Diniy dunyoqarash – bu kishilarning tabiiy va ijtimoiy hodisalarni ilohiy kuchlar asosida aks ettiruvchi qarash va tasavvurlari hamda ana shu ilohiy kuchlarga bo‘lgan ishonch va e’tiqodlaridir. Diniy dunyoqarashning asosiy elementlari jumlasiga diniy tuyg‘u, diniy aqidalar va unga ishonish, sig‘inish, diniy e’tiqod kabilar kiradi.
Dinning asosiy funksiyalari. Mif bilan taqqoslaganda, din funksiyalari murakkabroqdir. Din funksiyalari orasida quyidagilarni farqlash mumkin:
· dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi butun borliq qachon va nima uchun paydo bo‘lgan va bunda g‘ayrioddiy kuchning olamshumul roli qanday namoyon bo‘lgan, degan savollarga javob beradi;
· kommunikativ funksiyasi muloqot va shaxslararo aloqalarning muayyan tipini ta’minlaydi, jamiyatning jipslashuvi va yaxlitligiga ko‘maklashadi;
· tartibga solish funksiyasi odamlar xulq-atvorini tartibga soluvchi tegishli me’yorlar va qoidalarni belgilaydi;
· kompensator funksiyasi yetishmayotgan axborot, diqqat-e’tibor, g‘amxo‘rlik o‘rnini to‘ldiradi, hayot ma’nosi, istiqbollar va shu kabilarning yo‘qligini sezdirmaydi, ya’ni insonning kundalik hayotda qondirilmagan ehtiyojlari o‘rnini to‘ldiradi.
Dinning asosiy ildizlari. Din qonuniy hodisa sifatida vujudga kelgan bo‘lib, u insonning g‘ayrioddiy narsalar va hodisalarga bo‘lgan e’tiqodini to‘yintiruvchi chuqur ildizlarga egadir. Dinning psixologik ildizi avvalo inson tabiatida mavjud bo‘lib, u inson intellektining rivojlanish darajasi va tanqidiy fikrlash qobiliyatidan qat’iy nazar, nafaqat tushunish, anglash, balki e’tiqod qilish istagi va hattoki ehtiyoji hamisha namoyon bo‘lishidir.
Dinning gnoseologik ildizlari oqilona bilim nuqtai nazaridan dunyo o‘z rang-barangligida insonga cheksiz murakkab bo‘lib tuyulishida namoyon bo‘ladi. Forobiy fikricha “Din nazariy va amaliy qonunlar tuzilgan paytdagina va odamlar e’tiqodi, ta’limi tarbiyasi yo‘llari ishlab chiqilgandagina paydo bo‘ladi va mustahkamlanadi. Ana shunday din tufayli omma baxt saodat uchun yetarli bilim olishi mumkin” (Al-Forobiy. Fozil odamlar shahri.- T.: Sharq, 1999,93-94 bet). Odamzot o‘zini qurshagan borliqni faqat qisman anglab yetadi. Ayni shu sababli olam inson uchun sirlar va mo‘jizalarga to‘ladir. Odamzot o‘zi e’tiqod qiladigan ko‘p narsalarni faqat aqlga tayanib isbotlashga ham, rad etishga ham qodir bo‘lmaganidek, yuqorida zikr etilgan sirlar va mo‘jizalarga javob topishga ham (balki hozircha) qodir emas. Psixologlar qayd etganidek, «o‘ta mushkul vazifa aqlni o‘tmaslashtiradi», inson yechimsiz muammolar qarshisida o‘zini ojiz his qiladi va aql dalillarini uydirma, g‘ayrioddiy narsalar bilan osongina to‘ldiradi.
Dindorlik sabablariga ijtimoiy sohada ham duch kelish mumkin, zero jamiyatda tengsizlik, qashshoqlik va adolatsizlik doimo mavjud bo‘lgan, odamlar qancha urinmasin ularni o‘zgartira yoki yenga olmagan. Adolatsizlik va foniy dunyoning nomukammalligi tuyg‘usi chorasizlik va umidsizlikni yuzaga keltiradi, so‘nggi zikr etilgan tuyg‘ular osongina u dunyoda hayotning mavjudligiga bo‘lgan ishonchga aylanadi. Vaholanki, har qanday din haqiqiy hayot u dunyodadir, deb o‘rgatadi. Muammolar, qiyinchiliklarga duch kelgan va real hayotda o‘ziga tayanch topa olmagan inson g‘ayrioddiy kuchlarga umid bog‘lab, narigi dunyoga murojaat etadi. Ularga e’tiqod qilib, odamzot taskin va tasalli topadi va oxir-oqibatda taqdirga tan beradi.
Dinnning siyosiy ildizlari. Din va siyosat o‘rtasida ham uzviy va doimiy aloqa mavjud. Odatda, turli siyosiy kuchlar dindan o‘z mayda-chuyda manfaatlarida foydalanish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydilar va shu tariqa uni bevosita yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlaydilar, uning jamiyatdagi roli va ta’sirini kuchaytiradilar.
Dinning yashovchanligi ko‘rsatilgan asoslari shu darajada mustahkamki, hatto hozirgi zamon fanining ta’sirli yutuqlari ham uning negiziga putur yetkaza olgani yo‘q, ilmiy bilimning o‘sishi esa hatto olimlar orasida ham dindorlar va xudoga ishonmaydiganlarning foiz nisbatini deyarli o‘zgartirmaydi. Masalan, jadal sur’atlarda rivojlanayotgan tabiatshunoslik insoniyatga dunyoni bilish borasida cheksiz imkoniyatlar yaratayotgani keng e’tirof etilgan 1916 yilda Jeyms Lyuba o‘z tadqiqotlarida AQSh olimlarining 40% Xudoga ishonishini asoslagan.
Animizm (lot. anima – jon) – nafaqat odamlar, balki hayvonlar, predmetlar va borliq hodisalarini ham go‘yo ruh, jon boshqarib turishiga ishonish. Animizm nuqtai nazaridan butun dunyo ruhli va jonlidir.