Reja: Abu Ali ibn Sinoning tarjimai holi Abu Ali ibn Sinoning ilmiy-ijodiy ishlari Shox asarlari Xulosa Foydalanilgan adabiyotlar Abu Ali ibn Sino hayoti va ijodi
Abu Ali ibn Sino hayoti va ijodi Abu Ali ibn Sino — o'rta osiyolik buyuk qomusiy olim, boshqa manbalarda esa, buxorolik fors olim, tabib va faylasuf. 980-
yilning 18-iyunida Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog'ida tug'ilgan va 1037-yilning
16-avgustida Hamadonda vafot etgan. G'arbda Avitsenna (ingl. Avicenna) nomi
bilan mashhur.
Ibn Sinoning otasi Abdulloh Balx shahridan bo'lib, Somoniylar amiri Nuh ibn
Mansur (967—997) davrida Buxoro tomoniga ko'chib, Hurmaysan qishlog'iga
moliya amaldori etib tayinlanadi. U Afshona qishlog'ida Sitora ismli qizga uylanib
ikki o'g'il farzand ko'radi. O'g'illarining kattasi Husayn (Ibn Sino), kenjasi Mahmud
edi. Husayn 5 yoshga kirgach, Ibn Sinolar oilasi poytaxt — Buxoroga ko'chib keladi
va uni o'qishga beradilar. 10 yoshga yetar yetmas Ibn Sino Qur'on va adab
darslarini to'la o'zlashtiradi. Ayni vaqtda u hisob va aljabr bilan ham shug'ullanadi,
arab tili va adabiyotini mukammal egallaydi. Ibn Sinoning ilm sohasidagi dastlabki
ustozi Abu Abdulloh Notiliy edi. U el orasida hakim va faylasuf sifatida mashhur
bo'lgani uchun otasi Ibn Sinoni unga shogirdlikka berdi. Notiliyning qo'lida olim
mantiq, handasa va falakiyotni o'rgandi va ba'zi falsafiy masalalarda ustozidan
ham o'zib ketdi. Ibn Sinoning aql-zakovatini ko'rgan ustozi otasiga uni ilmdan
boshqa narsa bilan shug'ullantirmaslikni tayinlaydi. Shundan so'ng ota o'g'liga ilm
o'rganish va bilimlarini chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi.
Abu Ali tinmay mutolaa qilib, turli ilm sohalarini o'zlashtirishga kirishdi. U musiqa,
optika, kimyo, fiqh kabi fanlarni o'qidi, xususan, tabobatni sevib o'rgandi va bu
ilmda tez kamol topa boshladi.
Ibn Sinoning tib ilmida yuksak mahoratga erishishida Buxorolik boshqa bir
tabib Abu Mansur al Hasan ibn Nuh al Qumriyning xizmati katta bo'ldi. Ibn Sino
undan tabobat darenii olib, bu ilmning ko'p sirlarini o'rgangan. Qumriy bu davrda
ancha keksayib qolgan bo'lib, 999 yilda vafot etdi.
Ibn Sino 17 yoshdayoq, Buxoro xalqi orasida mohir tabib sifatida tanildi.
O'sha kezlarda hukmdor Nuh ibn Mansur betob bo'lib, saroy tabiblari uni
davolashdan ojiz edilar. Dovrug'i butun shaharga yoyilgan yosh tabibni amirni
davolash uchun saroyga taklif qiladilar. Uning muolajasidan bemor tezda sog'ayib,
oyoqqa turadi. Evaziga Ibn Sino saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga
ega bo'ladi. Somoniylarning kutubxonasi o'sha davrda butun O'rta va Yaqin
Sharqdagi eng katta va boy kutubxonalardan sanalardi. Ibn Sino bir necha yil
davomida shu kutubxonada kechayu kunduz mutolaa bilan mashg'ul bo'lib, o'z
davrining eng o'qimishli, bilim doirasi keng kishilaridan biriga aylandi va shu
paytdan boshlab o'rta asr falsafasini mustaqil o'rganishga kirishdi. U yunon
mualliflarining, xususan, Aristotelning „Metafizika" asarini berilib mutolaa qildi.
Lekin bu kitobda bayon qilinganlarning aksariyati Ibn Sino ga tushunarsiz edi.
Tasodifan yosh olimning qo'liga Abu Nasr Forobiyning „Metafizika"ning
maqsadlari haqida"gi kitobi tushib qoladi va uni o'qib chiqibgina Ibn Sino
metafizikani o'zlashtirishga muvaffaq bo'ladi. Shunday qilib, Ibn Sino zaruriy
bilimlarning barchasini Buxoroda oldi. Olimning ilmiy ijodi 18 yoshidan boshlandi.
U Nuh ibn Mansurga atab nafsoniy quvvatlar haqida risola, „Urjuza" tibbiy she'riy
asari, o'z qo'shnisi va do'sti Abulhusayn al-Aruziyning iltimosiga binoan, ko'p
fanlarni o'z ichiga olgan „Alhikmat al-Aruziy" („Aruziy hikmati") asarini ta'lif etdi.
Undan tashqari, boshqa bir do'sti faqih Abu Bakr albar qiy (yoki Baraqiy) ning
iltimosiga ko'ra, 20 jildli „Alhosil val-mahsul" („Yakun va natija") qomusiy asari
hamda 2 jildli „Kitob al-bir val-ism" („Sahovat va jinoyat kitobi")ni yozdi.
Qoraxoniylar 999-yil Buxoroni zabt etib, Somoniylar davlatini
ag'darganidan keyin Ibn Sino hayotida tashvishli, notinch va og'ir damlar
boshlandi. 1002-yil uning otasi vafot etdi. Ikki sulola vakillarining taxt uchun
kurashi 1005-yil gacha davom etib, oxiri Qoraxoniylarning butkul g'alabasi bilan
tugadi. Bunday vaziyatda Buxoroda ortiq qolib bo'lmas edi. Shu bois Ibn Sino o'z
yurtini tark etib Xorazmga bosh olib ketdi. 11-asr boshlarida Xorazm qoraxoniylar
hujumidan birmuncha tinch bo'lib, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha
rivojlangan o'lka edi. Xorazmshohlar Ali ibn Ma'mun (997—1009) va Ma'mun ibn
Ma'mun (1009—1017) ilm fanga e'tiborli hukmdorlar bo'lib, olimlarga ilmiy ijod
uchun qulay sharoit yaratib bergan edilar. Shu bois bu davrda Xorazmning
poytaxti Gurganj (Urganch) da zamonasining ko'pgina taniqli olimlari to'plandi.
Yirik matematik va astronom Abu Nasr ibn Irok, (1034-yil vafot e.), mashhur tabib
va faylasuflar Abu Saql Masihiy (1010 i. v. e.), Abu-l-Xayr Hammor (942—1030) va
buyuk olim Abu Rayhon Beruniy shular jumlasidan. Ana shu ilmiy davraga 1005-yil
Ibn Sino ham kelib qo'shildi. Xorazmda Ibn Sino, asosan, matematika va
astronomiya bilan shug'ullandi. Bu sohalardagi bilimlarining chuqurlashib, ilmiy
dunyoqarashining shakllanishida Ibn Iroq va Beruniy bilan bo'lgan ilmiy
muloqotlar katta ahamiyat kasb etdi. Ibn Sinoning Aristotel ta'limoti xususida
Beruniy bilan va o'zining shogirdi Baxmanyor bilan yozishmalari tarixda
mashhurdir. Ibn Sino Abu Saxl Masihiyning tibbiy tajribasi va bilimlaridan ham
katta saboq oldi. Xorazmshoh vaziri Abulhusayn as-Sahliy ilmlarni sevuvchi kishi
bo'lganidan, Ibn Sino u bilan do'stlashadi va unga atab alkimyoga oid „Risola
aliksir" („Eliksir haqida risola") nomli asar yozdi. Biroq Xorazmdagi osoyishta hayot
uzoqqa cho'zilmaydi. Sharqda qudrati ortib borayotgan G'azna hukmdori sulton
Mahmud G'aznaviy bu o'lkaga ko'z tikadi. U, avval, Ma'munga saroydagi bir guruh
olimlarini G'aznaga jo'natib yuborishni so'rab xat yozadi. Bu xatga javoban
Beruniy va Abul-Hammor G'aznaga ketadilar. Ibn Sino esa bu taklifni rad etib,
Masihiy bilan birgalikda 1010—1011 yillarda yashirincha Xorazmni tark etadi. Shu
vaqtdan olimning sargardonlik yillari boshlanib, umrining oxirigacha vatandan
uzoqda hayot kechirishga majbur bo'ladi. Masihiy bilan Ibn Sino Jurjonga —
Masihiyning vataniga yo'l oldilar. Lekin yo'ldagi qiyinchiliklar va suvsizlik tufayli
Masihiy betob bo'lib, vafot etadi. Natijada, Ibn Sino azob-uqubatlar chekib, avval,
Niso, so'ng Obivard, Tus, Shiqqon va Xurosonning boshqa shaharlarida qisqa
muddat turganidan keyin, nihoyat, Kaspiy dengizining janubi sharqida joylashgan
Jurjon amirligiga yetib keladi. Ibn Sino Jurjonda 1012—1014 yillarda yashaydi,
lekin shu qisqa vaqt ichida uning hayotidagi muhim voqealardan biri — Abu Ubayd
Jurjoniy bilan uchrashuv va bir umrga do'stlashuv sodir bo'ladi. U Ibn Sinoga
nafaqat shogird, balki sodiq do'st ham edi. U Ibn Sino bilan olimning so'nggi
damigacha, 25-yil davomida birga bo'ladi. Ibn Sino tarjimai holining yozilib qolishi,
ko'pgina asarlarining ta'lifi va tartibga tushishi hamda ularning keyingi avlodlarga
kelishida Jurjoniyning xizmati katta.
Jurjondalik vaqtida Ibn Sino ham ilmiy ijod bilan shug'ullandi, ham tabib sifatida
faoliyat ko'rsatdi. Bu yerda u shogirdining iltimosiga ko'ra, mantiq, falsafa va
boshqa fanlarga oid bir nechta risola yozdi va eng muhimi „Tib qonunlari"ning
dastlabki qismlarini yaratdi. 1014-yil olim Jurjonni tark etib, Rayga ko'chdi. Ibn
Sino Rayga kelgan vaqtida bu yerda buvayhiylardan bo'lmish Majduddavla Abu
Tolib Rustam (997—1029) va uning onasi Sayyida Xotun hukmronlik qilar edilar.
Bu yerda Ibn Sino savdoyi dardiga chalinib qolgan Majduddavlani davoladi va shu
sababli saltanat tepasida turgan Sayyidaning hurmat-ehtiromiga sazovor bo'ldi.
Lekin olim Rayda ham uzoq turolmadi, chunki Sulton Mahmud G'aznaviyning
Rayga ham hujum qilish xavfi bor edi. Shu bois Ibn Sino Rayni tark etib, nisbatan
kuchliroq, bo'lgan Hamadonga, Majdud-davlaning akasi Shamsuddavla (997—
1021) huzuriga ketadi. Hukmdorni sanchiq kasalidan davolaganidan keyin olimni
saroyga taklif qiladilar. U avval saroy tabibi bo'lib ishlaydi, so'ng vazirlik mansabiga
ko'tariladi. Davlat ishlari bilan band bo'lishiga qaramay ilmiy ishlarini ham davom
ettiradi va qator asarlar yaratadi. „Tib qonunlari"ning 1-kitobini tugatib, o'zining
mashhur falsafiy qomusi — „Kitob ash-shifo" ni ham shu yerda yozishga kirishadi.
„Tib qonunlari" ning qolgan qismini ham Hamadonda yozib bitiradi.
Ibn Sino Hamadonda 1023-yil gacha istiqomat qiladi va ayrim siyosiy
sabablarga ko'ra, shu yili Isfahonga jo'nab ketadi. Umrining qolgan 14 yilini shu
yerda o'tkazdi. Bu yerda ham u tinimsiz ilmiy ish bilan mashg'ul bo'lib, bir qancha
asarlar yaratdi. Ular orasida tib, falsafa, aniq fanlar, tilshunoslik kabi fanlarga oid
kitoblar bor. „Kitob ash-shifo" ning qismlari, fors tilidagi „Donishnoma" va 20 jildli
„Insof-adolat kitobi" shular jumlasidan.
Jurjoniyning yozishicha, Ibn Sino garchi, jismoniy juda baquvvat bo'lsada,
biroq, shaharma-shahar darbadarlikda yurish, kecha-kunduz tinim bilmay ishlash
va bir necha bor ta'qib qilinib, hatto hibsda yotishlar olimning salomatligiga jiddiy
ta'sir etdi. U qulanj (Kolit) kasalligiga chalindi. Alouddavlaning Hamadonga yurishi
vaqtida Ibn Sino qattiq betobligiga qaramay, u bilan birga safarga chiqadi. Yo'lda
dardi qo'zg'ab olimning tamomila madori quriydi va oqibatda u shu darddan 57
yoshida vafot etadi. Olim Hamadonda dafn etiladi. Uning qabri ustiga 1952y.
maqbara ishlangan (me'mori X. Sayxun). Maqbara Ibn Sinoga bag'ishlangan muzey
xonalarini ham o'z ichiga oladi.
Zamondoshlari Ibn Sinoni „Shayx ar-Rais" („donishmandlar sardori,
allomalar raisi"); „Sharaf al-mulk" („O'lka, mamlakatning obro'si, sharafi"), „Hujjat
al-haqq" („Rostlikka dalil"); „Hakim al-vazir" („Donishmand, tadbirkor vazir") deb
ataganlar. Jahon fani tarixida Ibn Sino qomusiy olim sifatida tan olingan, chunki u
o'z davridagi mavjud fanlarning qariyb barchasi bilan shug'ullangan va ularga oid
asarlar yozgan. Olim asarlarini o'sha davrda Yaqin va O'rta Sharqning ilmiy tili
bo'lgan arab tilida, ba'zilari (she'riy va ayrim falsafiy asarlari)ni fors tilida yozgan.
Turli manbalarda uning 450 dan ortiq asar yozganligi qayd etilgan, lekin bizgacha
ularning 242 (160) tasi yetib kelgan. Shulardan 80 tasi falsafaga, 43 tasi tabobatga
oid bo'lib, qolganlari mantiq, psixologiya, tabiiyot, astronomiya, matematika,
musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslikka bag'ishlangan. Lekin bu
asarlarning hammasi ham olimlar tomonidan bir xilda o'rganilgan emas. Ibn
Sinoning ko'proq falsafa va tibga oid kitoblari jahonning ko'pgina tillariga tarjima
etilib, asrlar davomida qayta qayta nashr qilib kelinmoqda, lekin shu bilan bir
vaqtda, boshqa ko'p asarlari hali qo'lyozma holida o'z tadqiqotchilarini kutmoqda.
Ibn Sino ilmiy merosini o'rganish ishlari yangi davrga kelib jadal tus oldi va
natijada chet el hamda O'zbekistonda maxsus ilmiy yo'nalish — sinoshunoslik
vujudga keldi. „Tib qonunlari"ning lotincha tarjimasi to'liq hodda 40 marta nashr
etildi. Uning ayrim qismlari nemis, ingliz va fransuz tillariga tarjima qilindi,
olimning falsafiy va boshqa sohalarga oid asarlari ham jahonning bir necha
tillarida nashr etildi, uning ijodiga oid qator yirik tadqiqotlar yaratildi. Jahonning
turli kutubxonalarida Ibn Sino asarlarining qo'lyozmalari saqlanadi, shu jumladan,
O'zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik intida ham alloma
qalamiga mansub 50 asarning 60 ta qo'lyozmasi mavjud. Yevropa olimlari Ye.
Bishmann, Yu. Rus-ka Karra de Vo, X. Korbin, Kruz Xernandez, L. Garde, A. M.
Guashon, X. Ley, P. Morividj, J. Saliba hamda arab, turk va eron olimlari M. U.
Najotiy, A. N. Nodir, J. Sh. Qanavotiy, Said Nafisiy, Yahyo Maxdaviy, Umar Farrux,
E. Ihsono'g'lu, F. Rahmon, M. Muso, H. G'araba, M. Shohvardiy va boshqa Ibn Sino
ijodini o'rganishga ma'lum hissa qo'shdilar. Rossiyalik olimlardan Ye. E. Bertels, A.
Ya. Borisov, I. S. Braginskiy, S. I. Grigoryan, B. A. Petrov, B. A. Rozenfeld, V. N.
Ternovskiy, A. V. Sagadeyev, M. M. Rojanskaya, Tojikiston olimlaridan S. Ayniy, M.
Dinor-shoyev, T. Mardonov, N. Rahmatullayev, A. Bahovuddinov, Yu. Nuraliyev bu
yo'nalishning rivojlanishiga xizmat qildilar. O'zbekistonda Ibn Sino asarlarini
tarjima va tadqiq etishda sharqshunos olimlar S. Mirzayev, A. Murodov, A. Rasulov,
U. I. Karimov, Yu. N. Zavadovskiy, A. A. Semyonov, M. A. Salye, P. G. Bo'lgakov, Sh.
Shoislomov, E. Talabov, H. Hikmatullayevlar ulkan ishlarni amalga oshirdilar. T. N.
Qori-Niyoziy, I. M. Mo'minov, M. M. Xayrullayev, M. N. Boltayev, A. Axmedov, G. P.
Matviyev-skaya, V. K. Jumayev, N. Majidov, O. F. Fayzullayev, M. B. Baratovning
monografiya va maqolalarida Ibn Sino ijodining turli qirralari tadqiq etilgan. Rus
antropologi M. M. Gerasimov, bir necha tarixiy shaxslar qatori, Ibn Sinoning ham
kalla suyagi asosida haykalportretini yaratgan. Andijon tibbiyot instituti xodimlari
(Yu. O. Otabekov, Sh. H.Hamidullin, Ye. S. Sokolova) Ibn Sinoning ilmiy asoslangan
timsolini haykal-byustda tasvirladilar (1965). O'zbekistonlik rassom S. Marfin Ibn
Sino badiiy portretini ishlagan (1968). Ibn Sino haqida „O'zbekfilm" studiyasi
ijodkorlari (rej. E. Eshmuhamedov; O. Agishev, E. Eshmuhamedov ssenariysi)
„Dahoning yoshligi" tarixiy-biografik badiiy filmini (1984) yaratdilar.
O'simliklarning birinchi ilmiy tasnifini yaratgan mashhur shved botanigi Karl
Linney (1707—78) doimo yashil bo'lib turuvchi bir tropik daraxtni Ibn Sino
sharafiga Avitsennia deb atadi. O'zbekiston yerida topilgan (1956) yangi mineral
Ibn Sino nomi bilan Avitsennit deb ataladi. Buxoro shahar va Afshona qishlog'ida
Ibn Sinoga haykal o'rnatildi, Belgiyaning Kortreyk shaxrida ham Ibn Sino ga
qo'yilgan (2000) haykal bor. Afshonada Ibn Sino muzeyi ochildi. O'zbekiston va
Tojikistondagi tibbiy oliy va o'rta bilim yurtlariga, nashriyotga (qarang Ibn Sino
nomidagi nashriyot), sanatoriy, shifoxona, kutubxona, maktab, ko'cha, jamoa
xujaliklari, turar joy mavzelariga Ibn Sino nomi berildi. Tojikistonda fan sohasida
katta yutuklarni taqdirlash uchun Ibn Sino nomidagi respublika davlat mukofoti
ta'sis etilgan. O'zbekistonda Ibn Sino xalqaro jamg'armasi tuzildi (1999-yil), „Ibn
Sino" va „Sino" nomli xalqaro jurnallar nashr qilinadi.