Abdulla avloniy



Yüklə 99,5 Kb.
tarix04.04.2023
ölçüsü99,5 Kb.
#93285
ABDULLA AVLONIY. TURKIY GULISTON YoXUD AXLOQ


ABDULLA AVLONIY. TURKIY GULISTON YoXUD AXLOQ
Reja:

  1. Abdulla Avloniy haqida ma’lumot

  2. Abdulla Avloniy ijodiyoti

  3. Abdulla Avloniy. Turkiy Guliston yoxud axloq asari haqida




Atoqli ma’rifatparvar, iste’dodli shoir va pedagog Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentda kosib oilasida dunyoga kelgan va eski maktabda ta’lim olgan. U tarjimai holida bu haqda shunday yozgan: «12 yoshimdan O‘qchi mahallasidagi madrasada dars o‘qiy boshladim. 13 yoshimdan boshlab yoz kunlari mardikor ishlab, oilamga yordam qilib, qish kunlari o‘qir edim. 14 yoshimdan boshlab, o‘sha zamonga muvofiq har xil she’rlar yoza boshladim. Bu zamonlarda «Tarjumon» gazetasini o‘qib, zamondan xabardor bo‘ldim». Avloniy madrasani bitirib, maktabdorlik bilan shug‘ullandi. O‘qish va o‘qitish usuliga isloh kiritib, yangi tipdagi maktab tashkil etdi va yosh pedagog-o‘quvchilarga zamonaviy bilimlar berish, Sharq va G‘arb tillarini o‘rgatish kabi muhim ta’lim-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirdi.
Abdulla Avloniy maktab o‘quvchilari uchun «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» (1912), «Tarix», «Turkiy Guliston yoki axloq» (1913) kabi zamonasi uchun hodisa bo‘lgan darsliklarni yozgan. 1895 yildan ijodiy faoliyati boshlangan Avloniy «Qobil», «Shuhrat», «Hijron», «Avloniy», «Surayyo», «Abulfayz», «Indamas» taxalluslari bilan she’r, hikoya, feleton va kichik hajmli dramatik asarlar yaratgan. Shoir o‘z asarlarida zamonasidagi qoloqlikni, johillikni tanqid qiladi va kishilarni bilimga, ma’rifatga chaqiradi.
Abdulla Avloniy 1917 yilgacha mahalliy xalq orasidan yetishib chiqqan noshir va jurnalist sifatida Toshkentda «Shuhrat», «Osiyo» kabi gazetalarni tashkil etadi. U «Advokatlik osonmi?», «Ikki muhabbat», «To‘y», «S’ezd», «Layli va Majnun», «O‘liklar» kabi dramatik asarlarni yozib, ularda jaholat, bid’at, bilimsizlikning fojeali oqibatlarini, qo‘pol va yaramas urf-odatlarni fosh etadi. Abdulla Avloniy shoir sifatida ko‘plab she’rlar bitgan. Uning she’rlari xoh eski urf-odatlarga qarshi qaratilgan bo‘ladimi, xoh muhabbat yoki maktab-maorif haqida bo‘ladimi, hamma-hammasida inson, uning axloqiy go‘zalligi va ma’naviy boyligi kuylanadi. Jumladan, «O‘z mamlakatimizda» she’rida maishat uchun pul-boylikni mo‘l-ko‘l isrof etgan, ammo bola tarbiyasi uchun sariq chaqani ravo ko‘rmagan xasislarni «Ilm uchun pulni ko‘zlari qiymas», deb qoralaydi. Ayniqsa, uning «Adabiyot» (1915) kitobi bu jihatdan alohida ajralib turadi.
Avloniy 1913 yili «Turon» teatr truppasini tashkil etdi va shu teatr uchun original sahna asarlarini yaratish bilan birga qardosh dramaturglarning pesalarini o‘zbek tiliga tarjima ham qildi.
Abdulla Avloniy 20-yillarda o‘zbek xalqi maorifi va madaniyati taraqqiyotida ishtirok etibgina qolmay, qo‘shni afg‘on xalqining ijtimoiy-siyosiy hayotida ham muayyan rol o‘ynagan. U ma’lum muddat Afg‘oniston xalq maorifi vaziri, so‘ng Sho‘rolar Ittifoqining Afg‘onistondagi konsul-elchisi vazifalarida xizmat qilgan.
Avloniy umrining so‘nggi yillarida O‘rta Osiyo Kommunistik universitetida dars berish bilan birga o‘zbek adabiyotidan qator darsliklarni yaratgan. U 1934 yil 24 avgustda 56 yoshida vafot etgan.

Men bu asari nochizonimni birinchi maktablarimizning yuqori sinflarida ta’lim bermak ila barobar ulug’ adabiyot muhiblari, axloq havaskorlarining anzori oliylarina taqdim qildim.

Har kun o’luram shomg’acha men g’amga giriftor,
Har shab yonaram otasha parvona kabi zor.
Hyech kimsa emas bu meni ahvolima voqif,
Men xastayamu millatim o’lmish nega bemor.

Noshiri va shoiri Abdulla Avloniy

2-tab’i, sana 1336 h./1917 m. Toshkent,
Tip. Lit. «Par. Sos. revolyus» 1917 g.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

AXLOQ

Insonlarni yaxshilikg’a chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgan kitobni axloq deyilur. Axloq ilmini o’qub, bilub amal qilgan kishilar o’zining kim ekanin, janobi Haq na uchun xalq qilganin, yer yuzida nima ish qilmak uchun yurganin bilur. Bir kishi o’zidan xabardor bo’lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O’z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg’a sa’y va ko’shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Mezon tarozusiga qo’yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og’irroqi yo’qdur. Mo’min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro’za tutub ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar», – demishlar.



So’ylasang so’yla yaxshi so’zlardan,
Yo’qsa jim turmoqing erur yaxshi.
O’ylasang yaxshi fikrlar o’yla,
Yo’qsa gung bo’lmoqing erur yaxshi.
Ishlasang ishla yaxshi ishlarni,
Yo’qsa bekorlig’ing erur yaxshi.

XULQ


Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko’z ila bor narsalarni ko’rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo’ladur.

Jasadning surati hammaga ma’lum bir narsadurki, har vaqt ko’zga ko’rinib turadur. Ammo nafsning surati ko’zga ko’rinmaydurgan, aql ila o’lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub tarbiyasiz, axloqsiz bo’lib o’sdimi, «Allohu akbar» bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turub yulduzlarga qo’l uzatmak kabidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz:

«Bir tog’ning o’rnidan ko’chib ketganini eshitsangiz, ishoningiz, ammo bir odamning xulqi boshqa bo’ldi deb eshitsangiz ishonmangiz», – demishlar.

Xulqi yomon yuz, ko’zlidin na sud


Yuz, ko’zli xulqni qilmas kashud.
Xulq mariziga davo istasang,
Marg davosin berilur qistasang.
Xulqi yomoning keturar ko’p zarar,
Xulqing o’zi boshingga kaltak urar.
Xulqi fano bo’lsa degil alhazar,
Xor-u zalillikda qolur darbadar.

YaXShI XULQ, YoMON XULQ

Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga bo’lmishlar Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg’a tavsif bo’lub, «yaxshi xulq» agar tarbiyatsiz o’sub, yomon ishlaydurgan bo’lub ketsa, yomonliqg’a tavsif bo’lub «yomon xulq» deb atalur.

Janobi Haq insonlarning asl xilqatda iste’dod va qobiliyatli, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani ayiradurgan qilub yaratmishdur. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga yetkurmak tarbiya ila bo’ladur. «Qush uyasinda ko’rganin qiladur». Inson javhari qobildur. Agar yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanub, go’zal xulqlarga odatlanub katta bo’lsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson bo’lub chiqar. Agar tarbiyatsiz, axloqi buzulub o’ssa, Allohdan qo’rqmaydurgan, shariatga amal qilmaydurgan, nasihatni qulog’iga olmaydurgan, har xil buzuq ishlarni qiladurgan, nodon, johil bir rasvoyi olam bo’lub qolur.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Imoni komil bo’lgan kishilar yaxshi xulqli bo’lurlar, sizning eng yaxshilaringiz xotunlariga yaxshilik qilganlaringizdur», - demishlar.

Xudoning rahmat-u fayzi hama insonga yaksardur,


Va lekin tarbiyat birla yetushmak sharti akbardur.
Tug’ub tashlov-la bo’lmas bola, bo’lg’ay balo sizga,
Vujudi tarbiyat topsa, bo’lur ul rahnamo sizga.
Temirchining bolasi tarbiyat topsa, bo’lur olim,
Buzulsa xulqi, Luqmon o’g’li bo’lsa, bo’lg’usi zolim.
Yomonlarga qo’shuldi Nuhning o’g’li, o’ldi beimon,
Yurudi Kahf iti xublar-la bo’ldi oti inson.

TARBIYa


Tarbiya – «Pedagogiya», ya’ni bola tarbiyasining fani demakdur.

Ilmi axloqning asosi tarbiya o’ldug’indan shul xususda bir oz so’z so’ylaymiz. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni o’rgatmak, yomon xulqlardan saqlab o’sdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga «yaxshi xulq» degan davoni ichidan, «poklik» degan davoni ustidan berub, katta qilmog’i lozimdur. Zeroki, «Hassinu axloqiko’m» amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakg’a amr o’linganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi bo’lishining asosiy panjasi tarbiyadur.

Axloqimizning binosining go’zal va chiroyli bo’lishiga tarbiyaning zo’r ta’siri bordur, ba’zilar «tarbiyaning axloqqa ta’siri yo’q, insonlar asl yaratilishida qanday bo’lsalar, shunday o’sarlar, tabiat o’zgarmas», – demishlar.

Yomon xo’ tuzalmaydi darmon ila,


Ipak o’lmas ip, rangi alvon ila.
Boqing, bir daraxt mevasidur yomon,
Bo’lur yaxshi payvand, parvo bilan.
Bilur har kishi aslini rangidan,
Va yokim ulangandagi zangidan».

Lekin bu so’z to’g’ri emasdur. Chunki tarbiyaning axloqga, albatta, ta’siri bo’ladur. Oramizda masal borki, «sut ila kirgan, jon ila chiqar», mana bu so’z to’g’ridur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Beshikdan to mozorga borguncha ilm o’rgan», – demishlar. Bu hadisi sharifning ma’nosi bizlarga dalildur. Hukamolardan biri: – «Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog’lidur», – demish. Shariati islomiyada o’z bolalarini yaxshilab tarbiya qilmak otalarga farzi ayn, o’z millatining yetim qolgan bolalarini tarbiya qilmak farzi kifoyadur. Payg’ambarimiz: «Bolalaringizni yetti yoshida namozga o’rgatingiz. Agar o’n yoshida o’qimasa uringiz», – demishlar.

Har kishining dunyoda oromi joni tarbiyat,
Balki oxirida erur dorulamoni tarbiyat.
Tarbiyat hamroh etadur hur ila ruzvonlara,
Gar desam bo’lmas xato jannat makoni tarbiyat.
Ey, Otalar! Jonlaringizdan suchuk farzandingiz,
G’ayrat aylang o’tmasun vaqt-zamoni tarbiyat.
Moyai zilli xumodur tarbiyatning soyasi,
Bizda anqo tuxmidek yo’q oshyoni tarbiyat.

TARBIYaNING ZAMONI

Emdi ochiq ma’lum bo’ldiki, tarbiyani tug’ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go’zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur», – deb javob bersak, bir kishi deyurki, «qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo’li to’qmoq onalarmi? O’zlarida yo’q tarbiyani qaydan olib berurlar», der . Mana, bu so’z kishining yuragini ezar, bag’rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak , qaysi ota? To’ychi, uloqchi, bazmchi, do’mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko’zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o’zlarini o’qitmak, tarbiya qilmak lozimdur», – der. Mana bu so’zni eshitgach, umid qo’llari qo’ltuqg’a urilur.

Xayr, bo’lmasa muallimchi desak, «Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o’qumagan, «usuli ta’lim» ko’rmagan muallimlarni aytursizmi? Avval o’zlari dorilmuallimin»larda o’qimaklari, so’ngra dars bermaklari lozimdur», – der. Mana bu so’z insonni hayrat daryosiga g’arq qilur.

Mudarrislarga na dersiz desak, qaysi mudarris? Matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular o’z vazifalarini bilub, nafslaridan kechub, zamonga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla o’qutmaklari lozimdur», – der. Mana bu so’z har kimni «Alisloh» demakga majbur qilur. Bo’lmasa hukumat-chi? desak, «xayr , hukumat hammaning otasidur. O’z fuqarosining bolalarini tarbiya qilmak lozim, shuning uchun bizning Rusiya hukumati o’gay bo’lsak ham, har yerda bizlar uchun ham maktablar ochub, bolalarimizni tekin o’qitur. Lekin o’zimiz ish bilmagan, yalqov, uyda onamiz tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdan axloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi ko’rmaganimizdan, hukumat maktablaridan ham o’z hissalarimizni ololmaymiz», – der. Mana bu so’z bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanin bilmaganlig’imizni bildirur.

Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Insonlarning karami dinidadur, muruvvati aqlindadur, hasabi axloqindadur», – demishlar.

Agar bir qushning yosh bolasin olib,
Bo’lur tarbiyat birla yo’lga solib.
Onasin olib asrag’on birla rom,
Qilmas kishi sa’y qilsa mudom.
Kerak tarbiyat yoshlikdan demak,
Ulug’ bo’lsa lozim kelur g’am yemak.
Egur bemashaqqat kishi navdani,
To’g’unchi egur kuydirib kavdani.

BADAN TARBIYaSI

Badanning salomat va quvvatli bo’lmog’i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o’qumoq, o’qutmoq, o’rganmoq va o’rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur. Sog’ badanga ega bo’lmagan insonlar amallarinda, ishlarinda, ibodatlarinda kamchilik qilurlar. Maishatimizni rohatda bo’lmog’i jasadimizning sog’lom bo’lmog’iga bog’lidur. Biz sihatimizni saqlamak ila amr o’linganmiz, shuning uchun vujudimizi hifzi-sihatga zid bo’lgan yomon odatlar ila churitmakdan saqlanmakligimiz lozimdur. Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning o’ng ila terisi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponning ustini qo’yib astarini yuvub ovora bo’lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sog’lom bir vujud kerakdur. Shuning uchun ota-onalar bolalari kasal bo’lgan zamon beparvolik qilmay, tezlik ila tabib yoki do’xturga boqizmak kerak.

Imom Shofe’i hazratlari: «Ilm ikki xildur: biri badan ilmi, ikkinchi din ilmi», – demishlar. Bunga qaraganda eng avval hifzi sihat qoidalarini bilmak, salomatlikga ters bo’lgan narsalardan saqlanmak ila bo’ladur.

Ichkulik, ko’knor, nasha, afyun, taryok, chilim, nos, popirus kabi badanning salomatlikig’a zararli, og’ulik, ba’zisi harom, ba’zisi makruh, ba’zisi isrof bo’lgan narsalardan qochmak, saqlanmak shariat, aql, hikmat yuzasidan lozimdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Har narsa ko’p ichganda mast qiladurgan bo’lsa, man sizni aning ozginasidan ham nahy qilaman», – demishlar.

Salomatlikni saqlov lozim ishdur.


Gunahdin saqla jisming yoz-u qishdur.
Kasal bo’lsang, bo’lur dunyo qorong’u,
Maishat talx o’lub hasrat chekishdur.
Harom-u shubhadan pok et o’zingni,
Bu dunyo aysh-u ishratdan kechishdur.
Hama ishratchi hijronlikda ketdi,
Bu olamda bir ish ishlab ketishdur.
Turkiy guliston yoxud axloq kitobi

FIKR TARBIYaSI

Fikr tarbiyasi eng kerakli, ko’p zamonlardan beri taqdir qilinub kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, g’ayratli bo’lishiga sabab bo’ladur. Bu tarbiya muallimlarning yordamiga so’ng daraja muhtojdurki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi muallimning tarbiyasiga bog’lidur. Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo’lsa ham, ikkisi bir-biridan oyilmaydurgan, birining vujudi birig boylangan jon ila tan kabidur.

Masalan: joy solinmagan yaxshi bir uyning ichida o’tirmak mumkin o’lmadig’i kabi, ichiga har xil yangi ashyolar to’ldurub ziynatlangan eski imorat ham o’lturushga yaramaydur. Basharti o’ltursa, insonlar: «Eski uyga yangi zoldivor», «kir ko’ylakka jun jiyak», «mis qozonga loy tuvoq» deb hajv, kulgi qilurlar.

Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa,
Xanjar, olmosdan bo’lur o’tkur.
Fikrning oyinasi olursa zang,
Ruhi ravshan zamir o’lur benur.

AXLOQ TARBIYaSI

Axloq tarbiyasi: insonlarga eng muhim, ziyoda sharaf, baland daraja berguvchi axloq tarbiyasidur. Biz avvalgi darsda tarbiya ila dars orasida farq bor, deduk, chunki dars oluvchi-biluvchi, tarbiya oluvchi-amal qiluvchi demakdur. Shuning uchun tarbiya qiluvchi muallimlarning o’zlari ilmlariga omil bo’lub shogirdlarga ham bergan darslarini amal ila chaqushturub o’rgatmaklari lozimdur. Bu ravishi ta’lim ila berilgan dars va ma’lumot shogirdlarning diliga tez ta’sir qilub, mulloyi boamal bo’lurlar.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Eng yomon kishilar ilmiga amal qilmaydurgan kishilar», – demishlar. Agar tarbiya qiluvchi muallim o’zi olim bo’lub amalsiz bo’lsa, buning ham shogirdlarning axloqiga zo’r ta’siri bo’ladur. «Domlaning o’zi falon joyda falon ishni qildi. Ammo bizlarga qilmanglar, haromdur, deb va’z etadur», deb fikr va xayollariga bo’yla shak va shubha tushub qoladur.

BAYT
Minbar uzra jilva aylab va’z etarlar qilma deb,
O’zlarin xilvatda ko’rsang oni qilmoqda emish.
Ichma suv derlar biza oltun-kumush asbobda,
Bilsamiz maqsudlari qo’ltuqg’a urmoqda emish.

YaXShI XULQLAR

Yaxshi xulq: bir qismi o’z nafsimizga, bir qismini bir-birimizga qarshu ishlatmak uchun kerakli bo’lgan yaxshi xulqlar: fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, g’ayrat, riyozat, qanoat,shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, miqyosi nafs, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor,xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat va afvdur. Mana bu yozdig’imiz yaxshi xulqlar aql va shar’i sharifga muvofiq. Alloh taolo ham bandalar qoshida maqbul va mu’tabardur. Emdi bu yaxshi xulqlarni qo’lga olmak uchun ota-ona, muallim ustodlarimiz hazratlarining hikmatli nasihatlarini jon qulog’i birla tinglab, doim xotirda tutmoq, axloqi yaxshi kishilar birla ulfat bo’lmak, axloqi buzuq yomon kishilardan qochmak lozimdur. Bizim shariati islomiyada «axloqi hasana» – yaxshi xulqlar ila xulqlanmak, har narsaga ibrat ko’z ila boqub, xulqini tuzatmak vojibdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam: «Islomiyatda buzuqlik yo’qdur, buzuqlikni ustiga oluv ham yo’qdur. Islomiyatda eng mu’tabar kishilar yaxshi xulq egalaridur», – demishlar.

BAYT
Yaxshi birla yursa, har kim maqsudi hosil bo’lur,


Yursa nodonlar ila, bir kun borib qotil bo’lur.
Kattalar qilgan nasihatni kichiklar olmasa,
Oqibat xulqi buzuq bir beadab johil bo’lur.

FATONAT


Fatonat aql egasi bo’luv demakdir. Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidur. Inson aqli ila din va e’tiqodini mahkam qilur, shariat hukmlariga bo’yunsunar. Aqlsiz jinni kishilar bularga bo’yun qo’ymas, shariatdan tashqari ishlarni ham qilur. Janobi Haq insonni hayvonlardan so’z va aql ila ayirmishdur. Hayvonlar o’zlariga bo’laklar tarafidan keladurgan zulm va jabrlarni shox, tish, tumshuq, tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin inson janobi Haq tarafidan berilmish aql va idroki soyasida o’ziga keladurgan zarar va zulmlardan saqlanur. Yer yuzidagi hayvonlarni asir qilub, bo’ynidan boylab, iplarining uchini qo’llariga bergan insonlarning aqlidur.

Ilm insonlarning madori hayoti, rahbari najotidur. Ilm o’rganmak, olim bo’lmak uchun maktabga kirmak, muallimdan ta’lim olmak lozim. Aqlsiz kishilar na maktabga kirar va na muallimni bilar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ey insonlar! Aqlingizga tavoze’ qilingiz. Siz janobi Haq buyurgan va qaytargan narsalarni aqlingiz ila bilursiz», – demishlar. Hukamolardan biri: «Agar aqlingni qo’li nafsingni jilovini ushlasa, sani yomon yo’llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko’p bo’lsa, bahosi arzon bo’lur, aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko’paysa, shuncha qimmatbaho bo’lur», – demish.

Aqldek zebo sifatni ko’rdi Haq, insonga eb,
Oqil insonlar bilan berdi jahon-olamga zeb.
Aql nuri birla to’ldi dunyoga ilm-u hunar,
Aqlsiz inson qachon bilg’usidur naf’-u zarar?
Aqlsizlar bilmagaylar din nadur, dunyo nadur?
Bo’lmasa aqli bilurmi farz ila sunnat nadur?

DIYoNAT


Diyonat alloh huzurina yaqin qiladurgan muqaddas e’tiqoddurki, olamda mundan suyukli narsa yo’qdur Din va e’tiqodi salomat bo’lmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, munday kishilardan na o’ziga va na boshqa kishilarga, va na millatga tariqcha foyda yo’qdur. Din janobi Haq tarafidan bandalari uchun qurilmish to’g’ri yo’ldurki, banda dunyo va oxiratda bu yo’l ila sohili salomatga chiqar. Din ulamolari diniy kitoblarda Alloh taologa ibodat qilishning yo’l va qoidalarini bayon qilmishlar. Ibodat ikki turli bo’ladur: Biri tan ibodati, ikkinchisi ruh ibodati. Tan ibodati tahorat, namoz, ro’za, zakot, haj kabi amallardurki, bularning har birini o’z vaqtida shariatga muvofiq ravishda minnat qilmasdan, riyo qilmasdan dilni poklab, niyatni xolis qilub, shavq va zavq ila ado qilmoq lozimdur. Ruh ibodati qalb ila ado qilinadurgan ibodatdurki, e’tiqodni mahkam, dilni pok qilub, Qur’on, Hadis, fiqh kabi diniy kitoblar oqilganda jon qulog’i ila tinglab asarlanmakdur. B
ir kishi tan ibodatini qilub, ruh ibodatini qilmasa, yo ruh ibodatini qilib, tan ibodatini qilmasa o’z vazifasini ado qilmagan bo’ladur. Aql din ila, din amal ila, amal taqvo ila kamol topar. Din insonlarning dilidan saxovat, marhamat, shafqat, ulfat, muruvvat eshiklarini ochub, saodat va salomat bo’stoniga olib borur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Allohni ko’z oldingda ko’rub turgandek ibodat qil, zeroki, san oni ko’rmasang ham, albatta, Ul sani ko’radur, nafsingni o’lgan hisob et», – demishlar.

BAYT
Pok qilgil diningni, imoningni,


Qul huvar-rahmon omanno bih.
Diningni yoqmasun havas zinhor,
Va qino rabbano azoban-nor.

ISLOMIYaT

Islomiyat butun insoniyatdur. Insoniyat esa yaxshi xulqdan iboratdur . Islomiyatni rasuli akram sallollohu alayhi vasallam afandimizning yolg’uz o’zlari butun dunyo yuziga yaxshi xulqlari soyasida tarqatdilar. Sahobalar ham Payg’ambarimizning orqalaridan ergashub, mahkam e’tiqodlari, yaxshi axloqlari, pok qalblari, o’tkir shijoatlari ila yer yuzuni titratdilar. Kundan kun islomiyatning shavkat va quvvati ortdi. Olamga madaniyat, ma’rifat, musovot, adolat urug’lari Arabiston yarim orolidan yoyildi. Buning sababi sahobalardagi metin e’tiqod, buzulmas ittifoq, sof qalb, yaxshi amal, xolis niyat, tuganmas g’ayrat, go’zal axloq edi. Har narsaning ofati o’ldig’i kabi zamonlarning o’tuvi ila islomiyatning ittifoqina ko’z tegdi. Musulmonlar orasiga tafriqa tushdi. Hikmat egalari, funun sohiblari islomiyatdan quvlandi. Ilm-u hikmat xazinalari qulflandi. Jaholat, adovat hukm surdi-da, bo’yla o’ldi:

Afsus ekinzorni selob olibdur,


Dehqonni falokat bosub, uyquda qolibdur.

Musulmonlarning diliga ittifoq o’rniga nifoq, adolat o’rniga zulm, muhabbat o’rniga adovat, g’ayrat o’rniga atolat, muruvvat o’rniga g’azab, saxovat orniga buxl, tavozu’ o’rniga kibr, sadoqat o’rniga iftiro, shafqat o’rniga hasad, hilm o’rniga hamoqat, hurmat o’rniga xusumat, qanoat orniga tama, sabr o’rniga g’urur, iqtisod o’rniga isrof, afv o’rniga dahshat, sa’y o’rniga safohat, g’ayrat o’rniga xurofot yerlashdi. Mana, shul yomon xulqlari sababidin asri saodatdan buyon islomiyat keyin qarab ketdi. G’arib millatning chin xulafosi, ulamosi, hukamosi taxtindan, mansabindan mazhabindan suruldi. Odillar yerina zolimlar, olimlar yerina abu jahllar, bulbullar yerina qarg’alar, qumrilar yerina boyqushlar, bilmam va hokimlar yerina kimlar o’turdi. Shul sabablara mabni islomiyat dunyosi inqiroz sahrosina yuzlandi. Islom hukumatlarida birin-ketin ko’zdin nihon o’ldi.

Yetsa navbat o’lturar boyqush
Sulaymon tomiga,
O’rmaguchlar in qo’yar
Afrosiyob ayvoniga.

NAZOFAT


Nazofat deb a’zolarimizni, kiyimlarimizni, asboblarimizni pok va toza tutmoqni aytilur. Poklik zehn va idrokingni keng va o’tkur qilur. Xalq orasida e’tibor va shuhratga sabab bo’lur. Poklik ila har xil kasallardan qutulub,

jonimizning qadrini bilgan bo’lurmiz. Pok bo’lmak salomatimiz, saodatimiz uchun eng kerakli narsadur. Pok bo’lmagan kishi Alloh ham xalq qoshida sevimsizdur. Yirtiq, eski kiyimlar kiymak ayb emas, yangi kiyimlarni kir qilub, yog’ini chiqarub yurmak zo’r ayb va gunohdur. Chunki bu ish shariatga ters, tarbiyati badanga zid, ajnabiylar ko’ziga islomiyatni chirkin qilib ko’rsatmoq bo’ladur, ham bir yilga yetadurgan kiyimlar olti oyga yetmay, qirqilub tamom bo’ladur. Bu isrof, mol qadrini bilmaslikdur. Ifloslik balosidan poklik davosi ila qutulmoq kerak. Baliqning hayoti suv ila o’ldig’i kabi, insonning salomatligi havo iladur. Agar tan pok bo’lub yuvilib turmasa, quloq kir bo’lsa, eshitmagani kabi badan ham o’ziga kerak bo’lgan havoni ichiga ololmas, ichidagi rutubat ham kirdan o’tub chiqub ketolmas, chunki badan elak kabi ko’zlikdur. Agar ko’zi kir olsa, un turub suv ham o’tmas, shuning uchun tamiz bo’lmagan kishilar qo’rqinch kasallarga tezgina giriftor bo’lurlar. Shodliqlari g’amda, oltundan qadrli umrlari kas


alxonalarda o’tar. Mana shularni rioya qilub, shariatimiz bizga poklikni farz qilmishdur. Poklik musulmonlig’ning ildizidur. Shuning uchun tani, kiyimi, joynomozi pok bo’lmagan kishining ibodati ham durust bo’lmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Islom dini pok dindur. Bas, pok bo’lingiz, pok bo’lmagan kishi jannatka kirmas», – demishlar.

Xalqi olam sevgusidur tozalik, pokni,


Poklik ortturgusidur fahm ila idrokni.
Har kishini ko’ksida poklik nishoni bo’lmasa,
Tozalik maydonidan quvg’aylar ul bebokni.

SA’Y VA G’AYRAT

Sa’y va g’ayrat deb ustiga yuklangan ibodat va xizmatlarni harakat birla ado qilmakni aytilur. Shariat ham aql yuzasidan yalqovlik qilub, ishsiz, bekor yurmak durust emasdur. Zeroki, Qur ‘oni karim bizlarni sa’y qilmoqg’a amr etmishdur. Dangasalik har vaqt insonni xor, tama balosiga giriftor qilur. Bir ishga mashg’ul bo’lgan kishilar vaqtning o’tganini bilmas, yalqov kishilar uchun bir soat o’tkarmak qiyomatdan qiyindur. G’ayrat vujudimizga quvvati mas’ud va baxtiyor bo’lishimizga sababdur. Shuning uchun har birimiz sa’y qilub, o’z kuchimiz ila maishatimizga kerak bo’lgan narsalarni topub, boshqalarga muhtoj bo’lmay rohat-rohat yashamoq lozimdur. Sihatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, qanoatimiz, sabrimiz, fazilatimiz, alhosil, butun hayotimiz harakatimizga bog’lidur. Harakatlik kishilar tezgina maqsudlariga yeturlar. Yalqov kishilar har narsadan mahrum, doim boshqalarning yordamiga muhtoj bo’lub xorlikda qolurlar.

Kishi yosh vaqtida ilm va ma’rifat, hunar va san’atga bo’yin qo’ymasa, taraddud qilmasa, albatta, qora ishchi bo’lub qolur. Shariatga ters, qonunga zid bo’lmagan xizmatlarni qilmak ayb emasdur. Agar bunga ham bo’yin qo’ymay bu ko’mirchilik, bu temirchilik menga munosib ish emas deb, dangasalik qilub, ishsiz yursa, zo’r ayb, g’ayratsizlikdur. «Gayratlikdan imon qutilmas» degan masal bor. Bunga qaraganda dunyo va oxiratimiz uchun g’ayratni qo’ldan bermaslik lozimdur. G’ayrat imona, salobati vijdona dalolat etar. Hazrati Umar eshik oldida bekor o’tirgan bir kishini ko’rub: «G’ayratsiz kishilardan Xudo bezor, islomiyat g’ayrat ila rivoj topdi, sandek yalqov kishilardan islomiyat hazar qilur», – demishlar.

Haq buyurdi: «Laysa lilinsoni illo mo sa’y»,
G’ayrat ila o’tdi olamdan Muhammad Mustafo.
Biz-da ummatmiz, qilayluk sa’y ila xayr-u saxo,
Qilsalar shoyad shafoat sohibi ro’zi jazo.

RIYoZAT


Riyozat deb savob ishlarni qilub, gunoh ishlardan saqlanmoqni aytilur. Riyozat adabning koni, ruhning darmonidur. Insonlarni to’g’ri yo’lga solub, egri yo’ldan qaytarguvchi riyozatdur. Shul sababli riyozat qilguvchilar oqil va fozil bo’lur. Alloh ham xalq qoshida maqbul va mo’tabardur. Yalqovlik, ko’p uxlamak, yomon odamlar ila yurmak, vaqtni bekor o’tkarmak, aysh-u ishrat qilmak, ko’p oshamak, foydasiz so’zlar so’zlamak, samovarlarda, ko’chalarda aziz umrni bo’sh otkarmak kabi ishlarning hammasi riyozatga zid, umrning egovi, Xudoning g’azabidur. Allohning buyrug’i, Rasulullohning sunnatlari, shariat qil degan ishlarni birin-ketin o’z vaqtida qilmak ibodat ham riyozatdur.

Riyozatni rioya qilgan kishilar hyech vaqt shariat yo’lidan ayrilmas, Alloh buyrug’idan chetga chiqmas va bu yo’l ila oxirat azobidan qutulur, rohat va rahmat saroyiga kirar, riyozatni rioya qilmagan kishilar Alloh taoloning rizosini topolmas, xor-zor bo’lub, oxiratda alamlik azobga giriftor bo’lur.

Aflotun hakim: «Men riyozatdagi lazzatni hyech narsada ko’rmadim, zeroki, vujudimning salomati, ruhimning saodatini riyozatda topdim. Shuning uchun riyozat ayni saodatdur deyaram, chunki fikrning, tilning islohi badanning riyozatiga bog’lidur», – demish.

Ibn Sino hakim: «Tan riyozatidan ko’proq ruh riyozati lozimdur. Mard kishi o’zini riyozat va adab ila ko’rsatsun, inson ila hayvon orasidagi farq yolg’uz maishatda emas, yaxshi axloq kasb qilmoqdadur», – demish.

Riyozat mevasidur misli bodom,
Yuzi qattig’ ichidur ishta in’om.
Kishin maqsudina eltar riyozat,
Riyozatsiz ish o’lg’ay besaranjom.
Agar sabr-u riyozat cheksang, ey jon,
Pishub oldingg’a tushgay mevayi xom.

ShIJOAT


Shijoat deb botir va yurakli bo’lmakni aytilur. Shaji’ kishi hyech narsadan qo’rqmaydurgan botir va yurakli bo’lur. Sa’y va g’ayratning ziddi dangasa va yalqovlik o’ldig’i kabi shijoatning ziddi qo’rqoqlikdur. Qo’rqoq savdogar foyda qilmas. Qo’rqoq kishi o’zining soyasidan hurkar, hyech bir ish qilishga yuragi bo’lmas. Ko’p kishilar vahima va qo’rqoqlik orqasidan mollaridan, jonlaridan, vatanlaridan ayrilurlar. Shuning uchun har ishda shijoatni qo’ldan bermaslik lozimdur. Shijoat insoniyatning sof oyinasi, iffat, g’ayrat, istiqomat kabi yaxshi xulqlarning nuroniysidur. Shijoatning haqiqati qalbning matonatindan, ruhning salomatindan iboratdur. Hozirgi zamonda botirlik – boylikda, qaysi davlat va millatning davlati bolsa, shul ustun bo’lmakdadur. Chunki hukumat uchun xalq, xalq uchun hunar, hunar uchun ilm, ilm uchun aqcha lozimdur.

Sarvatli millatlar milliyatlarini yo’qotmas, rohat va saodatda yashar. Bu kunda madaniy millatlar urushlarini tijorat va sanoatga aylandurdilar va bu soyada bir-birlariga g’alaba va raqobat qila boshladilar. Sehrgar va jodugarlik ila emas, tijorat va sanoatgarlik ila cholishqon Yovro’pa, Afriqo va Osiyoni o’ziga asir va musaxxar qilmakdadur.

Bu zamonda fil ila jang aylamak erlik emas,
Er o’shaldurkim tutar ilm-u hunarning yoqasin.
Beshlab, o’nlab so’m topishsa, ilm ila ag’yorlar,
Biz bo’lub hammol, oladurmiz tiyinlab choqasin.
Boshqalar san’at, tijorat-la taraqqiy aylasa,
Bizni el tortar ayog’din o’lgan otning toqasin.

QANOAT


Qanoat deb janobi Haq tarafidan ihson bo’lgan ahvolga yetishdig’imiz ne’mat va molga shukr, boshimizga kelgan faqr, musibat, falokatlarga chidab, sabr qilmoqni aytilur. Qanoat hasad, tama, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning g’inosidur.

Qanoat bir xazinadurki, naqdinasi kundan-kun ortar. Bu xazinaga ega bo’lgan kishilar umrlarini shavq va rohatda kechirurlar. Buning ila barobar qanoatsizlikdan paydo bo’ladurgan hasad degan jonning eng zo’r dushmanidan qutulurlar. Chin insonlar kishining molina, mulkina, saodatina, maishatina hasad qilmas, qanoatdan ayrilmas, umrini rohatda o’tkarur. Inson har bir ishga kuchi yetguncha cholishmoq, janobi Haq taqdirdagi narsasidan nimani bersa, shunga qanoat qilmoq lozimdur.

Zeroki, inson o’z maishatini, nomusini saqlamoq uchun fidoyi jon darajasiga borguncha sa’y qilmoqg’a buyurilmishdur, lekin bu sa’yning mashruyi har bir ishda qanoatni qo’ldan bermaslikdur. Olamda qanoat kabi dilni poklaydurgan narsa yo’qdur. Janobi Haqning amriga itoat qanday saodat esa, taqdiriga qanoat ziyoda baxtiyorlikdur.

Hazrati Ali afandimiz: «Dunyoda sa’y-jadali ila maishat o’tkargan qanoat egasi hyech kimg’a muhtoj bo’lmagan zo’r boylar kabi rohatda, saodatda yashar», – demishlar.

Aflotun hakim: «Insonning saodati qanoatini qo’lda tutmakda, sarvat va maishat to’g’risida janobi Haqning taqdiriga rozi bo’lmakdadur», – demishlar.

Foydalanilgan adabiyotlar



  1. www.google.uz

  2. www.ziyonet.uz

  3. www.arxiv.uz

  4. www.ref.uz

Yüklə 99,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin