15.5. Ma’naviyatlilik psixologik salomatlikning mezoni sifatida
Psixik salomatlikning mezonlari orasida ma’naviyatlilik alohida o’rin tutadi, ya’ni, inson ko’rgan-kechirgan, bilganlarining haqiqatga yaqinligi, haqqoniylik, insoniylik tamoyillarining ustivorligi (mehr-muruvvat, adolatlilik va boshqalar), o’z ustiga ishlashga layoqatlilik, doimiy barkamollikka intilish kabilar inson salomatligining dastlabki ma’naviy poydevoridir. Bu sifatlar ayniqsa, O’zbekiston sharoitida o’ta muhimdir. Chunki aynan ma’naviyatli insonlar nafaqat o’zlarining, balki yaqin atrofdagilarning ham sog’lig’iga ijobiy ta’sir ko’rsatuvchilar ekanligi azaliy qadriyatimiz sirasiga kiradi. Masalan, bozorda harid qilayotgan odamga nisbatan ko’rsatilgan samimiy hurmat, e’tibor, adolatlilik xaridor kayfiyatini shu qadar ko’taradiki, olgan xarid moli timsolida “pulini uyiga qaytarib ketayotganday” mamnun bo’ladi. Shuning uchun ham qiziqarli psixologiyada “pul psixoterapiyasi” atamasi borki, bu eng avvalo xotin-qizlarda sinab ko’rilgan. Agar ayol ishda asablari charchab uyga kelayotib, o’zi istagan har qanday narsani harid qilsa, ayniqsa uni xushmuomala sotuvchidan sotib olsa, uning ruhiyatiga orom beradi, uyga xush kayfiyat bilan kirib keladi, bu o’z navbatida uning oila a’zolari kayfiyatini ham ko’taradi. Shuning uchun oilada, kasalxonada, mehnat jamoasi, transport yoki bozor-o’charda odamlarning o’zaro samimiy muomalalari salomatlikning samarali kafolatlaridan bo’lib, bu sifatlar faqat o’zimizga bog’liqdir.
Bevosita shaxsning o’ziga aloqador bo’lgan jihatlardan yana biri bu uning maqsadga intiluvchanligi hisoblanadiki, ayni sifat uning ongida hayotning mazmun-mohiyati borligi, irodasining quvvati, faolligi, shijoati, g’ayrati, o’z xulqini nazorat qila olishi, o’ziga nisbatan bahosining me’yoriyligini taqozo etadi. Bu ko’proq axloq masalasi bo’lib, uning ilk maktabi – oiladir.
Dostları ilə paylaş: |