asosiy inshootlar o’ta cho’kish jarayoni yakunlangandan so’ng barpo etiladi.
5. O’ta cho’kuvchan grunt qatlamlarini kesib o’tuvchi qoziqli poydevorlarni qo’llash (asosan akveduklar, konsolli sharsharalar va ko’priklarni barpo etishda qo’llaniladi).
6. Portlatish yordamida gruntning o’ta cho’kuvchanlik xususiyatini kamaytirish. Bunda suv ostida portlatish usuli ko’proq samara beradi.
7. Aralash usullar yordamida gruntni zichlash (masalan, gruntni oldindan qo’shimcha namlab, so’ngra uni mexanik usullarda zichlashtirish).
O’ta cho’kuvchanlikni kamaytirish yoki uni butunlay bartaraf etish tadbirini tanlashda ularning bir necha usullarini texnik-iqtisodiy nuqtai nazardan taqqoslab, so’ngra yakuniy to’xtamga kelinadi. Shuningdek, mazkur masalani hal etishda, inshoot zaminini suvdan himoyalovchi maxsus qurilmalardan (masalan, shpuntlardan) foydalanish imkoniyatlarini ham inobatga olish lozim.
Dostları ilə paylaş: |