Bog’larda oldinan hosil qilishini aniqlash
Reja:
Bog’larda yerni ishlash sistemasi.
Bog’ qator oralaridan foydalanish.
Qoplama ekinlar (sideratlar).
Begona o’tlarga qarshi kurashda gerbitsidlardan foydalanish.
Bog’larni o’g’itlash.
Bog’larni sug’orish.
1. Bog’larda yerni ishlash sistemasi. Bunda bog’ qator oralaridan foydalanish, yerni ishlash, sug’orish va meva daraxtlarini o’g’itlash, mulchalash tushuniladi. Tuproqni ishlashdan asosiy maqsad uning unumdorligini muntazam oshirib borishdir. Ammo bulardan tashqari bog’ qator oralaridan mumkin qadar ko’proq yuqori sifatli mahsulotlar (meva-chevalar) bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari, yem-xashak va texnik ekinlar yetishtirish uchun ham foydalanish kerak.
2. Bog’ qator oralaridan foydalanish. Yosh daraxtlar dastlabki davrda maydondan to’liq foydalanmaydi. Avval daraxtlarning yer ustki qismi ko’proq bo’yiga o’sadi, ildiz sistemasi esa ko’proq chuqurga emas atrofga o’sadi. Shuning uchun daraxt taglari, atroflari boshqa ekinlardan bo’sh turishi lozim, yumshatilishi va begona o’tlardan toza bo’lishi kerak. Tana atrofidagi doira diametri shoh-shabba kengligiga qarab belgilanadi. Suv kamchil bo’lsa bahorgi sug’orishdan keyin bu doiraga, chirindi, mayda poxol, yog’och qipig’i va boshqa o’simlik qoldiqlari 10-15 sm qalinlikda solinadi, ya’ni mulchalanadi. Keyingi vaqtlarda mulcha qog’ozlardan foydalanilmoqda. Mulchaning ahamiyati: nam saqlaydi, haroratni qishda issiqroq, yozda salqinroq qiladi, mikroorganizmlar va g’ovok qiladigan chuvalchanglar ko’payadi, begona o’tlarni o’stirmaydi, chirib ketib tuproqni organik moddalarga boyitadi. Bug’lanish kamroq bo’lgani sababli zararli tuzlar yer ustki qavatlariga chiqmaydi. Mulchalanganda bog’lar kamroq sug’oriladi. Sug’orish vaqtida mulcha ochiladi va yana qaytadan yopib qo’yiladi. Qishda kemiruvchi xayvonlar daraxtlarga zarar yetkazmasligi uchun qator oralariga sochib tashlab, xaydab yuboriladi yoki bog’dan chekkaga chiqarib tashlanadi.
Mulchalangan yerda hosildorlik 60 % gacha oshishi mumkin. Biroq bu ancha qimmatga tushadigan sermehnat ish. Uni birinchi galda yosh bog’larda, ko’chatzorlarda va lalmi bog’larda qo’llash mumkin. Bog’ qator oralariga donli ekinlar tavsiya etilmaydi (bug’doy, suli, arpa, makkajo’xori, oq jo’xori), shuningdek poliz ekinlari ham.
Bog’ qator oralariga sabzavot va chopiq qilinadigan ekinlar, dukkakli don ekinlari (mosh, no’hot, ko’k no’hot, loviya) hamda ko’k o’g’it sifatida xaydab yuboriladigan ekinlar ekish tavsiya etiladi. Ayrim xollarda ko’p yillik o’tlar ekiladi yoki shudgor qilib qo’yiladi.
3. Qoplama ekinlar (sideratlar). Yerni organik moddaga boyitish uchun va tuproq strukturasini yaxshilash uchun ko’kat o’g’it sifatida vegetatsiya davri qisqa bo’lgan, ko’plab yashil massa beradigan va tuproqda azot to’playdigan bir yillik (dukkakli) o’simliklar ekiladi. Buning uchun asal beruvchi o’simliklar ham ekiladi. O’zbekistonda ko’pincha nikolson no’hoti, vigna va shabdar ekiladi.
Qoplama ekinlar begona o’tlarni o’sishiga yo’l qo’ymaydi, kuzda xaydab yuborilgandan keyin, ayniqsa yengil tuproqli bog’larda daraxtlarning ildizlarini qishki sovuqdan saqlaydi.
1 ga yerda ekilgan qoplama ekinlar 250-350 s yashil massa to’playdi. Bu esa har gektar yerni 75 kg azot bilan ta’minlaydi, bu esa 15-20 tonna go’ngga tengdir.
4. Begona o’tlarga qarshi kurashda gerbitsidlardan foydalanish. Bog’larda quyidagi gerbitsidlar qo’llaniladi.
Atrazin - suvda yaxshi namlanadi, urug’lilar bog’ida qo’llaniladi. Bir gektariga 4-12 kg sarflanadi. Kuzda yoki bahorda solinadi. Ta’sir etish kuchi 3 yil mobaynida saqlanadi.
Simazin - urug’lilar va danaklilar uchun 50 % - ligidan 1 gektarga 4-8 kg yoki 80 % - ligidan 2,5-5,0 kg sarflanadi, ta’sir etish kuchi 2 yil.
Dnok - (o’ta zaxarli) zarpechak va bir yillik begona o’tlar uchun 10 l solyarka 3 kg preparat.
Monuran - 1 gektariga 3-4 kg. O’rik, shaftoli, bodomga bu preparatni sepib bo’lmaydi.
Gramoksan - begona o’tlar maysaligida 3-5 kg 1 gektariga.
Amin tuzi - 2,4 D ko’p yillik va bir yillik, ikki pallali begona o’tlar jadal o’sayotganda 1 gektariga 1,5 kg sepiladi.
5. Bog’larni o’g’itlash. Yangi bog’lar (yosh bog’lar) 60 kg azot, 30 kg fosfor va 15 kg kaliy (sof oziq modda) 20 - 25 sm chuqurlikda solinadi. Agar go’ng bo’lsa har 3 yilda bir marta 10-20 tonnadan go’ng solinadi.
Hosilga kirgan bog’lar. Gektaridan 150 s hosil olinganda bir gektariga 120 kg azot, 60 kg fosfor, 15-30 kg kaliy va 3 yilda bir marta 20-40 tonna go’ng solish tavsiya etiladi. Go’ng solinmagan taqdirda mineral o’g’itlar dozasi 30-40 kg.ga ko’paytiriladi.
6. Bog’larni sug’orish. O’zbekistonda asosan 4 usul qo’llaniladi.
Pol olib sug’orish. 6-12 soat davomida tekis joylarda daraxtdan 1-3 m naridan 30 sm chuqurlikda yerni xaydab suv quyiladi. Bu usul sho’r yuvishda qo’llaniladi.
Hovuzcha shaklida sug’orish. Daraxt atrofini aylantirib hovuzcha olinadi va bir oz kovlab ularga suv quyiladi. Bu usul suv bir me’yorda kelib turmaydigan past-baland joylarda qo’llaniladi. Pol va hovuzchalar daraxt atrofida suvni ko’p to’plash va uni tejash imkonini beradi. Bu usullar juda ko’p qo’l mehnatini talab qiladi.
Bostirib sug’orish. Tekis relefli yerlarda bostirib sug’oriladi. Bu usulda hamma yer tekis namlanadi va suv yuvib ketishi kuzatilmaydi. Bu usul qishda bahorgi qora sovuqlarga kurashishda qo’llaniladi.
Bayon etilgan usulning 2 kamchiligi ya’ni tuproq strukturasi buziladi, u bo’kib qoladi, sug’organdan keyin tezda qurib va yoyilib ketadi. Ildizlarga havo yetarli kirmaydi., bir qism ildiz tuklari nobud bo’ladi va ayrim xollarda daraxtning uchi qurib qoladi.
Jildiratib sug’orish - og’ir tuproqda 100-120 sm qatorora, o’rta qumoq tuproqda - 80-100 sm qatorora, yengil qumoq tuproqda - 60-70 sm qatorora. Birinchi egat yosh bog’larda daraxt tanasidan 0,5 m va hosilli bog’larda 0,75 - 1,0 m oraliqda o’tkaziladi. Hammasi bo’lib 6-8 egat olinadi. Egat uzunligi 150 m, qiyaroq yerlarda esa 75-100 m. Shag’al toshlilarda esa 50 m.gacha bo’ladi.
Yosh bog’larni esa halqasimon ariqchalar olib sug’oriladi.
Sug’orish normalari. Yosh bog’larni bir gektar hisobiga 500 m.kubdir. Hosilga kirgan bog’lar uchun 800-1000m.kub.ga. Shag’al toshli yerlarda bu norma 300-500 m.kub kamaytiriladi.Yaxob suvini berish normasi 1200-1500-2000 m.kub.
Bog’larni sug’orishning yangi usullari: yomg’irlatib sug’orish, tuproq ostidan sug’orish, tomchilatib sug’orish, aerozol (mayda zarrali) sug’orish. Bu usullar qo’llanilganda bog’dagi tuproq bir tekis va me’yorida namlanadi, yer qatqaloq bo’lmaydi, zichlashmaydi, begona o’tlar chiqishi kamayadi, bir necha marotaba suv tejaladi, bog’larda mikroiqlim hosil bo’ladi va bundan tashqari sug’orish uchun ariqlar olish hamda sug’orilgandan so’ng yerni yumshatish va boshqa bir qator agrotexnik ishlar xajmi kamayadi. Bular o’z navbatida bog’ hosilining tannarxini pasaytirib, uning samaradorligini oshiradi.
Dostları ilə paylaş: |