1. Jinoyat huquqi tushunchasi, jinoyat huquqi fanining predmeti va vazifalari. Jinoyat huquqi qonunchilik sohasi sifatida davlatning oliy qonun chiqaruvchi organi - Oliy Majlis chiqargan qonun va normalar yig‘indisidan iborat bо‘lib, u jinoiy javobgarlik asoslari va prinsiplari, ayrim qilmishlarning jinoiyligi va jinoiy jazoga loyiqligi, jinoiy javobgarlikka tortish va jinoiy jazoni о‘tashdan ozod qilish asoslari va meyorlari, jinoyat huquqiga oid ta’sirning jinoiy jazo hisoblanmaydigan hamda jinoyat huquqiga oid munosabatlar doirasida ijobiy va ijtimoiy foydali xulq-atvorni rag‘batlantiruvchi boshqa ta’sir choralarini qо‘llashni belgilaydi.
Jinoyat qonunlarining vazifalari qatoriga jinoyatlarning oldini olish kiradi. Binobarin, jinoyat huquqini tartibga solish predmetiga oldini olish ijtimoiy munosabatlari ham kiradi. Mazkur munosabatlar jinoyat huquqiga oid taqiqdan kelib chiqadi hamda ba’zi toifadagi shaxslarni jinoyat sodir etishdan qaytarishga yо‘naltirilgan bо‘ladi.
Jinoyat qonuni vazifalarini bajarish quyidagilar orqali amalga oshiriladi: javobgarlik asoslari va prinsiplarini aniqlash; jinoyat toifasiga kiritilgan qilmishlar doirasini aniqlash; jinoiy jazo choralarini tayinlash; jazodan tashqari huquqiy ta’sir choralarini tayinlash va hokazo. Binobarin, jinoyat huquqi predmetini tashkil qiluvchi har bir alohida ijtimoiy munosabatga uni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi aniq usul mos keladi. Chunonchi, usulning umum qо‘llanadigan ma’nolariga ish usuli, yо‘li, tarzi degan ma’nolar kiradi.
Demak, jinoyat huquqining predmetini tashkil qiluvchi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish quyidagi usullar bilan amalga oshiriladi, deb xulosa qilish mumkin: 1) ijtimoiy xavfli hamda qonunga xilof qilmish sodir etgan shaxslarga jinoiy-huquqiy sanksiyalarni qо‘llash; 2) jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning qat’iy meyorlanganligi; 3) jazodan yoki uni о‘tashdan ozod qilishning huquqiy tartibga solinganligi; 4) tibbiy yо‘sindagi majburlov choralarini qо‘llash; 5) jinoyat huquqiga oid taqiqning о‘rnatilganligi; 6) kodeksda aniq kо‘rsatilgan shartlar mavjud bо‘lganda, qonun bilan qо‘riqlanadigan huquqlarga zarar yetkazish huquqining fuqarolarga berilganligi va hokazo.
2. Jinoyat huquqining prinsiplari Prinsiplar tizimi jinoyat huquqiga oid markaziy institutlar - jinoyat va jazoni о‘zida mujassamlashtiradi. Xususan, ularning asosini О‘zbekiston Respublikasida mustahkamlangan qonuniylik va fuqarolarning tengligi prinsipi tashkil etadi (О‘zR Konstitusiyasining 14, 15, 18-m.).
Normativ prinsiplar tizimini qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi, kabi prinsiplar tashkil etadi.
Qonuniylik prinsipi (JK 4-m.). Sodir etilgan qilmishning jinoiyligi, jazoga sazovorligi va boshqa huquqiy oqibatlari faqat Jinoyat kodeksi bilan belgilanadi.
Hech kim sudning hukmi bо‘lmay turib jinoyat sodir qilishda aybli deb topilishi va qonunga xilof ravishda jazoga tortilishi mumkin emas. Jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs qonunda belgilangan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi.
Fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi (JK 5-m.). Jinoyat sodir etgan shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, bir xil huquq va majburiyatlarga ega bо‘lib, qonun oldida tengdirlar.
Demokratizm prinsipi (JK 6-m.). Jamoat birlashmalari, fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari yoki jamoalar jinoyat sodir etgan shaxslar axloqini tuzatish ishiga qonunda nazarda tutilgan hollarda jalb qilinishlari mumkin.
Insonparvarlik prinsipi (JK 7-m.). Jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini kо‘zlamaydi.
Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bо‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qо‘llanilishi kerak.
Jazolashdan kо‘zlangan maqsadga ushbu Kodeks Maxsus qisminingtegishli moddalarida nazarda tutilgan yengilroq choralarni qо‘llash orqali erishib bо‘lmaydigan taqdirdagina og‘irroq jazo choralari tayinlanishi mumkin.
Odillik prinsipi (JK 8-m.). Jinoyat sodir etishda aybdor bо‘lgan shaxsga nisbatan qо‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bо‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bо‘lishi kerak.
Hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Ayb uchun javobgarlik prinsipi (JK 9-m.). Shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar bо‘ladi.
Javobgarlikning muqarrarligi prinsipi (JK 10-m.). Qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart.