Insoniyat tarixining mukammal yaratilishi, ajdodlar yaratgan ma’naviy, ilmiy, ma’rifiy boyliklarning avlodlardan avlodlarga o‘tishi yozuvning ixtiro qilinishi bilan bog‘liq



Yüklə 16,78 Kb.
tarix10.02.2023
ölçüsü16,78 Kb.
#83697
Hujjatlar davlat tilida yozilishi kerak


Insoniyat tarixining mukammal yaratilishi, ajdodlar yaratgan ma’naviy, ilmiy, ma’rifiy boyliklarning avlodlardan avlodlarga o‘tishi yozuvning ixtiro qilinishi bilan bog‘liq. Turkiy xalqlar ijodi qilgan turk-run va uyg‘ur hamda uzoq tarixda iste’molda bo‘lgan boshqa ko‘plab yozuvlar tufayli eng qadimgi zamonlardan boshlab ota-bobolarimizning yaqin-yiroq mamlakatlar bilan o‘zaro turli-tuman munosabatlarini aks ettiruvchi yozishmalar, yilnomalar, hujjatlar, yaratilgan ming-minglab badiiy, ilmiy, tarixiy, ma’rifiy asarlar yetib kelgan.
Tarixda miloddan avvalgi 1792-1750 yillarda Bobilda podshohlik qilgan Hammurapi, miloddan avvalgi 2112-2094-yillarda hukmronlik qilgan Ur-Nammularning ”Qonunlar majmui” eng qadimgi va nodir hujjatlar sanaladi. Hujjatchilik borasidagi bu an’ana turk hoqonlarining “Qonunnoma”sida ham davom ettirilgan bo‘lib, unda Buyuk turk hoqonligining davlatni idora qilish tartib-qoidalari, turli mansab egalarining vazifalari, soliq solish va uni to‘plash tartibi, harbiy yurishlar o‘tkazish, qo‘zg‘olonlarni bostirish qoidalari bayon etilgan. Xondamirning “Qonuni Humoyun”, Ro‘zbexoning “Suluk al-muluk” kabi noyob tarixiy manbalar ham turkiy xalqlar tarixida hujjatchilik an’analari juda qadimgi davrlarda boshlanganligidan dalolat beradi. Qayd etib o‘tilgan tarixiy manbalardan tashqari, hoqonliklar, shohliklar, xonliklar, amirlik va bekliklarda yuritilgan farmonlar, bitimlar, arznomalar, yorliq, tilxat, qarznoma, guvohnoma kabi ko‘plab hujjatlarning turli-tuman yozuvlarda tayyorlangan noyob nusxalari, namunalari ham bizgacha yetib kelgan.
Bizgacha yetib kelgan hujjatlar ichida eng muhimi va butun dunyoga tarqalib, shohlar va sarkardalar, davlat arboblari uchun dasturilamal vazifasini o‘tab kelgan noyob manba buyuk bobokalonimiz sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari”dir. Tuzuklar o‘rta asrlar davlatchiligining asosiy qonuni sifatida mashhur bo‘lib, unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toj-u taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarini saylash, sipohiylarning maoshi, boj va soliq to‘lash tartib-qoidalari, mamlakatlarni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qo‘shin boshliqlarining burch va vazifalari, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toj-u taxt oldida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini qay tarzda taqdirlash tartibi va boshqa shu kabi muhim qoidalar o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, o‘sha davr huquqni nazorat va muhofaza etuvchi mutasaddilar – qozilar tomonidan tasdiqlangan meros mulkni taqsimlash, bolalarni hunar o‘rganish uchun shogirdlikka berish, korxonalar, savdo do‘konlari, yer-suv hamda uy-joy, mol-mulkni sotish, sotib olish yoki ijaraga berish, qullar mehnatidan foydalanish yoki ularni ozod etish, oila, nikoh, taloq, sulh kabi qator huquqiy munosabatlar aksini topgan vasiqalar to‘plamlari ham fikrimizni asoslaydi.
Hazrat sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari tomonidan boshqarilgan yurtlarda davlat ishlari turkiy (o‘zbek) tilda yuritilgan. Boburning “Boburnoma” asari bundan yaqqol guvohlik beradi.
Bu o‘rinda, ayniqsa, sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davrida alohida e’tibor bilan qaralganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Ularning bu an’analari keyingi asrlarda Buxoro, Qo‘qon, Xiva xonliklari tomonidan davom ettirildi.
Afsuski, bu jarayon chor Rossiyasining Markaziy Osiyoni bosib olishi bilan to‘xtab qoldi, an’analar unutildi. Hujjatchilik tanazzulga uchradi. Mamlakatning boshqaruv-nazorat organlarida barcha hujjatlar rus tilida yuritishga o‘tkazildi.
Tarixda buyuk oktyabr inqilobi deya nomlangan 1917 yilgi davlat to‘ntarishi ham bu sohada jiddiy bir o‘zgarishlar bo‘lishiga olib kelmadi. 1924 yilga kelib sobiq sho‘rolar davlati tarkibida O‘zbekiston Respublikasi deb nomlangan yangi davlat tashkil topdi. O‘sha yilning 31 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi inqilobiy qo‘mitasi “Ishlarni o‘zbek tilida yurgizish hamda O‘zbekiston jumhuriyatining inqilobiy komiteti huzurida markaziy yerlashtirish hay’ati va mahallalarda muzofot yerlashtirish hay’atlari tuzilishi to‘g‘risida” 48-raqamli qaror qabul qildi. Unda hukumat, kooperativ, xo‘jalik idoralari, muassasa, tashkilot va korxonalarda butun yozuv ishlarini faqat o‘zbek tilida yuritishga majbur etish vazifasi qo‘yilgan edi.
Oradan to‘rt yil o‘tib, 1928 yilda “Davlat idoralarini o‘zbeklashtirish” hamda “O‘zbekiston Respublikasida idora, korxona va tashkilotlari ishchi xodimlarini o‘zbek tiliga majburiy o‘rgatish to‘g‘risida” ikkita tarixiy qaror qabul qilinadi. Ularda davlat idoralarini o‘zbeklashtirish Markaziy komissiyasiga idoralarda ish yuritish hujjatlarini mahalliy va rus tiliga o‘tkazish, idoralarni asta-sekin ikki tilni biladigan xodimlar bilan to‘ldirish, o‘zbek tilini o‘rganish uchun bir, ikki, uch yillik to‘garaklar tashkil etish vazifasi qo‘yilgan edi. Idora va muassasalarga 1929 yil 1oktyabrdan boshlab o‘zbek tilini bilmaydigan xodimlarni ishga olmaslik, o‘zbek tilini mensimagan yoki unga nisbatan g‘ayri munosabatda bo‘ladiganlarni o‘zbek tilini biladigan xodimlar bilan almashtirish huquqi berilgan edi. 1931 yilda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq Komissarlari Soveti tomonidan idoralarni o‘zbeklashtirish to‘g‘risida yana bir qaror qabul qilinib, unda 1933 yil 1 aprelgacha butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘ta muhim bu ishni tugallash belgilangan edi...
Ming afsuski, o‘tgan asr boshlarida qisqa muddat ichida ketma-ket qabul qilingan bu hujjatlarning birortasi ham hayotga tatbiq etilmasdan qog‘ozlarda qolib ketdi. Mamlakatda nafaqat ziyolilar, balki ozgina mustaqil fikrlab, mushohada yurita oladigan kosiblar, dehqonlar-u ishchilarga ham qarshi qaratilib, takror-takror o‘tkazilgan qatag‘on qirg‘inlari, mash’um Ikkinchi jahon urushi, millionlab begunoh insonlar yostig‘ini quritgan shaxsga sig‘inish davri, talon-tarojliklar avjiga chiqqan turg‘unlik yillari sobiq sho‘rolar davlati tarkibida bo‘lib, nomigagina teng huquqli hisoblangan milliy respublikalarning tillariga, shu jumladan, o‘zbek tiliga ham bo‘lgan o‘gay munosabatni, faqat va faqat, mustahkamlab keldi, xolos.
Hujjatlarning faqat rus tilida yuritilishi, bir asrdan ortiq hukm surgan mustamlakachilik munosabatlari va mahalliy tillarga o‘tkazilgan ta’qiq-taziyqlar natijasida asrlar davomida shakllangan ish yuritish va hujjatchilik sohasida katta uzilish yuz berib, ming yillik an’analar davom etmay qoldi. Eng achinarlisi, o‘zbek tili o‘z nomi bilan ataladigan davlatda ish yuritish quroli bo‘lish o‘rniga bir chekkaga surib qo‘yildi. U nochor bir holda oila, ko‘cha va bozor tiliga aylanib qoldi. Rus tilini bilish baynalmilallik belgisi sanalgani holda o‘zbek tilini bilish, unda gapirishni talab etish millatchilik deb hisoblanadigan darajaga yetdik. Natijada nafaqat og‘zaki nutqimizda, hatto adabiy tilimizda muqobili bor bo‘lgan spravka, akt, protokol, instruksiya, dogovor, avtobiografiya, zayavleniye, otchot, raport, xarakteristika, plan, rekomendatsiya, retsenziya kabi ish yuritish, hujjatchilikka oid ko‘plab ruscha atamalarning qo‘llanishi ijobiy hodisa sifatida rag‘batlantirildi, kundalik odatiy holga aylandi va aytish mumkinki, hozirgacha ham davom etmoqda. Mustaqillikka erishganimizga ham o‘ttiz yil bo‘lyapti, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganiga esa o‘ttiz yil to‘ldi. Bu qonunning eng muhim – mamlakatda ish yuritish, hujjatchilikka doir bir necha asosiy moddasi yillar osha amalga to‘liq tatbiq etilmadi. Bu masalaning davlat miqyosida hal etilishi bo‘yicha bir qator Farmon, Qarorlar qabul qilindi, yana bir qismi parlamentimiz muhokamasi uchun tayyorlanmoqda.
Adliya vazirligi hujjatchilik va ish qog‘ozlari yuritish borasida bugungi kungacha davom etib kelgan sansolarliklarning asosiy sababini bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” loyiha taklifi bilan chiqdi. Taklifga ko‘ra, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 42-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, – deyilgan. Xo‘sh, nima bo‘pti? To‘g‘ri taklif. Har qanday tartibbuzar odam qilmishiga yarasha tanbeh olishi kerak. Davlat tilida ish yuritishda yo‘l qo‘yiladigan holat esa tartibbuzarlik emas, qonunbuzarlikdir. Shunday bo‘lgach, qonunbuzar kim bo‘lishidan qat’iy nazar qonunga binoan tegishli tarzda jazolanishi kerak. Bu dunyo miqyosida qabul qilingan umumiy qoida. Hayron qoladigan joyi yo‘q. Ammo hayron qolinadigan joyi shundaki, Adliya vazirligining bu taklifi negadir ba’zi bir “do‘stlarimiz”ning ijtimoiy tarmoqlar orqali ayyuhannos solib, ushbu taklifni noto‘g‘ri talqin qilishlari va jazavaga tushishlariga sabab bo‘ldi. Axir O‘zbekiston mustaqil bir davlat bo‘lsa, o‘zining ichki va tashqi siyosatini boshqa bir davlat fuqarolari yoki ichimizdagi ayrim, o‘z manfaatidan boshqasini o‘ylamaydiganlarning noqis fikrlari bilan amalga oshiradimi?
Yo‘q, janoblar! Bunday o‘ylashlaringiz mutlaqo noto‘g‘ri. Biz o‘ttiz yildan so‘nggina 21 oktyabrni O‘zbek tili bayrami kuni deb e’lon qildik. Bu tabiiy hol. Chunki dunyoda o‘zini hurmat qiladigan qancha-qancha mamlakatlar o‘z davlat tili bayramini keng nishonlab kelmoqda. Chunonchi, 20 aprel – xitoy, 23 aprel – ispan, 15 may – fors, 6 iyun – rus, 1 avgust – ozarbayjon, 31 avgust – moldavan, 26 sentyabr – turk, 9 dekabr – italyan, 18 dekabr – arab tili kuni sifatida nishonlanadi. Buning nimasi yomon! Bu sanalarning bayram sifatida nishonlanishi shu davlatlarda yashayotgan barcha xalqlarning dam oladigan bayrami, shu davlatning tiliga bo‘lgan hurmati va ehtiromining yuksak namunasi emasmi?! Yana “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 42-moddasiga qaytadigan bo‘lsak, Adliya vazirligi bu taklifni o‘z-o‘zicha o‘ylab topgani yoki havodan olgani yo‘q. Dunyo qonunchiligi amaliyotidagi boy tajribalardan o‘rganib, davlat tili haqidagi qonunning mamlakat miqyosida amalda hech qanday istisnolarsiz qo‘llanishi mexanizmini yaratish maqsadida kirityapti. Buni faqat olqishlash kerak, janoblar!
Kech bo‘lsa ham, shunday taklif ishlab chiqildi. Qonunni biladigan, unga qat’iy rioya qiladigan rahbarlar esa hech qachon va hech qancha jarimaga tortilmaydi, aksincha, rag‘batlantirilishi mumkin. Bu o‘rinda ayrim “do‘stlarimiz”ning ortgiqcha his-hayajonga berilib, jazavaga tushishlariga, birovlarning huquqlari kamsitilyapti, poymol etilyapti, deb bo‘hton qilishlariga va ijtimoiy tarmoqlarda behuda shovqin solishlariga hech qanday hojat yo‘q.
Mamlakatimizda farovon turmush kechirayotgan aziz yurtdoshlarimiz, millatdoshlarimiz, boshqa barcha millatlar va elatlarning vakillari shu mamlakatning tuz-u namaklari, noz-ne’matlari, hurmat-ye’zozlari, izzat-ikromlari, mehr-u muruvvatlari, g‘amxo‘rlig-u saxovatlaridan beminnat bahramand bo‘layotgan ekanlar, shu yurtning azaliy urf-odatlariga, an’ana-yu qadriyatlariga, tartib-qoidalariga, uning davlat tili haqidagi qonuni talablariga ham qat’iy rioya etishlari insofdan bo‘ladi.
Mardon BOLTAYeV,
SamDU kengashi kotibi, dotsent.
Yüklə 16,78 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin