Jismoniy tarbiya bo'yicha maktab darslarini tahlil qilish reja: Mashg’ulotlar shaklining ular mazmuniga aloqadorligi. Mаshg’ulotlarning umumiy tuzilishi
JISMONIY TARBIYA BO'YICHA MAKTAB DARSLARINI TAHLIL QILISH REJA: 1. Mashg’ulotlar shaklining ular mazmuniga aloqadorligi. 2. Mаshg’ulotlarning umumiy tuzilishi. 3. Jismoniy madaniyat mashg’uloti dars shakllari. 4. Mashg’ulotlarning darsdan tashqari shakllari.
1. Mashg’ulotlar shaklining ular mazmuniga aloqadorligi. Jismoniy mashq mashg’ulotlari jismoniy tarbiya jarayonidagi bir bo’lim bo’lib, ularda ham aslida jismoniy tarbiya vosita va usullaridan foydalaniladi, jismoniy tarbiya tamoyillari amalga oshiriladi. Bu esa, oqibat natijada jismoniy tarbiya vazifalarini hal etishning asosiy negizini tashkil etadi.
Jismoniy mashq mashg’ulotlari g’oyat xilma – xil bo’lib, sayr qilish, ertalabki badan tarbiya mashqlari, sport musobaqalari, cho’milish, turistik poxodlar, jismoniy tarbiya darslari va boshqalardan iboratdir. Biroq ularning hammasi ham ba’zi umumiy qonunlarga egadir. Bu qonuniyatlarni bilish har bir ayrim holatda jismoniy mashqlarni shug’ullanuvchi kishilar organizmiga samaraliroq ta’sir etadigan darajada oqilona amalga oshirishga imkon beradi.
Insonning jismoniy jihatdan kamol topishiga qaratilgan faol harakat faoliyati mashg’ulotlarning asosiy mazmunini tashkil etadi. Shug’ullanayotgan kishilarning faoliyati har qanday mashg’ulotda nisbatan mustaqil bo’lgan bir qator elementlardan, ya’ni jismoniy mashqlarning o’zidan, ularni bajarish uchun tayyorgarlikdan, faol dam olishdan va boshqalardan iborat bo’ladi. Bu elementning o’zaro qanday aloqadorligi, ya’ni mashg’ulot mazmuni elementlarning tuzilmasi jismoniy mashq mashg’ulotlari shaklsini tashkil etadi. Bunga mashqlarni bajarish tartibi, shug’ullanuvchi kishilarning o’zaro munosabatlari, tavsifi, ularni uyushtirish va boshqalar kiradi.
Har bir ayrim holatda shakl mashg’ulot mazmuniga mos kelishi kerak. Bu esa mashg’ulotning yaxshi o’tishi uchun zarur asosiy pedagogik qoidalaridan biridir. Masalan, mashg’ulotning mazmuni jismoniy sifatlarni rivojlantirishga qaratilgan bo’lsa, u holda mashqlar ish bilan dam olish qat’iy bir izchillik bilan almashib turadigan muayyan tartibda bajarilishi kerak. Xuddi shuningdek, mashg’ulotning qanday natija berishi o’quvchilarni uyushtirish, mashg’ulot qay paytda o’tkazilishi, mashq o’tkaziladigan joydan to’g’ri foydalanish kabi holatlarga ham bog’liq. Binobarin, mashg’ulotlarning shakli ularning mazmuniga faol ta’sir etar ekan. Shakl bilan mazmun birligigina shug’ullanuvchi kishilar faoliyati zarur darajada muvaffaqiyatli chiqishini ta’min etadi, aks holda mashg’ulotlar natijasi tuzuk bo’lmaydi.
Hadeb bir xil mashg’ulot shaklidan foydalanaverish shug’ullanayotgan kishilarning jismoniy tayyorgarligini takomillashtirishni to’xtatib qo’yadi. Eski shakllardan kechib, ularni yangi shakllarga almashtira borish esa, jismoniy tarbiya vazifalarini muvaffaqiyatli hal etishga imkon beradi.
Jismoniy mashq mashg’ulotlari ham mazmun, ham shakl jihatidan xilma – xil blishi kerak. Bu esa pedagogik ishda yo’l qo’yib bo’lmaydigan ulubiy qo’llanmalardan qutilib, mashg’ulot o’tkazishning xilma – xil usullaridan keng foydalanish imkonini beradi.
Mashg’ulotlar shaklining ular natijasiga faol ta’sir ko’rsatishi unga nihoyat darajada jiddiy munosabatda bo’lishni taqozo etadi. Jismoniy tarbiya nazariyasida jismoniy mashq mashg’ulotlarining tuzilishi masalalariga hamisha katta e’tibor berilishining sababi ham anna shundadir.