Mavzu:ISBOTLASH VARADDIYA Reja: 1.Isbot va uning tarkibi
2.Isbot va raddiyaning turlari
3.Isbot va raddiyaning qoida hamda xatoliklari
Isbot va uning tarkibi
Fan va amaliyotdagi bilish jarayoni nafaqat sezgilarimiz orqali bevosita bilinadigan haqiqatlardan iborat, balki abstrakt tafakkurda ifodalanadigan yangi nazariya va xulosalarni isbotlash hamda asoslashni ham o‘z ichiga oladi.
To‘g‘ri tafakkur yuritishning muhim belgisi bu uning isbotlangan bilimlarga asoslanishidir. Ilmiy haqiqatlar chuqur va har tomonlama o‘rganilib, ilmiy jihatdan asoslanganidan so‘ng muayyan ahamiyatga ega bo‘ladi.
Fandagi ayrim qoidalar va aksiomalarning muayyan ahamiyatga egaligi, dastavval, ularning chinligi, ulardan olinadigan natijalarning to‘g‘riligi va ularning amaliyotda o‘z tasdig‘ini topayotganligi bilan asoslanadi. Shu sababli har qanday fuqaroviy va jinoiy ishlarda ularning mohiyatini yetarli darajada asoslash, mustaqil respublikamizning qonunlarini to‘g‘ri tatbiq etish va ishonchli qarorlarni qabul qilishda isbot muhim ahamiyatga ega.
Umuman fan va amaliyotning har bir sohasida isbotga intilish hamda haqiqatni qaror toptirish insondan muayyan mantiqiy qoidalarga amal qilishni talab etadi. Ushbu mavzuda biz isbotlashda qanday qonun- qoidalarga amal qilish lozimligini ko‘rib chiqamiz.
Isbotlash – ma’lum bir hukmning chinligini, unga aloqador va chinligi isbotlangan boshqa hukmlar orqali asoslashning mantiqiy usuli. Demak, tajribada tekshirilib, chinligi isbotlangan hukmlar orqali ikkinchi bir hukmning chinligini aniqlashga qaratilgan jarayon isbotdir.
Mantiqda har bir isbot fakt va tajribaga tayangan bo‘ladi. Chunki tajribada tekshirilib, umumlashtirilgan chin fikrlardan chin xulosalar olish mumkin.
Isbotlash ishonch-e’tiqod bilan bog‘liq bo‘lib, lekin ular aynan emas. Isbotli tafakkurning asosiy vazifasi asoslangan e’tiqodni shakllantirishdir. Agar ishonch-e’tiqodning asosini ilmiy bilimlar tashkil etsa, demak belgilangan vazifalar nazariy va amaliy jihatdan to‘g‘ri va anglangan
holda hal etilishi mumkin. E’tiqod – insonning xatti-harakati, ma’naviy va axloqiy sifatlarini belgilab beradigan qarashlar va tasavvurlar yig‘indisi. Ilmiy e’tiqod asoslangan, isbotlangan va dalilli bilimlar asosida shakllanadi.
Ilmiy e’tiqoddan tashqari diniy bilim va ishonchga asoslangan diniy e’tiqod qam bor bo‘lib, u insonning ichki tuyg‘ulari, dunyoni yaratuvchi va boshqaruvchi ilohiyotning mavjudligi haqidagi bilimlarga asoslanadi. Diniy e’tiqodning insoniy fazilatlarni shakllanishidagi rolini inkor etgan holda, fan va amaliyotda isbotlangan, dalillarga asoslangan ilmiy e’tiqod shakllanishining mantiqiy asoslarini isbotlash misolida o‘rganib chiqamiz.
Isbotlashning tarkibini tezis, asos (dalil) va demonstratsiya tashkil etadi.
Chin dalillar yordamida isbotlanishi lozim bo‘lgan hukmga «tezis» deb aytiladi. Tezis sifatida har qanday fanlarning nazariyalari yoxud empirik tadqiqotning obyektlari, muayyan bir narsa yoki hodisaning paydo bo‘lish sabablari haqidagi bilimlarni olishimiz mumkin. Masalan, meditsinadagi alohida bir kasallik, tarix fanidagi ma’lum bir tarixiy hodisa, sud amaliyotida muayyan bir jinoiy ish yoki jinoyatda ayblanuvchi shaxs haqidagi muhokamalarning isboti talab etiladigan tezislar sifatida kelishi mumkin.
Isbotlashning asos (dalillar)i – tezisni asoslash uchun keltirilgan chin hukmlardir. Ular isbotlashning mantiqiy asoslarini tashkil etib, turli bilimlar doirasida yoki o‘z mazmuniga ko‘ra turli xil chin hukmlar shaklida namoyon bo‘ladi. Dalillarning bir necha turlari mavjud:
yakka tartibdagi aniq dalillarning isbot uchun asos bo‘lishi. Bu turdagi dalillarga guvohning ko‘rsatmalari, hujjatdagi imzo, ilmiy faktlar, iqtisodiyot va ma’naviyat sohalaridagi aniq ma’lumotlar kabi isbotlangan bilimlar kiradi. Aniq dalillarga va ularning tahliliga asoslanmagan bilimlarning amaliy faoliyat uchun ahamiyati bo‘lmaydi. Dalil sifatida faktlardan foydalanish isbotlashda keng qo‘llaniladi. Masalan, sud-tergov amaliyotida ayblanuvchining jinoyat sodir bo‘lgan vaqtda boshqa joyda bo‘lganligi yoki o‘g‘rilik jinoyatida o‘g‘irlangan ashyoviy dalillarning ayblanuvchida topilmaganlik faktining o‘zi uning jinoyatga aloqasi yo‘qligini isbotlaydi. Isbotlanayotgan tezis, ya’ni muhokama qilinayotgan hukmlarga asos sifatida ayrim dalillarni ko‘rsatishning o‘zi yetarli emas. Shuning uchun alohida olingan dalillar emas, balki o‘rganilayotgan masalaga tegishli, o‘zaro mantiqiy bog‘langan barcha dalillarning yig‘indisi isbot uchun yetarli asos bo‘lishi mumkin;
ta’riflash – isbotning amali sifatida. Isbotlash asoslarining tarkibiga muayyan bir fandagi asosiy tushunchalarning ta’rifi ham kirishi mumkin.
Chunki isbotlash bu chinligi oldin isbot etilib, mavjud holatlardan yangi holatlarni keltirib chiqarishdir. Ta’riflangan tushunchalarda ularning mazmunini ifodalaydigan asosiy belgilar aks ettiriladi.
Ta’riflash chin hukm bo‘lganligi tufayli isbotda asos sifatida ishtirok etishi mumkin;
v) aksioma va postulatlar isbotning asosi sifatida. Aksioma va postulatlar bu insonning ko‘p yillik amaliyotida tasdiqlangan, isbotsiz qabul qilingan haqiqatlardir. Ular matematika, fizika va mexanika fanlarida ko‘p ishlatiladi. Aksioma va postulatlarning roli ayrim fanlarda ilmiy nazariyalarni asosli, izchil isbotlashda muhim o‘rin egallashi bilan belgilanadi. Mantiq fanining ba’zi qonun-qoidalari aksiomatik tabiatga ega. Agar aksiomalarga asoslanib isbotli mulohaza yuritiladigan bo‘lsa, ayrim mantiqiy talablarga rioya etilishi lozim. Aksiomalar to‘liq, mustaqil va ziddiyatsiz bo‘lishi kerak.
g) Fan qonunlari va teoremalari isbotlashning asosi sifatida. Isbotning dalili va asosi sifatida isbot etilgan tabiiy va ijtimoiy fanlarning qonun va teoremalar kelishi mumkin. Huquqiy qonunlar sud-tergov amaliyotida foydalaniladigan dalillar vazifasini bajaradi.
Isbot tarkibiga tezis va asoslardan tashqari, demonstratsiya ham kiradi. Tezis va asoslar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanishga demonstrasiya (lot. demonstratio – namoyish etish) deyiladi. Demonstrasiya hukmlarning mantiqiy bog‘lovchisi bo‘lib, muayyan bir natijani keltirib chiqaradi. Demak, demonstratsiya tezis bilan asosning o‘rtasidagi aloqa vositasidir.Isbot va raddiyaning turlari Isbotlash shakliga ko‘ra ikkiga, ya’ni bevosita va bilvosita turlarga bo‘linadi.
Bevosita isbotda isbotlash dalillardan tezisga qarab boradi. Tezisning chinligi bevosita dalillar vositasida asoslab beriladi. Bunday isbotlash quyidagicha ifodalanishi mumkin, ya’ni «a, v, s…» dalillardan «k, j, l…» chin hukmlar, ulardan esa isbotlanishi lozim bo‘lgan D tezisining kelib chiqishini ko‘rsatib beradi.
Masalan: «Ba’zi tinglovchilar a’lochidir», degan tezis «ayrim a, v, s tinglovchilar a’lo o‘qishadi», degan asos va dalillardan kelib chiqadi.
Bilvosita isbot – tezisning chinligini antitezisning yolg‘onligini isbotlash orqali keltirib chiqarishdir. Vositali isbot to‘g‘ridan-to‘g‘ri isbotlash uchun dalillar yetarli bo‘lmagan vaqtda qo‘llaniladi.
Isbotlash quyidagi ketma-ketlikda tuziladi: Tezisga qarama-qarshi bo‘lgan antitezisni shakllantiriladi. Antitezis – tezisga zid bo‘lgan hukm.
Yuqoridagi «Ba’zi tinglovchilar a’lochi» degan juz’iy tasdiq hukmidan
«Hech bir tinglovchi a’lochi emas» degan umumiy inkor hukm, ya’ni antitezis kelib chiqadi. Antitezisni shartli ravishda chin hisoblab, mantiqiy xulosalasak, har bir alohida olingan tinglovchilarning a’lo o‘qimasligi haqida yolg‘on xulosa kelib chiqadi. Demak, xulosaning yolg‘onligidan antitezisning yolg‘onligi, antitezisning yolg‘onligidan esa tezisning chinligi kelib chiqadi. Demak, tezis isbotlandi.
Ayiruv vositali isbotlashda tezis sof ayiruvchi (dizyunktiv) hukmning bir a’zosi bo‘lib, uning chinligi boshqa a’zolar (antitezis)ning xatoligini ko‘rsatish orqali asoslanadi. Masalan, jinoyatning qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilganligi tezis bo‘lib, unda mazkur jinoyatning ehtiyotsizlik tufayli sodir etilmaganligi tasdiqlansa, u holda jinoyatning qasddan sodir etilganligi isbotlanadi.