11.4. Kesson poydevorlari va ularni barpo etish jarayoni haqida umumiy ma‘lumotlar
Tushurma quduqlarni barpo etishda grunt qatlamlarida yirik toshlar va shunga o’xshash boshqa to’siqlar uchrab qolishi va ularni quduq ostidan olib tashlash imkoniyati bo’lmasligi mumkin. Bunday hollarda, ustki qismi ochiq bo’lgan quduq o’rniga, siqilgan havo ta‘sirida grunt suvlarini surib chiqarish imkoniyatini beruvchi maxsus usti yopik quduqlarni ishlatish maqsadga muvofiqdir. Bunday usti berk quduqlar «kesson» deb ataladi. Kesson poydevorlari chuqur joylashtiriladigan ko’prik osti ustunlari tovonida keng qo’llaniladi.
Hozirgi vaqtda kessonlar asosan beton va temirbetondan barpo etiladi. Kesson devorlarining tuzilishi tushurma quduqlardagi singari bo’lib, ular orasidagi bo’shliq «ish xona» deyiladi. Ish xonasi tik yo’lak orqali shlyuz bilan bog’lanadi. Shlyuz moslamasi joylashgan xona tik yo’lakni tashqi havo ta‘siridan ajratib turadi. Ish xonasi devorlarining ostki qismi tushurma quduqlardagi singari, o’tkirlashgan bo’ladi. Bu xonaning tomi va devorlari yetarli darajada mustahkam bo’lishi kerak.
Kesson poydevori quyidagi tartibda o’rnatiladi. Kompressorda siqilgan havo maxsus quvur orqali ish xonasiga uzatiladi va xonada ma‘lum miqdordagi havo bosimi hosil qilinadi. Bu bosim grunt suvlarining ish xonasiga sizib o’tmasligini ta‘minlashi lozim. Havo bosimi grunt suvlari bosimidan katta bo’lganda, ish xonasida suv mavjud bo’lmaydi va ishchilar shlyuz va tik yo’lak orqali ish xonasiga tushishlari va qazish ishlarini boshlashlari mumkin. Qazib olingan grunt tashqariga erlift orqali uzatiladi. Gruntni chiqazib tashlash davrida, kesson usti poydevori (to’shamasi)ni tiklash ishlari ham olib boriladi va bu to’shama kessonning gruntga botishini ta‘minlovchi qo’shimcha yukni hosil qiladi.
Kesson loyihaviy chuqurlikka tushirilgandan so’ng, uning tag qismi beton yoki temirbeton to’shama bilan qoplanadi. Ish xonasi va tik yo’lak bo’shliqlari ham beton yoki boshqa material bilan to’ldiriladi.
Kesson poydevorlarini barpo etishda, ish xonasida hosil qilinadigan yuqori bosim ishlovchilarning salomatligiga salbiy ta‘sir ko’rsatishi mumkin. Shu sababli, kesson ichida bajariladigan ishlarning davomiyligi xavfsizlik texnikasi talablari asosida qat‘iy chegaralangan bo’ladi.