Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yilda qabul qilingan.
Davlat boshligʻi — prezident (1996-yildan Axmad Tejan Kabba). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy majlis (parlament), ijrochi hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Maydoni 72,3 ming km².
Aholisi 8.1 mln. kishi (2002).
Poytaxti — Fritaun sh.
Maʼmuriy jihatdan 3 viloyat (province)ra va Gʻarbiy viloyatga boʻlinadi.
Pul birligi- Leone (SLL)
TARIXI
Syerra-Leone hududida odam paleolit davridan yashay boshlagan. 2 ming yil avval temirdan mehnat qurollari yasalganligi maʼlum. 7—8-asrlarda bu yerda limba yoki bulom elatlarini shim. dan kelgan mande, koranko va boshqa xalqlar sohilga surib yuborgan. 15-asr oʻrtalarida qaror topgan qabilaurugʻchilik anʼanalari 20-asr boshlarigacha davom etgan.
Yevropaliklardan birinchi boʻlib bu hududga 1462-yil portugaliyaliklar yetib kelib, unga SyerraLeone (Sherlar togʻi) nomini berdi. 16-asrda ingliz qul savdogarlari kelib, 1662-yil dastlabki qalʼani qurdilar. 18-asrda qul savdosi rasman taqiqlangach, inglizlar tomonidan ozod qilingan bir necha yuz qul "erkinlar shahri" — Fritaun manzilgohiga asos soldilar. 1808-yil Fritaun va uning atrofidagi yerlar, keyinchalik butun mamlakat Angliya mustamlakasiga aylandi. 1898-yil mahalliy xalq mustamlakachilarga qarshi katta qoʻzgʻolon koʻtardi. Angliya hukumati yuborgan armiya qoʻzgʻolonchilardan 2 ming kishini qirib, 100 ga yaqin qishloqni yoʻq qilib yubordi, 98 qabila boshligʻini otib tashladi. Birinchi jahon urushidan soʻng mahalliy ishchilar kasaba uyushmalarini tuza boshladilar. Ikkinchi jahon urushidan keyin milliy ozodlik kurashi kuchaydi. Siyosiy partiyalar tuzildi. 1955-yil davomida boʻlib oʻtgan gʻalayonlar natijasida Angliya hukumati biroz yon bosishga majbur boʻldi. 1961Y 27. aprelda Syerra-Leone Britaniya Hamdoʻstligi doirasida mustaqillikka erishdi. Syerra-Leone hukumati barcha mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish, irqiy kamsitishga qarshi kurash, Afrika qitʼasidagi mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish tarafdori ekanini bild’irdi. Syerra-Leone — 1961-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 27-aprel — Mustaqillik kuni (1961). Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991-yil 21-dekabrda tan olgan.