17-rasm.
To‘siq qo‘yish
To‘siq – raqibning hujum zarbasiga qarshi harakat qilishning eng asosiy usuli
hisoblanadi. Texnik nuqtayi nazardan to‘siq qo‘yish eng qiyin o‘yin elementlaridan
sanaladi. To‘siq qo‘yish elementini yuqori darajada egallash bilan o‘yinchi qarshi
hujumni uyushtirish, to‘siqdan so‘ng qimmatli ochkolarni yutish imkoniyatiga ega
bo‘ladi.
To‘siq bir o‘yinchi tomonidan (yakka) yoki ikki-uch o‘yinchi tomonidan
(guruhli) amalga oshirilishi mumkin. O‘yinchi to‘r yaqinida, yuqori turish holatida,
qo‘llarni yelka sathida ko‘tarib, tovonlarini parallel holatda qo‘yib turadi (18-rasm).
Hujum qilinayotgan joyning masofasiga qarab to‘r yaqinida yon tomonlarga qadam
tashlash, yugurish, sakrash kabi harakatlarni bajarish mumkin.
18-rasm.
To‘siq qo‘yish uchun avval o‘yinchi oyoqlarini ko‘proq bukib, qo‘llarini
qattiq silkib yuqoriga sakraydi. Qo‘llar tirsakdan bir oz bukilgan holatda to‘r tepasiga
ko‘tariladi. Optimal kuchlangan (barmoqlar orasi ochiq) kaftlar to‘rning yuqori
qismiga borganda, to‘r osha yuqoriga-oldinga harakatlantiriladi. Zarba vaqtida kaftlar
to‘pga maksimal yaqinlashtiriladi va bilak bo‘g‘inlari hisobiga faol bukiladi. Bundan
asosiy maqsad berilgan zarbani amortizatsiyalash va to‘pni raqib jamoasining
maydonchasiga yo‘naltirishdan iboratdir.
Hujumchilar to‘r chekkalaridan hujum zarbalarini berishda to‘pni to‘siqdan
maydon tashqarisiga chiqarib yuborishga harakat qiladilar. Shu sababli to‘siq to‘r
chekkasiga yaqin bo‘lgan qo‘l bilan yopiladi va to‘pning maydonchadan chiqib
ketishga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘siq qo‘yish texnikasining murakkabligi quyidagi uchta omilga bog‘liq: joy
tanlash; turgan joydan yoki harakatdan so‘ng baland sakrash; qo‘lni to‘r ustiga
ko‘tarish vaqtini aniqlash.
|