Qo‘qon xonligi. Siyosiy tarix. XVIII asrning boshlarida Farg‘ona vodiysida shakllangan yangi davlat –
Qo‘qon xonligiga mahalliy aholi vakillari bo‘lgan ming urug‘i asos soldi. Chunonchi, XVII asrning oxiri – XVIII asr boshlarida ashtarxoniylarning siyosiy va ijtimoiy hayotida yuz bergan tushkunlik, Farg‘ona vodiysi iqtisodiy mustaqilligining o‘sishi hamda 1704 yilda Chodak xo‘jalarining isyon ko‘tarib, Farg‘onaning bir qismini egallashi bunga shart-sharoit yaratib berdi. Ammo, Farg‘onaning shimoli va shimoli – g‘arbidagi Koson, Asht, Chodak hududlari xo‘jalar qo‘l ostida bo‘lsa – da, ular mustaqil davlatga asos sola olmadilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ming urug‘ining boshlig‘i, taxminan 1669-1670 yillarda tug‘ilgan Shohruhbiy ibn Ashur Muhammad (1709-1721 yy.) Chodak xo‘jalari qo‘lida bo‘lgan siyosiy hokimiyatni kuch bilan tortib olib, 1709/1710 yilda Farg‘ona vodiysidagi minglar sulolasi hukmronligiga asos soldi. Ammo, uning hokimiyati hali ashtarxoniylardan to‘la yoki batamom mustaqil emas edi. Chunki manbalarda
Shohruhbiyning nomi ashtarxoniy Abulfayzxondan so‘ng tilga olinib, Shohruhbiyga Buxoro xoni tomonidan otaliq unvoni berilgani eslatiladi. Bu haqda tadqiqotchilarning ham fikrlari munozaralidir. Nima bo‘lganda ham, Shohruhbiy
Buxoro xonligidan mustaqil ravishda (nisbatan bo‘lsa ham) siyosat olib borishga harakat qilib, minglar sulolasi tasarrufidagi yerlarni kengaytira boshladi. Shohruhbiy hukmronligi davrida Qo‘qon, Namangan, Marg‘ilon, Konibodom, Isfara va ularning atroflaridagi qishloqlar minglar sulolasi qo‘lida bo‘lgan. 1 Shohruhbiyning o‘g‘li va vorisi Muhammad Abdurahimbiy (1721-1733 yy.) taxtga o‘tirganidan so‘ng minglar tasarrufidagi yerlar yana kengaya boshladi. Abdurahimbiy 1724 yilda Andijonni, 1725 yilda Xo‘jandni, 1726 yilda O‘ratepani bosib olib, xonlik hududlariga qo‘shib oldi. U qisqa muddat bo‘lsa-da Buxoroga qarashli Samarqand va Kattaqo‘rg‘onni egallab, Shahrisabzga ham tahdid solgan. Abdurahimbiy Qo‘qon (Xo‘qand) qishlog‘i o‘rni va atrofida yangi shaharga (dastlab
Qal’ai Rahimbiy deb nomlangan, keyin esa Qo‘qon) asos soladi va bu shahar xonlikning poytaxtiga aylanadi.
1733-1750 yillarda hukmronlik qilgan Muhammad Abdulkarimbiy ibn Shohruhbiy asosiy etiborini mudofaa ishlariga qaratdi. U xonlikning poytaxti
Qo‘qonda Isfara, Qatag‘on, Marg‘ilon, Haydarbek nomli darvozalar qurdirib, shahar atrofini mustahkam devor bilan o‘ratib oldi. Shu bilan birga u 1741-1745 yillardagi
qalmoqlar (jung‘orlar) ning Farg‘onaga qilgan hujumlariga zarba berdi.
Abdulkarimbiy qalmoqlarga qarshi kurashda qirg‘iz-qipchoqlar va O‘ratepa hokimi Fozilbiy yuz yordamiga tayandi hamda xonlik mustaqilligini saqlab qoldi.
Abdulkarimbiy 1750 yilda vafot etganidan so‘ng xonlik taxtiga uning o‘g‘li Abdurahmon o‘tirdi. Ammo, u taxtga to‘qqiz oy o‘tirib, so‘ng Marg‘ilonga hokim etib jo‘natildi hamda taxtga Abdurahimbiyning ikkinchi o‘g‘li Erdonabiy o‘tirdi. 1753 yilda qalmoqlarning tazyiqi va talabi bilan ularning qo‘lida garov sifatida o‘shalab turilgan Bobobek xonlik taxtiga ko‘tarildi. Lekin, oradan bir yil ham o‘tmay O‘ratepa yurishi vaqtida Bobobek Beshariqda o‘ldirildi hamda Erdonabiy (1755-1769 yy.) qayta Qo‘qon taxtini egalladi. Xitoylik geograflarning ma’lumotlariga ko‘ra, uning hukmronligi davrida, 1759-1760 yillarda Farg‘ona to‘rtta mulk: Andijon, Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qonga bo‘lingan bo‘lib, ular ichida Qo‘qon yetakchilik qilgan. Erdonabiydan so‘ng taxtga Shohruhbiyning uchinchi o‘g‘li Shodibekning farzandi Sulaymonbek o‘tiradi. Uning taxni egallashida urug‘ oqsoqollarining ko‘magi katta bo‘lgan bo‘lsada u atigi 6 oy hukmdorlik qildi.
1770 yilda Qo‘qon taxtiga Abdurahmonbiyning o‘g‘li Norbo‘tabiy (1770-1801 yy.) o‘tiradi. Norbutabiy Markaziy hikimiyatni mustahkamlashda, bo‘ysunmas hokimlar qarshiligini bostirishda nisbatan muvaffaqiyat qozonadi. U Chust va
Namangandagi g‘alayonlarni bostirganidan so‘ng, bu shaharlarga o‘z odamlarini hokim etib tayinlaydi. Norbutabiy bir qancha urinishlardan so‘ng Andijon, O‘sh, Xo‘jand va yaqin atrofdagi qo‘shni hududlarni bosib oladi. U 1799 yilda Toshkentni ham bosib olishga harakat qildi, ammo, uning yuborgan qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi.
Norbutabiydan so‘ng uning o‘g‘li Olimxon (1801-1810 yy.) taxtga o‘tirib, Qo‘qon xonligining siyosiy qudratini mustahkamlash, mamlakat hududlarini kengaytirishga alohida e’tibor berdi. Natijada Qo‘qon xonligining siyosiy mavqei oshib bordi. Olimxon davriga kelib Qo‘qon xonligidagi davlat boshqaruvi oldingi davlatlar boshqaruv tizimidan deyarli farq qilmas edi. Uning davrida Qo‘qon davlati kuchayib borishi bilan davlatning siyosiy maqomi ham o‘zgaradi. Agar Qo‘qonning dastlabki hukmdorlari “biy” va “bek” unvoni bilan mamlakatni idora qilgan bo‘lsalar, Olimxon davridan boshlab (1805 yil) hukmdorlar rasman “xon” deb yuritila boshlandi.
O‘z davrida Olimxon harbiy yurishlar qilib o‘ziga yangi viloyatlarni , jumladan Ohangaron vohasi, Toshkent, Chimkent, Turkistonni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. Qisqa muddat O‘ratepani ham egalladi, Jizzax va Zominga yurishlar qildi. Harbiy islohatlar o‘tkazib, markazlashgan va kuchli davlat tuzish uchun harakat qilayotgan Olimxonning siyosatidan norozi bo‘lgan ayrim zodagonlar guruhi unga qarshi fitna tayyorlay boshladilar. Olimxon o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida ukasi Rustambekni, bir nechta sarkardalarni, din peshvolarini o‘ldirtirib yuboradi. Manbalarning ma’lumot berishicha, bu voqealardan so‘ng kuchayib ketgan fitnachilarga Olimxonning ukasi Umarbek boshchilik qilgan. Natijada, 1810 yilda Olimxon Toshkentdan Qo‘qonga qaytayotganda, Oltiqush mavzesida o‘g‘li
Shohruhbek bilan birga Qambar Mirza tomonidan otib o‘ldiriladi.
Manbalarga ko‘ra, Umarxon (1810-1822 yy.) hukmdorligi davrida yirik yer egalari, harbiy sarkardalar va ruhoniylarning mavqei yanada oshadi. U davlat boshqaruvi ishlarida izchil tartib, qonun – qoidalar o‘rnatdi va diniy ishlarni tartibga soldi. Natijada, 1818 yilda Umarxon ruhoniylarnng roziligi bilan “amir al-muslimin” unvonini olib ham diniy, ham dunyoviy hokimiyatga ega bo‘ladi.
Muhammad Hakimxon ma’lumotlariga ko‘ra, Umarxon davrida Amir Temur va Sulton Husayn Boyqaro zamoniga taqlidan unvon va lavozimlar joriy etilib, ularga hokimiyatga yaqin shaxslar tayinlanadi.
Shuningdek, Olimxon zulmidan qochib ketgan ayrim amaldorlar Umarxon xizmatiga qaytib kelib, lavozimlarni egallaydilar.
Manbalarning guvohlik berishiga qaraganda, Qo‘qon xonligining O‘rta Osiyo mintaqasidagi siyosiy jarayonlar va o‘zaro munosabatlarga faol aralashuvi ham Umarxon davridan boshlanadi. O‘z darvida Umarxonning elchilari Xiva, Xitoy va
Turkiya davlatlariga jo‘natilganligi ma’lum.
N.Petrovskiy Umarxon hukmronligi davri haqida quyidagi ma’lumotlarni beradi: “Umarning xonligi ham oldingi xonlarnikidek davom etdi, ya’ni, u o‘z yerlarini kengaytirdi. Bu xon davrida Turkiston viloyati musulmonlarning Hazrat (Sulton al-orifin Ahmad Yassaviy davf etilgan Turkiston) shahri bilan birga zabt etildi. Umarxon halq sevib ardoqlagan xonlardan biri bo‘ldi. Qo‘qonda ikki qator she’r tarqalgan bo‘lib, unda Umarxon haqida juda iliq va yaxshi so‘zlar aytilar edi”.
1822 yilda Umarxon kasallanib vafot etganidan so‘ng taxtga uning o‘g‘li Muhammadalixon (Madalixon) (1822-1842 yy.) o‘tiradi. Uning hukmronligi davrida Qo‘qon honligining hududi yanada kengayib, qirg‘izlarning ba’zi tumanlari xonlikka qo‘shib olinadi hamda Ko‘lob, Hisor, Badaxshon, Darvoz, Maschoh kabi viloyatlar Muhammadalixon hukmronligini tan oladilar.
Manbalarga ko‘ra, Muhammadalixon hukmronligining dastlabki yillari yaxshi va odilona kechgan. U 1826-1831 yillar davomida Qashg‘arga yurishlar qilib, bu yerdagi musulmonlarni xitoyliklar zulmidan ozod qildi hamda 70 ming uyg‘ur musulmonlarini Andijon viloyatiga ko‘chirib keltirdi. Natijada din peshvorlari
Muhammadalixonga “G‘oziy” (“din homiysi”, “din yo‘lida kurashuvchi”) unvonini berdilar.
1840 yilda Muhammadalixonning bosh maslahatchisi, davlatni boshqaruv ishlarida katta tajribaga ega bo‘lgan Haqquli mingboshining tuhmatga uchrab xon tomonidan qatl etilishi shusiz ham qaltis bo‘lib turgan vaziyatni yanada keskinlashtirib yubordi. Undan tashqari xon davlat ishlariga loqayd bo‘lib, asosiy vaqtini haramida o‘tkaza boshladi. Natijada davlatni boshqaruv ishlarida suiste’molliklardan umumiy noroziliklar boshlanib, xonni ag‘darish uchun fitna tayyorlana boshladi.
Amir Muzaffarning Xudoyorxonga yordami tufayli qirg‘iz-qipchoq lashkari Asaka tomonga ketib, Qo‘rag‘ulcha darasida himoyaga o‘tdi. Qattiq kurashlardan so‘ng 1863 yilning 24 iyulida Sulton Saidxon Qo‘qon taxtini (1863-1865 yy.) egalladi. Xudoyorxon esa yana Buxoroga qochdi.
Xonlikdagi ichki nizolar tashqi dushmanlarga nihoyatda qo‘l kelgan edi.
Bunday vaziyatdan unumli foydalangan chor Rossiyasi qo‘shinlari 1864 yilda Turkiston va Chimkentni bosib oldi. 1865 yil bahorida ular Toshkentga yaqinlashib,
Niyozbek qal’asini egalladilar. Uzoq qamaldan so‘ng 17 iyunda Toshkent egallandi.
Qo‘qondagi sarosimaliklardan foydalangan Xudoyorxon 1865 yilning yozida amir qo‘shinlari yordamida so‘ngi marta Qo‘qon taxtini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng u amirning talablariga boshqa itoat etmay qo‘ydi. Xudoyorxon 1867 yil yanvar oyida Rossiya bilan savdo bitimini, 1868 yil 13 fevralda Qo‘qon va Rossiya shartnomasini imzoladi. Xudoyorxon 1868-1873 yillar oralig‘ida Rossiya bilan munosabatlarini yaxshilash maqsadida Toshkentga ko‘plab sovg‘a- salomlar yubordi. Shuningdek, Rossiya savdogarlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berdi. Natijada Qo‘qon xonligi amalda Rossiyaning vassaliga aylanib qoldi.
Xonlik hududida hukm surgan nisbiy osoyishtalik 1873 yilgacha davom etgan bo‘lsa ham, hukmdor, uning yaqinlari va mahalliy hokimlarning jabr-zulmi hamda qirg‘iz-qipqoqlarning qayta bosh ko‘tarishi natijasida bu yerlarda o‘zaro nizolar, xalq chiqishlari boshlandi. Hususan, 1873 yilda Po‘latxon (asli ismi Mulla Ishoq Hasan o‘g‘li) qirg‘izlar tomonidan xon qilib ko‘tarilib, u boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Saroydagi nufuzli amaldorlardan biri Abdurahmon oftobachi Xudoyorxonni taxtdan ag‘darish va uning o‘g‘li Sayid Nasriddinbekni xon taxtiga o‘tqazish maqsadida Po‘latxon bilan til biriktirdi va O‘rdada isyon ko‘tardi. Sayid Nasriddinbek Abdurahmon oftobachi ko‘magida xon deb (1875-1876yy.) e’lon qilindi. Xudoyorxon Nasriddinbek foydasiga taxtdan voz kechib, avval, Xo‘jandga, undan Toshkentga qochdi.
Nasriddinbekning hokimiyat tepasiga kelishi ham mamlakatdagi siyosiy vaziyatning keskinligini bartaraf eta olmadi. Buni tushunib yetgan Abdurahmon oftobachi xonlik aholisini Rossiyaga qarshi kurashga safarbar qilmoqchi bo‘ldi. Ammo, ruslarning qattiq qarshiligiga duch kelib Mahram yaqinidagi jangda ulardan yengildi. Po‘latxon ham ruslarga qarshi kurashish maqsadida Qo‘qonga hujum qilmoqchi bo‘lib turgan vaqtda, ya’ni, 1875 yil 25 sentabrda Nasriddixon Rossiya imperiyasi hukumati bilan bitim tuzdi. Bu xabar tezda butun Qo‘qonga yoyilib aholi yana isyon ko‘tardi va O‘rdaga hujum qildi. Nasriddinxon taxtni tashlab Xo‘jandga qochdi. Marg‘ilonda Rossiya imperiyasi askarlariga qarshi aholini safarbar qilayotgan Po‘latxon qo‘shiniga shaharliklar, madrasa talabalari va ko‘chmanchi aholi vakillari kelib qo‘shildi. Ularga qo‘zg‘olon vaqtida bosqinchilar bilan hamkorlik qilgan qishilar va xon oilasi vakillarini qatl etish buyurildi.
Bu paytda Namanganda bo‘lgan Skobelev Rossiya imperiyasining topshirig‘iga asosan 1876 yil fevralida Qo‘qon xonligini butunlay bosib olishga kirishdi. Abduraxmon oftobachi va Po‘latxon qo‘lga olindi. Abduraxmon oftobachi Rossiyaning Yekaterinoslav guberniyasiga, Nasriddinxon esa Vladimir nuberniyasiga surgun qilindi. Shu tariqa, 1876 yil 19 fevralda 150 yildan ko‘proq hukm surgan Qo‘qon xonligi tugatilib, uning hududlari Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olindi va uning o‘rniga Farg‘ona viloyati tashkil etildi.