Oʻtgan asrning 60-yillarida kanadalik olim Marshall MakLuhan tilga olgan «global qishloq»da, mana, bugun bizlar yashamoqdamiz: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shunchalik rivojlandiki, dunyoning istalgan nuqtasi bilan bemalol bogʻlana olamiz va boshqa mamlakatlarda yuz berayotgan voqea-hodisalar haqida tezkorlik bilan xabar topamiz.
Bu jarayonda, shubhasiz, internetning oʻrni beqiyosdir. Dunyoning koʻpgina mamlakatlarida internet juda qisqa vaqt ichida anʼanaviy ommaviy axborot vositalariga munosib raqobatchiga va soʻz erkinligi nuqtai nazaridan qulay minbarga aylandi.
Oʻzbekiston aholisi internetdan foydalanishni 1990-yillarning oxirida boshladi. Ammo mamlakatda internet jurnalistikaning rivojlanish jarayoni juda sust kechmoqda. Bugungi kunda qariyb 400 web-sayt Matbuot va axborot agentligida ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa-da, oʻzbek tilida faoliyat yuritadigan, kattaroq auditoriyaga ega nashrlar soni barmoq bilan sanarli darajada oz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin Oʻzbekistondagi internet jurnalistikasi nisbatan erkin nafas ola boshlagandek. Nashrlarda oldinlari deyarli kuzatilmagan holat – dadilroq tanqidiy maqolalar, muammoli mavzular koʻzga tashlana boshladi. Masalan, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Janubiy Koreyada ishlashni istovchilar uchun joriy yilning aprelida oʻtkazgan test sinovlari ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida keskin tanqidga uchradi. Pirovardida agentlik rahbari ishdan olindi. Yaqinda Toshkentdagi tibbiyot kolleji tabalasi boʻlgan Jasurbek Ibragimovning oʻlimi bilan bogʻliq tergov harakatlarini respublika Bosh prokurori shaxsan nazoratiga olishiga ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlardagi keng muhokamalar ham sabab boʻldi. Biroq bular juzʼiy, kam sonli holatlar, xolos. Oʻzbek internet jurnalistikasi chin maʼnoda rivojlana olishi, jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun bir qator muammolarni yengib oʻtishiga toʻgʻri keladi.