Mavzu: Xo'jalik yurituvchi sub'yektlar qimmatli qog'ozlari tavsifi va tarkibining tahlili. XO‘JALIK YURITUVCHI SUBYEKTLAR FAOLIYATINI DAVLAT TOMONIDAN NAZORAT QILISH TO‘G‘RISIDA 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonun xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Davlat budjeti va budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan muassasalar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-modda. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunchilik Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Prokuror nazorati tartibida amalga oshiriladigan davlat nazorati tegishli qonunchilik bilan ham tartibga solinadi.
Tergovga qadar tekshirishlar chog‘ida va qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi jinoyat-protsessual qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Soliq tekshiruvi orqali amalga oshiriladigan davlat nazoratining o‘ziga xos xususiyatlari soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan belgilanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
nazorat qiluvchi organlar — xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirliklar va idoralar;
tekshirish — xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan qonunlar hamda o‘z faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlari qanday bajarilayotganligini nazorat qiluvchi organlarning bir marta nazorat qilishi;
tekshirishlarni qayd etish daftari — o‘tkazilgan tekshirishlar to‘g‘risidagi axborot yozib qo‘yiladigan maxsus daftar;
moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) — soliq va valyuta to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hamda boshqa hujjatlarini o‘rganish va taqqoslash
qisqa muddatli tekshirish — nazorat qiluvchi organlar jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi faktlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida amalga oshiradigan tekshirish;
nazorat tartibida tekshirish — xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ilgarigi tekshirishda ko‘rsatilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etishi ustidan nazorat qiluvchi organlar amalga oshiradigan tekshirish.