Mavzu:Xorijiy davlatlarda kasb ta’limining yo‘lga qo‘yilish tahlili Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom mahalliy mehnat organlarida belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan (keyingi o‘rinlarda — ishsiz shaxslar) hamda ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan (keyingi o‘rinlarda — ish qidirayotgan shaxslar), shuningdek, “labor-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatga olingan shaxslar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ehtiyojlari asosida kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ishsiz va ish qidirayotgan, shu jumladan “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish (keyingi o‘rinlarda — kasb-hunarga o‘qitish) quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
kasbi (mutaxassisligi) mavjud bo‘lmaganda;
mavjud kasbiy ko‘nikmalariga maqbul ish yo‘qligi sababli kasbni (mutaxassislikni) o‘zgartirish zarur bo‘lganda;
kasbiy ko‘nikmalari mavjud bo‘lmaganligi yoki yetarli bo‘lmaganligi, kasbiga (mutaxassisligiga) doir talablar o‘zgartirilganligi bois malaka oshirishi zarur bo‘lganda;
avvalgi kasbi (mutaxassisligi) bo‘yicha ish bajarish qobiliyati yo‘qotilganda.
3. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish quyidagi o‘quv muassasalarida (tashkilotlarda) amalga oshirilishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi) tizimidagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari;
professional ta’lim tashkilotlari;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning o‘quv markazlari va bo‘linmalari;
davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalarining malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi tashkilotlari hamda ularning huzuridagi o‘quv markazlari;
ta’lim faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha tegishli tartibda ruxsatnomaga (litsenziyaga) ega bo‘lgan tashkilotlar;
shogirdlarga kasb o‘rgatish imkoniyatlariga ega bo‘lgan “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan hunarmandlarning “Usta-shogird” maktablari.
4. Kasb-hunarga o‘qitish jarayoni o‘quv muassasasi yoki korxonaning ish o‘rnida amalga oshirilishi mumkin. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga tashkilotlarning ish o‘rnida ko‘pi bilan har o‘n nafar o‘quvchilarga ushbu tashkilotning tajribali bir nafar xodimi — ishlab chiqarish ta’limi yo‘riqchisini biriktirgan holda o‘qitishga yo‘l qo‘yiladi.
Ishlab chiqarish sohasida ta’lim jarayoni o‘quv ustaxonalarida, o‘quv amaliyot-mashq maydonchalarida va bitiruvchilar ishga joylashtirilishi uchun mo‘ljallangan tashkilotlarning ishlab chiqarish sharoitida amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yiladi. Ushbu maqsadlarda har bir o‘quvchiga ishlab chiqarish ta’limini boshlashdan oldin zarur asbob, uskuna, ashyolar bilan jihozlangan ish o‘rni ajratib beriladi.
Agar o‘quv muassasasining zarur o‘quv-moddiy bazasi bo‘lmagan taqdirda, ishlab chiqarish sohasida ta’lim jarayoni tashkilotlarning ish o‘rinlarida amalga oshiriladi. Lekin, o‘quv muassasasi kasb-hunarga o‘qitish jarayonini monitoring qilib boradi, tashkilotning malakaviy komissiyasi tarkibida ishtirok etadi va baholaydi, o‘qish yakuni bilan o‘quv muassasasining o‘qishni tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjati (sertifikat, guvohnoma, diplom) beriladi.
5. Pensiya turidan qat’i nazar, pensiya bilan ta’minlanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ularning jismoniy imkoniyatlarini hisobga olib, mehnat organlarida ro‘yxatga olinib, kasb-hunarga o‘qitishga muhtoj bo‘lsalar, ularni kasb-hunarga o‘qitish mumkin.
Ushbu toifadagi fuqarolar ishsiz deb e’tirof etilmaydilar. Biroq, mahalliy mehnat organlarida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinish huquqini saqlab qoladilar. Bunda ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan barcha zarur xizmatlar (kasb-hunarga o‘qitish davrida stipendiya to‘lashdan tashqari) ko‘rsatiladi.