Mavzu: Buxoro vohasidagi Poykent va Zamonbobo arxeologik yodgorligi



Yüklə 42,8 Kb.
səhifə1/4
tarix17.06.2023
ölçüsü42,8 Kb.
#131966
  1   2   3   4
Poykend va Zamonbobo arxeologik yodgorligi


Mavzu: Buxoro vohasidagi Poykent va Zamonbobo arxeologik yodgorligi.
Reja:


  1. Buxoro vohasida amalga oshirilgan dastlabki ilmiytarixiy, arxeologik tadqiqotlar.

  2. Poykent arxeologik yodgorligi.

  3. Zamonbobo arxeologik yodgorligi.

Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.

1.Buxoro vohasida amalga oshirilgan dastlabki ilmiytarixiy, arxeologik tadqiqotlar.
O‘rta Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri Buxoroning tarixiy o‘tmishi va hozirgi davri ko‘plab tarixiy manba va adabiyotlarda o‘z aksini topgan. Buxoro vohasida amalga oshirilgan dastlabki ilmiy-tarixiy tadqiqotlarda Rossiya olimlari sermahsul faoliyat olib bordi. Ular orasida mashhur sharqshunoslar ham ko‘p edi. Buxoroning o‘tmishi va bugunini o‘rganish borasida N.I.Veselovskiy ko‘p mehnat qildi. “Endilikda Buxoroda hukmronlik qilayotgan Mang‘itlar sulolasi” (1878), “Buxoroda Qurbon bayrami” (1888), “I.D.Xoxlov XVIII asrda Rusiyaning Eron va Buxorodagi elchisi” (1891) va hokazo asarlar uning qalamiga mansubdir . Buxoroning o‘tmishiga oid qo‘lyozmalarni yig‘ish, ularni o‘rganish borasida ko‘p mehnat qilgan sharqshunos akademiklardan biri K.G.Zaleman (1849-1916) bo‘lib, bu olim Buxoroga ikki marta tashrif buyurdi. Sharq tarixining chuqur bilimdoni akademik V.V.Bartold Buxoro o‘tmishini o‘rganish borasida ko‘p ish qildi. Uning qalamiga mansub bir qancha mashhur asarlarda, xususan “Turkiston mo‘g‘yllar istilosi davrida”, “Orol dengizi va Amudaryoning quyi oqimlari haqida ma’lumotlar. Qadimgi davrdan to XVII asrga qadar”, “Turkistonni sug‘orish tarixiga doir”, “Turkiston tarixi”, “Evropa va Rossiyada SHarqni o‘rganish tarixi”, “Turkistonning madaniy hayoti tarixi” va boshqalarda Buxoroga oid xilma-xil ma’lumotlar mavjud. V.V.Bartold Buxoroga bag‘ishlab maxsus asarlar ham yaratgan. Masalan, “Buxoro” (Islom ensiklopediyasida, 1-j., 1913), “Buxoro va Xiva xonliklari haqida” (1917), “Buxoro. Uning yodgorliklari va ularning taqdiri”(1925), “Buxoro va uning chekkalarida islomdan oldingi dinning o‘rni” (1927) va h. k. XX asr boshlarida akademik A.N.Samoylovich Buxoroda bir muddat faoliyat ko‘rsatdi. Uning Buxoroga oid asarlari orasida yosh buxoroliklarning birinchi harakati haqidagi maqola ayniqsa qimmatli. Buxoro tarixini o‘rganishga sharqshunos A.A.Semyonov (1873-1958) katta hissa qo‘shdi. U Moskvadagi Lazarevskiy Sharq tillari institutida o‘qib yurgan kezlaridayoq Markaziy Osiyoga tashrif buyurdi va o‘shandan buyon o‘z asarlarini shu hududning tarixiy o‘tmishini o‘rganishga, shu jumladan, “O‘rta Osiyo musulmonlari uchun muqaddas” bo‘lgan Buxoroning o‘tmishi va bugunini tadqiq etishga bag‘ishladi. Ko‘p o‘tmay, matbuotda uning safar xotiralari paydo bo‘ldi: “Muqaddas Buxoroda” (1897), “Buxoro sarhadlari bo‘ylab” (1902). Keyin uning: “Muqaddas Buxoroning vujudga kelishi” (1903), “Buxoroning ikkita qadimiy mis idishi” (1910), “Buxoro shayxi Baxouddin” (1914), “Buxoro mang‘itlari tarixiga oid”(1924), “Buxoro xonligi er solig‘i va soliq tizimi ocherklari” (1929), “Aleksandr I bilan amir Haydar Buxorosi o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar tarixiga doir” (1945), “Martaba va unvonlar va o‘rta asr Buxorosida ularga ega bo‘lganlarning majburiyatlari haqida risola” (1948), “XIX asr boshlarida Rossiya bilan Buxoro o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar tarixiga doir” (1951), “Keyingi davrda Buxoro xonligida markaziy ma’muriy-boshqaruv tuzilishi ocherklari” (1954) va boshqa asarlari chop etildi. Sharqshunos V.L.Vyatkin Buxoroning shahar kitob bozori haqida maxsus asar yozgan. Peterburg universitetining sharq fakultetida tahsil qo‘rgan I.I.Umnyakov ham Buxoroda bo‘lib, bu erda tadqiqot ishlari olib borgan. Uning “O‘rta asr Buxorosining tarixiy topografiyasiga doir” asari 1923- yilda, oradan to‘rt yil o‘tgach “Buxoroda yangi usul maktabi tarixiga oid” asari nashr etildi. 1895- yili Toshkentda tashkil etilgan havaskor arxeologlarning Turkiston to‘garagi Buxoroning tarixiy o‘tmishini o‘rganishga o‘z hissasini qo‘shdi. Shu to‘garakning faol arbobi N.F.Sitnyakovskiy 1896- yilda Buxoro tarixi uchun bag‘oyat muhim bo‘lgan Buxoro vohasining ulkan qadimiy mudofaa inshooti - Kampirdevor qoldiqlarini o‘rgandiki, bu devorning mavjudligi haqida o‘rta asr arab geograflari xabar bergan edilar. U mudofaa inshootlari xarobalari bo‘lgan joylarni ham belgiladi. N.F.Sitnyakovskiyning Buxoro shahri aholisining sonini aniqlashga oid maqolalari ham mashxur. To‘garak a’zosi L.A.Zimin Buxoroga safar qilib, o‘z hisobotida qadimiy obidalarga alohida e’tibor bergan. To‘garak a’zolarining faol ishtirokida Buxorodagi qadimiy obidalar hisobga olinib, muayyan darajada me’morchilik tarixi o‘rganilgan1 . Turkiston statistika qo‘mitasi, Rossiya geografiya jamiyatining Turkiston bo‘limi (Toshkent), O‘rta va Markaziy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik va geografik jihatdan o‘rganuvchi Rus qo‘mitasi ham Buxoroning o‘tmishi va hozirini tadqiq etishga katta hissa qo‘shdi. Ilmiy-tibbiy jamiyatlar, xususan Turkiston shifokorlari jamiyati, Turkiston o‘lkasi tibbiyotshunoslari va shifokorlari jamiyati va boshqalarning faoliyati Buxoro uchun yuqori darajada foydali bo‘ldi. Zamonaviy sog‘likni saqlash ishlari xarob ahvolda bo‘lgan bir sharoitda Turkistonning oz sonli shifokorlari aholi o‘rtasida bilimlarni yoyish, shifokorlik amaliyotini ilmiy izlanish bilan birga olib borish, Buxoro amirligi hududida avj olgan o‘lat, terlama, bezgakning mahalliy turlari, teri kasalliklari singari ofatlarga qarshi kurash choralarini izlash borasida barcha tadbirlarni ko‘rdilar. Buxoroning “O‘rta Osiyo madaniyati va O‘rta Osiyo karvon savdosi to‘plangan” maskan sifatida jahonga mashhurligi Rossiya va boshqa mamlakatlarning sayyohlari, ijtimoiy-siyosiy arboblari, ishbilarmonlarining e’tiborini ko‘proq jalb qila bordi. Bu erga kelgan sayyohlar, sharqshunoslar va boshqa shaxslarning Buxoro bilan bog‘liq ocherklari fan uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shulardan biri I.T.Poslavskiy Buxoro shahrining mukammal tavsifini yaratdi. Bibliograf V.I.Mejov 416 jildli noyob “O‘rta Osiyo va ayniqsa, Turkiston o‘lkasiga taalluqli asarlar va maqolalarning Turkiston to‘plami”ni tuzib, fan uchun bebaho hissa qo‘shdi. Unga 1867- yildan to 1888-yilgacha nashr etilgan asarlar kiritilgan. Mazkur to‘plam jildlarida Buxoroga oid talaygina materiallar bor. Buxoroning ko‘p asrli va serqirra o‘tmishini o‘rganishda qimmatli manbalar xisoblangan sharq qo‘lyozmalarini yig‘ish va saqlash ishlariga sharqshunoslar, tarixchilar, o‘lkashunoslar o‘zlarining bebaho hissalarini qo‘shdilar. Buxoroda ilm-fanning rivojlanishi XIX asr oxiri-XX asrda ancha ildamladi. Fanning taraqqiy etishida mahalliy aholi orasidan etishib chiqqan olimlarning hissasi orta bordi. 1925-1935-yillarda faoliyat olib borgan qadimiy va san’at obidalarini saqlash hamda o‘rganish Buxoro qo‘mitasi (Buxkomstaris)ning sermahsul, hali o‘z tadqiqini kutib turgan faoliyati fikrimizga yaqqol misol bo‘ladi. Uning tarkibida turli millat vakillari bo‘lib, asosiy qismini o‘zbeklar tashkil etgan. Ushbu qo‘mita faoliyati Buxoro shahri va viloyatidagi tarixiy-me’morchilik va boshqa obidalarni muhofaza qilish, ta’mirlash, tiklash hamda o‘rganish ishida yangi sahifa ochdi. U faoliyat olib borgan davrda bu sohadagi ishlar ilk bor rejali va izchillik xususiyatini kasb etdi. Uning ishiga mutaxassislar, qurilish ishlari asriy an’analarining sohiblari, xalq ustalari jalb etildi, aholi o‘rtasida tarixiy bilimlar targ‘ib qilindi. Bu qo‘mitani ma’lum vaqt buxorolik jamoat va siyosat arbobi, olim, shoir, dramaturg, o‘zbek xalqining o‘tmishi va hozirgi kunining, moddiy va ma’naviy madaniyatining ajoyib bilimdoni Abdurauf Fitrat boshqardi. Uning adabiy va ilmiy faoliyati XX asrning dastlabki o‘n yilliklaridayoq boshlangan edi. Fitrat Buxoroda va boshqa shaharlarda qadimiy sharq qo‘lyozmalarining 150 nomdagi ajoyib majmuasini to‘plab, 1934- yilda Toshkentdagi O‘zbekiston Davlat xalq kutubxonasiga topshiradi. Qo‘mita ilmiy kotibi vazifasida arxeolog, tarixchi, san’atshunos Muso Saidjonov ishlab, Fitratdan keyin qo‘mitaga raislik kiladi. Muso Saidjonov Buxoro tarixi va uning tarixiy topografiyasiga oid bir qancha maqolalar yozdi. Jumladan, Ismoil Somoniy me’moriy yodgorligi bunyod etilgan sanani aniqladi. U tavsiya etgan sana, ya’ni X asr fanda qabul qilinib, xozirga qadar mustahkam saqlanib kelmoqda. U Buxoro tarixiy va me’morchilik obidalarining umumiy obzorini ham yaratdi. 1927-yil Buxoroda ochilgan va arxeologiya, etnografiya hamda zoologiya bo‘limlaridan tashkil topgan o‘lkashunoslik muzeyining tashkilotchilaridan biri bo‘ldi. Arxeolog V.A.Shishkinning ilmiy faoliyati ushbu qo‘mita ishida qatnashishdan boshlanadi. U Buxoroning qadimiy va ko‘hna obidalarini o‘rganishga katta hissa qo‘shdi va shu qo‘mitani ma’lum vaqt boshqardi. “Buxoroning me’moriy yodgorliklari”(1936), “Buxoro vohasida arxeologik ishlar”(1940), “Buxoroning yangi qurilishlaridagi kuzatuvlardan” (1940), “Buxoro vohasining arxeologik o‘rganilishi” (1947), “Buxorodagi katta jome masjidi peshtoqidagi yozuvlar. XVI asr” (1947), “Mag‘oki Attoriy masjidi. XII asr” (1948) va boshqa asarlar uning qalamiga mansub. Buxorxudotlarning Buxoro yaqinidagi qarorgohi - Varaxshadagi qazishmalar xam bevosita V.A.Shishkin nomi bilan bog‘liq. Buxoroning eng qadimgi davrlardagi tarixini yoritishda arxeologik kuzatish va tadqiqotlar, yozma manbalar birinchi o‘rinda turadi. Arxeologik kuzatish va tadqiqotlar o‘tkazish orqali Buxoroning eng qadimgi davrlardagi tarixini o‘rganishda mashhur arxeolog olimlarimizning xizmatlari katta bo‘ldi. 1969-1970-yillarda Buxoro shahrida Yаhyo G‘ulomov rahbarligida o‘tkazilgan arxeologik kuzatuv ishlari shahar tarixiga oid ko‘plab yangi-yangi ma’lumotlar bergan bo‘lsa, uning iste’dodli shogirdi, Buxoro tarixining bilimdonlaridan biri, taniqli arxeolog, O‘zbekiston FA ning akademigi Abdulahad Muhammadjonov rahbarligida 70-yillarning ikkinchi yarmi va 80-yillarda olib borilgan arxeologik kuzatuv ishlari va tadqiqotlar Buxoro tarixiga oid ko‘plab ma’lumotlar berdi va Buxoroning yoshi masalasiga ayrim aniqliklar kiritdi. Shunday qilib, Buxoroda ilm-fanning turli sohalarida, ayniqsa shahar tarixi xususida olib borilgan izlanishlar qimmatli natijalar berdiki, ular jahon fani xazinasini boyitishga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.



Yüklə 42,8 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin