Mavzu: Dunyoqarashning mohiyati, tuzilishi va asosiy funksiyalari



Yüklə 45,75 Kb.
səhifə1/3
tarix22.12.2023
ölçüsü45,75 Kb.
#190284
  1   2   3
falsafa 1-mustaqil ish


MAVZU: Dunyoqarashning mohiyati, tuzilishi va asosiy funksiyalari
REJA:
1. «Dunyoqarash» tushunchasi, uning mohiyati va tarixiy shakllari.
2. Falsafiy dunyoqarashning mazmuni va yo’nalishlari.
3. Falsafiy dunyoqarashning rivojlanish qonuniyatlari va asosiy funsiyalari.
4. Xulosa
5. Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati.

1. «Dunyoqarash» tushunchasi, uning mohiyati va tarixiy shakllari.
Dunyoqarash tushunchasi. Har bir kishining dunyoga nisbatan o’z qarashi, o’zi va o’zgalar, hayot va olam to’g’risidagi tasavvurlari, xulosalari bo’ladi. Ana shu tasavvurlar, tushunchalar, qarash va xulosalar muayyan kishining boshqa odamlarga munosabati va kundalik faoliyatining mazmunini belgilaydi. Shu ma’noda, dunyoqarash - insonning tevarak atrofini qurshab turgan voqelik to’g’risidagi, olamning mohiyati, tuzilishi, o’zining undagi o’rni haqidagi qarashlar, tasavvurlar, bilimlar tizimidir. Dunyoqarash - olamni eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va bilishdir. Dunyoqarashning bir kishiga yoki alohida shaxsga xos shakli individual dunyoqarash deyiladi. Guruh, partiya, millat yoki butun jamiyatga xos dunyoqarashlar majmuasi esa, ijtimoiy dunyoqarash deb yuritiladi. Ijtimoiy dunyoqarash individual dunyoqarashlar yig’indisidan dunyoga keladi, deyish mumkin. Bunda ijtimoiy dunyoqarashning umumiy va xususiy shakllarini hisobga olish lozim. Kundalik hayotiy tajribalar asosida jamiyatda, odamlarda oddiy, o’z-o’zicha rivojlanuvchi (stixiyali) mohiyatga ega bo’lgan qarashlar, tushunchalar, g’oyalar shakllanadi. Bu – dunyoqarashning o’z-o’zicha rivojlanuvchi (stixiyali) shakli hisoblanadi. Uni ko’pincha hayotiy falsafa, deb ham ataydilar. Hayotiy falsafaning doirasi juda keng bo’lib, ongning sodda namoyon bo’lish shakllarini ham, oqilona va sog’lom fikrlarni ham o’z ichiga oladi. Hayotiy falsafa yoki oddiy amaliy dunyoqarashning o’ziga xos turini inson faoliyatining turli sohalaridagi bilim va tajribalar ta’sirida shakllanayotgan qarashlar tashkil etadi. «Har kimning o’z falsafasi bor» deyilganida ana shu hol anglashiladi. Demak, dunyoqarash o’zining kundalik ommaviy shakllarida chuqur va etarli darajada asoslanmagan stixiyali xarakterga ega. Shuning uchun ham ko’p hollarda kundalik tafakkur muhim masalalarni to’g’ri tushuntirish va baholashga ojizlik qiladi. Buning uchun olamni ilmiy tahlil qilish va bilish zarur. Dunyoqarashning tarixiylik tamoyili. Dunyoqarash muayyan davrda shakllanadi. Shu ma’noda, har qanday dunyoqarash ijtimoiy-tarixiy mohiyatga ega bo’lib, kishilarning umri, amaliy faoliyati, hayoti, tabiatga ta’siri va mehnati jarayonida vujudga keladi. Har bir avrda ijtimoiy guruh, jamiyat va avlodning o’z dunyoqarashi mavjudligi ham bu tushunchaning tarixiy mohiyatga ega ekanini ko’rsatadi. Dunyoqarashning tarixiyligi yana shundaki, u ma’lum dialektik jarayonda takomillashib boradi. Uning shakllari o’zgaradi, tarixiy ko’rinishlari muttasil yangilanib turadi. Ma’lumki, insoniyat taraqqiyotining ilk bosqichlarida dunyoqarash nihoyatda oddiy bo’lgan. Agar shunday bo’lmaganida, har qanday jism o’z hajmiga teng suyuqlik miqdorini siqib chiqarish xossasiga ega ekanini kashf etgan qadimgi zamonning buyuk olimi Arximed hammomdan yalong’och holda chiqib, «Evrika!», ya’ni «Topdim!», deyaqichqirmagan bo’lar edi. Dunyoqarash jamiyat rivojiga mos ravishda asta-sekin takomillashib borgan. Taraqqiyotning keyingi davrlarida fan sohasida qilingan kashfiyotlar inson dunyoqarashi naqadar chuqurlashib, uning bilimlar doirasi kengayib ketganini ko’rsatadi. Bunda vorislik an’anasi yaqqol ko’zga tashlanadi: har bir davrning dunyoqarashi, g’oyasi o’tmishda yaratilgan ma’naviy qadriyatlarning eng yaxshilarini, ilg’or va ijobiylarini o’zida saqlab qoladi. Shu asosda yangi tamoyillarga ega bo’lgan dunyoqarash ham takomillashib boradi. Oddiy bug’ mashinasidan kosmik raketalargacha bo’lgan fan-texnika taraqqiyoti bunga yaqqol misol bo’la oladi. Falsafiy dunyoqarash. Bu tushunchaning mazmuni insonning olamga, voqea va hodisalarga, o’zgalarga va ularning faoliyatiga, o’z umri va uning mazmuni kabi ko’pdan-ko’p tushunchalarga munosabati, ularni anglashi, tushunishi, qadrlashida namoyon bo’ladi. Falsafiy dunyoqarash kundalik faoliyat, dunyoviy, diniy, ilmiy bilimlar, hayotiy kuzatishlar va ijtimoiy tarbiya ta’sirida shakllanadi hamda rivojlanadi. Fanda ijtimoiy borliqning barcha jihatlari ks etadi. Dunyoqarashning shakllanishida his-tuyg’u, aql-idrok va tafakkur ham muhim o’rin tutishi tabiiy. Uning shakllanishi kishilarning hissiy kechinma va kayfiyatlariga ham bog’liq bo’lib, inson kayfiyatida uning hayot sharoitlari, ijtimoiy ahvoli, milliy xususiyati, madaniy saviyasi, shaxsiy taqdiri, yoshi va hokazolar aks etadi. Muayyan davr dunyoqarashida zamon ruhi, ijtimoiy kuchlarning kayfiyati, intilishi ham o’z ifodasini topadi. Masalan, bugungi O’zbekiston mustaqilligini mustahkamlash zarurati istiqlol dunyoqarashini shakllantirishga ulkan ta’sir ko’rsatmoqda. Falsafiy dunyoqarash murakkab tuzilishga ega. U muayyan bilimlar, kelajakka qaratilgan g’oya va maqsadlar, tabiiy va ijtimoiy fan yutuqlari, diniy tasavvurlar, qadriyatlar, ishonch, e’tiqod, fikr, hissiyot kabi tarkibiy qismlardan iborat. Bularning ichida e’tiqod muhim ahamiyat kasb etadi. U dunyoqarashning mazmunini tashkil etadigan asoslardan biridir. E’tiqod insonning o’z qarashlari va g’oyalari to’g’riligiga, orzu-umidlarining asosli ekaniga, faoliyati va xatti-harakatining umumiy maqsadlarga va talablarga mosligiga bo’lgan chuqur ishonchidan paydo bo’ladi. U insonning hissiyoti, irodasi va faoliyatini belgilaydi, ularni boshqaradi, shaxsni omilkorlikka, samarali faoliyatga undaydi.
Dunyoqarashning mohiyati. Ayni shu davrdan boshlab insonning ancha rivojlangan dunyoqarashi shakllangani haqida va umuman to‘plangan bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, vujudga kelgan qadriyatlar, o‘zi va o‘zini qurshagan dunyo haqidagi tasavvurlar majmui sifatidagi odamlar dunyoqarashi to‘g‘risida ishonch bilan so‘z yuritish mumkin.
Hayot tajribasi va empirik bilimlar asosida shakllanadigan dunyoqarash oddiy yoki empirik dunyoqarash deb ataladi va insonning dunyo haqidagi tasavvurlarining qismlarga ajralmagan, tizimsiz majmui sifatida amal qiladi. U har qanday dunyoqarashning negizi hisoblanadi va odamlarga kundalik hayoti, faoliyatida yo‘l ko‘rsatib, ularning xulq-atvori, aksariyat qilmishlarini belgilab, muhim regulyativ funksiyani bajaradi.
Keng ma’noda, dunyoqarash – insonning o‘zini qurshagan borliqqa va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatga nisbatan yondashuvlar tizimi, shuningdek odamlarning mazkur yondashuvlar bilan belgilangan hayotiy ideallari, e’tiqodlari,, bilish va faoliyat tamoyillari, qadriyat va mo‘ljallaridir.
SHu tariqa ta’riflanadigan dunyoqarash faqat insonga xos bo‘lib, bu unda shakllangan ong va oqilona faoliyat mavjudligi bilan bog‘liqdir. Bunda inson nafaqat tushunchalar yaratish va mulohaza yuritish, xulosalar chiqarish va qoidalarni ta’riflash qobiliyatini kasb etadi, balki tayyor bilimdan yangi bilim olish uchun foydalana boshlaydi. Insonning bunday faoliyatini, uning ijodiy faolligini tavsiflovchi aql odamzot va jamiyat evolyusiyasini jadallashtirishning qudratli omiliga aylanadi va pirovardda insonni hayvondan ajratish imkonini beruvchi asosiy belgi sifatida amal qiladi.
Dunyoqarashda ijtimoiy muhitning roli. Aql paydo bo‘lishi bilan inson o‘zini fikrlovchi mavjudot sifatida anglay boshlaydi, unda o‘z «meni» va o‘zgalar haqida tasavvuri shakllanadi va rivojlanadi. SHu tariqa u o‘zini va o‘zini qurshagan borliqni anglaydi, o‘zi va boshqa odamlarni, o‘zi va tashqi muhitni farqlaydi, ilgari o‘ziga ma’lum bo‘lmagan dunyoning yangi va yangi jihatlarini idrok etadi. Bunday qarashlar insonning o‘zi va o‘zini qurshagan borliq haqidagi tasavvurlari majmui sifatida shakllanadigan dunyoqarash negizini tashkil etadi. Bunda inson o‘ziga ma’qul va noma’qul narsalarni farqlaydi, baholar beradi, ustuvorliklar tizimini yaratadi va muayyan maqsadlarga erishishda tegishli tarzda ish ko‘radi.Demak, dunyoqarashda bilish, qadriyatlarga munosabat va xulq-atvorni belgilash funksiyalari mujassamlashadi.
Dunyoqarashning bilish funksiyasi insonda qiziqish uyg‘otuvchi barcha savollarni, shuningdek muayyan yo‘l bilan topuvchi javoblarni o‘z ichiga oladi. Bilish odamlar dunyoqarashini boyitadi va kengaytiradi, u jamiyatning rivojlanishiga qarab yanada teranroq va mazmunan boyroq bo‘lib boradi.
Ammo dunyo juda rang-barang bo‘lib, muttasil o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi, qoniqarli javoblarga ega bo‘lmagan savollar esa, uzil-kesil javob berish mumkin bo‘lgan savollarga qaraganda, ko‘proqdir. SHu bois, muammolarga nisbatan muayyan tarzda yondashadigan har bir odamning dunyoqarashi, savollari va javoblari doim shaxsiy o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi va hech bo‘lmasa shu sababga ko‘ra boshqa odamlar dunyoqarashiga hech qachon o‘xshamaydi.
Dunyoqarashning intellektual, emotsional va ruhiy asoslarning uzviy bog‘liqligi va ularning jamuljam holda har bir inson uchun mutlaqo muayyan, individual xususiyatlar sifatida amal qilishidir.
Intellektual, emotsional va ruhiy asoslar iroda bilan uyg‘unlikda e’tiqodlar – odamlar faol qabul qiladigan, ularning ong darajasi va hayotdagi mo‘ljallariga mos keladigan qarashlarni yuzaga keltiradi.
Dunyoqarashning muhim elementi shubha bo‘lib, u dunyoqarashni dogmatizm, ya’ni biryoqlama, notanqidiy fikrlash, u yoki bu qoidani shak-shubhasiz haqiqat deb qabul qilishdan asraydi. Dogmatizmning qarama-karshisi skeptitsizm bo‘lib, bunda shubha mutlaqlashadi, fikrlashning asosiy omiliga aylanadi, bilish va borliqni idrok etishning bosh tamoyili sifatida amal qiladi.
Dunyoqarashning tuzilishi dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat.
Dunyoni sezish – bu o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etishdir. Bunda tuyg‘ular, kayfiyat dunyoni go‘yoki ranglarga bo‘yaydi, uning obrazini sub’ektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug‘ bo‘lib tuyulishi mumkin bo‘lgan nur, sog‘lom odam uchun normal bo‘ladi; daltonik ranglar gammasini, ko‘rish qobiliyati normal bo‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. Dunyoni idrok etish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq noto‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o‘xshash fantaziyalar paydo bo‘ladi.
Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek tabiatda yuz beruvchi voqea va jarayonlarning o‘zaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir.
Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos bo‘lsa, dunyoni tushunish esa faqat odamlarga xos xususiyatdir.


Yüklə 45,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin