BUXORO VILOYATIXALQ TA’LIMI BOSHQARMASI
14.12.2020 y
ONA TILI VA ADABIYOTI FANIDANDIKTANT
Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch
Barchamizga ayonki, inson qalbiga yo‘l avvalo ta’lim-tarbiyadan boshlanadi. Shuning uchun qachonki bu haqda gap ketsa, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni eslash bilan birga, ota-onalarimiz qatori biz uchun eng yaqin bo‘lgan yana bir buyuk zot - o‘qituvchi va murabbiylarning olijanob mehnatini hurmat bilan tilga olamiz.
Biz yurtimizda yangi avlod, yangi tafakkur sohiblarini tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani ado etishda birinchi galda ana shu mashaqqatli kasb egalariga suyanamiz va tayanamiz, ertaga o‘rnimizga keladigan yoshlarning ma’naviy dunyosini shakllantirishda ularning xizmati naqadar beqiyos ekanini o‘zimizga yaxshi tasavvur qilamiz.
Bu yorug‘ olamda har bir odam o‘zining mehribon ota-onasiga, ustoz va muallimlarga nisbatan hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi. Inson o‘z umri davomida qanday yutuq va natijalarga erishmasin, qayerda, qanday lavozimda ishlamasin, maktab dargohida olgan ta’lim-tarbiyasi uning yetuk shaxs va malakali mutaxassis bo‘lib shakllanishida ulkan ahamiyatga ega ekani shubhasiz.
Muxtasar aytganda, maktab degan ulug‘ dargohning inson va jamiyat taraqqiyotidagi hissasi va ta’sirini, nafaqat yoshlarimiz, balki butun xalqimiz kelajagini hal qiladigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, ma’rifatparvar bobolarimizning fikrini davom ettirib, agarki dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir, desak, o‘ylaymanki, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Chindan ham, o‘qituvchi nainki sinf xonasiga fayz va ziyo olib kiradigan, balki ming-minglab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini baxsh etadigan, o‘z o‘quvchilariga haqiqatan ham hayot maktabini beradigan mo‘’tabar zotdir. Ona tilimizda «maktab ko‘rgan», «maktab yaratgan» degan chuqur ma’noli iboralarning mavjudligi ham bu muqaddas dargohning, zahmatkash o‘qituvchi mehnatining davlat va jamiyat hayotida qanchalik muhim o‘rin tutishidan dalolat beradi.
Biz yurtimizda 1 oktyabr sanasini O‘qituvchilar va murabbiylar kuni sifatida umumxalq bayrami deb e’lon qilganimizning chuqur ma’nosi bor, albatta.
Bu bayram avvalo o‘zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko‘z nuri va qalb qo‘ri, butun borlig‘ini ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir.
Qush tili
Alisher Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr»ini zavq bilan o'qiydi. Bu kitobni o'qiganda u o'zini ajoyib bir bog' ichida yurgandek his qiladi. Bugun ham uning ko'z o'ngida bahaybat semurg' qushining Xitoy ustida parvoz qilib yurgani gavdalandi. Semurg' qanotidan bir pat yerga tishib, butun mamlakatni nurga g'arq qilib yubordi. Nurga cho’mgan bir vodiyda kengash qurib o'tirgan to'ti, hudhud, qumri, tovus, bulbul, lochin va boshqa parrandalar Semurg' qushini o'zlariga boshliq qilib olishga qaror qilib, uni topib keltirish uchun parvoz qildilar. Biroq yo'lda qushlarning ba'zilari charchab, izlariga qaytmoqchi bo'ladi. Ularga boshchilik qilgan hudhud ajoyib hikoyalarni aytib, yarim yo’ldan qaytish yaramasligini tushuntiradi: Qushlar uning gapini ma'qul ko'rib, yana parvoz qiladilar. Parrandalardan faqat o'ttiztasi bir manzilga borib yetadi. Semurg' qush bunda ham topolmaydilar. Nihoyat, ular Semurg' o'zlari ekanini, tojikcha «simurg'» o'ttiz qush demak ekanini anglaydilar. Charchamay-hormay bir maqsadga intilish ularni semurg' darajasiga ko'targan.
Dostları ilə paylaş: |