Hujjatchilik va uning tarixi haqida davlat tili va yangi alifboda ish yuritish masalalari hujjatlar tili.
Reja:
Hujjatchilik va uning tarixi.
Hujjatlar turi.
Hujjatlar tili
KIRISH O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 10-sentabrdagi 311-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat dasturi talablaridan kelib chiqib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1996-yil 14-noyabrdagi 267-sonli buyrug‘iga binoan oliy o‘quv yurtlari talabalariga “Davlat tilida ish yuritish, hujjatchilik va atamashunoslik” kursi o‘tib kelinmoqda. Alisher Navoiu nomidagi Samarqand davlat unversiteti o‘quv-uslubiy boshqarmasi, uslubiy kengashi tavsiyasiga binoan 2009-2010-o‘uv yilidan e’tiboran barcha fakultetlarning 3-kurs talabalariga “Тerminologiya va davlat tilida ish yuritish asoslari” fani 20 soatlik amaliy mashg‘ulot tarzida o‘tiladigan bo‘ldi. Shuni e’tirof etish lozimki, hanuzgacha mamlakatimiz bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun mazkue fandan yagona dastur, o‘quv qo‘llanma yoki darslik yaratilganicha yo‘q. To‘g‘ri, bu sohada respublikamizda ma’lum tajribalar to‘plangan. Hozirgacha talabalarimiz M.Aminov, A.Madvaliyev, N.Mahkamov va N.Mahmudovlarning “Ish yuritish” nomli amaliy qo‘llanmasidan (Toshkent, O‘zME, 1990, 2000) foydalanib kelishmoqda. Biz ham mazkur kursni o‘tish jarayonida hamda hujjatlar andozalarini tayyorlashda shu kitobda keltirilgan ma’lumotlarga tayanib ish ko‘rib kelmoqdamiz. Shuningdek, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari talabalari uchun S.A.Karimov, Sh.M.Mahmatmurodov, O.N.Karimovalar tomonidan yaratilgan “Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish” nomli o‘quv qo‘llanma (Toshkent, O‘zbekiston, 2003) ham nashr etildi. Shunga qaramasdan “Davlat tilida ish yuritish, hujjatchilik va atamashunoslik” kursi bo‘yicha yangi alifbo hamda u asosida tuzilgan imlo qoidalariga tayanuvchi o‘quv qo‘llanmaga bo‘lgan ehtiyoj mavjudligicha qolmoqda. Mana shu kabi talab va ehtiyojlar inobatga olinib, yangi alifbo va imlo qoidalari asosida mazkur o‘quv–uslubiy majmua yaratildi.
Mazkur o‘quv-uslubiy majmua orqali universitetni bitiruvchi talabalar – bo‘lg‘usi mutaxassis-kadrlar o‘z mutaxassisliklariga doir terminlar ustida ishlashni, kundalik ish yuritish jarayonida ko‘plab duch kelinadigan hujjatlar bilan ishlashni o‘rganadilar.
Oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun mo‘ljallangan mazkur kurs ularga respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda yuritib kelinayotgan ish qog‘ozlari turlari, ularning vazifasi, ularda aks etadigan ma’lumotlar, axborotlar, fikr–mulohazalar, hujjatlarning zaruriy qismlari, ular bilan bog‘liq atamalar to‘g‘risida ma’lum tushunchalar beradi.
Ma’lumki, respublikamizda 1989-yil 29-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili huquqi berilgan, 1991-yil 31-avgustda esa mamlakatimiz sobiq sho‘rolar hukmronligidan qutilib, mustaqillikka erishgan bo‘lsa-da, bir qator korxonalarda hujjatlar, ish qog‘ozlarini davlat tilida yangi alifbo va imlo qoidalari asosida yuritishga o‘tish biroz qiyinchilik bilan kechmoqda. Buning bir qancha sabablari bor, albatt. Ulardan biri yangi alifbo va imlo qoidalari asosida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maxsus o‘quv qo‘llanmalari, uslubiy ishlarning kamligi bo‘lsa, ikkinchidan, bu sohada ish yurituvchi mutaxassis-xodimlar tayyorlashning hali keng tus olmaganligidir.
Ish qog‘ozlari yuritish bo‘yicha dastlabki bilimlar umumta’lim maktablari, litsey va kasb-hunar kollejlarida berilmoqda. Chunki bu o‘quv yurtlarini tugatgan har bir yosh tegishli ma’lumotga egaligi to‘g‘risidagi hujjatni qo‘lga olgach, mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. Ana shu davrdan boshlab ular ish qog‘ozlari, hujjatlarga har qadamda duch kela boshlaydilar. Ishga kirish uchun, o‘quv yurtiga hujjat topshirish uchun, mehnat ta’tili olish yoki biror voqea tufayli o‘z hisobidan mehnat ta’tili olishi uchun ariza yozishi, mehnat ta’tilidan qaytganligi yoki betoblikdan so‘ng ishga tushganligi to‘g‘risida bildirishnoma yozishi, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar yoki nojo‘ya xatti-harakatlar uchun tushuntirish xati yozishi, bajarilgan ishlar yoki berilgan topshiriqlar yuzasidan, xizmat safari bo‘yicha hisobot yozishi, yetkazilgan moddiy, ma’naviy yoki jismoniy zarar uchun da’vo arizasi yoxud shikoyat xati yozishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zan mana shunday hujjatlarni o‘rta yoki o‘rta-maxsus ma’lumotli mutaxassisgina emas, balki oliy ma’lumotli malakali mutaxassislar ham to‘g‘ri rasmiylashtira olmaydilar. Shunga ko‘ra oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun “Davlat tilida ish yuritish, hujjatchilik va atamashunoslik” kursining kiritilishi hamda o‘qitilishi har tomonlama maqsadga muvofiq ish bo‘ldi. Shuningdek, bu kurs akademik litsey va kasb–hunar kollejlarida keyingi yillarda o‘tila boshlagan “Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish” fanining mantiqiy davomi sifatida talabalarning bu sohadagi bilimlarini yanada chuqurlashtirish uchun xizmat qiladi.
Mazkur kurs talabalarga amaliyotda qo‘llanib kelinayotgan hujjatlar, ularning xillari, har bir hujjatda qamrab olinishi lozim bo‘lgan o‘ziga xos dalillar, ma’lumotlar, axborotlar, fikr-mulohazalar, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotimizga oid, o‘z mutaxassisliklariga doir hamda hujjatlar yuritishga oid atamalar, ularni tanlash va qo‘llashdagi o‘ziga xos xususiyatlarni kengroq o‘rganishlari uchun xizmat qiladi.
Ma’lumki, insoniyat tarixida yozuvning ixtiro qilinishi bilan bog‘liq ravishda yozma nutqning vujudga kelishi hamda taraqqiy eta borishi asosida eng qadimgi zamonlardan boshlab kishilik jamiyatida insonlarning o‘zaro turli–tuman munosabatlarini aks ettiruvchi yozishmalar, solnomalar, hujjatlar, badiiy, ilmiy, tarixiy asarlar yaratib kelingan. Hujjatlar kishilar, jamoalar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, davlat ichidagi hamda davlatlararo ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma’rifiy, harbiy sohalarda aloqalar o‘rnatish, hamkorlik qilish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantira borishlari uchun xizmat qilib kelgan.
Tarixda Bobil shohi Hammurapining (mil.av.1792-1750-yy.) va shoh Ur-Nammuning (mil.av.2112-2094-yy.) qonunlar majmui eng qadimgi va nodir hujjatlar namunasi sifatida mashhurdir. Davlatni idora qilish tartib-qoidalari, turli mansab egalarining vazifalari, soliq solish va uni to‘plash tartibi, harbiy yurishlar o‘tkazish, qo‘zg‘olonlarni bostirish qoidalari bayon etilgan turk hoqonlarining “Qonunnoma”si, Xondamirning “Qonuni Humoyun”i, Ro‘zbexoning “Suluk al-muluk” kitobi kabi noyob manbalar ham turkiy xalqlar tarixida hujjatchilik an’analarining qadimgi davrlardan boshlanganligini ko‘rsatadi. Qayd etib o‘tilgan tarixiy manbalardan tashqari hoqonliklar, shohliklar, xonliklar, amirlik va bekliklarda yuritilgan farmonlar, bitimlar, arznomalar, yorliq, tilxat, qarznoma va guvohnomalar kabi hujjatlarning turli yozuvlarda tayyorlangan nusxalari, namunalari bizgacha yetib kelgan. Davlatning ichki va tashqi siyosatida muhim o‘rin tutuvchi yorliqlar o‘rta asrlarda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Bunga To‘xtamishxonning 1393-yili polyak qiroli Yagayloga yo‘llagan yorlig‘i, Temur Qutlug‘ning 1397-yilda berilgan yorlig‘i, Umarshayxning marg‘ilonlik Mir Sayid Ahmadga 1469-yili taqdim etgan yorlig‘i, Toshkent hokimi Yunusxonning 1797-yil 2-iyunda Rusiya podshosiga yuborgan yorliqlari va boshqa shu kabi hujjatlarni misol tariqasida keltirish mumkin (2, 3-12-b., 6, 85-90-b.).
Bizgacha yetib kelgan hujjatlar ichida eng muhimi va butun dunyoga tarqalib, shohlar va sarkardalar, davlat arboblari uchun dasturilamal vazifasini o‘tab kelgan noyob manba buyuk bobokalonimiz sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari”dir. U o‘rta asrlar davlatchiligining asosiy qonuni sifatida mashhur bo‘lib, unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toj-u taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarini saylash, sipohiylarning maoshi, boj va soliq to‘lash tartib-qoidalari, mamlakatlarni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qo‘shin boshliqlarining burch va vazifalari, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toj-u taxt oldida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini qay tarzda taqdirlash tartibi va boshqa shu kabilar o‘z ifodasini topgan.
Bizgacha yetib kelgan manbalar orasida VII asr oxiri va VIII asr boshlarida Sug‘d podsholigi davriga tegishli 80 ga yaqin noyob (Panjakent yaqinidagi Mug‘ tog‘ida joylashgan qadimgi qasr xarobalaridan topilgan sug‘dcha) hujjatlar Sug‘d davlatida ish yuritishning ahvolidan darak bersa (3, 3-57-b.), 800 ga yaqin hujjatlarni qamrab olgan “Vasiqalar to‘plami” 1588-1591-yillarda Samarqanddagi tarixiy voqelikni, ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaqqol aks ettiradi (4, 5-125-b.).
“Sug‘d arxivi”dagi sug‘dcha nikoh guvohnomasi 710-yilning 25-martida yozilgan bo‘lib, unda turk zodagoni Uttakinning sug‘d ayoli Dug‘dgunchaga uylanishi rasmiylashtirilgan hamda kelin bilan kuyovning vazifa, burch va majburiyatlari bayon etilgan. Shuningdek, yer xarid qilish, tegirmonni ijaraga olish, xarajatnoma va o‘zaro yozishmalardan iborat bir qator nodir hujjatlar So‘g‘d podsholigi davrida xalq hayotining qanday bo‘lganligini o‘rganish uchun muhim manba bo‘ladi.
“Vasiqalar to‘plami”dagi hujjatlarda esa meros mulkni taqsimlash, bolalarni hunar o‘rganish uchun shogirdlikka berish, korxonalar, savdo do‘konlari, yer–suv hamda uy–joy, mol–mulkni sotish, sotib olish yoki ijaraga berish, qullar mehnatidan foydalanish, qullarni ozod etish, taloq, sulh kabi munosabatlar o‘sha davr huquqni nazorat etuvchi mutasaddilari – qozilar tomonidan tasdiqlangan.
Amir Temur tuzgan qudratli davlat o‘rta asrlar ilm–fani, adabiyoti va san’ati rivojiga katta yo‘l ochgani barchaga ayon. Amir Temur va uning avlodlari tomonidan boshqarilgan yurtlarda davlat ishlari turkiy (o‘zbek) tilda yuritilgan. Bunga, ayniqsa, Husayn Boyqaro hukmronligi davrida alohida e’tibor bilan qaralgan. Ularning bu an’analari keyingi asrlarda Buxoro, Qo‘qon, Xiva xonliklari tomonidan takomillashtirilib, rivojlantira borildi. Afsuski, XIX asrning oxiri XX asrning boshlaridan e’tiboran ko‘p asrlar davomida shakllantirilib, rivojlantirilgan bu an’analar davom ettirilmay to‘xtatib qo‘yildi.
Markaziy Osiyo, shu jumladan, O‘rta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi bilan butun mamlakatdagi boshqaruv–nazorat organlarida barcha hujjatlar rus tilida yuritiladigan bo‘ldi. Mustabid tuzumga qarshi qaratilgan 1917-yil oktabr to‘ntarishi ham bu sohada jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishiga olib kelmadi. 1924-yilga kelib sobiq sho‘rolar davlati tarkibida O‘zbekiston Respublikasi tashkil topdi. Shu yilning 31-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi inqilobiy komiteti “Ishlarni o‘zbek tilida yurgizish hamda O‘zbekiston jumhuriyatining inqilobiy komiteti huzurida markaziy yerlashtirish hay’ati va mahallalarda muzofot yerlashtirish hay’atlari tuzilishi to‘g‘risida” 48-raqamli qaror qabul qildi. Unda hukumat, kooperativ, xo‘jalik idoralari, muassasa, tashkilot va korxonalarda butun yozuv ishlarini faqat o‘zbek tilida yurgizishga majbur etish vazifasi qo‘yilgan edi.
1928-yilga kelib “Davlat idoralarini o‘zbeklashtirish” hamda “O‘zbekiston Respublikasida idora, korxona va tashkilotlari ishchi xodimlarini o‘zbek tiliga majburiy o‘rgatish to‘g‘risida” ikkita tarixiy qaror qabul qilinadi. Ularda davlat idoralarini o‘zbeklashtirish Markaziy Komissiyasiga idoralarda ish yuritish hujjatlarini mahalliy va rus tiliga o‘tkazish, idoralarni asta-sekin ikki tilni biladigan xodimlar bilan to‘ldirish, o‘zbek tilini o‘rganish uchun bir, ikki, uch yillik to‘garaklar tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi. Idora va muassasalarga 1929-yil 1-oktabrdan boshlab o‘zbek tilini bilmaydigan xodimlarni ishga olmaslik, o‘zbek tilini mensimagan yoki unga nisbatan g‘ayri munosabatda bo‘ladiganlarni o‘zbek tilini biladigan xodimlar bilan almashtirish huquqi berilgan edi.
1931-yili O‘zR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq Komissarlari Soveti tomonidan idoralarni o‘zbeklashtirish to‘g‘risida yana bir qaror qabul qilinib, unda 1933-yil 1-aprelgacha butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘ta muhim bu ishni tugallash belgilangan edi. Ming afsuski, qisqa muddat ichida ketma-ket qabul qilingan bu qarorlarning birortasi ham hayotga tatbiq etilmasdan qog‘ozlarda qolib ketdi. Mamlakatda nafaqat ziyolilar, balki ozgina mustaqil fikrlashi mumkin bo‘lgan dehqon-u ishchilarga qarshi qaratilib, takror-takror o‘tkazilgan qatag‘on qirg‘inlari, mash’um ikkinchi jahon urushi, millionlab begunoh insonlar yostig‘ini quritgan shaxsga sig‘inish davri, talon-tarojliklar avjiga chiqqan turg‘unlik yillari sobiq shurolar davlati tarkibida bo‘lgan, nomigagina teng huquqli hisoblangan respublikalarning milliy tillariga bo‘lgan eskicha – o‘gay munosabatlarni mustahkamlab keldi, xolos. Hujjatlarning “bepoyon yurt”ning barcha nuqtalarida faqat rus tilida yuritilishi, qariyb 130 yil davomida hukm surgan mustamlakachilik munosabatlari va tazyiqlar natijasida o‘zbeklar yurtida asrlar davomida shakllangan ish yuritish va hujjatchilik sohasida uzilish yuz berishiga olib keldi. Ish yuritish borasidagi an’analar davom etmay qoldi. Eng achinarlisi, o‘zbek tili o‘z nomi bilan ataladigan respublikada bir chekkaga surib qo‘yildi. Rus tilini bilish baynalmilallik belgisi qilib qo‘yilgani holda o‘zbek tilini bilish, unda gapirishni talab etish esa millatchilik deb hisoblanadigan darajaga yetdi. Natijada nafaqat og‘zaki nutqimizda, hatto adabiy tilimizda ham spravka, akt, protokol, instruksiya, dogovor, avtobiografiya, otchot, raport, xarakteristika, rekomendatsiya, retsenziya kabi ish yuritish va hujjatchilikka oid ko‘plab atamalarning qo‘llanishi odatiy holga aylandi. Xayriyatki, 1989-yil 21-oktabrda istiqlol sari tashlangan dadil qadam sifatida O‘zbekiston Respublikasining 30 moddadan iborat “Davlat tili haqida”gi tarixiy qonuni qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 31-avgustda mustaqil davlat deb e’lon qilinishi qaddimizni bukib kelgan barcha tahqir va tazyiqlardan ozod etdi. “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun – 21-oktabr o‘zbek tili bayrami kuni deb e’lon qilindi va har yili boshqa bayramlar qatori yuqori ko‘tarinkilik bilan nishonlanib kelinmoqda.
Mazkur tarixiy qonun qabul qilingan paytda O‘zbekiston Respublikasi hali sobiq sho‘rolar davlati tarkibida bo‘lib, birgina qonun qabul qilish bilan o‘zbek tilining mamlakat ichida va undan tashqaridagi obro‘-e’tibori, xalqaro mavqeyini tezdan tiklash qiyin edi. Shuningdek, mazkur qonunda o‘zbek tili bilan bir qatorda rus tiliga ham millatlararo muomala tili sifatida bir talay imtiyozlar ham berilgan ediki, bu hol ham o‘zbek tilining davlat tili sifatida keng miqyosda qo‘llanishiga biroz bo‘lsa–da, soya tashlar edi. Shuning uchun ham istiqlolga erishilgach, qonun qayta ishlanib, davr talabidan ortda qolayotgan moddalar yangilari bilan almashtirildi, mustaqil davlat hayotiga mos keluvchi yangi tahrirda 1995-yil 21-dekabrda qabul qilindi. Avvalgi qonun 30 moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdan so‘ng u 24 moddaga keltirildi. Qonunning 1-moddasidayoq “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deyilgan (1, 8-b.). Mazkur moddaning o‘ziyoq respublikamizda ish yuritish – hujjatlar bilan bog‘liq barcha ishlarning davlat tilida olib borilishi lozimligini talab etadi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasi bilan hamohang bo‘lib, unda shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf–odatlari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi” (5, 8-b.).
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 10-sentabrdagi 311-sonli qarori bilan “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining amalga oshirilishini ta’minlash Davlat dasturi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan yangi tahrirda tasdiqlandi. Davlat dasturiga asoslanib O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 1996-yil 14-noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” (yangi tahrirda)gi Qonunini bajarish tadbirlari to‘g‘risida 267-sonli buyruq chiqardi. Unda o‘quv yurtlarida xodimlar va talabalar uchun “Davlat tilida ish yuritish, hujjatchilik va atamashunoslik” kurslarini 1997-yildan e’tiboran doimiy ravishda tashkil etish qat’iy qilib qo‘yildi. Shu yildan boshlab Davlat dasturi hamda vazirlikning tegishli buyruqlari asosida oliy o‘quv yurtlari talabalariga mazkur kursdan amaliy mashg‘ulotlar o‘tib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, Davlat dasturi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘i asosida o‘quv jarayoniga tatbiq etib kelinayotgan mazkur kurs “Davlat tili haqida”gi qonunning quyidagi moddalariga tayanadi:
7-modda. Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi.
Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi, shu jumladan unga hamma e’tirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga ta’minlaydi.
Yangi ilmiy asoslangan atamalar jamoatchilik muhokamasidan keyin va Oliy Majlis tegishli qo‘mitasining roziligi bilan o‘zbek tiliga joriy etiladi.
9-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi.
10-modda. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob–kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarning ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin (1, 16-22-b.).
Ma’lumki, eng kichik, quyi, boshlang‘ich tashkilotlardan tortib, davlatning oliy organlarigacha hujjatlarga tayanib, ish yuritadi. Yaqin vaqtlargacha hujjatlar asosan rus tilida rasmiylashtirilar edi. O‘zbek tilida esa ayrim hujjatlargina yuritilar, ular ham rus tilidagi hujjatlar andozasiga asoslangan bo‘lib, milliylikdan yiroq edi. Endilikda respublikamizdagi barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalarda yuritiladigan hujjatlar o‘zbek tili qonun-qoidalariga mos ravishda rasmiylashtirilmoqda. Oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yosh mutaxassislar o‘zlari ishga boradigan mehnat jamoalarida ish qog‘ozlari, hujjatlarning mantiqiy to‘g‘ri yozilishi yoki to‘g‘ri to‘ldirilishi, ishoraviy, imloviy, uslubiy xatolarsiz, davr talabiga javob beradigan tarzda rasmiylashtirilishiga yaqindan ko‘maklashishlari lozim. Buning uchun esa bitiruvchi talabalarimiz nafaqat hujjatlar bo‘yicha, balki yangi alifbo va imlo qoidalari bo‘yicha ham yetarlicha tushunchaga ega bo‘lishlari talab etiladi.
Jamiyatni tilsiz va tilni insoniyat jamiyatidan ajralgan holda tasavvur etib bol`maydi. Til va tafakkurning paydo bo‘lishi hamda ularning taraqqiyoti insoniyat jamiyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Chunki til insonlar orasida o‘zaro aloqa vositasi, fikr almashishning eng muhim quroli sifatida paydo bo‘lgan va necha ming yillardan buyon shu vazifani benuqson bajarib kelmoqda. Til va tafakkur insonni boshqa jonzotlardan ajratib, aqlli mavjudot sifatida jamiyatga birlashtirdi. Jamiyat taraqqiy eta borgani sari til ham, tafakkur ham va hatto insonning o‘zi ham tinimsiz taraqqiy eta boradi. Jamiyat taraqqiyoti tufayli tilning lug‘at tarkibi boyiydi, grammatik qurilishi takomillasha boradi, ifoda usullari sayqal topib, rivojlanadi (3, 8-10-b.). Til taraqqiyotidagi o‘zgarishlarni, jumladan o‘zbek tilining qay darajada rivojlana borganligini M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida keltirilgan she’riy parchalar, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” dostoni, A.Navoiyning sernavo va sehrli g‘azallari tili bilan XX asrda ijod qilgan va biz bilan zamondosh shoirlar-u adiblarning bugun yaratayotgan asarlari tilini qiyoslash orqali yaqqol tasavvur qilish mumkin.
Til umumjamiyat, ijtimoiy hodisa sifatida ma’lum bir millat vakillariga birdek xizmat qiladi. U shu til egalari uchun umumiy. Nutq esa xususiydir. Til shohga ham, gadoga ham, boyga ham, xizmatkorga ham, o‘g‘riga ham birdek, ammo ularning nutqlari turli-tumandir. Chunki ma’lum tilda gaplashadigan qancha odam bo‘lsa, shuncha rang-barang nutq mavjuddir. Har bir shaxs barcha uchun umumiy bo‘lgan milliy tildan o‘z imkoni darajasida foydalanadi, fikrlaydi, nutq irod qiladi. Nutqda so‘zlovchining nutq a’zolari yaratgan ovoz, tovushlarning mayin-yo‘g‘onligi, tez-sekinligi, tiniq-shovqinliligi, bilimi, saviyasi, shevasi, o‘zbek tili lug‘at boyligidan qay darajada foydalana olishi, muomala madaniyati va boshqa shu kabi fazilatlari bilan bir qatorda nutqida mavjud bo‘lgan kamchilik va nuqsonlari ham namoyon bo‘ladi. Til esa bunday kamchilik va nuqsonlardan xolidir. Qisqasi, til va uning iste’mol jarayonidagi moddiy qobig‘i bo‘lgan nutq shaxsni jamiyat bilan bog‘lab turadi, insonlarning bir-biri bilan muloqotining asosi bo‘ladi. Qisqasi, til aloqa materiali bo‘lsa, nutq aloqa shaklidir. Tilni asrlar davomida xalq yaratadi, nutqni esa shu til materiallari asosida har bir shaxs vujudga keltiradi. Tilning hayoti uzoq asrlar davom etadi, og‘zaki nutqning umri esa juda qisqa. Tilning hajmi cheklanmagan. Nutqning hajmi cheklangan. Nutq monolog, dialog, matn, kitob shakllarida bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham til va nutq hodisalarini farqlagan holda muhokama yuritish muhim ahamiyatga egadir. Chunki tilda xatolar uchramaydi. Nutqimiz esa xatolardan xoli emas. Nutqimizda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun esa til qonun-qoidalarini chuqur egallagan bo‘lishimiz lozim.
Til ham, tafakkur ham, nutq ham yozuv ixtiro qilinmaganda makon va zamonda cheklanganliklaricha qolib ketishlari mumkin edi. Insoniyat yozuvni kashf etib, o‘zi yashayotgan kichik, tor bir hududdan butun dunyoga chiqa oldi, o‘zi yashayotgan davrdan necha ming yillar keyin keladigan avlodlarga hayoti, orzu-umidlari, armonlari, qarashlari haqida xabar berish imkonini yaratdi. Yozuv og‘zaki adabiyotning an’analarini xususiy tarzda davom ettiruvchi yozma adabiyotning vujudga kelishi uchun ham asos bo‘ldi. Yozuv tufayli tarix yaratildi. Yozuv tabiat va jamiyat, ilohiyot va falakiyot, tabobat haqidagi asriy bilimlarni to‘plash imkonini berdi. U tufayli insoniyat tarixida yangicha davr boshlandi. Biz yozuv tufayligina yer yuzida eng qadimgi davrlardan boshlab hozirgacha o‘tgan ellar, tillar, davlatlar, jamiyat bosqichlarining vujudga kelishi, tarqqiyoti, inqirozidan xabardor bo‘lamiz. Bizgacha yetib kelgan yozma manbalar, arxeologik topilmalar yordamida miloddan avval o‘tgan shavqatli turk hoqoni Alp Er To‘nga, afsonaviy xalq qahramonlari To‘maris, Shiroq, Spitamen, Muqannalarning vatan ozodligi, ravnaqi, gullab-yashnashi yo‘lidagi kurashlaridan, bu yurt boyliklariga ko‘z olaytirib, bosqinchilik niyatida Markaziy va O‘rta Osiyo davlatlariga yurish qilgan dushmanlar bilan bo‘lgan qirg‘in-barot urushlardan voqif bo‘lamiz. Yetib kelgan tarixiy, ilmiy, badiiy asarlar, hujjatlar tufayli xalqimizning boy tarixi, o‘ziga xos an’analari, urf-odatlari, qadriyatlarini bilib olamiz, qomusiy bilimlar egasi bo‘lgan bobokalonlarimiz qoldirib ketgan nodir ma’naviy-ma’rifiy merosdan bahramand bo‘lamiz (1, 56-60-b., 6, 14-24-–b.).
Nutq tilning hayotiyligini, davomiyligini ta’minlovchidir. Shunga ko‘ra nutqni hayotiy ehtiyojlarni qondirishiga qarab ikki guruhga bo‘ladilar: 1. Og‘zaki nutq. 2. Yozma nutq. Og‘zaki nutq tilning og‘zaki so‘zlashuvga xoslangan uslubini tashkil etadi. Bu uslubning yozma nutqqa asoslanuvchi xoslangan uslublardan qisqa, lo‘ndaligi, ta’sirchanligi, tezkorligi, ohangdorligi, fonetik jarayonlarga boyligi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turadi. Til odobi, nutq madaniyati shaxsni el oldidagi obro‘-e’tiborini oshiradi, tilga, nutqqa e’tiborsizlik esa kishini obro‘sizlanishga olib keladi. Bu haqda xalqimizning ko‘plab maqollari, shoir-u yozuvchilarimizning hikmatli so‘zlari mavjud (5, 20-25-b.).
Yozma nutq esa bir necha xoslangan uslublar uchun asos bo‘ladi. Tilshunos olimlarimiz ularni quyidagi guruhlarga bo‘ladilar: 1. Ommabop uslub (gazeta va jurnallar, radio va televideniye tili bo‘lib barcha uchun mo‘ljallangan). 2. Rasmiy uslub (rasmiy-ma’muriy, hujjatlar, ish qog‘ozlari tili). 3. Badiiy uslub (nasriy va nazmiy adabiy-badiiy asarlar tili). 4. Ilmiy uslub (ilm-fan, texnika, sport va boshqa sohalarga oid ilmiy ishlar tili). Bu uslublar o‘zbek adabiy tilining tarixiy shakllangan ko‘rinishlari bo‘lib, ularning har biri til taraqqiyotining ma’lum davrlarida paydo bo‘lgan va o‘zbek tilining taraqqiy etishi bilan rivojlanib borgan. Har bir xoslangan uslub nutq jarayonida bajaradigan vazifasi hamda shu uslub turi uchun xos bo‘lgan leksik vositalardan foydalanish doirasiga ko‘ra ma’lum o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘ladi. Chunonchi, ilmiy uslub og‘zaki so‘zlashuv yoki badiiy uslublardan ma’lum bir fan yoki uning biror sohasiga oid atamalarning ko‘plab qo‘llanishi, turli jadvallar, chizmalar, shartli belgilardan foydalanilishi, faktik ma’lumotlarning ko‘proq qo‘llanilishi, nutqning monologik xarakterga ega bo‘lishi, asosan betaraf so‘zlar ishlatilib, obrazli, his–hayajon ifodalovchi, bo‘yoqdor, shevaga xos va boshqa shu kabi so‘zlarning qo‘llanmasligi bilan farq qiladi (4, 7-18-b.).
Rasmiy uslub – ish qog‘ozlari, hujjatlar, qonun, qaror, farmon, ustav, nizom, bitim, shrtnoma kabilarning mazmun-mohiyatida ham boshqa uslublardan farqlanadigan bir qancha jihatlar mavjuddir. Maqsadimiz rasmiy uslubning o‘ziga xos tomonlarini hamda turlarini o‘rganishga qaratilganligini e’tiborga olib, ishda boshqa uslublarga batafsil to‘xtalib o‘tirmadik.
O‘zbek tilining rasmiy uslubi tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Hozirgi O‘zbekiston Respublikasi va unga tutash hududlarda vujudga kelgan qadimgi davlatlar, hoqonliklar, xonliklar, amirliklar, hokimliklar, bekliklarda yuritilgan ko‘plab hujjatlar fikrimizning yaqqol dalilidir. Bunday hujjatlar sirasiga farmonlar, yorliqlar, vaqfnomalar, arznomalar, qarznomalar, vasiqalarni kiritishimiz mumkin. Bu uslub davlatning ichki tartib-qoidalari, shu mamlakat fuqarolarining huquqiy munosabatlari, shuningdek davlatlararo siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qilganligi bilan ham og‘zaki so‘zlashuv, ilmiy yoki badiiy uslublardan farq qilgan. Bugunga kelib bu uslubda mustaqil mamlakatimizning qonunlari, farmonlari, qarorlari, boshqaruv va nazorat organlarining buyruqlari, boshqa davlatlar bilan tuzilayotgan shartnomalar, bitimlar, bayonotlar, rasmiy axborotlar; korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va ular o‘rtasida yuritilayotgan o‘nlab turdagi hujjatlar yozilmoqda. Barcha turdagi korxonalarda yuritib kelinayotgan hujjatlar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: ariza, bildirishnoma, buyruq, farmoyish, dalolatnoma, ishonchnoma, yo‘riqnoma, ustav, nizom, majlis bayoni, ma’lumotnoma, mehnat daftarchasi, tavsifnoma, tavsiyanoma, tarjimayi hol, tilxat, shartnoma, hisobot, e’lon, kafolat xati, da’vo xati, telegramma, telefonogramma, modemogramma, guvohnoma va boshqalar. Bulardan tashqari ayrim korxona, tashkilot, muassasalarning o‘zlarigagina tegishli hujjatlar ham borki, ular shu sohaga doir mutaxassislar tayyorlash jarayonida, malaka oshirish kurslarida o‘rgatib boriladi. Chunonchi, tibbiyot, militsiya, prokuratura, sud, bojxona, kutubxona, buxgalteriya, bank xizmati va boshqa shu kabi sohalarga doir ayrim hujjatlar shu soha mutaxassislari tomonidan yoziladi yoki to‘ldiriladi.
Rasmiy uslub leksikasi boshqa uslublardan ma’lum chegaralanishga egaligi bilan ham farq qiladi. Unda uslubiy bo‘yoqdor, so‘zlashuv uslubiga xos, shevaga oid, badiiy uslubga xos so‘zlar, iboralar, jargon va argolardan foydalanilmaydi (2, 15-b.). Bu uslub qat’iy ravishda yozma nutqning betaraf leksikasiga tayanib ish ko‘radi. Shuning uchun ham bu uslubga xos hujjatlar asosini siyosiy va xalqaro munosabatlar, mamlakat siyosiy va ma’muriy tuzilmalari hamda ularning faoliyati, huquq, qonun, iqtisod, ma’naviy-ma’rifiy sohaga hamda rasmiy-ma’muriy, idoraviy yo‘nalishga oid hujjatlar, ish qog‘ozlari leksikasi tashkil etadi.
Bo‘lg‘usi oliy ma’lumotli mutaxassis, ish yurituvchi, hujjatlar bilan bevosita ishlaydigan xodim oldida, Yuqorida ta’kidlanganidek, hujjat turlarini puxta o‘rgnish, ularni mantiqiy to‘g‘ri va aniq ma’lumotlar asosida shu sohaga doir leksik vositalardan unumli foydalangan holda tayyorlash, to‘ldirish vazifasi turadi. Shuningdek, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosining joriy etilishi va shu munosabat bilan yangi imlo qoidalarining ishlab chiqilganligi, amalda 1956-yildan buyon qo‘llanib kelingan ayrim imlo qoidalarining eskirganligi yoki yangisi bilan almashtirilganligi, yangi imlo qoidalarining kiritilganligi, imkon qadar o‘zbek tilining grammatik qonun-qoidalaridan samarali foydalangan holda uslubiy, imloviy va ishoraviy xatolarsiz hujjatlar tayyorlashni taqozo etadi. Kirill va lotin yozuvlariga asoslangan alifbolarda so‘zlarning yozilishidagi ayrim farqlarni inobatga oladigan bo‘lsak, bu hol barchamizdan hujjat tayyorlash ishiga alohida e’tibor bilan qarashimizni talab etadi: объект – obyekt, режиссёр – rejissor, концерн – konsern, акция – aksiya va hokazo kabi. Buni yangi imlo qoidalarini puxta o‘rganish orqali chuqur o‘zlashtirib olish mumkin.
Ma’lumki, kirill yozuvi asosidagi alifbomizda 33 harf va 2 ta belgi mavjud edi. Ular quyidagilar: Аа, Бб, Вв, Гг, Дд, Ее, Ёё, Жж, Зз, Ии, Кк, Лл, Мм, Нн, Оо, Пп, Рр, Сс, Тт, Уу, Фф, Хх, Цц, Чч, Шш, Ъъ, Ьь, Ээ, Юю, Яя, Ўў, Ққ, Ғғ, Ҳҳ. Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosida esa 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi mavjud bo‘lib, ular quyidagi tartibda joylashgan: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, Shsh, Chch, Ngng. Yangi alifboga tovush ifodalamaydigan belgilar kiritilmadi. Tutuq belgisi imlo qoidalari sirasida o‘rganiladigan bo‘ldi.
1956-yil 4-aprelda tasdiqlangan “O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” 72 paragrafdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustda 339-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” 82 banddan iborat. Hujjatlar tayyorlash jarayonida imlo qoidalarining zarurligini e’tiborga olib, “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”dan ayrim bandlarini misol tariqasida keltiramiz.