Quddus Muhammadiyning hayoti va ijodiy faoliyati. Shoirning tabiat alifbosi turkumidagi sherlar tahlili
Reja:
1.Shoirning hayoti va ijodiy faoliyati.
2. She`rlardagi musiqiylikning kichik kitobxon uchun o`qimishliligini ta`minlashi.
3.Q.Muhammadiy she`riyatida tabiatga munosabat.
4. She`rlarda poetik obrazning o`rni hamda ahamiyati.
5.Xulosa.
Quddus Muhammadiy
(1907-1997)
Quddus Muhammadiy butun umrini, ijodini kichkintoylarning katta adabiyotiga bag`ishladi. Uning ijodi nihoyatda serqirra, mahsuldor, bolalar dunyosiga xos va mosdir.
She’r yo`lin o`rgatgan quyoshim, oyim,
Kunduzim, yulduzim, ilhomim, so`zim,
Shu Vatan, shu xalqim, shu o`gil-qizim,
She’rimning asosiy mavzui sizlar.
Asarim ovozi – parvozi sizlar,
O`zingiz ilhomim oltin o`zagi,
O`zingiz she’rimning husn-bezagi,
Chunki siz men uchun, men-chi siz uchun...
Haqiqatan ham shoir she’rlarining mavzui bepayon Vatani, uning mehnatsevar xalqi, shirin “o`g’il-qizlari”dir, asarlarining ovozi ham, “parvozi” ham, “ilhomi”ning “oltin o`zagi”, she’rining “husn – bezagi” ham shulardir.
Shoir o`z asarlarida bolalarning yurak tuyg`ularini, orzu va intilishlarini, o`qishdagi yutuqlarini aks ettirish bilan birga, ulardagi kamchiliklarni qoralaydi, uni yo`qotish yo`llarini izlaydi, topadi, o`z o`quvchisiga talabchan o`rtoq, qattiq qo`l ustoz sifatida yo`l ko`rsatadi.
Shoirni bolalarning hamma tomoni qiziqtiradi. U bolalarga nima xunigu nima chiroylik, nima yaxshi-yu, nima yomon, juda go`zal nima-yu, juda qiziq nima ekanligi haqida yozadi. U o`z she’rlari bilan bolalarda estetik didni o`stirishga, go`zallik haqida tasavvur hosil qilishga harakat qiladi.
To`qson yillik umrini bolalarga she’r, qo`shiq, doston, doston – ertak yaratishga qaratgan Quddus Muhammadiy 1907-yilda Toshkent shahrida mehnatkash dehqon oilasida dunyoga keldi. Bo`lajak shoirning otasi Muhammad Alibek Abdurahmonbekov ancha savodli kishi edi. Shu sababli u dastlabki ma’lumotni otasidan oldi.
1925-yilda otasi vafot etgach, Quddus Muhammadiy avval amakisinikida, so`ngra esa maktab-internatda tarbiya oladi. Internatda Q.Muhammadiyning birinchi she’ri “Chuvalachi” maydonga keladi va bu erda chiqadigan «Quyosh» nomli devoriy gazetada bosilib chiqadi.
Shu ilk mashqlaridayoq bo`lajak shoirning nafosat olamini kuzatish va badiiy idrok etish talanti hamda umumlashtirish mahorati yaqqol ko`rinadi.
U yetti yillik maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent qishloq xo`jalik texnikumiga o`qishga kiradi. Bu yerda bolalar uchun she’rlar yoza boshlaydi. Uning “Tong o`yini”, “Paranji”, “Ahmad va asalari”, “Selektsiya stantsiyasi” nomli she’rlari vaqtli matbuotda bosilib chiqadi.
1931-yildan Q.Muhammadiy maktabda botanika o`qituvchisi bo`lib ishlaydi, shu bilan birga O`rta Osiyo Davlat universitetining biologiya fakul’tetida o`qiy boshlaydi.
Bolalar uyi va universitetdagi hayot, mehribon murabbiy va muallimlarning g’amxo`rliklari Q.Muhammadiy qalbida bir umr o`chmas iz qoldiradi. Bu yerdagi o`zaro do`stlik bo`lajak shoir qalbini tog’dek ko`tarib yuboradi.
Quddus Muhammadiy Oybek, O`.Olimjon, G`.G`ulomlarni o`zi uchun ustoz deb bilgan, ulardan o`rgangan, ular bilan doimo ijodiy muloqotda bo`lgan. Ilk she’rlaridan biri “Tong o`yini” orqali ulkan adib Oybek bilan tanishadi. Oybek bu iste’dodli bolalar shoirini hamisha qo`llab-quvvatlab, ijodiga g’amxo`rlik qilib kelgan.
Bir kuni yozuvchilar uyushmasida mushoira bo`ladi. Mushoiraga raislik qilayotgan Hamid Olijon she’r o`qish navbatini Q.Muhammadiyga beradi. Q.Muhammadiy zavq bilan “Sa’va sayrarkan” she’rini o`qiydi. Q.Muhammadiyning ijodiy qobiliyatini payqagan H.Olimjon she’r tugashi bilan uni yoniga chaqirtiradi. Qachondan beri she’r yozishini, qaerda ishlashini surishtirib, she’r ma’qul tushganini aytadi. So`ng bolalar uchun she’rlarning kamligi haqida to`xtalib, mana shunday ajoyib she’rlarni ko`proq yozishni ta’kidlaydi.
Quddus Muhammadiy ijodiga xos bo`lgan muhim xususiyatlardan biri hozirjavoblikdir. Shoir asarlarida ona – Vatanga muhabbat, a’lo o`qish, xulq-odobda boshqalarga namuna bo`lishga da’vat etish, fan va texnikani o`rganish muammolari asosiy mavzulardan hisoblanadi.
Ikkinchi jahon urushi davrida Quddus Muhammadiy Islom shoirga adabiy kotiblik qiladi. Bu yerda u xalq og’zaki ijodi namunalari bilan yaqindan tanishadi. Islom shoirdan ko`p narsalarni o`rganadi.
Shoirning birinchi she’rlar to`plami 1946-yilda “O`quvchiga esdalik” nomi bilan bosilib chiqadi. Shundan keyin uning 60 dan ziyodroq turli nom va tillardagi kitoblari bosilib chiqdi.
Quddus Muhammadiy doimo zarur mavzularda asarlar yaratib keldi. Har bir she’rni kundalik hayotdan olib yozdi. Yozganda ham qiziq yozdi, qizg’in yozdi, soz yozdi. Bolalarni o`qishga, hunar o`rganishga, odobli bo`lishga, mehnatga chaqirdi, qiziqtirdi, yordam berdi. Buni shoirnnig “O`quvchiga esdalik” she’rida ko`rish mumkin. Asarda maktab o`quvchisining ma’naviy qiyofasi va vazifalariga mufassal to`xtalib, o`qish, bilim o`rganish zarurligini ta’kidlaydi:
Bo`lay desang bog’bon,
Yo Vatanga posbon.
Yo osmonda uchuvchi,
Yo dengizda suzuvchi,
Nimani qilsang tilak,
Bariga o`qish kerak.
San’atkorning qaysi turkumda yaratgan asarini olmang, barchasida hayotbaxsh ruh, da’vatkorlik, bolani nimagadir chorlash, yaxshilik, a’lo o`qish, axloq-odobli bo`lishda boshqalarga o`rnak ko`rsatish, qushlar va jonivorlarga mehribon bo`lishdek ibratomuz ma’no va mazmun yotadi.
Shoir o`quvchi bolalar hayotining faqat eng muhim, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan masalalarinigina qalamga oldi va ularni badiiy jihatdan yorqin va ifodali qilib tasvirlashga urindi. Bu esa u tomonidan ishlatilgan tasvirlash vositalarining naqadar o`rinli va mazmundorligini tasdiqlaydi, obrazli ibora eng qisqa ifodali va mazmundor ibora ekanini isbotlaydi.
Quddus Muhammadiy sofdil, a’lochi o`quvchi bolalarni samimiy sevadi, o`z she’rlarida bunday bolalarni maqtaydi. “A’lochi Sodiq”, “Sinov”, “Mening orzuim”, “Bizning uyda”, “Yasha, Omon!”, “Besh”, “Solijonning darsxonasi” va boshqa she’rlari a’lochi o`quvchilar haqida yaratilganligi bilan muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Shoir bu she’rlari orqali a’lo o`qish, tinmay mehnat qilish bilangina ilm-fan sirlarini egallash mumkinligini bolalar qulog’iga quyadi.
Quddus Muhammadiy ijodining yana bir muhim qirrasi satirik va yumoristik asarlari bilan bog’liq. “Nomsiz erkatoylar haqida”, “Dum”, “Ahmadjonga uyat”, “Lapashang”, “Ravshanjonning qo`li tilga kirdi” kabi ko`plab she’rlarida bolalar xarakteridagi yaramas odatlar ayovsiz tanqid qilinadi. Ayniqsa, shoirning “Dum” she’ri shu jihatdan xarakterlidir. Ulgurmovchi, uyga berilgan vazifani tayyorlamay «dum» bilan yuruvchi o`quvchilar haqida nasr va nazmda yozilgan ko`pgina asarlarni bilamiz. Q.Muhammadiy «dum»chilar ustidan kulish uchun mutlaqo yangi so`z va obraz topgan.
She’r quvnoq misralardan tashkil topgan bo`lib, bolalarning ruhiga, pedagogik-ruhiy xususiyatiga mos tushadi:
Bir maktabda gap mishmish
Turqunning dumi bormish.
Dum bilan yurish inson sha’niga yarashmasligi, ikkichi, qoloq, ishyoqmas Tursunlarning bunday yaramas dumdan qutulib ketishi zarurligi asarning mantiqiy xulosasidir.
Quddus Muhammadiy ko`pgina she’rlarida bolalarni hayvonot, qushlar, o`simliklar va buyumlar olamiga boshlab kiradi.
Qisqa, esda qoladigan she’rlarda shoir sodda, ammo jarangdor qofiyalarda toychoq, tuya, laylak, xo`roz, ipak qurti, gullar, parovoz va samolyot haqida hikoya qiladi.
Atrofdagi mavjudotlar haqida bolalarning dunyo qarashini kengaytirish, ularning so`z boyligi va bilimlarini boyitish Quddus Muhammadiyning o`z oldiga qo`ygan vazifalardan biridir.
“Ahmadjonning kitobxonligi” she’rida Ahmadning ko`z oldidagi kitobga tushirilgan har bir hayvon va qushchaga qisqacha ta’rif beriladi:
Ana muqombir tulki,
Pisib turishi kulki.
Ana o`rdak bilan qoz,
Ana maymun sho`x dorvoz.
Bolalarga yaxshi tanish bo`lmagan ukki haqida juda sodda tushuncha berilgan:
Hammadan qiziq ukki,
Tumshuqi egri – dukki?
Nechun yurmas kunduzi,
Nega yonadi ko`zi?
Suratlar orasida Arslon yo`qligi Quddus Muhammadiyga xos yumor bilan tasvirlanar ekan, yo`lbarsning yurish-turishi tushuntiriladi:
“Xo`roz qichqirar qu-qu!
Bunda yo`lbars, sher yo`g’u...”
Shu bilan qolar kitob,
Go`yo o`qildi hisob.
Shuningdek, Q.Muhammadiy ham boshqa shoirlar singari she’riy Alifbo tuzgan; har bir harfga biron voqea yoki harfni oson o`zlashtirishda bolaga yordam beradigan narsa asos qilib olingan. Bu alifboning tuzilish tarixi qiziq. Q.Muhammadiy kichik maktab yoshidagi bolalarni to`plab, ularga harflar to`g`risida gapirib bergan va ularning har biri buni nima deb tushunishini, undan boshlangan qaysi so`zlarni bilishini so`ragan. Ertasiga Q.Muhammadiy bolalardan juda ko`p so`z yozib oladi. Ulardan eng yaxshi va ta’sirlisini tanlab, o`zining she’riy alifbosini tuzadi. Bu alifbo syujet asosida tuzilgan: maktab ta’tillari vaqtida o`qishdan bo`shagan harflar davra qurishib, har kim o`z joyini topish o`yinini boshlashadi.
She’riy topishmoq – o`zbek adabiyotida ko`pdan buyon hukm surib kelayotgan juda qadimiy janr. Kichkintoylar bilan suhbatlashganda Q.Muhammadiy ham shu janrga murojaat qiladi. Masalan, uning “Bu nima?” she’rida kirpining obrazli tasviri bola uchun juda sodda beriladi. Birinchi satrdanoq ma’lum obraz ko`zga tashlanadi:
Dum-dumaloq jonivor,
Tikanak choponi bor...
Shunisi xarakterliki, shoir kirpiga o`zbekcha milliy to`n kiydirib, she’rlarga mahalliy ma’no beradi, bolalarning tushunishini osonlashtiradi.
Shoir ijodiga nazar tashlasak, mehnatga muhabbat mavzui alohida o`rin tutishini aytish mumkin. “Bobomning mehnati”, “GES qurilishi”, “Mirob”, “Bu binoni kim qurgan?”, “Etik”, “Madraim payvandchi”, “Mamajon shofyor” va boshqa shu kabi she’rlarida mehnat simfoniyasi jaranglab turadi. Bu yerda shuni ham ta’kidlab o`tish zarurki, mehnat ahlini sevish, ularning bunyodkor faoliyatlarini qadrlash birinchi o`rinda tasvirlanadi.
“Etik” she’rining qahramoni Solijon degan bola. U hali kichkintoy bo`lishiga qaramasdan mushohadasi o`tkir, odobli. U «O`rdak burunli kavkazcha etigiga gard yuqtirmaydi». Shunga ko`ra uni olifta bola ekan, deb o`ylash ham mumkin.
Shoir Solijon bilan uning etigi orasidagi munozaraga diqqatni qaratadi. Etik o`zining chiroyliligini ko`z-ko`z qilmoqchi bo`ladi:
Ko`p chiranma husningga,
Rahmat deb qo`y bir marta
Seni tikkan ustangga.
Solijonning “o`rdak burunli kavkazcha” etigini «puf-puflab» kiyib yurishi – uning tikilishiga sarf qilingan mehnatni yaxshi bilishidan, e’zozlashidan. Bolalar tabiatan odam va olam sirlarini bilishga astoydil qiziqadilar. Shoirning “Dunyoda eng kuchli nima?” she’ri ana shu qiziqishning badiiy ifodasi sifatida e’tiborga loyiq. Shoir filni “tog’ni ortsang ko`taradi», sherni “filni ham tikka eydigan”, suvni “daryo, soy, irmoqlari, buloqlari ko`p”, sovuqni “daryolarni tosh qotirgan”, issiqni “qish sovuqni qochirgan”, tog’larni “tog’u toshni qulatar”, quyoshni “qarimaydi, uchmaydi” deb har xil mavjudot va hodisalarga xos xarakterli xususiyatlarni g’oyat jonli, qiziqarli ifodalab, ularni bolalarning suhbati orqali poetik ravishda gavdalantiradi. Buni o`qigan bola hodisalarning sababini, ularning hayotdagi o`rnini tushunib oladi. Bu bolaning fikrini, qobiliyatini, ongini, dunyo haqidagi tushunchasini oshiradi. Ayniqsa, yosh kitobxon dunyoda kuch-qudrat, aql-zakovatda insonga teng keladigan hech narsa yo`q ekanligini bilib oladi:
O`sha kuchli o`zimiz,
Borliqning egasimiz...
Xotiringiz bo`lsin jam,
Dunyoda kuchli odam!
Maktab o`quvchilari har yili necha ming tonnalab temir-tersaklar yig’ib topshiradilar. Bu hol an’anaga aylanib ketgan. Maktab o`quvchilari bu ishga astoydil kirishib “Kim ko`p to`plashga” o`ynaydilar. Natijada, musobaqalar qizib ketadi. Shoir temir-tersak yig’ish chog’idagi o`quvchilarning qizg’in mehnatini, temir-tersaklarning xalq xo`jaligidagi o`rnini, ulardan nimalar tayyorlanishini “Temirlar o`yini” she’rida ifodalaydi.
Temirlar o`yinini ifodalashda shoir bolalarbop vosita, ohang topgan. She’rni o`qir ekansiz, temir-temirsaklarni jonlantirish asosida ularning har biriga o`ziga xos tasvir topishi va g’oyani obrazli ifodalay olishini kuzatish mumkin:
Temirlar jarang-juring,
O`ynashib diring-diring,
Deyishar: «Yuring-yuring»
Tushdilar qiziq – tantsa.
“Temirlar o`yini”dagi “siniq pero”, “buzuq ruchka”, “eski chelak”, “cho`loq ketmon”, “zang bosgan mix”, “keraksiz kalit”, “uzuq zanjir”larning o`z holiga achinishi, bolalar mehnati, tashabbusi tufayli ular ham xalq xo`jaligini rivojlantirishda yaroqli bo`lishidan xushnudligi yanada aniq, jonli, lo`nda ifodalanadi: endi ular keraksiz bo`lib har erda sochilib yotmaydi. Zavodlarda eritilib, qayta quyilgandan so`ng mehnat qurollariga aylanishadi, ya’ni o`z o`rnini topishadi:
Qurilishga boramiz,
O`z o`rnimiz olamiz.
Shoir she’rning ikkinchi qismida maktab bolalari o`zlari to`plagan temir-tersaklarni zavodga topshirsalar, ulardan nimalar yasalishini tushuntirishga o`tadi:
... Elektr salqi simlar,
Trolleybus, dizellar,
Poezd, vagon, po`lat iz,
Daryoni shart to`sgan GES...
Hattoki qisqich, chelak,
Tegirmonda sim, elak,
Palovimiz kapgiri,
Chovli, kastryul – bari.
Xalq xo`jaligi va mehnatkashlar ehtiyojini ta’minlashda shunday katta ahamiyatli narsalar tayyorlanganligidan temir-tersaklarning:
O`ynashib diring-diring,
Deyishar: «Yuring-yuring», - tarzida quvnoqlik ruhini ifodalash bilan shoir bolalarni bu ishga yanada ko`proq ruhlantiradi.
Quddus Muhammadiy she’rning qiziqarli, bolalarbop bo`lishi uchun katta xizmat qilgan. Jonlantirish usulidan ustalik bilan foydalanib, temir-tersaklar ahamiyatini ularnnig o`zlari tilidan so`zlatadi, har qaysisiga xos va mos sifatlarni topadi. Deyishar: “Yuring, yuring”, “Biz qachon bo`lamiz ZIL?”, “Traktorga vint bo`lib, Paxta maydonin ko`ray”, “Qurilishga boramiz”, “Temir mehnatkash do`stim” kabi jonlantirishlar she’rning Qoyaviy-badiiy tomondan yuksak bo`lishini ta’minlash bilan uning ta’sir kuchini oshirgan.
Shoir she’rning yengil vaznda, ravon va ohangdor bo`lishi uchun yorqin qofiyadosh so`zlarni topa olgan:
Siniq pero dikillab,
Buzuq ruchka likillab...
Temir ishin bilaman,
Qayda ko`rsam ilaman,
Maktaga topshiraman
Zavodga oshiraman, - kabi poetik tasvirlar she’rning g’oyaviy-badiiy mukammaligini ta’minlash bilan uning tarbiyaviy ahamiyatini ham oshirgan.
Tabiat go`zalligiga bo`lgan ulkan muhabbat shoirga hamisha xamrohdir. Maktabda muallimlik qilib yurgan paytida barg mavzusini o`tar ekan “Bargjon” she’rini yozadi. Shu tariqa uning “Momaqaymoq”, “Qoqi o`t”, “Bog’imizda bir nok bor”, “Tut”, “Tolim gulladi-yu, nega meva tugmadi?”, “Tok daraxti bir xilu uzumi nega har xil?”, “Shaftoli-doktor”, “Asalari va Ahmadjon” kabi she’rlari paydo bo`ldi.
Shu jihatdan shoirning Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo`lgan «Tabiat alifbosi» turkumiga kirgan beshta to`plami xarakterlidir. Shoir bu to`plamlarga kirgan she’rlarida tabiat hodisalari, narsa va buyumlar, koinot mo`’jizalari haqida poetik xulosalar chiqargan. Bu xulosalar g’oyat bolalarbopdir. Chunonchi, zilzilani erning gimnastika qilishi deb ta’riflasa, chuvalchangni “yer traktori” deb ataydi, gilosning qizilligini kichkinaligidan uyalishidan degan xulosaga keladi. Xullas, tabiat mavzuidagi har bir she’rida shu tariqa bolalar xarakteri va tushunchasiga xos ibratli fikr ifoda etiladi.
Q.Muhammadiy yosh kitobxonlar qalbida tabiat va inson kuychisi sifatida e’zozli bo`lib qoldi.
O’quv darsliklar:
1.Asotirlar va rivoyatlar. -T.: Yozuvchi, 1993.
2.M.Murodov. Oltin sandiq ochildi.- T.: O`qituvchi, 1994.
3.Mirzayeva S. O`zbek xalq romanik dostonlari poetikasi. Doktorlik dissertatsiyasi avtoreferati. -T.: 2004.
4.Matchonov S. Kitob o`qishni bilasizmi? –T.: O`qituvchi, 1993.
5. Safarov O. Oliy o`quv yurtlarida bolalar adabiyotini o`qitish muammolari // Til va adabiyot ta`limi, 1999-yil, 3-4-sonlar.
6. Barakayev R. Jonajonim she`riyat. –T.: Cho`lpon, 1996.
7.Barakayev R. O`zbek bolalar adabiyoti va A.Avloniy ijodi. – T.:Fan, 2004.
8. Ibragimova Z. Anvar Obidjon – bolalar shoiri. – T.: Yangi asr avlodi, 2006.
Dostları ilə paylaş: |