3 mavzu: “Etika” fanining predmeti va jamiyat hayotidagi ahamiyati. Nikoh va oilaning axloqiy asoslari, uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni soat Reja



Yüklə 60,83 Kb.
səhifə1/6
tarix01.06.2023
ölçüsü60,83 Kb.
#121586
  1   2   3   4   5   6
FALSAFA 13-NAZARIYA


13 - mavzu: “Etika” fanining predmeti va jamiyat
hayotidagi ahamiyati. Nikoh va oilaning axloqiy asoslari,
uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni - 2 soat


Reja:



  1. “Etika” fanining predmeti, mohiyati va tuzilmasi. Gedonizm va evdemonizm ta’limotining axloqiy ahamiyati.

  2. Etikaning kategoriyalari, tamoyillari, me’yorlarining shaxs va jamiyat munosabatlarida namoyon bo‘lishi. Ixtiyor erkinligi va axloqiy tanlov.

  3. Nikoh - eng qadimgi axloqiy munosabat shakli. Oilaning psixologik, ijtimoiy-ma’naviy muhitining farzand tarbiyasiga ta’siri.

  4. O‘zbekistonda yoshlar tarbiyasi, ma’naviy-axloqiy kamolotida nikoh va oila haqidagi milliy axloqiy qadriyatlarining o‘rni.



Darsning maqsadi: “Etika”ning fan sifatida shakllanishi, uning asosiy
kategoriyalari, nikohning mohiyati va yoshlar tarbiyasida oilaning axloqiy
qadriyat ekanligi haqida yaxlit qarashlarni shakllantirish.


Tayanch tushunchalar: etika, odob, xulq, axloq, noosfera, etosfera, ezgulik, yovuzlik, fazilat, illat, ruh, ixtiyor erkinligi, iztirob, adolat, donishmandlik, lazzat, maqsad, vosita, qalb, manfaat, yovuzlik, burch, axloqiylik, muhabbat, baxt, vijdon, hayo, uyat, insof, Vatan, Vatanparvarlik, halollik, achinish, shafqat, muomala odobi, etiket, kasbiy odob.



  1. Etika” fanining predmeti, mohiyati va tuzilmasi. Gedonizm va evdemonizm ta’limotining axloqiy ahamiyati.

Axloqshunoslik bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy fan. U bizda «Ilmi ravish», «Ilmi axloq», «Axloq ilmi», «Odobnoma» singari nomlar bilan atab kelingan.


Yevro‘pada esa «Etika» nomi bilan mashhur, biz ham yaqin-yaqingacha shu atamani qo‘llar edik. Uni birinchi bo‘lib yunon faylasufi Arastu muomalaga kiritgan. Arastu fanlarni tasnif qilarkan, ularni uch guruhga bo‘ladi: nazariy, amaliy va ijodiy. Birinchi guruhga u falsafa, matematika va fizikani; ikkinchi guruhga - etika va siyosatni; uchinchi guruhga esa – san’at, hunurmandchilik va amaliy fanlarni kiritadi. Shunday qilib, qadimgi yunonlar axloq haqidagi ta’limotni fan darajasiga ko‘targanlar va “Etika” (taethika) deb ataganlar.
Hozirgi kunda bu fanni ilmiy va zamonaviy talablar nuqtai nazaridan «Axloqshunoslik» deb atash maqsadga muvofiqdir. «Axloqshunoslik» axloqning kelib chiqishi va mohiyatini, kishining jamiyatdagi axloqiy munosabatlarini o‘rganadi.
«Axloq» so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, «hulq» so‘zining ko‘plik shaklidir. «Axloq» iborasi ikki xil ma’noga ega: umumiy tushuncha sifatida fanning tadqiqot ob’ektini anglatsa, muayyan tushuncha sifatida inson fe’1-atvori va xatti-harakatining eng qamrovli qismini bildiradi. Axloqni umumiy tushuncha sifatida olib, uni doira shaklida aks ettiradigan bo‘lsak, doiraning eng kichik qismini odob, undan kattaroq qismini xulq, eng qamrovli qismini axloq egallaydi.
Axloqshunoslik faninig turli ijtimoiy omillari mavjud bo‘lib, ularga guyidagilar kiradi: tarbiyaviy, axloqiy va xulqiy.
Axloqshunoslik fanining rivojlanishida odob, xulq, axloq so‘zlari o‘z o‘rniga egadir. Ular quyidagi ta’riflarda ifodalanadi.
Odob - inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Xulq - oila, jamoa, mahalla-ko‘y miqyosida ahamiyatli bo‘lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydigan yoqimli insoniy xatti-harakatlarning majmui.
Axloq esa - jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun namuna bo‘la oladigan ijobiy xatti-harakatlar yig‘indisidir.
Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, axloqiy tarbiya natijasida odoblilik-xushxulqlilikka, xushxulqlilik - yuksak axloqiylikka aylangani kabi, axloqiy tarbiya yo‘lga qo‘yilmagan joyda muayyan shaxs, vaqti kelib, odobsizlikdan - badxulqlilikka, badxulqlilikdan - axloqsizlikka o‘tishi mumkin.
Shunday qilib, axloqshunoslik mazkur uch axloqiy hodisani bir-biri bilan uzviylikda va nisbiylikda o‘rganadi.
Axloqshunoslik qadimda fizika va metafizika bilan birgalikda falsafaning uzviy (uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) alohida falsafly yo‘nalishdagi fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma'lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni haqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqqan holda, falsafaning tadqiqot ob'ektini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi yoxud ezgulik falsafsi deb atash mumkin.
Hozir u falsafly fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya'ni axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etar ekan, u axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. Shunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va rasmona-me'yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero sof nazariy axloqshunosliknmg bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi. Ya'ni, axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, Sitseron, Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy, Spinoza, Kant, Hegel, Shopenhauer, Foyerbax, Kirkegaard, Nitsshe, V. Solovyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq nazariyasiga doir ta'limotlar bilan birgalikda «Patanjali», «Qobusnoma», Sa'diyning «Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul - qulub», Montenning «Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa bag‘ishlangan asarlar ham o‘z mustahkam o‘rniga ega.
Axloqshunoslikning boshqa falsafiy fanlardan farqi ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning omuxtaligidadir. Keyingi paytlarda axloqshunoslikning ekologiya bilan aloqasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Tarixan axloqshunoslik ko‘proq insonning o‘zi, o‘zgalar va jamiyat oldidagi majburiyatlarini tahlil etish bilan shug‘ullangan, uning tabiatga bo‘lgan munosabati diqqat markazidan chetda qolib kelgan. Lekin, keyingi davrlarda, ayniqsa, XX asrda tabiatga nisbatan tor manfaatparastlik doirasidagi yondoshuvlar oqibatida paydo bo‘lgan ekologik buhron manzarani o‘zgartirdi. Endilikda global ekologik muammolar ko‘proq odamlarning ijtimoiy-axloqiy nuqtai-nazarlariga bog‘liq ekani ma'lum bo‘lib qoldi.
Shunday qilib, hozirgi kundagi ekologik muammolarni hal etish axloqshunoslikka borib taqalmoqda. XX asrda ekologik axloqshunoslik degan maxsus soha ham yuzaga keldi. Lekin, bu - axloqshunoslik ekologiyani to‘liq o‘z ichiga oladi, degan so‘z emas. Chunki bunda axloqiy baholash va boshqarish ob'ekti sifatida tabiatning o‘zi emas, balki odamning tabiatga bo‘lgan munosabati maydonga chiqadi.

Yüklə 60,83 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin