Kirish. O‘zbekistonning eng yangi tarixi o`quv fanining predmeti maqsadi vazifalari, nazariy metodologik tamoyillari
Reja
O’zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi.
“O’zbekistonning eng yangi tarixi” o’quv fanining predmeti, maqsad va vazifalari.
Fanni o’rganishning nazariy-uslubiy asoslari.
Yuksak intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga yetkazishda mamlakat eng yangi tarixining tutgan o’rni.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti .M.Mirziyoevning ma’naviy yetuk shaxsni tarbiyalashda tarixiy xotiraning o’rni va saboqlari to’g’risidagi fikrlari.
Ma`ruza
O’zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi.
XX asrning so‘nggi yillari va XXI asrning boshida O‘zbekiston tarixi uchun butunlay yangi sahifa ochildi. U tarixiy davr sifatida tub burilish hodisasini boshlab berdi. O‘zbekistonning sovet tizimi sharoitidagi oxirgi yillari va mustaqil taraqqiyot davri xalqimizning bir necha ming yillik tarixida o‘zining mazmuni, mohiyati, jarayonlarining tezkorligi, voqea-hodisalarning shiddatliligi bilan alohida ajralib turadi. Darslikda O‘zbekistonning davlat mustaqilligiga erishishi, yangi jamiyatga o‘tish davrida siyosiy islohotlarning amalga oshirilishi, O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurilishi, fuqarolik jamiyatining shakllantirilishi, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir tadbirlar, ma’naviy-ruhiy poklanish va milliy qadriyatlarning tiklanishi hamda O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olishi kabi masalalar mumkin qadar o‘z ifodasini topgan. Ko‘p ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan va o‘tmishida katta tarixiy siljishlar bilan birga tanazzullar va inqirozlarga guvoh bo‘lgan o‘zbek xalqi hayotida XX asrning oxiri va XXI asrning boshlari muhim ahamiyat kasb etdi. Ana shu davrda xalqimiz yaratgan buyuk bunyodkorliklar, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy sohadagi beqiyos yutuqlar O‘zbekistonning bundan keyingi uzoq kelajakka mo‘ljallangan taraqqiyotiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu davrning mohiyati – butunlay yangi tuzum, yangicha turmush tarzi, zamonaviy jahon sivilizatsiyasi talablariga javob bera oladigan aqliy salohiyat, intellektual imkoniyat bilan bog‘liqligi muhim ahamiyatga ega. Garchi mustaqillik davri tarixan qisqa bo‘lsada, mustabid tuzum asoratidan sovet tizimidan chiqib ketish, butun bir xalqning mustaqilligi va erkinligini ta’minlash kabi g‘oyatda ziddiyatli, tahdidli va tahlikali, ayni paytda sharafli jarayonni boshdan kechirdi. O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘lining mazmun-mohiyati va xususiyatlarini ob’yektiv baholagan holda mustaqillik davrini quyidagi ikki bosqichga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 1) 1991–2016-yillar.Bu davrda milliy davlatchilik asoslari va ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini yuzaga keltirishga qaratilgan o‘tish davrining dastlabki islohotlar jarayoniga ilk qadamlar qo‘yildi. Demokratik an’analar asosida yangi davlat boshqaruv tizimi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tashkil etildi, hamda fuqarolik jamiyati asoslari yaratildi, erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tila boshlandi. 2000-yildan mamlakatda faol demokratik yangilanish va modernizatsiyalash jarayonlari kuzatildi. Shu davrdan asosiy vazifasi qilib kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish vazifasi qo‘yildi. Natijada mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotida demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlari chuqurlashdi, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil sud tizimi mustahkamlandi, fuqarolik jamiyati asoslari rivojlandi. 2010-yildan demokratik islohotlar va mamlakatni modernizatsiyalash jarayonini yanada chuqurlashtirish masalasi ilgari surildi. Uning boshlanishi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqilishi bilan bog‘liqdir. Bu davr davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, sud-huquq tizimi, axborotlashtirish sohasini isloh etish, so‘z erkinligini ta’minlash, saylov qonunchiligini takomillashtirish, demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirishga qaratilganligi bilan xarakterlanadi. 2) 2017-yildan keyingi yillar. Bu davr tarixi 2016-yil dekabr oyida saylangan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik taraqqiyotga asoslangan keng ko‘lamli islohotlar davri hisoblanadi. Shuningdek, bu davrda jtimoiy-siyosiy hayotimizga yangi iboralar, xususan, “xalq bilan muloqot”, “xalq qabulxonalari”, “virtual qabulxona”, “tanqidiy tahlil”, “qat’iy tartib-intizom”, “arzon uylar”, “texnoparklar”, “o‘z bolangni o‘zing asra”, “yo‘l xaritasi”, “kafolatlangan xavfsizlik”, “kitobxonlik ko‘nikmasi” singari tushunchalar kirib keldi va hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.