1- ma’ruza. Mavzu: Sinfda o‘qish metodikasi. Sinfda o‘qish darslarining ta’limiy-tarbiyaviy ahamiyati va vazifalari. Reja: 1. Sinfda o‘qish darslarining ta’limiy-tarbiyaviy ahamiyati va vazifalari.
2.O‘qish malakalarini shakllantirish jarayonini takomillashtirish yo‘llari.
Sinfda o‘qish darslarining ta’limiy-tarbiyaviy ahamiyati va vazifalari Boshlang’ich sinflarning o’qish darslari o’z mohiyati, maqsad va vazifalariga ko’ra ta’lim tizimida alohida o’rin tutadi. Negaki uning zaminida savodxonlik va axloqiy-ta’limiy tarbiya asoslari turadi. Shuning uchun ham boshqa predmetlar ta’limini o’qish ta’limisiz tasavvur qilib bo’lmaydi.
O’quvchi matnni to’g’ri, tez, tushunib o’qish, mazmunini o’zlashtirish bilan ilk bor o’qish darslarida yuzlashadi. O’qish darslari orqali o’quvchilarning Davlat ta’lim standartlari (DTS) talablari bo’yicha o’zlashtirishlari ko’zda tutilgan o’quv-biluv ko’nikma-malakalari hamda bilimlarni egallashlariga yo’l ochiladi. Aynan o’qish ta’limida insonning, avvalo, o’zligini, qolaversa olamni anglashga bo’lgan intilishlariga turtki beriladi.
Shu maqsadda «O’qish kitobi» darsliklariga ona tabiat, atrofimizni o’rab turgan olam, Vatanimiz tarixi va bugungi qiyofasi, kattalar va bolalar hayoti, mehnatsevarlik, istiqlol va milliy-ma’naviy qadriyatlar, xalqlar do’stligi va tinchlik kabi turli mavzular bo’yicha atroflicha tushunchalar berishga mo’ljallangan badiiy, axloqiy-ta’limiy, ilmiy-ommabop asarlar kiritiladi.
O’qish darslari savod o’rgatish davrida o’quvchilarni bo’g’in, so’z va gaplar bilan tanishtirish va ularni o’qish, rasmlar asosida hikoya qilish tarzida uyushtirilsa, o’qish texnikasi egallangandan so’ng o’qish muayyan mavzular bo’yicha tanlangan badiiy, ilmiy-ommabop matnlar yuzasidan olib boriladi.
Ijtimoiy-tarixiy mazmundagi mavzular Vatanimiz o’tmishi, xalqimiz hayoti, mardonavor kurashi, ulug’ siymolar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, tarixiy sanalar to’g’risida muayyan tasavvur beradi.
Tabiatga oid mavzular yordamida o’quvchilar tabiatdagi o’zgarishlar, yil fasllarining almashinuvi, hayvonot olamiga doir bilimlarni egallaydilar. Bunday mavzudagi asarlar o’quvchilarni kuzatuvchanlikka, tabiatni sevishga, unga nisbatan to’g’ri munosabatda bo’lishga o’rgatadi.
Umuman, «O’qish kitobi» darsliklaridagi barcha mavzular o’quvchilarga ta’lim-tarbiya berish bilan birga, ularning lug’atini boyitishga, og’zaki va yozma nutqini to’g’ri shakllantirish va nutq madaniyatini o’stirishga ham qaratiladi.
Amaldagi «O’qish kitobi» darsliklarida materiallarning sinfdan sinfga o’tgan sari mavzu jihatidan ham, mazmun jihatidan ham kengaya borishi hisobga olingan. Masalan, 1-sinfda o’rgatiladigan «Ajdodlarimiz-faxrimiz», «Ilm-aql chirog’i», «Zumrad bahor», «Kumush qish» kabi mavzular 2-4-sinflarda ham davom ettirilgan. Bu esa o’quvchilarning oldingi bilimlari to’ldiradi va boyitadi.
Darsliklardagi har bir mavzu uchun tanlangan matnlarning janriy rang-barangligiga, poetik mukammalligiga, o’quvchilarning bilim darajasi va yosh xususiyatlariga mos kelishiga alohida e’tibor qaratiladi.
O’quvchilar darsliklar yordamida o’zlashtiriladigan bilim, ko’nikma va malakalarining kelajak hayotda zarur bo’lishini tushunib yetishishlariga erishish o’qituvchilar oldidagi muhim vazifalardandir.
Shuni unutmaslik kerakki, har bir ta’limiy vazifani bajarishning aniq va ilmiy metodik usullari mavjud bo’lib, ular zamonaviy o’qitish usullari bilan boyitib borilmoqda. Bu vazifalar boshqalari bilan o’zaro bog’liq holda va sinfdan tashqari o’qish mashg’ulotlari jarayonida hal qilinadi.