Nerv tizimining funksional birligini neyronlar (nerv hujayralari) tashkil etadi. Ko’pgina neyronlarda uchta qism farqlanadi: neyron tanasi, dendrit va akson. Odamning bosh miyasida 90-95 mlrd atrofida neyron uchrashi aniqlangan. Bir yil davomida bosh miyadagi 4 mlrd neyronlar qayta tiklanadi. Neyronlar o’zaro birlashib “neyronlar tizimi”ni hosil qiladi. “Neyron” atamasini ilk marotaba 1891-yilda G.V.Valdeyer fanga kiritgan.
Nerv tanasi Neyron tanasi diametri 3-130 mkm bo’lib, u membrana, yadro va sitoplazmadan tashkil topgan. U perikarion deb ataladi. Neyron tanasi trofik markazgina bo’lib qolmay, nerv impulsini qabul qiluvchi qism ham hisoblanadi. Bu yerda hujayra hayoti uchun zarur bo’lgan oqsillar, mediatorlar sintezlanib, sitoplazma oqimi orqali o’simtalarga yetkaziladi. Organoidlardan Golji apparati faqat hujayra tanasida uchraydi. Mitoxondriyalar esa hujayra tanasidan tashqari aksonlarda ham juda ko’p bo’ladi. Shuningdek, faqat nerv hujayralariga xos bo’lgan maxsus tuzilmalar – tigroid modda (Nissl tanachalari) va neyrofibrillalarning borligini ko’rish mumkin.
Dentritlar Ta’sirotlarni qabul qiluvchi va nerv impulsini hujayra tanasiga o’tkazuvchi o’simtalar dendritlar deb nomlanadi. Dentrit atamasini ilk marotaba fanga 1889-yilda shveysariyalik gistolog Vilgelm Gis tomonidan kiritilgan. Dendrit bo’yicha impuls neyron tanasi tomon intiladi. Ular unchalik uzun emas va neyron tanasi yaqinida daraxtga o’xshab shoxlanib tugallanadi. Dentritlar aksonlardan farqli ravishda o’zida juda ko’p ribosomalarni tutadi. Dendritlar miqdori turli neyronlarda turlichadir. Ko’pchilik dendritlar maxsus tuzilishga ega bo’lgan sezuvchi nerv oxirlari (retseptorlar) bilan tugaydi. Boshqa dendritlar esa qo’shni neyronlarning aksonlari bilan sinaps hosil qiladi. Masalan, miyachaning po’stloq qismidagi Purkine hujayralari dendritlarida 200000 ga yaqin akson terminallari aniqlangan. Dendritlar butun bo’yi bo’yicha bir xil uzunlikka ega bo’lmay, ba’zi joylarda bo’rtib chiqqan do’mboqchalar hosil qiladi.
Purkine hujayrasidagi dentritlarning shoxlanishi
Akson Bitta neyronda asosan, bitta akson bo’ladi. Odatda, akson juda uzun bo’ladi. Aksonlar dendritlardan farq qilib, doimiy diametrga ega bo’ladi. Shuningdek, aksonlar bor bo’yiga do’mboqchalar hosil qilmaydi. Aksonlarning protoplazmasi aksoplazma deb atalib, ular neyrofibrillalar, mikronaychalar, ko’p sonli mitoxondriyalar va silliq endoplazmatik to’rdan tashkil topgan. Akson tashqi tomondan miyelin pardasi bilan qoplangan bo’ladi. Miyelin pardasi umurtqali hayvonlarning aksonlarga xos. Uzun akson tanasida bir nechta Shvann hujayralari bo’lib, ularning oralig’ida Ranve bog’lamlari bo’ladi. Yo’ldoshli sutemizuvchilar bosh miyasidagi eng katta oq modda – qadoqsimon tana 20 mln atrofidagi aksonlarning jamlanmasidan hosil bo’lgan.
Dendritlar (yunoncha “dendron” – daraxt) ko’p sonli bo’lib, bir hujayradagi nerv impulsini boshqasiga sinapslar orqali yetkazish vazifasini bajaradi. Akson (yunoncha “axon”- o’q) uzun bo’lib, ularning soni asosan bitta bo’ladi. Akson nerv impulslarini neyrondan boshqa to’qima hujayralariga (muskul yoki bez hujayralariga) yetkazish vazifasini bajaradi.
Neyron tanasida hujayra yadrosi va boshqa organoidlar joylashadi.Neyronlarda tanasi bo’ylab joylashgan va dendritlarda ham bir oz uchraydigan tanachalar bo’lib ularni nissl tanachalari deyiladi.Neyronda bir qancha pigmentlar uchraydi.Masalan neyromelanin(o’rta miyadagi qora tanacha substansia negra,bu pigmentning yo’qolishi parkinson kasalligiga olib keladi), lipofutsin pigmenti(jigarrang tusli pigment) neyronlar vizikulalarida yosh o’tgan sari yig’ilib boradi.Neyronlarda sitoskelet elementlari oraliq filamentlar(neyrofilamentlar),ingichka filamentlar,mikronaychalar mavjud.
Neyron va uning o’simtalari shakli va uzunligi bo’yicha turli xil bo’ladi.Multipolyar neyronlar – bu neyronlar bitta akson hamda 2 va undan ortiq dendritdan tashkil topgan. Bipolyar neyronlar – bitta akson va bitta dendrit tutgan neyronlar. Unipolyar yoki pseudounipolyar neyronlar – ularning neyronidan 1 ta o’simta chiqib darhol ikkiga ajraladi. Ularning bittasi uzunroq bo’lib, tananing periferik qismlarida retseptor nerv oxiri hosil qilsa, ikkinchisi markaziy neyrv sistemasidagi (MNS) neyronlarga impulsni yetkazadi. Anakson neyronlar – ko’pgina dendritlar tutsa-da, aksoni bo’lmaydi. Ular neyronlardagi ion muvozanatini boshqarishda ishtirok etadi. Nerv sistemasidagi neyronlarning asosiy qismini multipolyar neyronlar tashkil etadi. Bipolyar neyronlar ko’zning to’r pardasida, hid bilish a’zosida, hamda ichki quloqning chig’anoq va vestibulyar tugunlarda uchrab, mos ravishda ko’rish, hid bilish, eshitish va muvozanat saqlash kabi jarayonlarda ishtirok etadi. Pseudounipolyar neyronlar umurtqalararo nerv tugunlarida (spinal nervlarning sezuvchi tugunlarida) hamda ko’pgina kalla nerv tugunlarida joylashgan.