Mavzu: 1.4. Ishlab chiqarish jarayonlari sanitariyasi va gigienasi
Reja:
1. Ishlab chiqarish mikroiqlimi.
2. Ishlab chiqarish changi va havo muhitidagi zararli moddalar.
3. Ishlab chiqarishda shovqin, titrash, tebranish va ularga qarshi chora-tadbirlar.
4. Sanoat korxonalarini yoritish. Ishlab chiqarish mikroiqlimi Ishlab chiqarish muhitining, jumladan, bino, uylarning meteriologik sharoitlari yoki mikroiqlim tushunchasiga havo harorati, uning namligi va harakatchanligi, bosimi, shu bilan birga har xil qurilma, asbob-uskuna, ishlanadigan material va buyumlardan ajralib chiqqan issiqlik, infraqizil hamda ultrabinafsha nurlar kiradi.
Ishlab chiqarish muhitining mikroiqlimiga ikkita asosiy ichki va tashqi sabablar bog‘liq bo‘ladi.
Ichki sabablar nisbatan doimiy xarakterga ega bo‘lib, ishlab chiqarish texnologiyasiga, qo‘llanadigan asbob-uskunalarga va sanitariya-texnikaviy qurilmalarga bog‘liq bo‘ladi. Ichki sabablarning ta’sir kuchi qo‘llaniladigan asbob-uskunalarning quvvatiga va sanitariya-texnikaviy qurilmalarning sifatiga bog‘liq bo‘ladi.
Tashqi sabablar o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘lib, yil fasllariga, ob-havoga, kecha va kunduzga bog‘liq bo‘ladi. Tashqi sabablarning ta’sir kuchi binolarning devoriga, tomiga, qanday materialdan qurilganiga, romlarning bor yo‘qligiga va ularning sifatiga bog‘liq bo‘ladi.
Ishlab chiqarish binolarning issiqlik rejimi, bino ichiga tushib turgan quyosh nurlaridan ajralib chiqadigan issiqlikdan iborat bo‘ladi. Ishlab chiqarish binolaridagi ajralib chiqadigan issiqlikning bir qismi ochiq joylardan tashqariga chiqib ketadi, qolgan ikkinchi qismi bino havosini qizishiga sababchi bo‘ladi.
Ishlab chiqarish binolarida havo issiq jismlarga tegishi natijasida isiydi, engillashadi va yuqoriga ko‘tariladi, o‘ning o‘rnini esa undan sal og‘irroq sovuq havo egallaydi, o‘z navbatida u ham issiq jismlarga tegib isiydi va yuqoriga ko‘tariladi. Shunday qilib havoning doimiy harakatda bo‘lgani uchun faqat issiq jismlar atrofidagi havo isib qolmasdan ishlab chiqarish binolarining hamma eridagi havo isiydi. Bunday issiqlik uzatilishi konveksion issiqlik uzatilishi yo‘li deyiladi.
Hamma qizigan jismlar o‘zidan nurlar chiqaradi. Nurlar xarakterli jismning haroratiga bog‘liq bo‘ladi. Issiqlik ajralib chiqaradigan jismlarning harorati 500oC va undan yuqori bo‘lsa ko‘zga ko‘rinadigan yorug‘lik nurlari bilan birga, ko‘zga ko‘rinmaydigan infraqizil nurlar ajralib chiqa boshlaydi.
O‘zidan issiqlik chiqaradigan jismlarning harorati 2500-3000oC va undan yuqori bo‘lganda, yorug‘lik va infraqizil nurlar bilan bir qatorda ultrabinafsha nurlar ham ajralib chiqa boshlaydi. Bu nurlar ishlab chiqarish binolari havosini isitmaydi, lekin ular tarqalish yo‘lida har xil jismlarga duch kelib shu jismlarda qisman yutiladilar, yutilish jarayonida nur energiyasi issiqlik energiyasiga aylanish natijasida jismlarni qizdiradi va o‘z navbatida qizigan jismlar issiqlik manbai bo‘lib, atrofdagi havoni isitadi.
Havoda har doim bir oz miqdorda suv bug‘lari bo‘ladi. Bir kilogramm yoki bir kubometr havodagi suv bug‘larining miqdori (gramm hisobidagi) uning maksimal namligini belgilaydi. Maksimal namlik havo haroratiga bog‘liqdir, havo harorati qanchalik yuqori bo‘lsa, unda suv bug‘lari shunchalik ko‘p bo‘lishi mumkin, ya’ni uning maksimal namligi shunchalik katta bo‘ladi.
Ayni vaqtda bir kilogramm yoki bir kubometr havodagi suv bug‘larining miqdori havoning absolyut namligi deb ataladi.
Ayni haroratda absolyut namlikning maksimal namlikka bo‘lgan nisbati havoning nisbiy namligi deb ataladi va u protsentda ifodalanadi.
Ishlab chiqarish binolarining texnologik jarayoni havoning namligiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Suv va suvli eritmalar bilan ishlov berish usullaridan foydalaniladigan paytlarda havo namligi yanada oshib ketadi. Ayniqsa ular isitilsa yoki qaynatiladigan bo‘lsa va ulardan chiqadigan bug‘ tepaga to‘siqsiz ko‘tarilib ketsa havoning nisbiy namligi 80-90% va hatto 100%ga etishi mumkin. Bunday havoning qo‘shimcha suvni qabul qilish xususiyati juda cheklangan bo‘ladi yoki tomoman yo‘qoladi.