Qayta ish mavzu: Kashandalik — kushandalik Bajardi: Qabul qildi: Kashandalik — kushandalik



Yüklə 17,85 Kb.
səhifə1/2
tarix19.04.2023
ölçüsü17,85 Kb.
#100719
  1   2
Kashandalik — kushandalik




QAYTA ISH


Mavzu: Kashandalik — kushandalik


Bajardi: _________________________


Qabul qildi: _____________________
Kashandalik — kushandalik
Inson salomatligi uchun o‘ta xavfli ekanligi allaqachon isbotlanganiga qaramasdan, bashariyat hamon voz kecholmayotgan illat — sigaret chekish, boshqacha aytganda, kashandalikdir. U, afsuski, musaffo osmonni zaharli tutunga to‘ldirib, odamzodning uzoq umr ko‘rishdek azaliy orzusiga ham to‘siq bo‘lib kelayapti. Binobarin, buyuk hakim Abu Ali ibn Sino yozganidek, «Agar chang va g‘ubor bo‘lmaganida edi, inson ming yil yashardi...». Tamaki tutuni tarkibida esa nafaqat chang va g‘ubor, balki sizu biz tasavvur ham qilolmaydigan 4000 dan ortiq zaharli moddalar bor.

Umr zavoli


Kashandalik kundalik hayotning shu qadar ajralmas qismiga aylanganidan, mana, necha yillardirki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlar boshchiligida unga qarshi kurash olib borilsa-da, bu illatni batamom bartaraf etishning imkoni bo‘lmayapti. Misol uchun, sayyoramizning ekologik sofligini ta’minlash, chekish bilan bog‘liq xastaliklar va o‘limni kamaytirish, kelgusi avlodni har tomonlama sog‘lom hamda barkamol etib voyaga yetkazish maqsadida 1988 yildan e’tiboran har yili 31 may Jahon chekishga qarshi kurash kuni (ayrim davlatlarda Jahon tamakisiz kuni deb ham ataladi) sifatida nishonlab kelinadi. Shu kuni butun dunyoda chekishning salbiy oqibatlarini ko‘rsatish, bashariyatni bu illatdan voz kechishga chaqirish, kashandalik bilan bog‘liq xastaliklarni kamaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi. Yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar yana bir karra ogohlikka chorlanadi. 1977-yildan beri esa noyabr oyining uchinchi payshanbasi Xalqaro chekishni tashlash kuni sifatida belgilanib, barcha shu kuni chekishni tashlashga chaqiriladi. Qolaversa, 2005-yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan BMTning Tamakiga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi qabul qilingan bo‘lib, ayni paytga qadar u sayyoramiz aholisining qariyb 87 foizi istiqomat qiluvchi 170 dan ziyod mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Taassufki, jahon hamjamiyatining bu kabi global sa’y-harakatlariga qaramasdan, tamaki yetishtirish va iste’mol qilish ko‘rsatkichi baribir pasaymayapti.

Qaysar raqamlar nima deydi?


Keling, shu o‘rinda ayrim faktlarga nazar tashlasak.
Xalqaro tamaki yetishtiruvchilar uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyoning 125 davlatida 4 million gektar yerga tamaki ekiladi*. Bu sayyoramizdagi ekin maydonlarining bir foizi tamaki yetishtirishga ajratilganini bildiradi. Uning uchdan bir qismi esa Xitoyga tegishlidir. O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab tamaki yetishtirish AQSh, Kanada va Meksikada ancha kamaygan, biroq Osiyo va Afrika qit’alarida sezilarli darajada oshgan. So‘nggi ellik yil mobaynida tamaki yetishtirish ikki barobar ko‘paygan. Statistikaga ko‘ra, jahonda ishlab chiqarilayotgan barcha tamaki mahsulotlarining uchdan ikki qismi beshta mamlakat — Braziliya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, Zimbabve, Indoneziya, Italiya, Gretsiya, Malavi, Pokiston hamda Argentina ham eng yirik ishlab chiqaruvchilar sirasiga kiradi. Yetishtirilgan tamakining 80 foizi sigaret tayyorlashga, qolgan qismi esa chaynaluvchi va trubkaga solib chekiluvchi hamda boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Tashvishlanarlisi esa rivojlanishdan ortda qolgan va rivojlanayotgan davlatlarda tamaki iste’moli kun sayin ortib bormoqda.
Tamaki nafaqat chekish vaqtidagi zaharli isi, balki uni yetishtirish tufayli yuzaga keladigan zarari bilan ham sayyoramizga katta ko‘lamda xatar tug‘dirayotgani bor gap. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, tamaki ekilgan maydonda yerning quvvati shu qadar pasayib ketadiki, madaniylashtirilgan boshqa hech bir o‘simlik ona zaminga bu qadar ulkan ziyon yetkazmaydi.

Bir kunda 1,3 milliard dollarlik tutun


Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qayd etishicha, bir yil mobaynida dunyo bo‘yicha 5,5 trillion dona sigaret ishlab chiqariladi va bu tamaki mahsulotlari umumiy hajmining 96 foizini tashkil qiladi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bir kecha-kunduzda sayyoramiz bo‘ylab 15 milliard dona sigaret sotib olinadi. Buning uchun kuniga o‘rtacha 1,3 milliard AQSh dollari sarflanadi.
Xitoy dunyoda eng ko‘p sigaret ishlab chiqariladigan mamlakatdir. Bu yerda bir yilda qariyb 1,8 trillion dona sigaret tayyorlanadi. Keyingi o‘rinlarda AQSh (490 milliard dona), Rossiya (380 milliard dona) va Yaponiya (216 milliard dona) turadi. Jahon miqyosida sigaret ishlab chiqarish sohasida 2 millionga yaqin kishi mehnat qiladi.

Kimga foyda-yu, kimga ziyon?


Yaqinda AQSh federal savdo komissiyasi har bir kashandaning sigaret uchun sarflaydigan bir dollari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar o‘rtasida qanday taqsimlanishini o‘rganib chiqdi. Bunda dunyo mamlakatlaridagi qonunchilik va soliq solishning o‘ziga xos tendensiyalari ham inobatga olindi. Tadqiqotda aniqlanishicha, chekuvchi inson sarflaydigan bir dollar mablag‘ning o‘rtacha 3 senti tamaki yetishtiruvchiga, 7 senti qog‘oz, filtr va boshqa komponentlarni tayyorlovchilarga, 43 senti sigaret ishlab chiqaruvchilarga, 21 senti transport va savdo kompaniyalariga, 26 senti esa soliq idoralariga tegar ekan.

SOS: kashandalik «yosharmoqda»


Afsuski, bugun dunyoda chekuvchilarning tobora «yosharib» borayotgani kuzatilmoqda. Masalan, rivojlangan davlatlarda odamlar 18 yoshdan, rivojlanayotgan mamlakatlarda 15, qoloq davlatlarda esa hatto 13 yoshdan boshlab chekishga ruju qo‘yishayapti. Kashandalar safiga har yili 80-100 ming nafar voyaga yetmaganlar kirib kelayotir. Ularning har 10 tadan 8 tasi kelgusida bu illatdan qutulolmayotgani e’tiborga olinsa, mazkur xavfning tobora global ahamiyat kasb etayotgani oydinlashadi.
Ayni paytda dunyoda 1,5 milliard nafar kashanda bor. Aholi soniga nisbatan olsak, Nauru, Gvineya, Namibiya, Keniya, Bosniya va Gersegovina, Mo‘g‘uliston, Yaman, San-Tome va Prinsipi, Turkiya, Ruminiya eng kashanda davlatlar sirasiga kiradi. Ular aholisining qariyb 50 foizi sigaret chekar ekan. Jon boshiga hisoblasak, bu borada Gretsiya yetakchi: bu davlatda bir kunda jon boshiga o‘rtacha 12 ta sigaret chekiladi.

O‘limga eltuvchi «lazzat»


Sigaretning tabiiy muhitga zarari, salomatlikka ziyoni haqida qancha ko‘p gapirilmasin, undan voz kechuvchilardan ko‘ra kashandalikka ruju qo‘yayotganlar soni ortib borishi sigaret tufayli paydo bo‘ladigan xastaliklarga chalinayotgan va, hattoki, uning qurboniga aylanayotganlar soni proporsional ravishda o‘sishiga olib kelmoqda. Bu borada quyidagi dalillarga e’tibor qaratish kifoya: JSSTning ma’lumotlarida qayd etilishicha, har 8 soniyada (10 yil avval bu ko‘rsatkich 12 soniyaga teng edi) bir kishi, bir yilda 6,4 million kishi tamaki iste’mol qilish yoki passiv kashandalik oqibatida orttirilgan kasallik tufayli vafot etayapti. Ularning qariyb yarmi Xitoy, Hindiston, AQSh va Rossiya aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bugun kurashmasak, ertaga kech bo‘ladi


Qolaversa, tamaki yetishtirish va uning iste’moli tufayli tabiat ham jiddiy zararlanmoqda. Bir dona sigaret chekilganda atrof-muhitga tarqaladigan zaharli gazlarni qo‘yavering, uning oddiy filtri tamomila yo‘q bo‘lib ketishi uchun ham 10 yil ketar ekan. Vaholonki, har yili ana shu filtrlarning 770 ming tonnasi chiqindi sifatida yig‘iladi. Ulardan esa havoga 845 ming tonna atsetat moddasi tarqaladi. Bu chiqindining aksariyati daryolarga tashlanishi oqibatida suv va suvosti olami ulkan ziyon ko‘rayapti. Binobarin, mazkur chiqindilar sohil bo‘ylarini eng ko‘p ifloslantiradigan omilga aylanmoqda. Ularni tozalash esa jahon iqtisodiyotiga bir necha milliard AQSh dollariga tushayapti. Yaxshilab o‘chirilmagan sigaret qoldiqlari tufayli yuz beradigan yong‘inlar ham bugun insoniyat uchun katta boshog‘riqqa aylangan...

Yüklə 17,85 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin