Mavzu: Sun’iy intellekt va inson muammosi Reja; Falsafada ong va ijod muammosi Kompyuter va sun’iy aql muammosi



Yüklə 36,56 Kb.
tarix14.12.2023
ölçüsü36,56 Kb.
#178660
Sun’iy intellekt va inson muammosi


Mavzu: Sun’iy intellekt va inson muammosi


Reja;
1. Falsafada ong va ijod muammosi
2. Kompyuter va sun’iy aql muammosi.
3. Kompyuter va bilish.
4. Informatsion texnologiya va sun’iy aql mantig‘i.
5. Bilishni kompyuterda gavdalantirish va freym g‘oyasi.

Falsafada ong va ijod muammosi
Ruhiy in’ikos - bu biologik in’ikosning ancha rivojlangan va shu bilan birga, o‘ziga xos yangi bosqichdagi ko‘rinishidir. Ruhiy in’ikosning dastlabki shakli - sezish ekanligini biz yuqorida ko‘rdik. Sezish qobiliyati rivojlanib borib, shartsiz va shartli reflekslar, instinktlarni vujudga keltiradi.
Organik tabiat evolyusiyasida nerv markazlari, nerv tizimiga ega bo‘lgan tirik organizmlarning paydo bo‘lishi bilanoq ruhiy in’ikosning yuksakroq shakllari shartsiz va shartli reflekslar qaror topadi.
Shartsiz reflekslar - tirik organizmlarda biologik omillarga javoban yuzaga keladigan, ularning o‘z hayotlari davomida, bir qator avlodlar taraqqi-yoti jarayonida avloddan-avlodga o‘tib, mustahkamlanib boruvchi psixik reak-siyalardir. Masalan, asalari gul nektarlarini topishi shartsiz reflekslarga yaqqol misol bo‘la oladi. Shartsiz reflekslar tug‘ma xarakterga egadir.
Tirik organizmlarda biologik omillarning o‘ziga emas, ularning signallariga javoban yuzaga keladigan, har bir organizmning individual hayot sharoitida, uning yashash jarayonida muayyan paytda paydo bo‘lib, so‘ng yo‘qoladigan reaksiyalar shartli reflekslar, deyiladi.
Bunda qo‘ng‘iroq ovozi shartli ta’sir qiluvchi vosita hisoblanib, hay-vonlar hayotida bir necha marta takrorlanishi ularda shartli reflekslarni tug‘-diradi. Agar qo‘ng‘iroq chalinib, ovqat bermaslik bir necha marta qaytarilsa, hayvonlarda qo‘ng‘iroqqa nisbatan hosil qilingan psixik reaksiya yo‘qoladi.
Shartsiz va shartli reflekslar o‘zaro bog‘liqdir. Ular tirik organizmning dunyo ta’sirlariga «qonuniy javoblari»dir.
Tirik organizmlarning tashqi muhit bilan aloqasi va aks ta’siri qancha keng va xilma-xil bo‘lib borishi bilan ularning muhitni yanada yuksakroq psixik in’ikos ettirish qobiliyati o‘shancha chuqurroq taraqqiy etadi va takomillashib boradi. Bu esa, o‘z navbatida, ularda psixik in’ikosning murakkabroq va yuqoriroq yangi shakli - instinktlarni yuzaga keltiradi.
Instinktlar murakkab shartsiz va shartli reflekslarning birligidan tashkil topgan bo‘lib, ular organizmning tashqi ta’sirlarga javoban ko‘rsatadigan psixik reaksiyalaridir. Instinktlar hashoratlar, qushlar, hayvonlar psixikasining xarakterli tomonlaridir. Ular bu hashoratlar, qushlar va hayvonlarda turlicha namoyon bo‘ladi. Masalan, asalarilar olti qirrali uyalar yasaydi; chumolilar «ko‘p qavatli» inlar ko‘radi; qushlar doimiy uchib o‘tgan yo‘llardan uchib o‘tadi; qunduzlar daryolarga «to‘g‘on» quradi; baliqlar o‘zlari tuxumdan chiqqan joylarga tuxum tashlaydi va boshqalar. Bularning hammasi instinktlardir. Bu instinktlar shu tirik organizmlar-ning muayyan evolyusiyasi jarayonida to‘plangan tug‘ma «tajribalar»idir. Ular psixik in’ikos sifatida mutlaqo o‘zgarmas narsalar emas. Instinktlar tirik organizmlar evolyusiyasi jarayonida o‘zgarib, rivojlanib boradi, ya’ni quyi bosqichdagi instinktlar yuqori bosqichdagi instinktlar bilan almashib boradi. Bunda tirik organizm evolyusiyaning qancha yuqori bosqichida tursa, undagi instinktlarning yuzaga chiqishi o‘shancha qo‘proq individual xususiyat-lar kasb etib, shuncha ko‘p yangi belgilari namoyon bo‘lib boradi. Ayniqsa, yuksak tashkil topgan hayvonlarda instinktlar ko‘pincha ularning individual hayotida vujudga kelgan malaka va ko‘nikmalari bilan chatishib ketadi. Chunki yuksak tashkil topgan hayvonlarda instinktlar bilan birgalikda, ruhiy in’ikosning yanada yuqori shakllari bo‘lgan sezgilarning murakkab xillari, idrok faoliyatining elementlari, tasavvurning boshlang‘ich shakllari, qisqasi, «ashyoviy tafakkur» yuzaga kelgan bo‘ladi. Shuning uchun ham odam ongining paydo bo‘lishini o‘rganishda yuksak tashkil topgan hayvonlarning dunyoni psixik in’ikos ettirish qobiliyatlari rivojlanishi tarixini ham o‘rganish kerak, aks holda, odam ongining tabiiy kelib chiqishini ilmiy tushuntirib bo‘lmaydi. Sababi, insonda bo‘lgani singari hayvonlarda idrok faoliyatining barcha turlarini: induksiya, deduksiya binobarin, abstraksiyalashni ham, nota-nish narsalarni analiz (yong‘oqni chaqishining o‘ziyoq, analizning boshlanishi demakdir), sintez qilish (hayvonlarning hiylali qiliqlari) va ikkalasini qo‘shishni biz uchratamiz. Tip jihatdan bu usullarning hammasi odam bilan yuqori darajadagi hayvonlarda mutlaqo bir xildir. Ular faqat darajasi jihatdan turlicha bo‘ladi.
Yuksak tashkil topgan hayvonlarda psixik in’ikosning yuksak shakli - rejali harakat qilish qobiliyati (ong elementi - A.X.) nerv tizimining taraqqiy etishiga muvofiq ravishda rivojlanib borib, sut emizuvchi hayvonlarda bu narsa ancha yuqori darajaga yetadi. It bilan ot odamlar bilan aralashuv orqasida odamga bog‘lanish tuyg‘usi, minnatdorlik ko‘rsatish tuyg‘usi va boshqa tuyg‘ularni his qilish qobiliyatini hosil qiladilarki, bunday tuyg‘ular ilgari ularda bo‘lmagan edi.
Odam miyasi va uning ko‘proq taraqqiy topgan oliy nerv tizimi yuksak rivojlangan hayvonlarning miyasi va oliy nerv tizimiga nisbatan yangi sifat xususiyatlariga ega bo‘ladi. Shunga ko‘ra odamlarning sezish, idrok qilish va tasavvur qobiliyati istisnosiz ravishda har qanday yuksak rivojlangan hayvonlarning bu boradagi qobiliyatidan yuqori turadi. Bu faoliyat hatto hayvonlardan juda kam farqlangan eng ibtidoiy odamlarda ham bir qancha ustun bo‘lgan. Chunki, odamlarning sezgi a’zolari in’ikos ettira oladigan hamma narsani yuksak tashkil topgan hayvonlar sezgi a’zolari xuddi o‘shanday in’ikos ettirishga qodir emas.
Odam sezgi a’zolari hayvon sezgi a’zolaridan, odam ruhiy in’ikos shakllari hayvon psixik in’ikos shakllaridan tubdan farq qiladi. Bu farqlar quyidagilarda o‘z ifodasini topadi:
1) odam qurol yasaydi, ijod qiladi, moddiy va ma’naviy boyliklar yaratadi, qisqasi, ijtimoiy faoliyat ko‘rsatadi;
2) odam hayvonlar ega bo‘lmagan ikkinchi signal sistemasiga, ya’ni nutq, va tilga ega;
3) odamning ruhiy in’ikos shakllari yuzaga kelishida nutq va til xal qiluvchi rol uynaydi.
Demak, odamga xos in’ikosning ruhiy in’ikos ekanligi, bu uning ma’naviy olamini tashkil qilishi uning hayvonlar psixik in’ikosidan farq qildiruvchi asosiy jihatdir. Odamga xos ruhiy in’ikosning kelib chiqishida mehnat va nutq kabi ijtimoiy omillar muhim rol uynaydi.
Insonning borliqqa munosabatining bir turi bo‘lgan ong faoliyati informatsiya bilan chambarchas bog‘liqdir. Informatsiya, falsafiy kategoriya sifa-tida, obyektiv olam, undagi predmet va hodisalar, jarayonlar hamda ularning miyadagi faol in’ikosi haqidagi turli-tuman xabarlar va ma’lumotlardir.
Informatsiya turli xil va turli ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Informatsiyani dastlab: a) moddiy informatsiyalarga va b) ma’naviy (yoki g‘oyaviy) informatsiyalarga ajratish mumkin.
Moddiy informatsiyalar in’ikosning mexanik, fizik, ximik, biologik shakllari bilan bog‘liq informasyalardir. Inson miyasiga xos ijtimoiy in’ikos bilan bog‘liq informatsiyalar ma’naviy informatsiyalardir. Bunday informatsiyalarning alohida bir turi bu ikkinchi signal sistemasi - nutq ya’ni til bilan bog‘liq informatsiyalardir. Bu informatsiyalar inson miyasi tomonidan ishlab chiqiladi va nutq, til orqali uzatilib, eshitish a’zolari orqali qabul qilinadigan informatsiyalardir. Inson miyasiga tashqi olamdan juda ko‘p informatsiyalar kelib turadi, lekin inson miyasi bu informatsiya-larning hammasini emas, balki kishi uchun muhim bo‘lgan, uning hayoti uchun ahamiyatli informatsiyalarnigina tanlab qabul qiladi, ularning eng muhim, ahamiyatlilarini saqlab, qolganlarini e’tiborsiz qoldiradi. Shu bilan birga, inson miyasi bu informatsiyalarning hammasidan ham foydalanaver-maydi. Miyada qayta ishlangan har bir informatsiya doimo hissiy yoki fikriy obrazlarda ifodalanadi.
Hozirgi zamon sharoitida informatsiyalarni ishlab chiqish va sistemalashtirishni kibernetik mashinalar orqali amalga oshirish tobora rivojlanib bormoqda. Shu munosabat bilan inson bilan mashina, mashina bilan mashina o‘rtasida informatsiyalar almashuvining universal yo‘llarini ishlab chiqish vazifasi ko‘ndalang qo‘yilmoqda. Bu esa ong va informatsiya masalasini yanada konkretlashtirishda juda katta nazariy ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Informatsiya nazariyasi hozirgi kunda in’ikos nazariyasi bilan chambarchas bog‘liq holda rivojlanib bormoqda. Informatsiya in’ikos bilan bog‘liq, lekin ular bir-biridan farq ham qiladi. Bu farq quyidagilar bilan xarakterlanadi:
1. In’ikos butun borliqda xos xususiyat bo‘lsa, informatsiya faqat boshqarish sistemalariga xosdir.
2. In’ikosning hamma shakllari ham informatsiya asosida hosil bo‘lavermaydi, lekin informatsiya esa faqat in’ikos asosida hosil bo‘ladi.
3. In’ikos jarayonida aks etiluvchi bilan aks ettiruvchi o‘rtasida o‘zaro moslik va kelishishning bo‘lishi shart emas. Ular o‘rtasida o‘zaro ta’sir va bog‘lanishning bo‘lishi yetarli. Informatsiya jarayonida esa, aksincha, informatsiyani uzatuvchi tizim bilan uni qabul qilib oluvchi tizim o‘rtasida o‘zaro moslik va kelishuv bo‘lishi zarur. Busiz uzatilgan signal nimani ifodalashi noma’lum bo‘lib qoladi.
4. In’ikos jarayoni hamma noorganik va organik tabiat ko‘rinishlaridan iborat bo‘lgan predmet va hodisalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlar bilan taqozo qilinadi. Informatsiya esa ana shu predmet va hodisalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir turlaridan faqat biridir.
5. In’ikos obraz va belgilarsiz ham bo‘lishi, yuz berishi mumkin. Informatsiya esa obraz va belgilarsiz bo‘lishi mumkin emas. Obraz, belgi va simvollar informatsiyani ifodalovchi, uzatuvchi vositalardir, ularsiz hyech qanday informatsiyani ishlab chiqish ham, uzatish, qabul qilish va saqlash ham mumkin emas.
Informatsiya nazariyasining rivojlanishi obrazlar va belgilar to‘g‘risidagi yangi soha – semiotikaning paydo bo‘lishiga olib keldi.
Obraz – bu obyektiv reallikning kishi miyasidagi hissiy yoki fikriy subyektiv in’ikosidir. Obraz xilma-xil bo‘lishi mumkin. Masalan: gnoseologik obraz, badiiy obraz va shu kabilar. Bu obrazlar bir-biri bilan teng emas. Ular bir-biridan tubdan farq qiladilar. Lekin barcha obrazlarning manbai ob’ektiv reallikdagi turli-tuman aks etiluvchi obyektlar hisoblanadi. Obrazlar aks etiluvchi obyektlarga nisbatan ikkilamchidir. Chunki avval aks etiluvchi predmet va hodisalar obyektiv ravishda mavjud bo‘lib, ular aks ettiruvchi obyektlarda obrazlar tarzida hosil bo‘ladi. Bu obrazlar aks etiluvchiga mos bo‘lishi kerak, aks holda ular to‘g‘ri bo‘lmaydi. Obrazlar o‘z mazmuni, manbai jihatidan obyektiv bo‘lsa ham, lekin o‘z mavjudlik shakllari jihatdan subyektivdir.
Har qanday obraz belgi yoki simvollar orqali ifodalanadi. Belgi va simvollar predmet va hodisalarning obrazlarini ifodalovchi, ularni ko‘rsatuvchi moddiy yoki ma’naviy vositalar bo‘lib, ular informatsiyalarni uzatish, qabul qilish va saqlash uchun xizmat qiladi.
Belgilar obyektiv olam va uning qonunlari haqidagi kishilarning hosil qilgan bilimlarini sistemalashtirishda juda katta rol o‘ynaydi. Ayniqsa, belgilar predmet va hodisalarning xususiyatlarini o‘rganishda, ulardagi qonuniyatlarni ochishda va ifodalashda muhim ahamiyatga ega. Keyingi vaqtda «belgi» tushunchasi muhim falsafiy, kibernetik va til kategoriyalari sifatida insonning obyektiv reallikni bilishida juda katta rol o‘ynamoqda.
Inson tomonidan fikr almashuv, informatsiya almashuv uchun foydalanadigan barcha belgilar - belgilar tizimini tashkil etadi.
Shu ma’noda til ham muhim informatsiya - (aloqa) vositasi sifatida alohida belgilar tizimidan iboratdir. Ammo u boshqa belgilar tizimiga nisbatan juda murakkabdir. Har qanday belgi muayyan ma’noga ega. Ma’nosiz belgi va belgisiz ma’no yo‘qdir. Lekin har qanday belgining ikki xil ma’nosi mavjuddir:
1) belgining predmetlik ma’nosi;
2)belgining fikriy ma’nosi.
Odam hayvonot dunyosidan ajralib chiqib, uning ongi paydo bo‘lishidagi yana bir muhim omil - bu o‘zini-o‘zini, o‘z faoliyatini anglashidir. O’z-o‘zini anglash inson ongi faoliyatining muhim tomonini tashkil qiladi. Chunki, ijtimoiy hayot insondan faqat obyektiv borliqni, ya’ni tabiat va jamiyatni bilishnigina emas, balki o‘z-o‘zini anglashini ham talab qiladi. Binobarin, inson borliqni o‘z ongi orqali aks ettirar ekan, u faqat obyektiv reallikning subyektiv in’ikosini hosil qilibgina qolmay, balki o‘z-o‘zini ham, o‘zining maqsad va manfaatlarini, ideallarini ham, xullas, o‘z ma’naviy qiyofasini ham anglaydi. Bunda u, ma’lum darajada, o‘z tevarak atrofidagi narsalardan o‘zini ajratib, o‘zining borliqqa munosabatini, nimani in’ikos ettirayotga-nini, qanday manfaat yoki maqsad asosida aks ettirayotgani, nima qilayotgani haqida o‘ziga hisob beradi. Insonning insonligi, uning hayvondan tub farqi ayni shu o‘z-o‘zini anglashidan, o‘zining kimligi yoki nimaligi, nimalarga va qanday ishlarga qodirligini bila olishidan boshlanadi. Bu esa o‘zining ehtiyojlari, maqsad va manfaatlarini, faoliyatining yo‘nalishini, jamiyatda qanday o‘ringa egaligi va qanday rol o‘ynashini anglay olishidan boshlanadi. Lekin bu o‘z-o‘zini anglash insonda o‘z-o‘zidan, aprior shakllarda yuzaga kelmaydi, balki u ong bilan birga, insonning moddiy va ma’naviy faoliyatlari asosida, uning ijtimoiy turmush tarzi ta’sirida shakllana boradi. Bunda uning o‘z-o‘zini anglashi o‘z faoliyatlarini nazorat qilishda, o‘zining qilayotgan ishlari va faoliyatlari uchun mas’ullikni his qilishda namoyon bo‘ladi. O’z-o‘zini anglash, shu bilan birga, kishilarning o‘zlari qilgan ishlari yuzasidan o‘zlariga hisob berishlarida, o‘z faoliyatlarini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, deb topishida, ularni ma’qullashi, tasdiqlashi yoki qoralashi, rad qilishlarida ham ifodalanadi. O’z-o‘zini anglash natijasida insonda o‘z-o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi, xarakteri shakllanadi.
Inson faolligini belgilovchi narsa ham ayni shu o‘z-o‘zini anglashidir.
O’z-o‘zini anglashni shunday ta’riflash mumkin: inson o‘zini subyekt sifatida ajratib, o‘z bilishini o‘ziga qaratishi, o‘z talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib ish yuritishi, faoliyat va ishlarini nazorat qila olishi hamda boshqarishi, o‘z-o‘ziga o‘z faoliyatining borishi va natijasi haqida hisob berishi, xullas, o‘zi bilishning ham subyekta, ham obyekti bo‘lgan jarayonni falsafada o‘z-o‘zini anglash, deyiladi.
O’z-o‘zini anglash ijtimoiy-tarixiy jarayon bo‘lib, u rivojlanib boruvchi dinamik tuzilma sifatida ongning turli bosqichlarida va turli darajalarda turlicha holatda va ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.
O’z-o‘zini anglashning birinchi dastlabki shakli bu o‘z-o‘zini his qilish bo‘lib, u kishining o‘zini, o‘z jismini qurshab turgan dunyodagi predmetlar, hodisalardan farqini bilishidir.
O’z-o‘zini anglashning navbatdagi shakli odamning jamiyatdagi o‘z o‘rnini, inson ekanligini, ya’ni u yoki bu jamiyatning a’zosi, jamiyatning konkret biror bosqichiga, muayyan madaniyatga, ijtimoiy guruhlarga mansubligini, aniq bir faoliyat egasi ekanligini tushunishi bilan bog‘liqdir.
Nihoyat, o‘z-o‘zini anglashning yuqori shakli - bu kishining jamiyatda fuqaro sifatida faoliyat ko‘rsatadigan, o‘z ishlari va faoliyati uchun mas’ullikni his qiluvchi, faoliyati ustidan o‘z nazoratini o‘rnatuvchi, jamiyatda o‘z o‘rnini to‘g‘ri belgilovchi, o‘z faoliyatlarini o‘zi baholay oladigan, o‘z-o‘ziga hisob bera oluvchi shaxs ekanligini tushunishdir.
O’z-o‘zini anglashning bu shakllari faqat konkret individ bilan bog‘liq bo‘lgan shakllardir.
Umuman, insonning o‘z-o‘zini anglashi, bilishi uchun u turli vositalardan, yo‘l-yo‘riqlardan, narsalardan foydalanadi. Bu kishilarga hodisa-voqyealar unga o‘z-o‘zini aks ettiruvchi oyna rolini bajaradi. Shu asosda insonning o‘z-o‘zini anglashi sodir bo‘ladi. Bu xalqning: «birni ko‘rib shukur qil, birni ko‘rib fikr qil», degan maqolida ham o‘z ifodasini topgan.
Inson o‘z-o‘zini anglashi ko‘pincha uning boshqa kishilarga bo‘lgan munosabatlari orqali vujudga keladi. Bu uning kollektiv (jamoa) orasidagi amaliy-ijtimoiy faoliyati jarayonida, boshqa kishilar bilan bo‘ladigan munosabatlarida tug‘iladi. Chunki kishi nafaqat o‘zini boshqa kishilar bilan, balki boshqa kishilarni o‘zi bilan taqqoslaydi, u o‘zini boshqalar bilan qiyoslab idrok etadi va shu asosda ham o‘z-o‘zini anglaydi.
O’z-o‘zini anglash har bir kishida, har bir jamoada, har bir ijtimoiy guruhda va nihoyat, bir butun jamiyatda o‘ziga xos ko‘rinishlarda kechadi. Ko‘pincha kishi boshqalarni adolat, haqiqat, haqqoniylik, prinsipiallik jihatdan to‘g‘ri tanqid qilib, to‘g‘ri baholasa ham, o‘ziga kelganda, bu talablarni unutib qo‘yadi.
Shuning uchun ham bunday kishilar ba’zan boshqalardan ma’lum prinsiplarga rioya qilishni talab qilishganda, ularga: «sen avval o‘zingni bilib ol, o‘zing kim bo‘lib qolibsan», - deyishadi. Bular o‘z-o‘zini anglashning ba’zi qirralari xolos.
O’z-o‘zini anglashning boshqa qirralari ham bor. O’z-o‘zini anglash faqat konkret kishi, shaxsgagina xos bo‘lib qolmasdan, u ma’lum jamoaga, ma’lum sinfga, biron bir ijtimoiy guruhga, ma’lum xalqqa, millatga ham xos bo‘lishi mumkin. Konkret kishi yoki shaxs o‘z-o‘zini anglashining oliy darajasi - bu shu kishi yoki shu shaxsning ma’lum ijtimoiy guruhga, ma’lum jamiyatga oid oliy insoniy qadriyatlarning tashuvchisi, yaratuvchisi sifatida faoliyat ko‘rsatishidir.
O’z-o‘zini anglashning eng muhim ko‘rinishi bu ma’lum guruh jamoa, millatning o‘z-o‘zini anglashidir. Ma’lum millatning o‘z-o‘zini anglashi - milliy o‘z-o‘zini anglash deyiladi. Milliy o‘z-o‘zini anglashi esa milliy jarayonlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida milliy madaniyat va madaniy meros, milliy qadriyatlar bilan bog‘liq holda o‘ta murakkab va ziddiyatli aloqadorlikda vujudga keladi. Bunda milliy manfaatlar milliy o‘z-o‘zini anglashning asosiy manbaini tashkil qiladi. Milliy madaniy qadriyatlarni o‘zlashtirish va egallash, ularni qayta idrok qilish va yaratish milliy o‘z-o‘zini anglash rivojlanishining asosiy shart sharoitlaridir. Shu bilan birga, milliy o‘z-o‘zini anglash o‘z o‘rnida milliy madaniyat, ma’naviyat va manfaatlar yanada rivojlanishini ta’minlovchi asosiy omildir.
Milliy o‘z-o‘zini anglashni shovinizm va millatchilikdan farq qilish lozim. Shovinizm va millatchilik odatda bir guruh kishilarning hissiy va aqliy kayfiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, o‘z-o‘zini anglashning buzilgan ko‘rinishlari bo‘lib, milliy o‘z-o‘zini anglashni bir tomonlama tushunib, uni oshirib, bo‘rttirib yuborishlarning oqibatidir. Har bir millat madaniyati, ma’naviyati milliy qadriyatlari shu millat o‘z-o‘zini anglashining bevosita ta’sirida bo‘ladi.
Sobiq Ittifoq yemirilib, mustaqil davlatlar tashkil topgan, hozirgi sharoitda milliy o‘z-o‘zini anglash mamlakatimiz ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotining muhim omiliga aylanib bormoqda.
Ongning ijtimoiy-tarixiy mohiyati, deganda nimani tushunamiz? Ongni hosil qiluvchi asosiy omillar nimalardan iborat? Bu savollarga javob berish ongning ijtimoiy mohiyatini ochishga yordam beradi.
Odatda, chaqaloq dunyoga kelgan paytdan boshlab o‘z atrofidagi kishilarni, predmet va hodisalarni sezish, idrok etish, ularni bir-birlaridan farqlash, kishilarning o‘ziga bo‘lgan munosabatlariga qandaydir shaklda javob qaytarish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ijtimoiy muhitsiz, jamiyatdagi kishilar ijtimoiy munosabatlarisiz, jamiyatning ta’li-mi, tarbiyasisiz inson ongi vujudga kelmaydi. Ongning vujudga kelishi uchun, albatta, ijtimoiy muhit, ya’ni ijtimoiy hayot, ijtimoiy omillar bo‘lishi zarur.
Insonning ongi, uning barcha ruhiy va aqliy qobiliyatlari, uning jamiyatdagi hayoti, faoliyati davomida tarkib topadi va ma’lum ijtimoiy shart-sharoitlar bilan taqozo qilinadi. Odam bolasi faqat jamiyatdagina ijtimoiy muhit ta’sirida ijtimoiy ongli zot - insonga aylanadi, shaxs darajasiga ko‘tariladi.
Ijtimoiy taraqqiyot bilan birga rivojlanib borgan ong insonda tafakkur qonunlari, axloq va huquq normalari, diniy, ilmiy, estetik va etik qarashlarning shakllanishiga asos bo‘ladi. Ong o‘zining paydo bo‘lgan paytidan boshlab insonning xatti-harakatini, aql-idrokini, fikrini shakllantiradi, kishini muayyan hayot tarzining, madaniyat va ma’naviyatning egasi (subyekti) qilib yetishtiradi.
Xullas, ong odamni hayvonot dunyosidan ajratgan ijtimoiy-tarixiy hodisadir.
Inson ongining muhim jihatini uning ijodiy faolligi tashkil qiladi.
Inson dunyodagi o‘z o‘rni va faoliyatini, shuningdek, boshqa kishilarning faoliyatlarini anglab olishida ham ongning ijodiy faolligi muhim rol o‘ynaydi. Inson o‘zining ongini o‘z anglash obyektiga aylantirishi bilan ongning tuzilishi, sodir bo‘lish jarayonlari va rivojlanish qonuniyatlari to‘g‘risida ham fikr yuritadi. Bunda u o‘zining individual borlig‘i, shaxsiy ehtiyojlari bilan birga, o‘zi yashayotgan jamiyatning maqsad va vazifalarini ham tushunib boradi. Bu esa unda muayyan g‘oyalarni, maqsad va intilishlarni yuzaga keltiradi; bu g‘oyalar, maqsad va intilishlar uni biron-bir harakatga, muayyan faoliyatga yo‘naltiradi.
Ongning ijodiy faolligi, ayniqsa, kishining biron ishga kirishganida, bu harakat rejasini miyasida oldindan tuzib olishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunda shu ish-harakat rejasi uning tasavvurida ma’lum fikr shaklida yuzaga keladi, so‘ng insonning mehnat jarayonida moddiylashadi.
Ongning ijodiy faolligi to‘g‘risida gapirganda, yana shu narsaga e’tibor berish kerakki, inson tashqi tabiatga ta’sir qilib uni o‘zgartiradi. U o‘z tabiatining mudrab yotgan qobiliyatlarini taraqqiy ettirib, bu kuchlarning faoliyatini o‘z hukmiga bo‘ysundiradi.
Ongning ijodiy faolligi insonning tashqi dunyoga, tabiat va jamiyatga, o‘ziga, boshqa kishilarning ijtimoiy faoliyatiga ma’lum munosbatda bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Buning uchun insonning dunyoga munosabati ma’lum maqsadni ko‘zlab, o‘zgartirishdan ham iboratdir.
Insonning ongli faoliyati biron bir ahamiyatli ishni bajarishdan, biron bir muhim vazifani hal etishdan, muayyan maqsadni o‘z oldiga qo‘yib, uni amalga oshirishdan iborat bo‘ladi. Bunda ham doimo ongning ijodiy faolligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu faollik undagi talab, intilish, qiziqish, niyat, maqsad, ishonch, iroda va shu kabilar orqali ifodalanadi. Bular ichida maqsad yetakchi rol uynaydi. Inson o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshirishida uning ideal modeli bo‘lgan reja muhim ahamiyatga ega. Bu reja uning faoliyatini tartibga solib, to‘g‘ri yo‘nalish berib boradi. Inson doimo o‘z oldiga qo‘ygan maqsadining katta yoki kichikligiga qarab, o‘zining faoliyat doirasini belgilaydi va uni amalga oshirish rejasini tuzadi.
Inson o‘z ongli faoliyati bilan oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshirishga kirishadi. Insonning bu maqsadi esa ma’lum qonun yoki tamoyil sifatida uning faoliyatining usulini va xarakterini belgilab beradi. Uning irodasi bunda ana shu maqsadga bo‘ysungan bo‘ladi.
Kishi o‘z oldiga qo‘yadigan va unga erishishga intiladigan har qanday maqsad - bu yaratilishi lozim bo‘lgan va lekin hali real tarzda mavjud bo‘lmagan, ammo kelajakda bo‘lishi orzu qilingan narsa yoki hodisaning g‘oyaviy shaklidir. Maqsadni ko‘zlash, uni belgilash va amalga oshirishga kirishish har qanday ongli faoliyatning eng muhim shartidir. Chunki har qanday ongli faoliyat o‘z maqsadi bo‘lgani bilan emas, balki amalga oshirilishi bilan qimmatlidir. Agar maqsad amaliy ish bilan, amaliy faoliyat bilan birga qo‘shilmasa, faqat xayol, samarasiz intilish bo‘lib koladi, xolos.
Bu o‘rinda buyuk nemis mutafakkiri Gyotening quyidagi fikri juda xarakterlidir: «Faqat istash kamlik qiladi, harakat qilish kerak, harakat!».
Ongning ijodiy faolligi tufayli inson tobora qudratliroq ishlab chiqarish vositalarini yaratib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish uchun ulardan foydalanishga harakat qila boradi. Inson o‘z ongi faolligi tufayli tabiatning yangi-yangi qonunlarini kashf etib, ularni bilib olish asosida, tabiiy holda mavjud bo‘lmagan yangi-yangi narsa va hodisalarni yaratadi, yangi-yangi ixtiro va kashfiyotlar qiladi. Natijada u o‘zining yaratgan va ixtiro qilgan narsa va hodisalari orqali tabiat kuchlaridan, hodisalaridan o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida foydalanadi. Inson bular bilan ham kanoatlanmaydi. U o‘z ongli faoliyati bilan jamiyatni ham o‘zgartiradi. Bu o‘zgarishlar g‘oyasi dastlab ilg‘or kishilar ongida paydo bo‘lib, jamiyatga bo‘lgan karashlarda yangi o‘zgarishlarga olib keladi.
Tarixdan bizga ma’lumki, jamiyatda yuz bergan har qanday ijtimoiy o‘zgarishlar, avvalambor, ilg‘or kishilar ongida sodir bo‘lib, so‘ng amalga oshirilgan. Bunga XVIII asrdagi Fransiyada sodir bo‘lgan burjua inqilobini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bu inqilob dastlab mutafakkirlar ongida yuz berib, so‘ng u xalq ommasi tomonidan amalga oshirilgan edi. Xullas, shuni aytish kerakki, insonning tabiat va jamiyatni o‘zgartirishga qaratilgan har qanday faoliyatida uning ongli faolligi juda katta rol o‘ynaydi. Inson tabiat va jamiyatni o‘zgartirar ekan, bu jarayonda uning o‘zi ham o‘zgarib boradi. Bu o‘zgarish xam, birinchi navbatda, uning ongidan boshlanadi. Bu shuni ko‘rsatadiki, inson dunyoni anglar ekan, uni shunchaki anglab olish bilan cheklanib, unga passiv moslashib qo‘ya qolmaydi. Hamma bilimlar dunyoni faol o‘zgartirishga kirishgan ko‘pdan-ko‘p avlodlar tomonidan yaratilgan.
Ibtidoiy odamning sodda, unchalik rivojlanmagan qo‘li bilan yaratilgan oddiy tosh pichoq, toshboltadan tortib, hozirgi kundagi osmono‘par binolar, buyuk inshootlar, eng murakkab mexanizmlar va kompyuterlargacha, oddiy havo sharidan tortib, to hozirgi davrdagi kosmik kemalar, sun’iy yo‘ldoshlar va orbital stansiyalargacha va shu kabilarning hammasi inson ongining faolligining natijasidir. Insonning aql-zakovati – tabiatning buyuk ne’matidir. Undan kishilar maqsadga muvofiq foydalanishsa, u qudratli kuchga aylanib, mo‘jizalar yaratishga qodir.
Jamiyatning rivojlanib borishi bilan inson ongining ijodiy faolligi ham yanada ortib boradi. Bu esa insonning tabiat va jamiyatga hamda o‘ziga bo‘lgan ta’sirini yanada kuchaytiradi. Natijada, inson tabiat va jamiyatning yangi-yangi qonunlarini ochib, ularni tobora chuqurroq bilib boradi. Inson tabiat va jamiyat qonunlarini qanchalik ko‘p ochib, bilib borsa, uning aqliy va jismoniy faoliyati shunchalik samaraliroq bo‘lib boradi. Insonning tabiat va jamiyat qonunlarini ochishi, ularni bilish va egallash imkoniyatlari jamiyatning ishlab chiqarish usuli bilan, uning xarakteri va taraqqiyot darajasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Bu shuni ko‘rsatadiki, inson ongining ijodiy faolligi jamiyat taraqqiyoti imkoniyatlari bilan bog‘liqdir. Shunga ko‘ra jamiyatdagi kishilarning ijtimoiy ongi bir butun ijtimoiy borliqni, avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni aks ettirib, jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotiga faol ta’sir qiladi. Ro‘y bergan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarda esa yetilgan ehtiyojlarni ifodalovchi ilg‘or g‘oyalar katta rol o‘ynaydi. Ular kishilar ongiga singishi bilanoq moddiy kuchga aylanib, ijtimoiy taraqqiyotga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Inson ongining faolligi, ayniqsa, uning ijodiy faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson ijodiy faoliyatini esa ong, ongosti va ongsizlik jarayonlari tashkil qiladi. Lekin ong insonning ijod jarayonida asosiy o‘rin tutadi.
Ijod — bu insonning sifat jihatdan yangi moddiy va ma’naviy qadriyatlarni yaratishga qaratilgan ruhiy va amaliy faoliyati. Inson o‘z ijodi bilan tabiatdan farq qiluvchi «ikkinchi tabiat»ni yaratadi, u tabiiy muhit ichida «sun’iy muhitni» vujudga keltiradi. Keng ma’noda jamiyat ham insonnig ijodiy mahsulidir. Inson o‘z hayoti faoliyatida foydalanadigan hamma narsalar: buyumlar, kiyimlar, turar-joylar, oziq-ovqatlar – hamma-hammasi uning aqliy ijodining maqsulidir. Bulardan tashqari, inson o‘z ongli ijodi bilan dinni va fanni ham yaratgan.
Inson yaratuvchilik faoliyatining xarakteriga ko‘ra ijodning ixtirochilik, tashkilotchilik, ilmiy, badiiy va texnik turlari farq qilinadi.
Ixtirochilik ijod – bu insonning tabiat va jamiyat qonunlarini ochish, bilish va o‘rganish asosida yangi mashina va mexanizmlar yaratishidir.
Tashkilotchilik ijod esa insonning jamiyatda kishilarni boshqarish, ularni uyushtirish, birlashtirish ulug‘ ishlarga boshlash va boshchilik qilish, xullas, bir butun jamiyat ishlarini tashkil qilish qobiliyatidir.
Ilmiy ijod bo‘lsa insonning tabiat, jamiyat va o‘z tafakkurida amal qiladigan qonun va qonuniyatlarni kashf qilish, bilib olish bilan bog‘liq bo‘lgan yaratuvchilik faoliyatidir.
Badiiy ijod esa, ilmiy ijoddan farqli ravishda, insonning san’at va madaniyat sohalarida tabiat va jamiyat hodisalarini, insonning o‘zini nafosat qonunlari va prinsiplari asosida badiiy ifodalash faoliyatidir.
Texnik ijod ham ilmiy va badiiy ijodlarning ma’lum sintezidan iborat bo‘lib, insonning yangi texnika, texnologiya, mexanizmlar yaratish sohasidagi faoliyatlarini o‘z ichiga oladi. Inson ijodiy faoliyatini bunday tur-larga ajratish shartlidir. Aslida, inson ijodi o‘z mohiyati jihatdan bir butun faoliyatdir. Insonning ijodi, yaratuvchilik, ijodkorlik qobiliyati uni hayvonot olamidan ajratgan muhim ijtimoiy omil hisoblanadi. Hayvon ijod qilish qobiliyatiga ega emas. Inson esa ongi tufayli ijod qiladi va yaratadi.
Har qanday sog‘olom kishi u yoki bu darajada tabiatan ijodiy qobiliyatga ega bo‘ladi. Bu ijodiy qobiliyatning dastlabki asosi - kishida yuzaga keladigan ko‘ra bilishdir. Ijodiy qobiliyatning yetakchi xususiyati esa ijodiy tasavvur qilishdir. Bu xususiyat rassomga ham, matematik olimga ham, har qanday omilkor kishiga ham xos xususiyatdir. Ruhshunoslar qobiliyatning ikki darajasini farqlaydilar: uning birinchi darajasi reproduktiv aks ettirish bo‘lib, ikkinchisi - ijodiy aks ettirishdir.
Qobiliyatning ana shu ikkinchi darajasi, odatda, ijodiy qobiliyat deyiladi. Faqat ana shu ijodiy qobiliyatgina ijodiy jarayonni tug‘diradi. Ijodiy qobiliyatning dastlabki ko‘rinishi zehn qilishdir. Zehn kishining tashqi ta’sirlarga nisbatan tanlab ta’sirlanish xususiyatini, uning ishchanligidan ifodalanadigan kuchni xarakterlab, muayyan bir faoliyatga nisbatan qiziquvchanlikda, unga nisbatan moyillik va intilishlarda namoyon bo‘ladi. Biron bir faoliyatga nisbatan paydo bo‘lgan qiziquvchanlik yoki mayl esa ijodiy qobiliyatning rivojlanish stimulidir, chunki ular kishini ma’lum faoliyatga undaydi. Bu faoliyat jarayonida mavjud mayl va qiziquvchanlik muayyan his tuyg‘ular va kechinmalar ijodning «energetik resurslarini» tashkil qiladi. Umuman, ijodiy qobiliyat ijodkor shaxsining shakllanishi va rivojlanishida muhim rol uynaydi, u ijodkorning ma’naviy qiyofasini belgilaydi.
Kishidagi ijodiy qobiliyatning ro‘yobga chiqishida va rivojlanishida uning o‘z iste’dodiga mos faoliyatra va o‘z burchiga munosabati hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu munosabatlar uning e’tiqodi, ijtimoiy yo‘nalishi hamda ideallarini belgilaydi.
Kishidagi buyuk maqsadning, uning g‘oyaviy yo‘nalishining, ijodiy qobiliyatining kuchi va barqarorligi asosida uning hayotga munosabati va o‘ziga nisbatan talabchanligi yotadi. Hayotda buyuk maqsadlar kishilarda buyuk g‘ayrat-shijoatni tug‘diradi. Kishilar ijodiy qobiliyatining kuchi ularning ongi, tafakkuri, aqli va e’tiqodlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Biron ishga muhabbat va ehtiros bilan berilishi kishi ijodiy qobiliyati va talantining ro‘yobga chiqishining muqarrar shart-sharoitini tashkil qiladi. Bu narsa tan-langan faoliyatning ijtimoiy mohiyatini to‘g‘ri tushunish, uning natijalari-ni to‘g‘ri anglash bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu bilan birga, tabiat va jamiyat hodi-salarining ijodkorga qanchalik kuchli ta’sir qilishi bilan ham bog‘liqdir.
Turli xil ta’sir tufayli ijodkorda vujudga keladigan his-tuyg‘ular, ijodiy kayfiyatlar ijodiy qobiliyatning faolligini oshiruvchi omillar sifatida ijodning “energiya manbai”ni tashkil qiladi.
Ijodiy qobiliyatni faollashtiruvchi, uning ro‘yobga chiqishi uchun eng qulay sharoit yaratuvchi ijobiy emosional holat - bu ilhomdir.
Ilhom (ilhomlanish) - insonning aqliy-ijodiy faoliyatida yuz beradi-gan emosional ruhiy holatdir. Ijodiy jarayonda ilhomlanishdan iborat bo‘lgan emosional ruhiy holat hamma vaqt ijodkor qobiliyati salohiyatini faol yaratuvchi kuchlarga aylanishiga yordam beradi. Ilhom kelganda, ijodkor favqulodda katta ijodiy yaratuvchilik faoliyatini ro‘yobga chiqarishi mumkin.
Ilhom, aslida, ijodkorning barcha ma’naviy kuchlari va qobiliyatlari ma’lum ijod obyektida batamom to‘planganligini, kishining hissiy va ruhiy ko‘tarinkiligini (ijod quvonchini, ijodiy tug‘yonni, ijodiy ehtirosni) bildiradi. Ilhom har qanday ijtimoiy jarayondagi zaruriy ruhiy holatdir. Buning uchun ilhom poeziyada qanchalik kerak bo‘lgani singari, geometriyada ham kerakdir.
Ijod kishidagi barcha ruhiy kuchlarning zo‘r berishini talab qiladi. Ijod bilan shug‘ullanish, ijodiy ish bir lahzali ish emas. Ijod bilan shug‘ullanishni, biron yangilik yaratishni, odatda xalq igna bilan quduq qazishga qiyoslaydi. Ijod bilan shug‘ullanishning o‘ziga xos quvonchlari, tashvishlari, qiyinchiliklari va mashaqqatlari bo‘ladi. Ijod ijodkordan uzoq davr ma’lum tartibda biron soha yuzasidan zo‘r berib mehnat qilishni, qunt bilan o‘qib-o‘rganib borishni, katta diqqat-e’tiborni, ulug‘ jasorat va fidoiylikni, o‘z ustida tinmay ishlashni, izlanishni talab qiladi. Bunda ijodkorga ijodiy faoliyatni nihoyasiga yetkazishda duch keladigan qiyinchiliklarni yenga oladigan kuchli iroda, sabr-bardosh ham kerak bo‘ladi.
Har qanday sohadagi ijodiy faoliyat oldin juda ko‘p xomaki ishlarni bajarishni talab qiladi. Bunda ma’lum yo‘nalishda qunt bilan shug‘ullanish, material to‘plash, ularni umumlashtirish, turlarga ajratish, nihoyat, ularni fikrga ko‘chirib, fikriy prizmadan o‘tkazib, qayta ishlab chiqish (yozuvchi); yoki o‘nlab, yuzlab, minglab tajribalar qilish, kuzatish va eksperimentlar o‘tkazish (tadqiqotchi); olingan va to‘plangan ma’lumotlarni fikr laboratoriyasida qayta ishlab chiqish (olim) va shular kabilar talab qilinadi. Bular bir lahzalik, faqat ilhom kelgan qisqa vaqt ichida bajariladigan ishlar emas, aksincha, ular ijodkordan katta jasorat va zo‘r iroda talab qiladi. Ba’zan yirik kashfiyotlar nisbatan qisqa muddatda qilinishi mumkin. Lekin, ular ijodkor miyasida uzoq vaqt davomida yetilib, «pishib» boradi.
Ijod bilan shug‘ullangan ko‘pchilik ijodkor kishilar o‘z ijodiy muvaffaqiyatlarini baholashganda, o‘zlarining mehnatsevarligi va ishchanliklarini birinchi o‘ringa qo‘yganlar. Masalan, bir qancha kashfiyot va ixtirolar muallifi Tomas Alva Edison o‘z ijodiy muvaffaqiyatlarini baholar ekan, ijodning 1% i geniallik bo‘lsa, 99% i mehnat - qattiq, ter to‘kib ishlashdir, degan edi.
Mehnatsevarlik va ishchanlik hamma buyuk ijodkorlarga xos axloqiy sifatlar bo‘lib, ular bu kishilar ijodiy qobiliyatini taraqqiy ettirish uchun o‘ziga nisbatan yuqori darajada talabchan bo‘lishi va o‘z faoliyatini doimo tanqidiy baholab borishi muhim fazilat hisoblanadi. Tom ma’nodagi buyuk ijodkorlar o‘z iste’dodining ko‘p qirraliligi bilan ajralib turadilar.
Talant va geniallik ijodning muhim tomonlarini tashkil qiladi.
Talant - bu kishining biror soha buyicha, masalan, musiqaga, matematikaga, rasm chizishga yoki she’r yozishga, tillarni bilish va shu kabilarga nisbatan bo‘lgan tabiiy iste’dodi, yuksak ijodiy qobiliyatidir.
Talantni ham ijodiy faoliyatdan kelib chiqib, ilmiy, badiiy, siyosiy kabi turlarga ajratish mumkin. Masalan, badiiy talant - bu kishidagi san’atning biron sohasiga nisbatan bo‘lgan kuchli iste’dodi bo‘lib, u ma’lum tabiiy jihatlar: musiqa ohanglariga bo‘lgan kuchli sezgirlik, o‘yinchi tanasining maxsus plastik (egiluvchan)ligi, rassom (musavvir)lik uchun ranglarni ajrata oluvchi kuchli his qilish qobiliyati kabilardan iboratdir. Badiiy talant, odatda, sermahsul estetik intuisiya, badiiy tafakkur kuchi, faol ijodiy xayol, shaxsiy kechinma, boy his-hayajonlarda ifodalanadi. Hozirgi davr sotsiologik tadqiqotlarning ma’lumotlariga ko‘ra, barcha kishilarning, taxminan l5% ini talantli kishilar tashkil qilar ekan. Lekin ularning qanchasi o‘z ijodiy qobiliyatlarini yuksak darajada rivojlantirish imkoniyatiga ega ekanligi noma’lumdir. Ulardan, taxminan, 20% atrofidagilar kuchli iste’dodli kishilar bo‘lib, ular yaxshi bilim olib va yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lsalar, o‘z talantlarini turli sohalarda yuksak darajada namoyon qila olishi mumkin. Eng yuksak iste’dodga ega bo‘lgan talantli kishilar esa genial kishilar hisoblanadi.
Geniallik yoki geniy - bu eng yuksak talant va aqlga ega, eng yuksak iste’dod sohibiga xos bo‘lgan buyuk ijodiy qobiliyatdir.
Sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra, jamiyatdagi hamma kishilarning taxminan, 2% bir necha sohada birdaniga eng yuksak iste’dodli genial kishilar bo‘lishar ekan.
Hozirgi zamon fanlarining guvohlik berishicha, talant va geniallikning ma’lum jihatlari irsiy bo‘lib, avloddan avlodga berilishi mumkin. Lekin ularning yuzaga chiqishi ham ijtimoiy taqozolangan bo‘lib, buning uchun qunt bilan o‘z ustida muntazam shug‘ullanishi, o‘qib, o‘rganishi, tinmay ishlab borishi lozim bo‘ladi. Talant va geniallikning elementi bo‘lgan iste’dodning ilk kurtaklari ma’lum shart-sharoit mavjud bo‘lganda, kishining yoshligidayok, ko‘rina boshlaydi. Bu narsa bolaning u yoki bu o‘yinga, ishga qattiq qiziqishi, u yoki bu ishni bajarishga ma’lum uquv va qobiliyatining borligi, har xil ishlarni bajarishga mustaqil yondashishi kabilarda namoyon bo‘ladi. Bu, ayniqsa, uning aqliy rivojlanishida, u yoki bu ishni, topshiriqni, vazifani o‘zicha mustaqil, o‘zi xohlaganday tarzda qilishda, bunda uning odatdagidan boshqacha yo‘l tutishida ko‘zga tashlanadi. Lekin talant va geniallik bilan bog‘liq bo‘lgan iste’dod, baribir, doimo kishining biron bir tor sohaning o‘zini chuqur egallashi, bilishi bilangina emas, balki ko‘pchilik sohalar yuzasidan keng bilimga ega bo‘lishga, tasavvuri chuqur, original fikr yurita olishga bog‘liq bo‘ladi.
Umuman, inson ijodining imkoniyatlari doimo jamiyat talab va ehtiyojlari bilan bog‘liqdir. Ijodkorning ijodiy niyati ana shu talab va ehtiyojlar ta’sirida tug‘iladi. Bundan shu xulosa kelib chiqadiki, ijod ong bilan bog‘liq ravishda ijtimoiy shartlangan bo‘ladi.


Foydalanilgan adabiyotlar



  1. Yusupov E. Falsafa.– T.: 1999.

  2. Falsafa: Ma’ruza matnlari. – T.: 2000.

  3. Falsafa asoslari. Q.Nazarov tahriri ostida. –T.: 2005.

  4. Falsafa asoslari: Darslik. – T.: 2005.

  5. Falsafa. S. Mamashokirov tahriri ostida. - T.: 2005

Yüklə 36,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin