Transpirasiya unumdorligi va koeffitsienti. Barglarning transpirasiyaga moslashib tuzilishi



Yüklə 21,83 Kb.
tarix13.12.2023
ölçüsü21,83 Kb.
#174606
TRANSPIRASIYA UNUMDORLIGI VA KOEFFITSIENTI. BARGLARNING TRANSPIRASIYAGA MOSLASHIB TUZILISHI


TRANSPIRASIYA UNUMDORLIGI VA KOEFFITSIENTI. BARGLARNING TRANSPIRASIYAGA MOSLASHIB TUZILISHI
REJA:
1. Transpiratsiyaya haqida tushuncha
2. Transpiratsiyaningo’simlik hayotidagi ahamiyati
3. Transpiratsiya ya jarayonining ahamiyat
4. Transpiratsiyaya ko’rsatkichlari
5. Bargning tuzilishi va vazifalari

TRANSPIRATSIYANING BOSHQARILUVI


Transpirasiyaning o'simlik hayotidagi o'rni, xillari va uning natijasida sodir bo'luvchi fiziologik jarayonlar, shuningdek, ontogenez davrida suv muvozanatining ahamiyati, uni bevosita o'simliklarning hosildorligiga bog'liqligi, transpiratsiyani kamaytiruvchi fiziologik faol moddalar va polimerlar haqida ma'lumotlar keltiriladi.
O'simlikning er ustki organlari orqali suvni bug'lanishi transpiratsiya deb ataladi. Transpirasiya muhim fiziologik jarayon bo'lib barglar asosiy transpiratsiyalovchi organdir. Suv bargdan barg og'izchalari orqali bug'lanadi. Buning natijasida esa barg hujayralarida suvning miqdori kamayadi va uning so'rish kuchi oshadi. Bargning plastinkasimon tuzilishi, fotosintez va transpiratsiya uchun kulaylik yaratadi. Qoplovchi to'qima epidermis hujayralarining oralig'ida barg og'izchalari mavjud.
Og'izchalar ko'pchilik hollarda pastki epidermisda joylashadi ammo faqat yuqori tomonida yoki bargning ikkila tomonida ham joylashishi mumkin. Epidermis-kutikula qavati va tukchalar bilan qoplangan. Transpirasiya jarayoni ikkita bosqichdan iborat:
1.Suvni barg tomirchalaridan mezofil qavatiga o'tishi.
2.Mezofil hujayralarining devoridan bug'langan suvning avvalo hujayralararo bo'shliqlarga, undan Esa og'izchalar yoki kutikula qavati orqali atmosferaga chiqishi.
Transpirasiya natijasida umumiy bug'langan suvning 95-97% barg og'izchalari orqali, qolgan 3-5% kutikulalar orqali atmosferaga tarqaladi. Bargdagi og'izchalar soni va ularning holati transpiratsiya jarayonining jadalligini belgilaydi. Barg og'izchalarining miqdori 10 mm2 barg yuzasida 500-5000 dona va undan ham ko'p bo'lishi mumkin. Ko'pchilik hollarda suv etarli sharoitda barg og'izchalari ochiq holatda bo'ladi, suv kamligida esa yopiladi (IV.11-rasm).
Ayrim o'simliklarning barg og'izchalari yorug'likda ochilib qorong'ulikda yopiladi. Kunning ertangi qismida og'izchalar ko'proq ochiq holatda bo'ladi. Peshin vaqtidagi og'izchalarning holati uni suv bilan ta'minlanishiga bog'liq. Kechki payt yopiladi. Transpirasiya jadalligi sekinlashganda, hujayra oralig'idagi to'plangan namlik kutikulyar transpiratsiya orqali chiqariladi. Bu kutikulaning qalin-yupqaligiga bog'liq. Kutikula yupqa bo'lsa, kuchliroq o'tadi, qalin bo'lsa sekin kuzatiladi.
Transpiratsiya boshqariluvi. Barg og'izchalari odatda barg umumiy yuzasining 0,5-2% tashkil qiladi. Ammo ushbu barg og'izchalari orqali bug'langan suvning miqdori, ochiq suv yuzasidan bug'langan suv miqdoriga tengdir. Bu holat Stefan qonuni bilan ifodalanishi mumkin, ya'ni gazlarning kichik teshikchalardan diffuziyasi tezligi shu teshikchalar diametri va aylanasiga to'g'ri proporsional bo'lib ularning umumiy maydoniga bog'liq emas.
Barg og'izchalari o'lchamiga uni hosil qilgan tutashtiruvchi hujayralar va unga yaqin bo'lgan hujayralar holatlarining ta'siri kattadir. Masalan ushbu hujayralarning turgor holatiga o'tishi barg og'izchalarining ochilishiga olib keladi.
Barglar og'izchalarining harakatiga ko'proq havoning namligi, yorug'lik, harorat, hujayra oraliqlaridagi CO2 bosimi, ionlar nisbati, fitogormonlar va nihoyat o'simlikning suv bilan ta'minlanishi katta ta'sir qiladi. Barg og'izchalari o'lchamlari va holatlarini boshqariluvida asosan ikkita, ya'ni gidropassiv va gidrofaol holatlarni ko'rish mumkin.
Barg og'izchalarining gidropassiv ochilishi kuchsiz suv etishmaganda ro'y beradi. Bunda barg og'izchalari atrofidagi tutashtiruvchi hujayralarga ular atrofida joylashgan hujayralarning turgor bosimining pasayishi natijasida ularning siquvchi kuchining barg og'izchalarga nisbatan kamayishi natijasida ular ochiladi.
Barg og'izchalarining gidropassiv yopilishi esa uni o'rab turgan hujayralarning to'la turgorga o'tishi sababli ro'y beradi, ya'ni ularning qattiq siqishi natijasida barg og'izchalari yopilishi mumkin.
Barg og'izchalari holatining boshqariluvida xloroplastlar ham qatnashadi. Chunki, barg og'izchalari atrofidagi hujayralar o'zlarida ko'p xloroplastlar tutganligi sababli va ushbu xloroplastlarda uglevodlar biosintezining jadalligi tufayli bu hujayralarning surish kuchi ortib ularga suv yutilishiga olib keladi. Bu esa o'z navbatida barg og'izchalarining ochilishiga olib keladi.
Barg og'izchalarining ochilishi va yopilishiga hujayra oraliqlaridagi CO2 miqdori ham katta ta'sir ko'rsatadi. Masalan, agarda barg og'izchalari ostida CO2 miqdori 0,03% dan kamayib ketsa, tutashtiruvchi hujayralarning turgori oshib ketadi va ular ochiladi. Agar atmosfera havosida CO2 miqdori ko'payib ketsa ham barg og'izchalari yopiladi. Masalan tungi vaqtlarda fotosintez jaroayonining bormasligi va nafas olish natijasida barg to'qimalari oraliqlarida CO2 miqdori ko'payib ketadi va barg og'izchalari yopiladi.
Binobarin, barg og'izchalari holatining boshqariluvida bir biriga bog'liq ikkita fiziologik jarayon, yani fotosintez va suv almashinuvi jarayonlari qatnashadi.
Barg og'izchalarining gidrofaol yopilishi esa o'simliklardagi transpirasiya jadalligi, ildizlarga yutilayotgan suv miqdoridan oshib ketganda, ya'ni suv muvozanati (Suv muvozanati =Yutilgan suv - transpirasiyalangan suv) buzilganda ro'y beradi.
IV.10. O'SIMLIKLARDA SUVNING MUVOZANATI
Suvning o'tkazuvchi tomirlardagi harakati. O'simlik tanasi buylab ko'tariluvchi suv asosan ksilema to'qimalari bo'ylab harakat qiladi. Ksilema elementlari esa ildiz va poyadagi kambiyga xos hujayralardan hosil bo'ladi. Yetuk utkazuvchi tomirlar va traxeidlardagi hujayra devorlari yog'ochlangan bo'lib asosan suv utkazish vazifasini bajaradi. Lekin yuqoriga ko'tariluvchi suvning 1-10% tirik hujayra devorlari bo'ylab ham ko'tariladi.
Yuqoriga ko'tariluvchi suv oqimining ahamiyati. O'simlik tanasi bo'ylab ko'tariluvchi suv asosan uchta vazifani bajaradi.
Birinchidan suv ildiz orqali o'simlikga kirgan moddalar va kimyoviy birikmalarni yuqoriga ko'tarilishiga va ularning er ustki qismlarida to'planishiga olib keladi.
Ikkinchidan yuqoriga ko'tariluvchi suv barcha hujayralarni suv bilan ta'minlaydi va ularning turgor holatini saqlaydi. Suv etishmaganda o'simlik hujayralarida bo'linish jarayonlari tuxtaydi. Shuningdek sintezlovchi fermentlarning faolligi pasayib, gidrolitik(parchalovchi) fermentlarning faolligi ortadi. Bu esa o'z navbatida hujayrada kichik molekulali qandlar va oqsillarningg miqdorining ko'payishiga va ularga ma'lum miqdorda suv bog'lanishiga olib keladi. Ushbu suv avval aytib o'tganimizdek hujayralarning o'zlarining avvalgi holatlarini tiklashi va fiziologik-biokimyoviy jarayonlarning muqobil borishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, yuqoriga ko'tariluvchi suv oqimi natijasida ro'y beradigan transpiratsiya o'simlikni isib ketishdan saqlaydi. Ammo bu holat hozircha to'la aniqlanmagan. Chunki, issiqxonalarda havo namligi juda yuqori bo'lganligi tufayli transpiratsiya jadalligi unchalik kuchli emas, shunga qaramasdan o'simliklar isib ketmaydi.l
l
Ilashish nazariyasi. Bu nazariya XIX-asrning oxirlarida taklif etilgandir. Bu nazariyaga asosan ksilema kapillyar tomirlaridan suvning transpiratsiyaning so'rish kuchiga javoban ko'tarilishi, suv molekulalarining bir biri bilan ilashish kuchlari natijasida ya'ni kogeziya hamda suvning o'tkazuvchi tomirlar gidrofil devorlariga yopishqoqlik kuchi ta'sirida ya'ni adgeziya natijasida bo'ladi. Ammo ksilema buylab suvning ko'tarilishi tezligi juda kichik. Masalan, o'rmon daraxtlarida suvning o'simlik bo'ylab ko'tarilish tezligi 20 sm3·s-1Gsm2 bo'lsa nina bargli daraxtlarda bu ko'rsatkich 5 sm3·soat-1Gsm2 atrofida. (solishtirish uchun aytish mumkinki, qonning arteriyalar buylab harakatlanishi tezligi 40-50 sm3·soniya-1Gsm2).
Ksilema tomirlaridagi suvning bunday kam tezligi ushbu tomirlar devorlarining unga bo'lgan qarshiligining ham kam bo'lishiga olib keladi. Suvning o'simlik tanasi bo'ylab ko'tarilishiga uning molekulalarining bir biriga tortishish potensiallari kuchi ham katta ta'sir qiladi. Masalan 20oC haroratda suv molekulalarining bir biridan ajralishga nisbatan qarshilik potensial bosimi 30 MPa. Mana shu bosim potensialining o'zi ham ishqalanishga ketgan kuchni hisobga olgan holda ham suvni daraxt tanasi buylab 120-130 metr balandlikka ko'tarishga etadi.
Suvning o'simlik tanasiga kirishi va sarflanishi suv muvozanati deyiladi. Ularning miqdori bir-biriga mos keladi. Ammo yozning issiq-jazirama kunlarida transpirasiyaning miqdori ortadi va qabul qilinayotgan suv bug'lanayotgan suvning o'rnini bosa olmaydi va nisbiy tengsizlik paydo bo'ladi. Buni suv taqchilligi deyiladi. Yuqoridan suvni harakatga keltiruvchi kuch transpirasiya natijasida hosil bo'ladi. Transpirasiya haroratga, o'simlik turiga va yashash sharoitlariga bog'liqdir. Avval aytib o'tganimizdek transpirasiya ikkita jarayondan, ya'ni suvning barg tomirchalari orqali mezofil yuqori qatlami hujayralarga harakati va suvning hujayra devorlaridan hujayra oraliqlariga, sungra esa barg og'izchalari orqali atmosferaga diffuziyalanishidan iboratdir. Bu holat labchali transpirasiya deyiladi. Agar suv epidermis hujayralari devorlari orqali atmosferaga bug'lansa kutikulyar transpirasiya deyiladi. Bundan tashqari ko'proq qish faslida bo'ladigan va daraxtlar tanasidagi yasmiqchalar orqali bo'ladigan transpirasiya ham mavjud. Bu transpirasiya peridermal transpirasiya deyiladi.
Labchali transpirasiya. Barg og'izchlari (labchalari) suv bug'i, CO2 va O2 uchun asosiy o'tkazuvchi yo'l hisoblanadi. Barg og'izchalari uning ikki tomonida yoki faqat bir tomonida bo'lishi mumkin. Masalan, karam barglarining ustki epidermisida barg og'izchalarining soni 14100 donaGsm2 bo'lsa pastki tomonida 22600 donaGsm2 atrofida bo'ladi. Boshqa o'simliklar uchun ushbu ko'rsatkichlar qo'yidagicha bo'lishi mumkin:
Ustki epidermisda Pastki epidermisda
Kartoshka bargida 5100/sm2 16100/sm2
Beda bargida 12700/sm2 24900/sm2
Makkajo'xori bargida 5200/sm2 6800/sm2
Suli bargida 2500/sm2 6800/sm2
Bug'doy bargida 3300/sm2 4100/sm2
Ammo shuning bilan birgalikda labchalar faqat bargning bir tomonida joylashgan o'simliklar ham mavjud. Masalan, barbaris (2200 dona/sm2), olcha (24000 dona/sm2), dub (14000 dona/sm2), qora yong'oq (46000 dona/sm2), siren (33000 dona/sm2), tut (48000 dona/sm2), olma (40800 dona/sm2) kabi o'simliklardabarg og'izchalari faqat bargning pastki qisimida
joylashgan.
Umuman labchalarning barg yuzasidagi ulushi 0,52-5,28% atrofidadir. Masalan bug'doy bargida labchalar uning umumiy maydonidan 0,52% ni tashkil qilsa, loviyada ushbu ko'rsatkich 3,13%,t kungaboqar va olma barglarida 5,28% atrofidadir.
Agar labchalar bargning ikki tomonida ham joylashgan bo'lsa bunday barglar amfistomatik barglar deyiladi. Pastki epidermisda joylashgan bo'lsa gipostomatik va ustki tomonda joylashgan bo'lsa epistomatik barglar deyiladi.
Barglardagi transpirasiya jarayonining jadalligi har xil ammo, labchali transpirasiyaning eng ko'p miqdori suvda suzuvchi va botqoqlik o'simdiklarida kuzatiladi. Er o'simliklari orasida eng ko'p miqdordagi labchali transpirasiya quyoshli joylarda o'suvchi o't o'simliklarda kuzatiladi. Soya parvar o'simliklar ularga nisbatan ikki baravar kam suv bug'lantiradi. Butalar va daraxtlar esa bulardan ham kam suv yo'qotadi.
O'simlik gullarida labchalar juda kam bo'lganligi tufayli nisbatan oz miqdorda suv bug'lantiradi ular uzib oligan hoda ham suvli muhitda uzoq vaqt o'z holatini saqlab qolishi mumkin.
Kutikulyar transpirasiya. Barg og'izchalari ochiq holatdagiligida kutikulyar transpirasiyaning miqdori juda kam bo'ladi. Ammo qurg'oqchilik sharoitda bo'lgani kabi labchalar yopiq bo'lganda kutikulyar ranspirasiyaning miqdori katta bo'lib 50% gacha etishi mumkin. Ammo kutikulyar transpirasiyaning miqdori barglarning yoshiga ham bog'liq. Masalan yosh barglarda kutikulyar transpirasiyaning darajasi umumiy miqdordan ~50% bo'lsa, yetuk barglarda ushbu ko'rsatkich ~10%. Barglar qarib borishi bilan kutikulalar darz ketib yemirila boshlaydi va kutikulyar transpirasiyaning miqdori ham birmuncha ortishi mumkin.
Kutikulyar transpirasiyaning eng yuqori miqdori labchalar doimo ochiq holatda bo'lgan, suvda suzib yuruvchi o'simliklarda kuzatiladi. Ulardagi umumiy transpirasiyaning miqdori 180-400 mgGsm2 soat bo'lsa, kutikulyar tranpirasiyaning miqdori ~50%.
Biz quyida ayrim guruh o'simliklar uchun umumiy va kutikulyar transpirasiyaning miqdorlarini keltiramiz.
O'simliklar Umumiy Kutikulyar
guruhi transpiratsiya transpiratsiya
(mg/sm2) (%)
Ikki pallali o'simliklar 170-25 10-20%
Buta o'simliklar 60-70 5-10%
Doimo yashil o'simliklar 45-55 2-3%
O'rmon daraxtlarida 9-10 10-20%
Mevali daraxtlarda 8-9 17-24%
Shuni aytib o'tish lozimki, tropik o'rmon daraxtlarida kutikulyar transpirasiya bo'lmaydi..
O'simliklarda suvning bug'lanishi qisman darajada kurtaklar va meva organlaridan ham bug'lanishi mumkin. Masalan, kungaboqar savatchasidan, ko'knori ko'sagidan va qalampir mevasidan shu o'simliklarning barglarining bir birlik yuzasiga nisbatan ancha ko'p miqdorda suv bug'lanishi kuzatiladi.
Guttatsiya. Bu hol namlik darajasi uta yuqori joyda o'suvchi o'simliklarga, xususan tropik sharoitga xos xususiyatdir. Bunda barglardagi maxsus gidatodlar (barg tishchalari) orqali suv aralash shira ajraladi. Guttatsiya holati transpirasiya jarayoniga yordam berib o'simliklarda suvning harakatlanishiga va ildizlarga mineral tuzlarning yutilishiga yordam beradi. Bizning sharoitimizda, boshoqdoshlar oilasi vakillarida bahor va kuz oylarida yaqqol kuzatilishi mumkin (IV.12-rasm).
Peridermal transpirasiya. Daraxtlarning pukaklangan qobig'idan ham oz miqdorda bo'lsada suv bug'lanib to'radi. Bu suvning miqdori daraxtlarning turiga xos bo'lgan peridermalarning tuzilishiga, qobiqdagi yoriqlar va yasmiqchalarning o'tkazuvchanligiga bog'liq. Masalan, buk, yel, qarag'ay daraxtlarining po'stlog'i silliq va pishiq bo'lganligi tufayli, terak, dub, chinor va qarag'ay daraxtlari po'stloqlariga nisbatan kam suv yo'qotadi. Ayrim hollarda, ayniqsa qish faslida poya va novdalardan ko'p suv yo'qotganligi sababli daraxtlar suvsizlanadi va qurib qoladi.
Transpirasiya jadalligi. Bu 1 m2 barg sathidan 1 soat davomida bug'latilgan suv grammlar hisobidagi miqdoridir. Transpirasiya jadalligiga yorug'likning ta'siri anchagina kattadir. Masalan, ko'pchilik hollarda yorug'likda, ya'ni kunduzi bu kursatgich 15-250 g/m2 bo'lsa, kechasi 1-20 g/m2 ga tengdir. G`o'zada jazirama issiq kunlari transpirasiya jadalligi 45-120 g/m2 soatni tashkil qiladi. Shuningdek barglardagi tranpirasiya jarayonining jadalligiga shamolning ta'siri ham katta. Masalan, shamolning tezligi 6-8 mGsoniya darajasigacha transpirasiya jadalligi ortib boradi, lekin shamol tezligining bundan ortishi uning borishiga ta'sir qilmaydi.
Transpirasiya jadalligiga tuproq qurg'oqchiligi ayniqsa katta ta'sir qiladi. Masalan tuproq namligi 79,1% bo'lganda g'o'za barglarning suvlilik darajasi 74,9%, so'rish kuchi S=0,96 MPa bo'lganda transpirasiya jadalligi 113,4 gGm2 soat bo'lsa, tuproq namligi 49,7% bo'lgan tuproqlarda o'sgan g'o'za barglarida ushbu ko'rsatkichlar mos ravishda 70,5;%, S=2,36 MPa, va 53,9 gGm2.
Transpirasiya koeffisienti. Bu o'simlik tomonidan 1g quruq organik modda hosil qilish uchun sarflangan suvning miqdoridir. Transpirasiya koeffisienti ko'rsatkichi o'simliklarning turiga, ayrim hollarda ularning naviga ham bog'liqdir.
Shuningdek tranpirasiya koeffitsienti fotosintezning xiliga ham bog'liqdir. Masalan S3 o'simliklari bo'lgan g'o'zada transpirasiya kozffisienti kursatgichi 570 g bo'lsa, sholida-680, bug'doyda-540, arpada-520, bedada-840, loviyada 700, qarag'ay va yel daraxtlarida 230-300 g.ga bo'lsa, S4 o'simliklarida transpiratsiya koeffisienti birmuncha kam bo'ladi. Masalan, ushbu ko'rsatkich makkajo'xorida 370 g bo'lsa portulakda yanada kam 280 g atrofida bo'ladi.
Transpirasiya unumdorligi. Bu 1000 gr suv sarflaganda hosil bo'ladigan organik moddaning miqdoridir. Ko'pchilik o'simliklarda ushbu kursatgich 2-3 g, ya'ni o'simlik tanasi orqali oqqan suvning 99,8% transpirasiyaga, qolgan 0,2% esa organik moddalarnig sinteziga sarf bo'ladi.
Transpirasiya natijasida yuzaga kelgan so'rish kuchining kattaligi o'simlik turiga va xiliga bog'liq. Daraxtlarda bu kuch ildiz bosimidan bir necha marta yuqori bo'lsa o't o'simliklarida aksincha, ildiz bosimi yuqori bo'ladi.
Transpirasiya jarayoni tufayli, o'simlik tanasining harorati atmosfera haroratidan pastroq bo'ladi. Cho'l, sahro va dasht o'simliklarining tanasi harorati soyadagi o'simlikga nisbatan 5-6oC yuqori bo'ladi va fotosintez uchun qulay sharoit tug'diradi. Barg og'izchalari ochiq bo'ladi.
O'simliklar dunyosi o'zlaridagi suv almashinuvi xususiyatlariga qarab quyidagicha bo'linishi mumkin.
O'simliklar dunyosi
Suv o'simliklari Er usti o'simliklari
(gidrotofitlar)
Poykilogidrik Gomoyogidrik
Birlamchi Ikkilamchi
Gigrofitlar
Mezofitlar Kserofitlar
Gidrotofitlar o'zlari hujayralaridagi ortiqcha suvdan maxsus suvni yo'qotish mexanizmlari tufayli ozod bo'ladilar.
Birlamchi gidrotofitlarga suv o'tlari kirsa, ikkilamchi gidrotafatlarga o'zlarida suv o'tlari va yer o'sti o'simliklari xususiyatlarini to'plagan gullik suv o'simliklari kiradi.
Poykilogidrik o'simliklarga bakteriyalar, ko'k yashil suv o'tlari, tuban yashil suv o'tlarining Protococcales guruhi, zamburug'lar, lishayniklar kiradi. Ular suv tanqisligini hayotchanligini yo'qotmasdan o'tkazishlari mumkin. Ular o'zlaridagi transpirasiya jarayoni, hujayralarining osmotik bosimi, suvning miqdori jihatidan gidrolabil o'simliklarga kiradi.
Gomoyogidrik o'simliklarga yer o'sti paporotniksimonlari, ochiq urug'lilar va gulli o'simliklar kiradi.
Yer usti o'simliklari suvni to'xtovsiz ravishda bug'lantirib turganligi tufayli ularda suvni ortiqcha yo'qotishga qarshi qaratilgan maxsus mexanizmlar rivojlangandir.
Barg yuksak o’simliklar uchun xos organ. U poyadan kelib chiqqan. Barg poyada joylashgan bo‘lib, uning o‘sish konusidagi meristema hujayralarining rivojlanishidan hosil bo‘ladi. Ular poyada o‘ziga xos navbat bilan joylashgan bo‘lib, uning eniga va bo‘yiga o‘sishi bargning asosini va barg yaprog‘ini hosil qiladi. Barg quyidagi funksiyalarni bajaradi. Fotosintez, gazlar almashinuvi, suv bug‘latish, zahira oziq moddalarni saqlash, (karam, piyoz), himoya vazifasi (tikanaklar), vegetativ ko‘payishga, xizmat qiladi(yapon binafshasi, begoniya). Bulardan tashqari, uning shakl o’zgarishidan ko’rinishlari organik moddalarni g’amlash (karamning yoki piyozning etdor barglari va boshqalar), himoya (tikanlar) va vegetativ ko’payish (begoniya, fikus va boshqalar) kabi vazifalarni ham bajarish mumkin. Odatdagi tuzilishli to’liq barg, barg yaproq’i, barg bandi va yonbargchalardan tashkil tongan. Barg yapog’ining shakli niqoyatda xilma - xildir, u dumaloq , tuxumsimon, nashtarsimon, uchburchak, buyraksimon, o’qyoysimon, ninasimon, tasmansimon, teskari tuxumsimon, ovalsimon, tangachasimon va boshqa shakllarda bo’lishi mumkin. Barglar chekkasining tuzilish xarakteriga ko’ra tekis qirrali barg va o’yiqli barglar ajratiladi. Agar bargning qirrasi butun bo’lsa (siren, loviya, pista) tekis chetli barg deyiladi. Agarda bargning chekkasi kertikli bo’lsa qirrali barg deyiladi. Barg yaproqining chekka qirralarining shakliga qo’ra ular bir necha xilga ajratiladi: oddiy tishsimon yoki qo’sh tishsimon; arrasimon yoki qo’sh arrasimon, to’garaksimon, oysimon. Barg tuzilishiga ko’ra oddiy va murakkab barglar farq qilinadi. Agarda barg bandida faqat bitta barg bo’lsa, unga oddiy barg deyiladi. Bandsiz barglar ham oddiy barg deb yuritiladi. Murakkab barglarda barglar birnecha sondagi yaproqchalardan iborat bo’lib, ular qisqa bandlar yordamida umumiy barg bandiga birikkan bo’ladi. Barglar kyrtigining qirqilish darajasiga qarab kertiksiz, bo’laklarga bo’lingan, bo’laklarga chuqur bo’lingan va qirqma barglar farq qilinadi. Turli o’simlik barglarining segmentlari soni va joylanish xarakteri hamda shakllariga qarab bir - birlaridan farq qiladi. Shuning uchun ham ular uch bo’lakli (o’rmalovchi, ayiqtovonda), patsimon (valerianada) va panjasimon (zaharli ayiqtovonda) barglarda ajratiladi.Yaproqlarining soni va joylashish xarakteriga ko’ra uch bargli panjasimon va patsimon murakkab barglar farq qilinadi. Barg yaprog’ida tomirlar turli shaklda joylashishi mumkin. Shuning uchun ham oddiy (ninabarglilarda), dixotomik (ginko bargi), parallel, yoysimon va to’rsimon tomirlanishlar farq qilinadi. To’rsimon tomirlanishning patsimon (olma, nok barglarida) va panjasimon (zarangda) ko’rinishlari mavjud. Parallel va yoysimon tomirlanishlar aksariyat bir pallali o’simlik barglarida kuzatilib, ikki pallali o’simliklarda esa ko’pincha patsimon, panjasimon yoki to’rsimon tomirlanishlar uchraydi. Tomirlarning vazifasi suv va unda yerigan mineral hamda oziq moddalarni poyadan barglarga yoki aksincha, barglardan poyaga o’tkazishdan iboratdir.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Rudall P. Anatomy of Flowering Plants (An Introduction to structure and Development) Third Edition. Cambridge. 2007. P. 147
2. Маtkarmova А.А., Махkamov Т.Х., Махmudova М.М., Аzizov Х.Ya., Vaisova G.B. Botanika. – Тоshkent: “Fan va texnologiya”, 2019. 298 b.
3. Pratov O‘., Shamsuvaliyeva L., Sulaymonov E. va bosh. Botanika (morfologiya, anatomiya, sistematika, geobotanika). -Toshkent: “Ta’lim nashriyoti”, 2010. – 288 b.
Yüklə 21,83 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin