Mavzu : bilim inson ma’naviy kamoloti omili



Yüklə 126,5 Kb.
tarix17.12.2022
ölçüsü126,5 Kb.
#75901
BILIM INSON MA’NAVIY KAMOLOTI OMILI


MAVZU : BILIM INSON MA’NAVIY KAMOLOTI OMILI


R E J A :

  1. .Bilish va bilishning shakllari

  2. .Bilish obyekti va subyekti .

  3. .Bilish va o’z-o’zini anglash .

Bilim inson ma’naviy kamoloti omili.


Bilish va bilishning shakllari. Bilishning mohiyati, shakllanish va rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlarini o'rganish falsafa tarixida muhim o'rin egallab kelmoqda. Inson o'z bilimi tufayli borliq, tabiat, jamiyatni va nihoyat, o'z-o'zini o'zgartiradi. Bilishga qaratilgan inson faoliyatini va uni amalga oshirishning eng samarali usullarini tadqiq etish falsafa tarixida muhim ahamiyatga ega. Shu bois ham falsafaning bilish masalalari va muammolari bilan shug'ullanuvchi maxsus sohasi — «Gnoseologiya» vujudga keldi va u qadimgi lotincha «gnozis» — bilish va «logos» — fan, ilm ma'nolarini anglatadi. Inson bilishi nihoyatda ko'p qirrali, murakkab va ziddiyatli jarayondir. Gnoseologiya asosan, bilishning falsafiy muammolarini hal etish bilan shug'ullanadi. Har bir tarixiy davr jamiyatning rivojlanish ehtiyojlaridan kelib chiqib, gnoseologiya oldiga yangi vazifalar qo'yadi. Xususan, XVII asr o'rtalarida yevropalik faylasuflar ilmiy bilishning ahamiyati, haqiqiy ilmiy bilishlar hosil qilishning usullarini o'rganish, ilmiy haqiqat mezonini aniqlash bilan shug'ullandilar. Tajribaga asoslangan bilimgina haqiqiy bilimdir, degan g'oyani olg'a surdilar. XVIII asr mutafakkirlari ilmiy bilishda inson aqli imkoniyatlariga, ratsional bilishning hissiy bilishga nisbatan ustunligiga alohida urg'u berdilar. Buyuk nemis faylasufi I. Kant bilish natijalarining haqiqiyligi xususida emas, balki insonning bilish qobiliyatlari haqida bahs yuritdi. Gnoseologiya oldida inson olamni bila oladimi, degan masala keskin qo'yildi. Insonning bilish imkoniyatlariga shubha bilan qaraydigan faylasuflar agnostiklar deb ataldi. Bilish nima? Bilish insonning tabiat, jamiyat va o'zi to'g'risida bilimlar hosil qilishga qaratilgan aqliy, ma'naviy faoliyat turidir. Inson o'zini qurshab turgan atrof-muhit to'g'risida bilim va tasavvurga ega bo'lmay turib, faoliyatning biron-bir turi bilan muvaffaqiyatli shug'ullana olmaydi. Bilishning mahsuli, natijasi ilm bo'lib, har qanday kasb-korni egallash faqat ilm orqali ro'y beradi. Shuningdek, bilish insongagina xos bo'lgan ma'naviy ehtiyoj, hayotiy zaruriyatdir. Insoniyat ko'p asrlar davomida orttirgan bilimlarini umumlashtirib va keyingi avlodlarga berib kelganligi tufayli ham o'zi uchun qator qulayliklarni yaratgan. Inson faoliyatining har qanday turi muayyan ilmga tayanadi va faoliyat jarayonida yangi bilimlar hosil qilinadi. Kundalik faoliyat jarayonida tajribalar orqali bilimlar hosil qilish butun insoniyatga xos bo'lgan bilish usulidir. Bilimlar bevosita hayotiy ehtiyojdan, farovon hayot kechirish zaruratidan vujudga kelgan va rivojlangan. Insoniyatning ancha keyingi taraqqiyoti davomida ilmiy faoliyat bilan bevosita shug'ullanadigan va ilmiy nazariyalar yaratuvchi alohida sotsial guruh vujudga keldi. Bular ilm-fan kishilari bo'lib, ilmiy nazariyalar yaratish bilan shug'ullanadilar. Bilishning ikki shakli: kundalik (empirik) bilish va nazariy (ilmiy) bilish bir-biridan farqlanadi. Kundalik bilish usullari nihoyatda xilma-xil va o'ziga xos bo'lib, bunday bilimlarni sistemalashtirish va umumlashgan holda keyingi avlodlarga berish ancha mushkuldir. Hozirgi zamon g'arb sotsiologiyasida xalqlarning kundalik bilim hosil qilish usullafini o'rganuvchi maxsus soha — etnometodologiya fani vujudga keldi. Gnoseologiya asosan nazariy bilish va uning rivojlanish xususiyatlarini o'rganish bilan shug'ullanadi. Nazariy bilishning obyekti, subyekti va predmetini bir-biridan farqlash muhim. Bilish obyekti. Tadqiqotchi-olim, faylasuf, san'atkor va boshqalarning, umuman insonning bilimlar hosil qilish uchun ilmiy faoliyati qaratilgan narsa, hodisa, jarayon, munosabatlar bilish obyektlari hisoblanadi. Bilish obyektlari moddiy, ma'naviy, konkret, mavhum, tabiiy va ijtimoiy bo'lishi mumkin. Bilish obyektlari eng kichik zarralardan tortib ulkan galaktikagacha bo'lgan borliqni qamrab oladi. Bilish obyektlariga asoslanib, bilim sohalari tabiiy, ijtimoiy-gumanitar va texnik fanlarga ajratiladi. Bilish subyekti. Bilish bilan shug'ullanuvchi kishilar va butun insoniyat bilish subyekti hisoblanadi. Ayrim )lingan tadqiqotchiolimlar, ilmiy jamoalar, ilmiy tadqiqot institutlari ham alohida bilish subyektlaridir. Ilmiy faoliyat tabiat va jamiyat mohiyatini bilishgagina emas, balki insonning o'ziga ham qaratilishi mumkin. Inson va butun insoniyat ayni bir vaqtda ham bilish obyekti, ham bilish subyekti sifatida namoyon bo'ladi. Bilishning maqsadi ilmiy bilimlar hosil qilishdangina iborat emas, balki bilish jarayonida hosil qilingan bilimlar vositasida insonning barkamolligiga intilish, tabiat va jamiyatni insoniylashtirish, tabiiy va ijtimoiy garmoniyaga erishishdir. Fan — fan uchun emas, balki inson manfaatlari uchun xizmat qilishi lozim. Inson ilmiy bilimlar vositasida ma'naviy barkamollikka erisha borgani sari ilm-fan qadriyat sifatida e'zozlana boshlaydi. Fanning har tomonlama rivojlanishi bilan turli ilm sohalarining hamkorligi kuchayadi, butun ilmiy jamoalar bilish subyekti, yangi ilmiy kashfiyotlar ijodkoriga aylanadilar. Bilish predmeti subyektning bilish faoliyati qamrab olgan bilish obyektining ayrim sohalari va tomonlaridir. Fanning o'rganish sohasi tobora konkretlashib boradi. Tabiatshunoslik fanlarini bilish predmetiga qarab botanika, zoologiya, geografiya, ixtiologiya va boshqa sohalari vujudga kelgandir. Tadqiqot predmeti fanlarni bir-biridan farqlashga imkon beradigan muhim belgidir. Bilish darajalarini shartli ravishda: quyi, yuqori va oliy darajaga ajratish mumkin. Bilishning quyi darajasi barcha tirik mavjudotlarga xos bo'lib, hissiy bilish deyiladi. Hissiy bilish sezgilar vositasida bilishdir. Insonning sezgi a'zolari (ko'rish, eshitish, hid bilish, ta'm bilish, teri sezgisi) boshqa mavjudotlarda bo'lgani singari uning narsalarga xos xususiyat, belgilarini farqlash, tabiiy muxitga moslashish va himoyalanishi uchun yordam beradi. Bilishning quyi bosqichida sezgi, idrok, tasavvur, diqqat, xayol tashqi olam to'g'risida muayyan bilimlar hosil qilishga yordam beradi. Bilishning yuqori bosqichi faqat insonlargagina xos bo'lib, aqliy bilish (ratsional bilish) deyiladi. Agar inson o'z sezgilari yordamida narsa va hodisalarning faqat tashqi xossa va xususiyatlarini bilsa, tafakkur vositasida narsa va hodisalarning ichki mohiyatini bilib oladi. Mohiyat hamisha yashirindir, u doimo hodisa sifatida namoyon bo'ladi. Har bir hodisada mohiyatning faqat bir tomonigina namoyon bo'ladi. Shu boisdan ham hodisa aldamchi va chalg'ituvchidir. Binobarin, inson sezgilarining biron bir narsa yoki hodisa to'g'risida bergan ma'lumotlari hech qachon uning butun mohiyatini ochib bera olmaydi. Tushuncha, hukm va xulosalar chiqarish ilmiy bilishning muhim vositalaridir. Bunday bilish insondan alohida qobiliyat, kuchli irodani tarbiyalashni, narsa va hodisalardan fikran uzoqlashishni, diqqatni bir joyga to'plashni, ijodiy xayolni talab etadi. Bilishning oliy darajasi intuitiv bilish, qalban bilish, g'oyibona bilishdir. O'zining butun borlig'ini fan, din, siyosat va san'at sohasiga bag'ishlagan buyuk kishilar ana shunday bilish qobiliyatiga ega bo'ladilar. Intuitiv bilish hissiy va aqliy bilishga tayanadi. Buyuk shaxslarning g'oyibona bilishi ularning doimiy ravishda fikrini band etgan, yechimini kutayotgan umumbashariy muammolar bilan bog'liqdir. Ilmiy bilishning eng samarali usullarini aniqlash gnoseologiyada muhim o'rin egallab keldi. Har bir fan o'ziga xos bilish usullaridan foydalanadi. Ilmiy bilish fakt va dalillarga, ularni qayta ishlash, umumlashtirishga asoslanadi. Ilmiy fakt va dalillar to'plashning o'ziga xos usullari mavjud bo'lib, ularni ilmiy bilish metodlari deyiladi. Ilmiy bilishning metodlari mavjud va ularni o'rganadigan maxsus soha — metodologiya deb ataladi. Ilmiy bilish metodlari o'z xarakteriga ko'ra: 1) eng umumiy ilmiy metodlar; 2) umumiy ilmiy metodlar; 3) xususiy ilmiy metodlarga bo'linadi. Eng umumiy ilmiy bilish metodlari barcha fanlar uchun xos bo'lgan metodlardir. Bunga analiz va sintez, umumlashtirish va mavhumlashtirish, induksiya va deduksiya, qiyoslash va modellashtirish kabilarni ko'rsatish mumkin. Masalan, tabiatshunoslik fanlarida kuzatish, eksperiment, taqqoslash umumilmiy metodlar bo'lsa, ijtimoiy fanlarda tarixiylik va mantiqiylik umumilmiy metodlar hisoblanadi. Xususiy ilmiy metodlar har bir fanning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Masalan, suhbatlash ish, anketa so'rovi, hujjatlarni o'rganish sotsiologiya faniga xos bo'lgan xususiy ilmiy metodlardir. Bir fanda yaxshi samara beradigan ilmiy bilish metodi boshqa fanda shunday samara bermasligi mumkin. Ilmiy bilishda to'g'ri metodni tanlash bilishda muvaffaqiyat garovi hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, ilmiy tadqiqotda nimani o'rganish kerak, degan masala fan predmetini aniqlashga imkon bersa, qanday o'rganish kerak, degan masala esa ilmiy bilish metodini to'g'ri belgilashga yordam beradi. Ilmiy bilish metodlari va ilmiy nazariya bir-biri bilan uzviy bog'liqdir. Ilg'or ilmiy nazariya fanning butun taraqqiyoti davomida erishilgan muhim yutuq bo'lib, u ilgarigi ilmiy qarashlarni ijodiy rivojlantirish, o'sha yutuqlarga tanqidiy nuqtayi nazardan qarash orqali vujudga keladi. Fan mohiyatan o'zi erishgan yutuqlarga shubha bilan qarashni taqozo qiladi. Fan, falsafa sohasida erishilgan yutuqlarni mutlaqlashtirish, ularga ko'r-ko'rona sig'inish muqarrar ravishda dogmatizmni keltirib chiqaradi. Fan erishgan yutuqlar hamisha nisbiydir. Lekin bunday nisbiylikni mutlaqlashtirish relyativizmni, fan yutuqlariga ishonchsizlik bilan qarash esa, skeptitsizmni vujudga keltiradi. Fan taraqqiyoti uchun dogmatizm, relyativizm va skeptitsizm jiddiy xalaqit beradi. Ilg'or-ilmiy nazariyalar malum bir davrda ilmiy va falsafiy qarashlar yo'nalishini o'zgartirishi, ilmiylikning o'ziga xos mezoni bo'lishi ham mumkin. Masalan, Charlz Darvinning evolyutsion nazariyasi, A. Eynshteynning nisbiylik nazariyasi falsafiy va ilmiy dunyoqarashlarda muhim o'zgarishlarni vujudga keltirdi. Gnoseologiyada haqiqat tushunchasi muhim o'rin tutadi. Haqiqat inson bilimlarining voqelikka muvofiq kelishidir. Haqiqatni ochish yoki ilmiy haqiqatga erishish har qanday ilmiy bilishning asosiy vazifasi hisoblanadi. Haqiqat o'zining mazmuniga ko'ra mutlaq va nisbiy bo'lishi mumkin. Fan haqiqati hamisha nisbiy xarakterga ega bo'lib, ularning majmuasidan mutlaq haqiqat vujudga keladi. Haqiqat o'z mazmuniga ko'ra hamisha obyektivdir. Ya'ni lining mavjudligi ayrim kishilarning xohish-irodasiga bog'liq emasdir. Masalan, O'zbekistonning milliy mustaqilligi obyektiv haqiqatdir. Ayrim kishilarning bu mustaqillikni tan olish yoki olmasligidan qat'i nazar, bu haqiqat o'z mazmunini saqlab qolaveradi. Haqiqatni atayin buzish yoki soxtalashtirish oxir-oqibatda fosh bo'ladi va o'z qadrini yo'qotadi. Shuningdek, haqiqat hech qachon mavhum emasdir. U hamisha konkretdir. Hegel so'zlari bilan aytganda, nimaiki voqe bo'lsa, u haqiqatdir, haqiqat — voqelikdir. Haqiqat mazmunining konkret xarakteri joy, vaqt va sharoitni e'tiborga olishni talab etadi. Gnoseologiyada tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilishning o'ziga xos xususiyatlarini anglash muhim ahamiyatga egadir. Uzoq yillar davomida tabiatshunoslik fanlariga xos bo'lgan obyektivlik, xolislik ilmiylikning muhim mezoni deb hisoblab kelindi. Biroq XX asr o'rtalarida fan-texnika inqilobi insoniyat oldida paydo bo'lgan muammolar tabiatshunoslik fanlari oldiga qadriyatli yondashuv vazifasini qo'ya boshladi. Aqlli mavjudot bo'lgan inson har qachon tabiatni o'rganishda hamisha o'z manfaatlarini ko'zlaydi. Tabiat resurslari cheksiz va bitmas-tuganmasdir, degan bir yoqlama qarash oxir-oqibatda inson tomonidan tabiatga nisbatan shafqatsiz munosabatni vujudga keltirdi. XX asr oxirlariga kelib tabiatga nisbatan insonlarcha, qadriyatli munosabatda bo'lish zaruriyati chuqurroq anglana boshladi. Ijtimoiy fanlar hamisha mavjud siyosiy tuzum, davrning talab va ehtiyojlari bilan uzviy bog'liq ravishda rivojlanadi. Ijtimoiy bilishda jamiyat ham bilish obyekti, ham bilish subyekti sifatida namoyon bo'ladi: insoniyat o'z tarixini yaratuvchi va o'z-o'zini biluvchidir. Tabiatshunoslikda nisbatan barqaror sistemalar bilish obyekti hisoblanadi. Tabiatdagi narsa va hodisalar tadqiqotchiga hech qanday qarshilik ko'rsatmaydilar. Ijtimoiy bilishda esa, nisbatan tez o'zgaruvchi sistemalar bilish obyekti hisoblanadi. Ijtimoiy bilishga xos bo'lgan muhim xususiyat shundaki, u moddiy ishlab chiqarish sohalarinigina emas, balki jamiyatning ancha murakkab ma'naviy hayotini, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni, qarashlar va g'oyalarni ham o'rganadi. Ijtimoiy fanlar milliy g'oya va milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda muhim rol o'ynaydi. Gnoseologiyaning maqsad va vazifalari, bi lishning mohiyati va mazmuni to'g'risida zarur bilimlarga ega bo'iish mamlakatimizda bilimdon, har jihatdan yetuk barkamol inson shaxsini shakllantirishda alohida o'rin tutadi. Bilish nazariyasi bo'lajak mutaxassiskadrlarda muayyan ilmiy layoqat va qobiliyatlarni shakllantirishga ko'maklashadi. Milliy mustaqillik yillarida gnoseologiya oldiga qo'yilayotgan eng muhim vazifalardan biri, ilmiy bilimlarning jamiyatimiz taraqqiyoti, tinchligi va farovonligi uchun xizmat qilishini ta'minlaydigan omil va mexanizmlarni o'rganish, ulug' ajdodlarimizning ilmiy bilimlarni rivojlantirish borasida orttirgan tajribalarini keng ommalashtirishdir. Bilish va til. Til ong va tafakkur, bilish jarayonining insongagina xosligini isbotlovchi omillardan biridir. Xo'sh, til deganda o'zi nima tushuniladi? Til, bu eng avvalo, muayyan belgilar tizimi demakdir. Ammo, tilning xususiyatlarini shu bilangina cheklash to'g'ri emas. Negaki, muayyan belgilar tizimi hayvonlarga ham xos, ular yordamida jonzotlar o'rtasida muayyan axborot almashinuvi sodir bo'ladi. Aytaylik, kabutarlarining «muhabbat» raqsi, jonzotlarning xavf-xatar paydo bo'lganda turli tovush — belgilar yordamida bir-birini ogohlantirishi, ayrim hayvonlarning o'zi yashaydigan hududni turli yo'llar bilan «chegaralab» chiqishi ana shunday belgilar tizimining o'ziga xos ko'rinishlaridir. Lekin, jiddiy e'tibor beriladigan bo'lsa, bu belgi — signallar tizimi uzoq davom etgan evolyutsiya davomida hosil qilingan reflekslar ekanligiga ishonch hosil qilish mumkin. Demak, til belgilar tizimi sifatida kelib chiqishidan qat'i nazar faqat insongagina xos va u ong bilan uzviy bog'liqdir. Negaki, tilda ong gavdalanadi. Til yordamidagina ong kishining o'zi va boshqalar uchun voqelikka aylanadi. Tilda ifodalanayotgan ma'no-mazmunning anglanishi insonning umumiy bilim darajasi, qiziqishi, qobiliyati, konkret sharoitdagi kayfiyati kabi omillarga ham bog'liq bo'ladi. Til fikrlash quroli, muloqot vositasi sifatida doimiy takomillashuv jarayonini boshidan kechirmoqda. Ayni paytda insoniyat biz kundalik hayotda qo'llaydigan tabiiy til bilan bir qatorda muloqotning rang-barangligini ta'minlaydigan, fikrni ifodalashga xizmat qiladigan o'ziga xos imo-ishoralar raqs, musiqa «tiliga» ham ega. Shunday bo'lsa-da, ular so'zga ko'chgandagina anglashiladi, undagi mazmun tushunarli bo'ladi. Shu bilan birga milliy tillar bilan bir qatorda ilm-fan yutuqlarining tez tarqalishida muhim rol o'ynaydigan internatsional til — fan tili, uning tushunchalari va formulalari ham borligini unutmaslik kerak. XX asrda qo'llanish doirasi tobora kengayib borayotgan elektron hisoblash mashinalarining «beysik», «fortan» kabi tillari yaratildi. Kompyuterlarning ijtimoiy hayotdagi roli tez o'sib borayotgan hozirgi davrda bu «til»lar axborotlarning uzatilishi hamda qabul qilinishida katta ahamiyat kasb etmoqda va vaqt bu jarayonlarning yanada tezlashayotganligini ko'rsatmoqda Til o'ziga xos tarixiy xotira rolini o'tashini ham unutmaslik kerak. Bu milliy tillar misolida ayniqsa, yaqqol ko'rinadi. Zero, millat tilida uning o'zligi, bosib o'tgan tarixiy yo'li, tafakkur tarzi aks etadi, mustahkamlanadi. Shunday ekan, mustaqillik sharoitida milliy tilimiz rivojiga alohida e'tibor berilayotganligi milliy o'zligimizni anglashimizning o'tish jarayonida milliy istiqbolimizni belgilashning uzviy qismi sifatida qaralmog'i lozim. Bilish va o'z-o'zini anglash. Inson voqelikni aks ettirish bilan bir qatorda o'zi haqida fikr yuritish, ruhida kechayotgan jarayonlarni tahlil qilish, xatti-harakatlarini boshqarishdek qobiliyatga ham ega. O'zini o'zgalardan ajrata bilish, o'ziga munosabat, imkoniyatlarini baholash o'z-o'zini anglash sifatida namoyon bo'ladi. O'z-o'zini anglashda o'zini bilish, baholash va tartibga solishdek unsurlarni ajratish mumkin. Bu unsurlar o'z-o'zini anglashning sohibiga — subyektiga ko'ra farqlanuvchi muayyan shaxs, ijtimoiy guruh, millat, jamiyatga xosdir. Shaxsning o'z-o'zini anglashi haqida gap ketar ekan, u o'zini alohida organizm, oila, ijtimoiy guruh, millat, madaniyatga mansubligini va yuqoridagi xususiyatlaridan qat'i nazar alohida va betakror «Men» sifatida anglashdek bosqichlarni bosib o'tishini ta'kidlash zarur. Insonning kamol topish jarayoni, o'z-o'zini anglashning rivojlanishi o'ziga xos xarakter kasb etadi. Masalan, dastlabki davrda bolada avvalo, boshqalar tomonidan berilgan tasavvur va baholar ustunlik qiladi. Bolaning tafakkuri o'sishi bilan, u olamni mustaqil anglay boshlaydi va o'zining imkoniyatlarini o'zi baholashgao'rganib boradi. Aynan mana shu davrda to'g'ri yo'lga qo'yilgan tarbiya muhim ahamiyatga ega bo'ladi. Chunki, aynan mana shu tarbiya ta'sirida bolada o'z imkoniyatlarini to'g'ri baholash ham yoki unga ortiqcha baho berib yuborish holati ham shakllanib qolishi mumkin. Shaxsning o'z-o'zini anglash jarayonida u mansub bo'lgan madaniyat, turli ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy omillar ham kuchli darajada ta'sir ko'rsatadi. Ana shunday xilma-xil ta'sirlar mavjudligi shaxsning o'z-o'zini anglashi, baholashi va faoliyatini tartibga solishi, nazorat qilishini ta'minlaydi. Aks holda ozgina iqtisodiy qiyinchilik, kichkinagina ijtimoiy muammo shaxs hayotini izdan chiqarib yuborishi, turli xil ta'sirlar domiga tortishi mumkin. Buni tushunib olish bugungi kunda inson ongi va qalbi uchun kurash tobora keskinlashib va intensivlashib borayotgan bir sharoitda ayniqsa muhimdir. Bilish va axborot. Keyingi yillarda «Axborot», «Axborotlashgan jamiyat», «Informatsion portlash» tushunchalari teztez ishlatilmoqda. XX asrning eng muhim yutuqlaridan biri bu kompyuterlarning yaratilganligidir. Ularning yaratilishi bir tomondan inson ongi, tafakkuri, kuch-qudratining, ikkinchi tomondan, ana shu kuchga tushadigan yukning yengillashishiga xizmat qiladigan vositani yaratish yo'lidagi urinishlarning natijasi bo'ldi. Asrimizning o'rtasida paydo bo'lgan bu vosita shiddatli rivojlanish yo'lini bosib o'tdi. Dastlab sekundiga minglab operatsiyalar bajara oladigan kompyuterlar bo'lgan bo'lsa, ularning bugungi avlodi 10 millionlab murakkab operatsiyalarni qoyilmaqom qilib uddalaydi. Xo'sh, bularning inson ongi, bilishi va tafakkurining mohiyati bilan nima aloqasi bor? Gap shundaki, kompyuterlar ham inson tafakkuriga xos bo'lgan xususiyatlarga ega. Ammo ular qanchalik murakkab operatsiyalarni bajarmasinlar, inson tomonidan programmalashtirilgan jarayonlarnigina amalga oshiradilar, undan tashqariga chiqa olmaydilar. Insonning fikrlash jarayoni ongsizlik, onglilik, kechinmalar, ijod kabi hodisalarni qamrab oladi. Kompyuter esa bunday xususiyatlarga ega emas. Shunday ekan, kompyuterlar insonning muayyan yo'nalishlardagi aqiiy faoliyatini yengillashtirishga xizmat qiladi va o'zining yaratuvchisi ustidan hukmron bo'la olmaydi. Ayrim tadqiqotlar natijalariga ko'ra, hozirgi davrda fan sohasida erishilgan natijalar har o'n yilda, informatsiya olish esa har 3-4 yilda ikki barobarga oshmoqda. Ana shunday sharoitda inson ongi, uning xotira qudrati bu axborotlarni o'zlashtira oladimi, degan savol ko'ndalang bo'lmoqda. Yangi bilimlar, axborot oqimi unchalik kuchli bo'lmagan yaqin o'tmishda tirishqoq kishi insoniyat bilimi erishgan asosiy natijalarni o'zlashtira olar edi. Bugungi kunda faqat fanning turli yo'nalishlari bo'yicha yiliga bir necha million kitob nashr etilmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, inson eng yangi adabiyotlarni o'rganib borishga harakat qilganda ham, uning har bir o'qigan betiga o'n ming o'qilmagan sahifa to'g'ri kelar ekan. Kishilarning paydo bo'lgan yangi kitoblarning aksariyatini jismonan o'qib ulgurmaganligi «informatsion portlash» keltirib chiqarayotgan oqibatlarning bir ko'rinishi, xolos. Masalaning yana bir jihati borki, bu inson to'plagan bilim, axborotning ma'naviy eskirishi, keraksiz bo'lib qolayotganligidir. Bunday eskirish sur'ati tobora tezlashib bormoqda. Masalan, oliy ta'lim sohasida bu jarayon olti-yetti yil, kompyuter texnologiyasi sohasida esa bir yil davomida sodir bo'layotganligi haqida fikrlar bildirilmoqda. Bu agar siz oliy o'quv yurtini bitirganingizga yetti yil bo'lgan bo'lsa, o'z vaqtida olgan bilimlaringizning aksariyati bugungi kun talabiga javob bermasligini bildiradi. Ana shunday sharoitda kishilarning o'z bilimlarini yuqori darajada ushlab turishlari ulardan doimiy diqqat-e'tiborni, o'z ustida ishlashni talab qiladi. Aks holda, ta'lim dargohini eng yuqori natijalar bilan bitirgan mutaxassis ham tez orada chalasavod bo'lib qolishi mumkin. Umumlashtirib aytganimizda, bilishning mohiyatini tushunish, u bilan bog'liq bo'lgan jarayonlarni ilmiy talqin etish olam va odam birligini anglash imkonini beradi. Ayni paytda, bilish mohiyatini anglash insonning o'zligini, yashashdan maqsadi, hayotining ma'no-mazmuni kabi masalalarni chuqurroq tushunishga yo'l ochadi. Bu bilish va u bilan bog'liq masalalar har bir inson hayotida nihoyatda muhim amaliy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.
9.1. Ma’naviy barkamol, komil inson tushunchalarini bilib olishdan avval inson, shaxs, fuqaro tushunchalarining mazmun-mohiyatini bilib olish lozim bо‘ladi.
Inson nihoyatda murakkab, kо‘p qirrali va kо‘p о‘lchamli mavjudot bо‘lib, uning mohiyatini anglash yuzasidan turli qarashlar ilgari surib kelinmoqda. Sharq falsafasi tarixida ham inson bosh mavzulardan biri bо‘lib kelgan.
Masalan, Forobiy falsafasida inson butun borliq taraqqiyotining mahsuli sifatida izohlanadi. Mutafakkir insoning barcha olijanob fazilatlari ilm tufayli ekanligini, inson hayotining mazmuni-baxtli bо‘lish va baxtli qilishga intilish, bunga esa faqat ilm va ma’rifat orqali erishish mumkinligini kо‘rsatdi. Beruniy va Ibn Sino insonning boshqa mavjudotlardan ustunligi aql va tafakkur tufayli ekanligini isbotlashga harakat qildilar. Abu Homid G‘azzoliy insonning boshqa mavjudotlardan ustunligi aqlda emas, balki inson qalbida ekanligini kо‘rsatdi.Ulug‘ mutasavvuf Abduholiq G‘ijduvoniy insonni “kichik olam” deb hisoblagan.
Hayot gо‘zaldir, - deydilar shoir va mutafakkirlar, lekin hayot inson bilan gо‘zaldir. Inson gо‘zalligini belgilovchi asosiy mezon uning ma’naviyligi, ya’ni ahloq va odobi hisoblanadi. О‘zbek xalqining “Inson odobi bilan gо‘zal” degan maqolining mohiyatida chuqur falsafiy ma’no yotadi.
Konfusiy insonni о‘z mohiyatini ma’naviy-ahloqiy fazilatlari va kamoloti orqali namoyon etadigan jonzot sifatida talqin etadi. U insonning insonligi о‘zidagi har qanday tabiiy ehtiyoj, his va tuyg‘uni ma’naviylikka bо‘ysundira olishidir. Faqat insondagi ma’naviy mas’ullik ularga nima qilish keragu, nima qilish kerakmasligini о‘rgatadi. Shu jihatdan qaraganda insondagi ma’naviylik inson va insonlar faoliyatiga maqsad, yо‘nalish va mazmun beradigan omildir.
G‘arb ilmida esa insonga, asosan biologik mavjudot, tabiatdagi evolyusion о‘zgarishlarning mahsuli deb qaraldi.
Inson tushunchasiga aniq ta’rif berish uchun uni boshqa biologik mavjudotlardan ajratib turuvchi eng muhim xususiyatlarini aniqlash zarur. Bular qatoriga quyidagilar kiradi. Inson eng avvalo boshqa mavjudotlardan о‘zining xotirasi, tafakkuri, tili borligi bilan ajralib turadi. Boshqa mavjudotlardan insonning tub sifatiy farqini ifodalovchi xususiyatlardan yana biri uning о‘z amaliy faoliyatini tartibga sola bilishidir. Shuningdek, inson о‘z turmushi uchun zarur bо‘lgan moddiy va ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish, yaratish malakasiga ega ekanligi ham ana shunday xususiyatlardan biri hisoblanadi. Inson hayotida mehnat asosiy rol о‘ynaydi. Mehnat tufayli inson о‘zi yashayotgan tabiatga ta’sir etadi, uni о‘zgartiradi, moddiy va ma’naviy boyliklarni yaratadi. Amerikalik olim B.Franklin “Inson mehnat qurollarini yaratuvchi jonzotdir”, deb ta’riflagan.
Oilaviy munosabatlar va ma’naviy-ahloqiy meyorlar insonni hayvondan farq qiluvchi eng muhim xususiyati sanaladi.
Inson о‘z aqli tufayli butun koinot, tabiat taraqqiyotida buyuk yaratuvchi kuch sifatida namoyon bо‘ladi, о‘z tarixini yaratadi, uni avaylab-asraydi. Inson faoliyati va tajribalari jamiyatning takomillashuvi va kishilarning har tomonlama kamol topishi uchun manba bо‘lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda faylasuflar inson uchta buyuk qudrat – tana, ruhiyat va ma’naviyatning yig‘indisi ekanligini ta’kidlamoqdalar. Insonning biologik xususiyatlariga ovqatlanish, himoyalanish, zurriyot qoldirish, sharoitga moslashish kabilar kirsa, uning ijtimoiy xususiyatlariga til, muomala, bilim, ong, mahsulot ishlab chiqarish, taqsimlash, iste’mol qilish, boshqarish, о‘zini-о‘zi idora etish, ahloq, nutq, tafakkur, qadriyatlar bilan ish kо‘rish va boshqalar kiradi. Psixik xususiyatlarini ruhiy kechinmalar, hayratlanish, g‘am-tashvish, iztirob chekish, zavqlanish, kayfiyat kabilar tashkil etadi.
Inson о‘z hayoti davomida tana va ruh ehtiyojlarini qondirishga intiladi. Tana ehtiyojlarini qondirish inson yashashining birlamchi, asosiy sharti hisoblanadi. Biroq hayotning ma’nosi faqat moddiy ne’matlardan bahramand bо‘lish, qorin tо‘yg‘azish, lazzatlanish, boylikka ruju qо‘yishdangina iborat emas. Inson ruhi ham о‘ziga xos oziqqa ehtiyoj sezadi. Bu ehtiyoj insonda ma’rifatparvarlik, odamiylik, adolatlilik, rahm-shafqat, diyonat, vijdon, oliy himmatlilik, vatanparvarlik kabi ma’naviy fazilatlarni shakllanishiga olib keladi.
Yuksak ma’naviyat insonni ruhan poklaydi, iymon-e’tiqodini mustahkamlaydi. Yuksak ma’naviyatgina inson ehtiyojlarini oqilona qondirishga, ijtimoiy adolatni о‘rnatib, sahiy va oliyhimmat bо‘lishga undaydi. Yuksak ma’naviyatda haqiqiy insoniy mohiyat mujassamdir.
Shaxs - alohida kishi, ijtimoiy-ahloqiy, ma’naviy mohiyatni о‘zida mujassamlashtirgan individ. Kishilar shaxs bо‘lib tug‘ilmaydi, balki jamiyatdagina shaxs bо‘lib shakllanadi va rivojlanadi.
Inson ta’lim-tarbiya, mehnat, о‘zaro muloqot jarayonida ijtimoiy tajriba, bilim, turli munosabatlar, ahloqiy-ma’naviy meyorlar, siyosiy qarashlar ta’siri ostida faoliyat yuritadi, ularni о‘zlashtiradi va shu jarayonda asta-sekin ijtimoiylashib boradi, ya’ni shaxs bо‘lib shakllanadi. Natijada insonda irsiy bо‘lmagan yangicha fazilatlar paydo bо‘ladi. U yaratuvchan mavjudot sifatida faoliyat kо‘rsata boshlaydi.
Shaxs tushunchasi inson tushunchasining yuksak kо‘rinishi, oliy maqomidir. U о‘zida inson mohiyatini, uning mavjudot sifatidagi qadriyatini mujassam etadi.
Insonning olijanob fazilatlari yetuk shaxslar timsolida о‘z aksini topadi. Insonga xos bо‘lgan barcha xususiyatlar shaxs faoliyatida, uning jamiyatda tutgan о‘rnida, uning о‘z moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda, muayyan g‘oyalarni amalga oshirishda yaqqol kо‘rinadi.
О‘zbekistonda bozor munosabatlariga о‘tish sharoitida fozil va barkamol inson shaxsini shakllantirish dolzarb vazifalardan biri bо‘lib qoldi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida keng kо‘lamda amalga oshirilayotgan islohotlar о‘z oldiga ana shunday shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazish va shakllantirishni maqsad qilib qо‘ygan.
Demokratik qadriyatlar tizimida shaxs erkinligi alohida о‘rin tutadi. Erkinlik – insonning intellektual-ma’naviy kamolotga erishuvining zarur sharti. Erkinlik tufayli inson yaratuvchilik qobiliyatini namoyon etadi, shaxsiy mas’uliyat va insoniy burchni tо‘la his etadi. Shaxs erkinligi, avvalo ahloqiy, sо‘z, vijdon, matbuot erkinligida rо‘yobga chiqadi.
Inson, shaxs tushunchalari bilan birga fuqaro, fuqarolik tushunchalari ham yonma-yon ishlatib kelinadi. “Fuqaro” sо‘zi “faqir” sо‘zidan olingan bо‘lib, hozirgi davrda uning ma’nosi о‘zgarib ketgan.
Fuqarolik tushunchasi antik Yunoniston va Rimda mavjud bо‘lsa-da, asosan о‘rta asrlar oxirida feodalizm inqirozga uchrab, jamiyatdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayot demokratiya va bozor munosabatlari zaminiga о‘ta boshlaganida, hozirgi shakl va mazmunda paydo bо‘la boshlagan. Ilk bor fransuzchada “situayyan”, inglizchada “sitizen” – “shaharli”, ruscha “gorojanin - grajdanin”, ya’ni qoloq qishloqdan, mustabid feodal munosabatlardan ozod inson, jamiyatning teng huquqli a’zosi, degan ma’noni bildirgan. Mustaqillik e’lon qilingandan sо‘ng, о‘zbek tilida о‘tmishdagi “grajdanlik” sо‘zi о‘rniga “fuqarolik” degan atama qabul qilindi.
Fuqarolik – jamiyatning demokratik rivojlanishida insoniyat qо‘lga kiritgan ulkan yutuqlardan biri. U – shaxsning muayyan davlat qaramog‘ida bо‘lishi, shu davlatga, mamlakat ichida ham, uning tashqarisida ham mansub ekanligi, shu mansublikning huquqiy hujjatlar yordamida tasdiqlanganligini bildiradi. Shaxs fuqarolikka ega bо‘lgach, davlat uning hamma huquq va erkinliklarini e’tirof etadi, ularni amalga oshishini ta’minlash choralarini kо‘radi.О‘z navbatida fuqarolar davlat qonunlari va qoidalariga sо‘zsiz amal qiladilar, о‘zlari uchun belgilangan majburiyatlarni bajaradilar.
Mustaqillik yillarida Prezidentimiz tomonidan “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” g‘oyasi ilgari surildi. Demakki, bizning bosh maqsadimiz demokratik, fuqarolik jamiyatini qurish va barpo etishdir. Fuqarolik jamiyati-insonga uni iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayoti shakllarini erkin tanlashi kafolatlanadigan, qonun ustivorligi va inson huquqlari hamda erkinliklari qaror topadigan, kо‘p partiyaviylik, siyosiy institutlar, mafkura va fikrlarning xilma-xilligi ta’minlanadigan hamda о‘zini-о‘zi boshqarish organlarining mavqei baland bо‘lgan ijtimoiy tuzum.
Mamlakatimizda bunday jamiyatni barpo etish barkamol inson shaxsini shakllantirishni talab etadi, chunki fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishni inson omilisiz tasavvur etib bо‘lmaydi. Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek, hozirgi sharoitda inson omili va mezoni barcha islohotlarimizning bosh yо‘nalishi va samaradorligining pirovard natijasini belgilab beradi. “Fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishning eng muhim tarkibiy qismi ma’naviyat va ma’rifat sohasida, shaxsni muntazam kamol toptirish borasida uzluksiz ish olib borishdan iborat”.

9.2. Ma’naviy barkamol inson tushunchasi keng qamrovli serqirra tushuncha. Ma’naviy barkamol inson – komil inson tushunchasi bilan hamohangdir. Ayni vaqtda ma’naviy barkamol inson tushunchasi sog‘lom avlod tushunchasi bilan ham bog‘lanib ketadi. Ilmiy adabiyotlarda bu tushunchalar alohida-alohida ishlatilsa-da, mohiyatan ularning hammasi inson ahloqi va odobini, ularda shakllangan barcha ijobiy xislatlarni, ularning insonlarga, jamiyatga va Vatanga bо‘lgan munosabatlaridan tortib, toki oilagacha, ota-onaga va boshqalarga munosabatlarining barcha qirralarini qamrab oladi. Mustaqillikka erishib, ma’naviyat va ma’rifat masalalariga birinchi darajali ahamiyat berishimiz, mustaqillikni mustahkamlash vazifalari, tarbiya sohasida sog‘lom avlod, ma’naviy barkamol inson, komil inson kabi tushunchalarga izoh berishni, ularning mohiyatini ochib berishni taqozo etmoqda. Yuqorida aytganimizdek, ular mohiyati birday tushunchalar. Insonni tо‘g‘rilikka, halollikka, poklikka, vatanparvarlik va insonparvarlikka, ezgulikka va qо‘yingki, yuksak ahloqlilikka yо‘llash bu tushunchalarning mohiyati va mazmunini tashkil etadi. Hozirgi kunda bu masalalarga birinchi darajali ahamiyat berishimizning boisi – iymoni, e’tiqodi va ahloqiy fazilatlari – qо‘yingchi, ma’naviyati kuchli, milliy mas’uliyat tuyg‘usi qalbida chuqur ildiz otgan, ma’naviy barkamol fuqarolarga ega bо‘lgan mamlakatgina mustaqil va barqaror rivojlana oladi. Buyuk kelajak ma’naviy barkamol insonlarga tayangandagina yaratiladi, qad kо‘taradi. Boshqacha aytganda, ma’naviy barkamol, komil insonlargina buyuk kelajakni yarata oladilar. Shuning uchun ma’naviy barkamol insonni, sohlom avlodni tarbiyalash muhim va dolzarb masala. Bu masalada yurtboshimizning quyidagi sо‘zi ibratlidir: “Biz sog‘lom avlodni tarbiyalash, voyaga yetkazishimiz kerak. Sog‘lom kishi deganda faqat jismoniy sog‘lomlikni emas, balki sharqona ahloq-odob va umumbashariy g‘oyalar ruhida kamol topgan insonni tushunamiz”
Bu fikrlardan kо‘rinib turibdiki, sharqona odob-ahloq va umumbashariy g‘oyalarni ongiga singdirib olgan kishi yuksak ma’naviyatli, ya’ni ma’naviy barkamol, komil inson hisoblanadi. Ma’naviy barkamollik insonning dunyoqarashi, e’tiqodi, ruhiyati, xulq-atvor normalari, ahloq-odobi bilan bevosita aloqadorligi bilan ajralib turadi. Ma’naviy barkamol kishilar xalq taqdiri va farovonligi, vatan taqdiri va uning ravnaqini о‘ylaydilar. Ular mutelikda, qaramlikda yashashni istamaydilar.
Sog‘lom deganda, biz faqatgina jisman baquvvat farzandlarimizni emas, balki ma’naviy boy avlodni, aqliy rivojlangan, ahloqiy pok, ma’rifatli farzandlarni, avlodni tushunmog‘imiz kerak. Bunday kishilar о‘zlarida xalqimizning eng ardoqli fazilatlari – iymon va insof, mehr-oqibat, shafqat va rahmdillik, uyat va andisha, or-nomus, о‘zaro hurmat, yuksak vatanparvarlik, insonparvarlik, eliga va xalqiga sadoqat kabi qadriyatlarni va g‘oyalarni mujassamlashtirgan bо‘lishlari lozim.
Prezident erkin fuqaro, ozod shaxs, barkamol inson haqida gapirib, quyidagi tо‘rt jihatga e’tiborni qaratdi, ya’ni har bir fuqaro:
-о‘z haq-huquqini taniydigan bо‘lsin, buning uchun kurashsin;
-о‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan bо‘lsin, imkoniyatlarini ishga solib, samarasini kо‘rsin;
-atrofida sodir bо‘layotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat bildira olsin;
-shaxsiy manfaatini mamlakat va xalq manfaati bilan uyg‘un holda kо‘rib, faoliyat yuritsin.
Bular barkamol inson fazilatlari haqidagi aniq va tо‘liq ta’rifdir.
Ma’naviy barkamol inson shon-shuhrat, mansab, moddiy boylik ketidan quvmaydi, moddiy qiyinchiliklarga duch kelganida qaddi bukilmaydi, ba’zan uyushtirilgan tuhmatu fitnalar uning ruhini tushira olmaydi. Demak, har qanday shum taqdir va qismat pokiza, mard, ma’naviy barkamol inson ma’naviyatini buza olmaydi, balki mustahkamlaydi, chiniqtiradi. Yuksak darajadagi ma’naviyatga ega inson – fidoyilik, jasorat, mardlik, о‘z xalqini sevish, Vatanni qadrlash, ajdodlaridan faxrlanish kabi olijanob fazilatlari bilan ajralib turadi. Insonning insonligi, birinchi navbatda uning ma’naviy-ahloqiy jihatdan barkamolligi, pokligi bilan belgilanadi. Ma’naviy-ahloqiy barkamollikning asosiy qirralariga yuqorida aytilganlardan kelib chiqib unga quyidagilarni kiritish mumkin: ota-onasi, farzandlari, qarindoshlari, xullas butun oila a’zolari, qо‘ni-qо‘shnilari, mahalla kо‘yi, qishloqdoshlari va butun mamlakat xalq farovonligi haqida qayg‘urish, tevarak-atrofdagi insonlar unga kerak bо‘lganligi singari, о‘zi ham ularga kerakli bо‘lishga intilishi, odob-ahloqi, fe’l-atvorini yoqimli qilishini insoniy burch deb hisoblash, ota-bobolardan, ajdodlardan yodgor bо‘lib qolgan madaniy-ma’naviy merosni qadrlash, milliy qadriyatlarni e’zozlash va ularga sodiq bо‘lib qolish, vatanparvarlik, insonparvarlik, xalqparvarlik tuyg‘ularining barqaror bо‘lishi; о‘zaro muomala-munosabatda о‘rnak bо‘lishga moyillik, birovning og‘irini yengil qilishni odat qilish, umumxalq ma’qullagan va hukumat tomonidan qabul qilingan Konstitusiyaga hurmat va unga sadoqat namunalarini amalda kо‘rsatish; Vatanni himoya qilish, boshqacha aytganda, harbiy-vtaanparvarlik tuyg‘ulari bilan yashash; diyonat, adolat, mehr-shafqat, ezgulikni himoya qilish; va’daga vafoli bо‘lish va boshqalar kiradi.
Ma’naviy-ma’rifiy barkamollikning qirralari va mezonlari qatoriga mustaqillik tafakkuri va milliy iftixor ham kiradi. Mustaqillik tafakkurini har bir kishida shakllantirish nihoyatda zarur. Toki, mustaqillik tafakkuri va milliy iftixor, g‘urur bо‘lmas ekan, fidokorlik, vatanparvarlik, millatparvarlik kabi xislatlar jо‘sh urmaydi.
Mustaqillik tafakkuri keng qamrovli bо‘lib, u quyidagilarni о‘z ichiga oladi:
-Vatan istiqloli va istiqboli haqida qayg‘urish;
-xalqi, yurti qadr-qimmati, or-nomusini anglash va buni himoya qilish:
-butun mehnati, iste’dodi, imkoniyatini xalq baxti uchun baxshida etish va boshqalar.
Mustaqillik – bu bizga ajdodlarimiz qoldirgan boy va muqaddas ma’naviyatdir. Shu ma’naviyatni har birimiz avaylab-asrashimiz va mustahkamlashimiz davlat ahamiyatiga ega bо‘lgan muhim vazifa va burchdir. Shu vazifani amalga oshirish va hal qilishda yoshlar va butun xalq ongiga mustaqillik ruhini singdirish katta ahamiyat kasb etadi.
Ma’naviy-ma’rifiy barkamollikning qirralaridan yana biri milliy iftixordir. Milliy g‘urur bu milliy iftixordir. Milliy g‘urur о‘z xalqining necha ming yillar davomida yaratib kelgan barcha moddiy va ma’naviy boyliklari, tarixiy merosi, urf-odatlari, an’analari, odob-ahloqi, turmush tarzi, yuksak ma’naviyati, barcha tarixiy yutuqlari va saboqlariga cheksiz hurmat va e’zoz bilan munosabatda bо‘lish, avaylab-asrashdir.
О‘z xalqining tarixini, milliy qadriyatlarini, tilini, istiqbol manfaatlarini bilmagan, qadrlamagan, milliy mansubligini unutgan, о‘z millatining istiqboli uchun qayg‘urmaydigan, kurashmaydigan kishilarda milliy g‘urur ham, millat bilan faxrlanish ham, millatparvarlik ham bо‘lmaydi. Bunday kishilarni ma’naviy barkamol inson deya olmaymiz.
Shunday qilib, yuqorida ma’naviy barkamol inson, uning mohiyati va asosiy qirralarining ba’zi jihatlari ustidagina fikr yuritdik. Uning qolgan ba’zi qirralarini navbatdagi mavzularda yoritib boriladi.

9.3. Komil inson tushunchasi ma’naviy barkamol inson tushunchasi bilan hamohangdir.Ma’naviy barkamollikka erishmay komil inson darajasiga yetish mumkin emas. Demak, ma’naviy barkamollikka intilish – bu komil inson darajasiga erishish uchun intilishdir.Komillikka inson butun umri davomida erishib boradi. Uchta tushuncha: sog‘lom avlod, ma’naviy barkamol, komil inson – darajama-daraja chuqur ma’no kasb etadi. Shundan kelib chiqadigan bо‘lsak, komil inson bо‘lishning aniq cheki va chegarasi yо‘q. Shu bilan birga ma’naviy-ahloqiy komillik darajasini har kim о‘zicha belgilay olmaydi. Kimki “Men ma’naviy-ahloqiy komillik chо‘qqisiga yetdim desa, о‘ziga о‘zi yuksak baho bersa, u hali komil inson emas. Inson hech qachon о‘zining ma’naviy kamolot darajasiga baho bera olmaydi. Komillik har bir shaxsning boshqalar bilan bо‘lgan munosabatda kо‘zga tashlanadi. Komil insonni ota-ona, jamoatchilik, ular bilan munosabat shakllantiradi. Komillikning yо‘li odalardan faqat yaxshi fazilatlarni о‘rganish, ibrat olish, doimo yaxshilikka, ezgulikka intilishdir.
Foydalaniladigan adabiyotlar :



  1. “ Falsafa asoslari“ Nazarov Q. Toshkent 2005 ;2012 ; 2017 .

  2. Shermuhammedova Nigina “ Falsafa o’quv uslubiy majmua “ Toshkent 2013.

Yüklə 126,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin