14-mavzu: O’zbekistonning davlat mustaqilligini qo’lga kiritishi va uning tarixiy ahamiyaTI. Demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati asoslarining barpo etilishI
14-MAVZU: O’ZBEKISTONNING DAVLAT MUSTAQILLIGINI QO’LGA KIRITIShI VA UNING TARIXIY AHAMIYaTI. DEMOKRATIK HUQUQIY DAVLAT VA FUQAROLIK JAMIYaTI ASOSLARINING BARPO ETILIShI.
Reja:
O’zbekiston davlat mustaqilligining e’lon qilinishi va uning tarixiy ahamiyati.
2.O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi.
3.O’zbekistonda huquqiy demokratik davlat asoslarining barpo etilishi.
4.O’zbekistonda demokratik fuqarolik jamiyat asoslarini yaratilishi.
Tayanch so’z va iboralar:Istiqlol, islohot, Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, parlament, ko’ppartiyaviylik, Oliy Majlis, Prezidentlik–respublika boshqaruvi, Vazirlar Mahkamasi, jamiyat, modernizasiya, siyosiy partiyalar, mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari, milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona va soliq qo’mitalari, konsernlar, korporasiyalar, hissadorlik jamiyatlari, uyushmalar, qishloq, ovul, mahalla oqsoqollari, Xotin-qizlar qumitasi, ikkipalatali parlament.
-I- Respublika Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari sessiyasi 1991 yil 31 avgustda o’z ishini boshladi. O’zbekistonning mustaqil davlat deb e’lon qilinishida mazkur sessiya katta tarixiy ahamiyatga ega bo’ldi. Unda «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida" hamda "O’zbekiston Respublikasining davlat bayrog’i to’g’risida"gi masalalar kun tartibiga qo’yilib, qizg’in muhokama qilindi. Oliy Kengash deputatlari moddama-modda muhokamadan so’ng O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to’g’risidagi qonunni qabul qildilar. So’ngra Respublika Davlat mustaqilligi to’g’risidagi Bayonot qabul qilindi. O’zbekiston SSRning nomi O’zbekiston Respublikasi deb o’zgartirildi.
Mustaqillik belgilangan kun 1 sentyabr 1991 yildan boshlab milliy bayram va dam olish kuni deb e’lon qilindi. O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi haqidagi bu hujjatlar o’zbek xalqining asriy orzusi ro’yobga chiqqanligining huquqiy ifodasi bo’ldi.
O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilinishi bilan birga Davlat mustaqilligi bilan bog’liq qonunlar tizimini yaratish zarur edi. O’zbekiston erishgan istiqiqlolni mustahkamlash uchun mamlakatda referendum o’tkazishga qaror qilindi. 1991 yili 18 noyabrda Oliy Kengash VIII sessiyasi O’zbekiston Respublikasi referendumini o’tkazish to’g’risida qaror qabul qildi. Referendum yakuniga ko’ra (1991 yil 29 dekabr) unda qatnashgan aholinining 98,2 foizi O’zbekiston mustaqilligini yoqlab ovoz berdi. O’zbekiston mustaqil respublika deb e’lon qilinishi jahon jamoatchiligi tomonidan ham zo’r qoniqish bilan kutib olindi. 1991 yil 14 sentyabrida O’zbekiston Kompartiyasining Favqulodda XXSh syezdida I.A.Karimov taklifi bilan O’zbekiston Kompartiyasi KPSS tarkibidan chiqqanligi e’lon qilindi. Partiyaning bundan buyon faoliyat ko’rsatmasligi e’tiborga olinib, ushbu partiya o’rnida Xalq-Demokratik partiyasi tuzilgani e’lon qilindi. O’zbekiston mustaqil davlat deb e’lon qilingan kunning o’zidayoq mustaqil davlat ramzlarini joriy qilish yuzasidan amaliy choralar ko’rildi. O’zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog’i to’g’risida, respublika gerbining nusxasi va Davlat madhiyasining musiqiy bayoni haqida maxsus qaror qabul qilindi. Unda Konstitutsiya komissiyasining ekspert guruhiga Davlat bayrog’ining variantlari ustida ishlashni davom ettirish, Oliy Kengashning tegishli qo’mitalariga Konstitutsiya komissiyasi ijodiy guruhi bilan hamkorlikda Davlat bayrog’i, madhiyasi haqida qonun loyihalarini ishlab chiqib, navbatdagi sessiyaga taqdim etish topshirildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrida bo’lib o’tgan VIII sessiyasi "O’zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog’i to’g’risida" qonun qabul qildi. O’zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog’i ulug’ ajdodlarimizning aqida va maslaklariga mos keluvchi, millat tabiati va xalqimiz ruhiyatidan kelib chiqib, uning milliy va ma’naviy jihatlarini ham o’zida aks ettirmog’i kerak edi. Mamlakatimiz davlat bayrog’i yurtimizning o’tmishi, bugungi kuni va kelajagining yorqin ramzi bo’lib qoldi. 1992 yil 2 iyulda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida "O’zbekiston Respublikasining davlat gerbi" to’g’risida qonun qabul qilindi. Davlat gerbidagi har bir belgi chuqur ma’noga ega. Gerb rangli tasvirda bo’lib, xumo qushi kumush rangda, quyosh, boshoqlar, paxta chanog’i va "O’zbekiston" degan yozuvlar tilla rangda, g’o’za shoxlari, barglari va vodiylar yashil rangda, tog’lar havo rangida, chanoqdagi paxta, daryolar, yarim oy va yulduz oq rangda.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 10 dekabrida bo’lib o’tgan XI sessiyasida "O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to’g’risida"gi qonun qabul qilindi. Sessiyada shoir Abdulla Oripov va bastakor Mutal Burxonov tomonidan tayyorlangan madhiya nusxasi tasdiqlandi.
O’zbekiston mustaqlilikka erishgandan keyin davlat boshqaruvining Prezidentlik shakli rivojlandi. 1991 yil 29 dekabrda o’zbek xalqi xohish-irodasi bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidentini sayladi. Saylovga jiddiy tayyorgarlik ko’rilib, O’zbekiston Respublikasi saylovlari muqobillik asosida o’tdi. Oliy lavozimga ikki nomzod - O’zbekiston XDP va O’zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi nomzodi I.A.Karimov va "Erk" Demokratik partiyasi vakili Saloy Madaminov (Muhammad Solih) nomzodi qo’yildi.
Saylovlar yakuniga ko’ra 8 million 514 ming 136 ovoz yoki ovoz berishda qatnashganlarning 86 foizi Islom Karimov nomzodini, 1 million 220 ming 474 saylovchi (12,3 foiz) Saloy Madaminov nomzodini yoqlab ovoz berdi. Markaziy saylov komissiyasi okrug komissiyalari majlis bayonlarini ko’rib chiqib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risidagi qonunning 35-moddasiga asosan Islom Abdug’aniyevich Karimovni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblashga qaror qildi.
Asrlarga teng qisqa vaqtda O’zbekistonda erishilgan yutuqlar, xususan, mamlakatda o’rnatilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy barqarorlik, tarixiy, diniy, milliy qadriyatlarmizning tiklanishi, jamiyatda o’rnatilgan osoyishtalikni, mustaqil O’zbekiston respublikasining xalqaro hamjamiyatda tutgan o’rnining ortib borishini butun halqimiz, jahon jamoatchiligi Islom Karimov nomi bilan bog’laydi.
Islom Karimovning har bir asari, ma’ruza va maqolalari bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyat qurishning g’oyaviy-nazariy asoslarini, amaliy ishlarining kundalik dasturini tashkil qiladi.
G’arb va Sharqning rivojlangan mamlakatlari asrlar davomidagi taraqqiyot yo’llarini, o’zbek davlatchiligining ming yillar davomidagi tarixiy tajribasini o’rgangan holda yaratilgan I.A.Karimov asarlarida Mustaqil O’zbekiston Respublikasining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-madaniy taraqqiyotining muhim yo’nalishlari, yangi jamiyat qurishning butun dunyoda tan olingan asosiy tamoyillari to’g’risida ta’limot yaratildi.
Istiqlolning dastlabki bosqichida nashr yuzini ko’rgan "O’zbekistonning o’z mustaqil va taraqqiyot yo’li", "O’zbekiston - bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li» va boshqa bir qancha asarlari va nutqlarida bayon etilgan O’zbekiston Respublikasi mustaqliligining birinchi navbatdagi vazifalari keyinchalik g’oyat muhim ahamiyat kasb etgan "O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida, "Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish vazifalari" va boshqa asarlarida o’z rivojini topdi.
O’zbekistonning yaqin o’tmishida va XX asrning so’nggi o’n yilida bosib o’tgan yo’llari, uning saboqlari, XXI asrda Respublika istiqlolini mustahkamlashning strategik vazifalarining asosiy yo’nalishlari I.A.Karimovning bir qancha xorijiy mamlakatlarda bosilib chiqqan «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari.", "O’zbekiston XXI asrga intilmoqda" asarlari va ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning birinchi sessiyasidagi (22-yanvar 2000 yil) nutqida bayon etib berildi.
Islom Karimov donoligining yana bir ko’rinishi bozor munosabatlariga o’tish va demokratik jamiyat qurish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy, g’oyaviy va mafkuraviy ishlarning yuksak ahamiyatini ta’kidlab ko’rsatganligidadir.
Istiqlol sharoitida odil demokratik jamiyat qurish vazifalarining
ortib borishi, xalqaro ekstremistik, diniy aqidaparastlik harakatlarning
mustaqilligimizga tahdidini hisobga olib, Islom Karimov jamiyatshunos olimlar bilan uchrashuvida (aprel, 2000 yil), gazeta va jurnallar muxbirlarining savollariga javoblarida (fevral 1998 yil, avgust 1998 yil, iyun 2000 yil) milliy istiqlol g’oyasi va mafkurasini ishlab chiqish va ularni aholi o’rtasida keng targ’ib qilish, ayniqsa yoshlarimiz ongiga singdirish zarurati bu murakkab lekin muhim ishlarning yo’llari va usullariga e’tiborini kuchaytirdi.
I.A.Karimov yangi jamiyat qurishda milliy, diniy qadriyatlarimizni tiklash ishlariga, shu maqsadda Vatanimiz tarixini xolisona, haqqoniy yaratishga jamiyatshunos olimlarning e’tiborini jalb qildi. Vatanimiz tarixini o’rganish uning yangi, kelajak avlodni tarbiyalashdagi tutgan o’rni, ahamiyati masalalari I.A.Karimovning "Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q" (1998 yil, avgust) nomli asarida keng bayon etib berildi. Yurtboshimiz haqqoniy tarix millatning o’zligini anglashning poydevori, ma’naviy-mafkuraviy, g’oyaviy-siyosiy ishlarimizning haqiqiy manbai ekanligini qayta-qayta taqqoslab ko’rsatiladi. O’tish davrining murakkab vazifalari, qarama-qarshiliklari davlat rahbaridan boshqaruvning har xil usullarini kerak bo’lsa qattiqo’llikni talab qiladi. Islom Karimov shunday vaziyatda xalqimiz manfaatlariga mos keladigan demokratik usullardan foydalanib mamlakatni boshqardi.
O’zbekiston xalqining istiqlol yillarida erishgan eng katta yutug’i -mamlakatda o’rnatilgan tinchlik, barqarorlik, tartib intizomdir. Respublika aholisining mutlaq ko’pchiligi (97,5 foizi) bunday sharoitga bevosita I.A.Karimovning yetakchiligida erishildi deb hisoblaydi.
I.A.Karimov yangi davrning jahon miqyosidagi davlat arbobi, O’zbekiston xalqining buyuk yo’lboshchisi sifatida mamlakatninggina emas, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning qator nishonlari va faxriy
unvonlari bilan taqdirlandi.
-II- O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyat qurilishining Konstitutsiyaviy va huquqiy asoslarini yaratish va yuksak taraqqiyotimizning kafolati rolini muvaffaqiyatli bajarmoqda.
Mustaqillik tomon qo’yilgan dastlabki qadamlardan biri - bo’lajak suveren Respublikaning Konstitutsiyasini tayyorlash g’oyasi I.A.Karimov tomonidan 1990 yilni mart oyida ilgari surildi. Ko’p o’tmay shu yilning iyun oyida Oliy Kengashning ikkinchi sessiyasida Respublika Prezidenti rahbarligida 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy Komissiya tuzildi.
Komissiya Konstitusiya loyihasini tayyorlash jarayonida xalqaro huquq qoidalariga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining hujjatlariga, Butunjahon inson huquqlari Deklarasiyasiga amal qildi. Dunyoning ko’pgina
taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlarning konstitutsiyaviy hujjatlari o’rganib chiqildi. Shu bilan birga boy tariximizdagi davlat boshqaruv tizimi va adolatli qonunshunoslik an’analari ham chuqur o’rganildi.
Mustaqillik Konstitutsiyasi loyihasida O’zbekistonda yuz bergan tarixiy o’zgarishlar hisobga olindi. Xususan, O’zbekiston mustaqilligini qonunlashtirish, iqtisodiyotda bozor munosabatlariga o’tishning shartlari, davlat va jamiyat qurilishida demokratik tizimning tamoyillari, inson huquqining ustuvorligi ifodasini topdi. Konstitutsiyada bayon etiladigan masalalarni birma-bir o’rganib chiqish uchun 35 kishidan iborat ishchi guruh va har bir bo’limini alohida tayyorlaydigan kichik guruhlardan iborat komissiyalar tashkil etildi.
Ishchi guruh va komissiyalar 1991 yilni oktyabrida Konstitutsiyaning birinchi, 1992 yilni bahorida ikkinchi nusxasini tayyorladi va shu nusxasi 1992 yilni 26 sentyabrida umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi. Joylardan tushgan minglab takliflar o’rganib chiqilib, noyabr oyida ikkinchi marta matbuotda bosib chiqildi.
Tuzatishlar va aniqlashlardan keyin mustaqil O’zbekiston Respublikasining Asosiy Qonuni 1992 yili 8 dekabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII chaqiriq XI sessiyasida qabul qilindi.
Mustaqillik Konstitutsiyasi muqaddima, olti bo’lim, 26 bob, 128 moddadan iborat bo’ldi. Birinchi bo’limda Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari bayon etilib, unda Davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunning ustunligi, tashqi siyosatning bosh yo’nalishlari o’z ifodasini topdi. Asosiy Qonunning Ikkinchi bo’limi 35 moddadan iborat bo’lib, Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag’ishlangan. Bunda, O’zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklariga ega ekanligi, O’zbekistonning butun hududida yagona fuqarolik o’rnatilganligi, fuqarolarning shaxsiy huquqlari va erkinliklari, vijdon erkinligi va uning kafolatlanishi yoritilgan. Insonning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishga bevosita hamda o’z vakillari orqali qatnashishlari, siyosiy partiyalar va harakatlarga qo’shilish huquqlari ta’kidlab ko’rsatilgan.
Asosiy Qonunda fuqarolarning mulkdor bo’lishi, mehnat qilish, nafaqa olish, o’z vaqtida dam olish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, bilim olish huquqlariga ega ekanligi aniq qilib bayon etilgan va bu huquqlari va erkinliklari davlat tomonidan ta’minlanadi deb taqqoslab qo’yilgan. Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo’yilgan burchlarni, chunonchi, qonunlarga rioya qilish, xalqimizning tarixiy, ma’naviy meroslarini avaylab saqlash, atrof tabiiy muhitni asrash, soliqlar va mahalliy yig’imlarni o’z vaqtida to’lash, Vatanni himoya qilish kabi burchlari majburiy ekanligi ta’kidlangan.
Konstitutsiyaning "Jamiyat va shaxs" bo’limida O’zbekiston iqtisodiyoti bozor munosabatlariga asoslanishi, uning negizini xilma-xil mulk shakllarining teng huquqga ega ekanligiga kafolat berildi. Ishbilarmonlik, tadbirkorlik va tashabbuskorlik harakatiga keng yo’l ochib berildi va mulkdorlar tabaqasini vujudga keltirish tamoyillari ishlab chiqildi. Jamiyat ijtimoiy birlashmalari, oila va ommaviy axborot vositalarining o’rni aniq bayon etib berilgan.
O’zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi, O’zbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpog’iston Respublikasining o’zaro munosabatlariga maxsus to’rtinchi bo’lim ajratilgan.
Mustaqil O’zbekiston Respublikasida davlat hokimiyatining tashkil etilishi beshinchi bo’limda (50 modda) o’z ifodasini topgan. Davlat va hokimiyat organlari, Prezident, Vazirlar mahkamasining vakolatlari, ularni shakllantirish yo’llari aniq va ravshan bayon etilgan. Shu bilan birga bu bo’limda mahalliy hokimiyat organlari, sud va Prokuratura, Davlat Mudofaasi masalalari o’z ifodasini topgan.
Mustaqillik Konstitutsiyasining qabul qilinishi g’oyat katta siyosiy, huquqiy va xalqaro ahamiyatga ega bo’ldi. Asosiy Qonunimiz mamlakatda demokratik tamoyillarni amalga oshirish, xalqimizni huquqiy ma’naviy va
mafkuraviy tarbiyalashda katta o’rin tutmoqda.
Prezidentning "O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini o’rganishni tashkil etish to’g’risida"gi farmoyishiga asosan Konstitutsiyaning jamiyatdagi o’rni va ahamiyatini o’rganish, yosh avlodning huquqiy ongi, tafakkuri va madaniyatini yuksaltirish, uning mazmun-mohiyatini targ’ib qilish uchun 20 kishidan iborat maxsus komissiya tuzildi. Prezidentning Asosiy Qonunni "...bolalar bog’chasidan boshlab o’rganishni, maktablarda darslik tariqasida o’qitishni, oliy o’quv yurtlarida maxsus bir dars sifatida o’rganishni barcha mutasaddi rahbar va tashkilotlarga topshiriq tariqasidagi…" ko’rsatmasi butun Respublikada Mustaqillik Konstitutsiyasini tashviqot va targ’ibot qilishning dasturi bo’ldi.
-III- O’zbek xalqining ko’p asrlik orzu-umidlari ifodasi bo’lgan mustaqillikning asosiy xususiyati milliy, umuminsoniy qadriyatlarni ta’minlaydigan huquqiy-demokratik davlat qurish edi.
Mustaqillik yillari milliy davlatchilik asoslarini qurish yillari bo’ldi. O’tgan yillar ko’hna tariximizni teran his qilish, hozirgi jahon jarayonida o’z o’rnimizni egallash davri bo’ldi. Bu davrda biz o’zligimizni anglab, tarixiy yo’limizni uzil-kesil tanlay oldik.
I.A.Karimov tarixiy an’analarga, dunyo tajribalariga, o’lkaning o’ziga xos tomonlariga tayangan holda jamiyatni siyosiy jihatdan tubdan isloh qilish yo’llarini ishlab chiqdi. Bu jarayonda ikkita bosh vazifa:
1. Eski ma’muriy tizimni tugatish va hokimiyat boshqaruv organlarini qayta qurish;
2. Yangi davlatchilikning huquqiy va siyosiy asoslarini yaratish, davlatchilikda yangi markaziy va mahalliy boshqaruv tizimini shakllantirish masalalarini hal qilishdan iboratdir.
Jamiyatda qonuniylikning g’alaba qilishi, fuqarolarni ijtimoiy-siyosiy va boshqa huquqlarini himoyasi uchun hokimiyatlarning bo’linish prinsipi haqli ravishda amalga oshirildi. O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 11-moddasida hokimiyatning bo’linishi tamoyili konstitusiya darajasida mustahkamlandi.