Islom ma'naviyati - Oxirgi va mukammal ilohiy kitob bo’lmish Qur'oni karim mazmunida ifodalangan ma'naviyat tizimi bo’lib, Inson ruhining Borliq haqiqati bilan uyg’unlashuv sari intilishida g’aybiy hidoyat yo’li hisoblanadi. Islom dini va ma'naviyati mohiyatan boshqa-boshqa narsalar emas, ammo insonlar tasavvurida ular farq qilishi mumkin. Masalan, islom dinida qabul qilingan farz ibodatlar va aqidaviy qoidalar boshqa tavhidiy dinlardan farq qiladi, ammo islom ma'naviyatiga ko’ra har bir inson o’z aqidasi va Borliq haqiqati to’g’risidagi tasavvurlaridan qati nazar "yer yuzidagi xalifa" sifatida ehtiromga sazovordir.
Dinshunoslik — Ma'naviyat sohasiga aloqador fanlar tizimiga mansub bo’lib, dunyoda mavjud diniy tizimlar, ularning yuzaga kelish sabablari va rivojlanish bosqichlari, turli dinlarning o’ziga xos xususiyatlari, ularning jamiyatdagi o’rni bu fanning asosiy mavzusi (predmeti)ni tashkil qiladi.
Siyosat va din munosabatlari - jamiyatda har bir shaxs ma'naviyati orqali dinning siyosatga ta'siri o’z-o’zidan mavjud, ammo diniy e'tiqoddan bevosita siyosiy qurol sifatida foydalanishga urinish bugungi kunda nihoyatda xavfli siyosiy avantyurizm bo’lib, mohiyatan ma'naviyat sohasiga aloqador bo’lgan imon-e'tiqod masalasiga mutlaqo aloqasi yo’qdir.
Ilm-fan — shaklan madaniyat sohasining tarkibiy qismi, naqliy va aqliy bilimlar majmuyi, mazmunan turli iqtidor egalari ma'naviyatining samarasi sifatida tashkil topgan bo’lib, aniq va tabiiy fanlar, iqtisod fanlari, ijtimoiy-siyosiy fanlar, texnika fanlari, ma'naviyat sohasiga aloqador fanlar kabi turli yo’nalishlar va tizimlardan iborat.
Aniq va tabiiy fanlar— insonning moddiy ehtiyojlarini ta'minlashga qaratilgan bilimlar majmuyi, ularni aniq bilish mumkin va kerak, taxminiylik bu yerda taxmin (gipoteza) darajasida qoladi. Ammo bu bilimlar doimo xususiy hodisalarga oid bo'lib,ular yordamida Borliq haqiqatini yaxlit anglab yetishga urinish befoyda, ularga tayanib moddiy voqelikdan tashqari chiqmoqchi bo’linsa, tajovuz bo’ladi, adashuvga olib keladi, g’ayri ilmga aylanadi